Islom olamida “Hadis ilmida amirul moʻminin” degan sharafli nomga sazovor boʻlgan Imom Buxoriy hayoti va ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganar ekanmiz, uning asarlari nafaqat hadis ilmini, balki tarix, fiqh, tafsir, odob‑axloq va aqoid kabi ilmlarni ham qamrab olganiga guvoh boʻlamiz. Shu bilan birga munozarali savol ham tugʻiladi: “Imom Buxoriy qaysi fiqhiy mazhabdan?” Albatta, Imom Buxoriy fiqhiy mazhablardan qaysi biriga mansub boʻlganligi borasida ulamolar, tadqiqotchilar va ahli ilm turli xil fikrlarni ilgari surishgan[1]. Baʼzi ulamolar Imom Buxoriy Shofeʼiy mazhabining mashhur olimlari Imom Zargaroniy, Abu Savra, Karobisiylarga shogird boʻlgani uchun oʻsha mazhabga amal qilgan, deydi. Tojuddin Subkiy “Tabaqotush Shofeʼiya” nomli kitobida, Siddiq Hasanxon “Abjadul ulum”da va Ibn Hajar “Fathul Boriy”da Imom Buxoriyni shofeʼiy mazhabiga mansubligini aytishgan. Yana baʼzi ulamolar Imom Ahmad ibn Hanbalning darslarini eshitgani uchun Imom Buxoriy hanbaliya mazhabida edi, deb fikr bildiradilar. Jumladan, Ibn Qayyum oʻzining “Eʼlomul muvaqqaʼiyn” kitobida va Ibn Abu Yaʼlo Farro “Tabaqotul hanobila” kitobida Imom Buxoriyni hanbaliy mazhabiga mansub boʻlgan ulamolardan deyishgan.
Molikiy mazhabining vakillari esa Imom Buxoriyni molikiy mazhabiga mansub boʻlgan, chunki u Imom Molikning “Al-Muvatto”sini Abdulloh ibn Yusuf Tinnisiy, Sayyid ibn Anbar va Ibn Bukayrlardan rivoyat qilgan, deydi.
Hanafiy mazhabi ulamolarining fikrlariga kelsak, ular Imom Buxoriyga sahih hadislarni alohida bir kitob qilib jamlashni taklif qilgan shaxs hanafiy mazhabida boʻlgan Isʼhoq ibn Rohuvayh boʻlgan, Imom Buxoriy undan saboq olgan, binobarin u ham hanafiy mazhabiga mansubdir, deganlar[2].
Keyingi vaqtlarda baʼzi ulamolar bu fikr va tahlillarni rad etib, alloma u yoki bu ustozidan hadislar rivoyat qilsa, uning mazhab izdoshi boʻlishi shart emas, degan fikrga kelishdi.
Imom Muhammad Zakariyo Kandehlaviy aytadiki, “Mening fikrimcha, Buxoriy hech bir mazhabga tobe emas. Agar u Shofeʼiy mazhabiga tegishli biror masalani keltirgan boʻlsa, boshqa oʻrinlarda oʻziga yarasha Hanafiy va Molikiy mazhablariga tegishli masalalar haqida ham fikr yuritgan”.
Haqiqatdan ham bir shaxsdan hadis rivoyat qildi yoki ilm oʻrgandi degani bu oʻsha shaxsning mazhabida boʻldi, degani emas. Agar shunday boʻlganida har qaysi imom oʻzidan oldin oʻtgan imomning mazhabida boʻlishi kerak edi. Vaholanki, ish bunday boʻlgan emas. Maʼlumki, Imom Shofeʼiy Imom Molikdan saboq olgan va uning “Al-Muvatto” asarini yod bilgan. Imom Ahmad Imom Shofiʼiydan fiqhni oʻrgangan, Imom Shofeʼiyning oʻzi esa Imom Ahmaddan hadis oʻrgangan. U Imom Ahmadga “Sizlar sahih xabarlarni bizlardan koʻra yaxshiroq bilasizlar. Shuning uchun agar birorta sahih xabar topilib qolsa, bizni ham xabardor qilib qoʻysangiz. Toki men uning oldiga boray. U Kufada boʻladimi, Basradami yoxud Shomda, baribirdir”, – degan edi.
Imom Buxoriyning zamondosh shogirdi Imom Termiziy oʻzining “Mazahibul aimma” nomli asarida Imom Buxoriy mazhabi haqida maʼlumot keltirmagan. Mashhur toʻrt mazhab asoschilari turli ustozlardan saboq olsalar-da, oʻzlarining bilimi, tajribalariga suyanib alohida mazhab-yoʻllarga asos solganlar.
Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki, Imom Buxoriy agarda biror mazhab asoschisi fikriga qoʻshilmasa, oʻsha mazhab asoschisining nomini aytmasdan, kitobida “baʼzi kishilarning fikrlariga ixtilof holatida shuni aytamanki” deb, hurmat bilan chetlab oʻtadi[3]. Buning sababi esa alloma keltirilgan hadisda oʻz fikrini bildirar ekan, boshqa mazhab asoschilari va tarafdorlarini kamsitmaslik edi.
Bu kabi misollarni juda koʻp keltirish mumkin. Imom Buxoriy baʼzi hadislarda bir mazhab nuqtai nazaridan yondashsa, boshqa hadislarda boshqa mazhabga yondashadi. Hatto baʼzi hadislarda toʻrt mazhabga ham yondashmasdan oʻz fikrini bayon etgan. Bu esa Imom Buxoriyning biror muayyan mazhabning izidan bormaganligiga yaqqol dalildir.
Shayx Tohir Jazoiriy, shayx Muhammad Zakariyo Kandehlaviy va boshqalar Imom Buxoriyning oʻzi mujtahid olim boʻlgan deydilar va bu gapni koʻpchilik qoʻllab-quvvatlaydi[4].
Abu Musʼab Ahmad ibn Abu Bakr Madiniy “Muhammad ibn Ismoil bizning nazdimizda Ibn Hanbaldan koʻra faqihroq va idrokliroqdir”, deganida uning huzurida oʻtirganlardan baʼzilari “Chegaradan oshirib yubordingiz”, deya unga eʼtiroz bildiradilar. Shunda Abu Musʼab: “Agar siz Molikni koʻrgan va u bilan Muhammad ibn Ismoilning yuziga qaragan boʻlganingizda edi, fiqh va hadis borasida har ikkalasi ham birdir, degan boʻlar edingiz”, deb javob beradi[5].
Ibn Hajar Imom Buxoriyning tarjimai holi borasida uni fiqhiy mazhablardan biriga taqlid qilgan deb sifatlagan kishilarga javob tariqasida: “U hadislardan fiqhiy ahkomlarni chiqarib olgan, ularning roviylariga tarjimai hol yozgan, undan boshqalar idrok qilmaydigan narsalar sababli hadis sohasining mohirlaridan boʻlgan bir kishidir”, deydi[6].
Shunday boʻlsa-da, avval oʻtgan imomlardan ayrimlari Buxoriyni oʻzlarining mazhablariga mansub deganliklarini ham inkor etib boʻlmaydi. Ammo eng ishonchli yakuniy mulohaza shuki, yuqorida aytilganidek, Imom Buxoriy oʻzining mustaqil mazhabiga ega mujtahid boʻlgan, fiqhni barcha mazhablardan olgan, raʼy va hadis maktablaridan xabardor boʻlgan, soʻngra ana shu mazhablarning orasidan oʻzi tanlab olgan turli xil qarashlari bilan mustaqil boʻlib chiqqan. Imom Buxoriy fiqhini oʻrganish uchun yoʻlga qoʻyilgan maxsus tadqiqotlarning barchasi ana shu fikrga ittifoq boʻlgan. Olib borilgan tadqiqotlarning yakuniy natijalaridan shunday xulosaga kelish mumkin, Imom Buxoriyning “Al-Jomeʼ as-sahih”dagi fiqhiy qarashlari muayyan bir mazhabga mansub emas. Imom Buxoriy mustaqil mujtahid boʻlgan. Davomi bor…