Nasihat kishini notoʻgʻri, xato yoʻldan toʻgʻri yoʻlga, zalolatdan hidoyatga olib chiquvchi omildir. Shu sababli inson toyilish va xatolardan, jamiyat esa axloqsizlik va ijtimoiy tubanlikdan saqlanadi. Nasihat sabab moʻmin-musulmonlar bu muqaddas dinda qoim turadi. Imom Buxoriyning ushbu mavzuga oid “al-Adabul mufrad” asarida keltirgan bir hadisining sharhiga toʻxtalib oʻtamiz:
٨ – حَدَّثَنَا مُسَدَّدٌ، قَالَ: حَدَّثَنَا إِسْمَاعِيلُ بْنُ إِبْرَاهِيمَ، قَالَ: حَدَّثَنَا زِيَادُ بْنُ مِخْرَاقٍ قَالَ: حَدَّثَنِي طَيْسَلَةُ بْنُ مَيَّاسٍ قَالَ :” كنتُ مع النَّجَداتِ، فأصبْتُ ذُنوبًا لا أراها إلَّا مِنَ الكبائرِ، فذكَرْتُ ذلكَ لابنِ عُمرَ رَضِيَ اللهُ عنهما، قال: ما هي؟ قلتُ: كذا وكذا، قال: ليستْ هذهِ مِنَ الكبائرِ؛ هُنَّ تِسْعٌ: الإشراكُ باللهِ، وقَتْلُ نَسَمَةٍ، والفِرارُ مِنَ الزَّحفِ، وقَذْفُ المُحْصَنةِ، وأكْلُ الرِّبا، وأكْلُ مالِ اليتيمِ، وإلحادٌ في المسجدِ، والذي يَستَسخِرُ، وبُكاءُ الوالدَيْنِ مِنَ العُقوقِ، قال لى ابن عمر: أتَفرَقُ منَ النارِ أن تَدخُلَها ؟ قال: قلتُ: إيْ واللهِ، قال: أَحَيٌّ والِدُكَ؟ قلتُ: عِندي أُمِّي، قال: فواللهِ، لو أَلَنْتَ لها الكلامَ، وأطعمْتَها الطَّعامَ، لَتَدْخُلَنَّ الجنَّةَ ما اجتَنَبْتَ الكبائرَ.
Taysala ibn Mayyosdan rivoyat qilinadi:
“Men xorijiylarning Najadot firqasidagilarni[1] tarafdorlari bilan birga edim. Shu sababli bir necha gunoh ishlarga qoʻl urdim. Ularni oʻzimcha katta gunohlardan deb oʻylab, uni Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhuga aytdim. Shunda Abdulloh ibn Umar: “Ular nima ishlar ekan?” deb soʻradi. Men: “Shunday shunday ishlar”, dedim. “Bular katta gunoh emas, U (katta gunoh)lar toʻqqiztadir: Allohga shirk keltirish, aybsiz insonni oʻldirish, urush maydonidan qochish, muhsina (oʻzini pokiza saqlagan) ayolni zinokor (fohisha) deb ayblash, sudxoʻrlikdan rizq yeyish, yetimning molini yeyish, masjidda dindan chiqish, odamlarni masxara qilish, (farzand ozori sababli) ota-onaning yigʻlashi ham farzandning oq boʻlishidandir”, dedi. Keyin Ibn Umar menga: “Sen doʻzaxdan saqlanib, jannatga kirishni xohlaysanmi?” dedi. Men: “Allohga qasamki, shunday,” dedim. U kishi: “Ota-onang hayotmi?” dedi. Men: “Onam bor”, dedim. U kishi: “Allohga qasamki, onangga gapirishda yumshoqsoʻz boʻlsang, uni taomlantirsang, albatta, jannatga kirasan, modomiki katta gunohlardan saqlangan boʻlsang”, dedi [2].
Hadisning umumiy maʼnosi:
Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallamning maktablarini oʻtagan buyuk sahobiy, ummatning faqihi Abdulloh ibn Umarning huzuriga Taysala ibn Mayyos adashgan firqaga qoʻshilib qolib, bilib-bilmay qilib qoʻygan gunohlari yuzasidan maslahat soʻrab keldi. Undan gunohlaridan qanday poklanib, doʻzaxdan qanday saqlanishni soʻradi. Abdulloh ibn Umar uning nima gunoh qilganini soʻraganida Taysala birma-bir qilgan gunoh amallarini, adashgan oqimga qoʻshilib qilgan xatolarini aytib berdi. Abdulloh uning bu qilgan amallari gunohi kabira (katta gunoh)lar toifasiga kirmasligini aytdi va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan katta gunohlarni birma-bir sanab berdi:
- “Allohga shirk keltirish”
Alloh taolodan boshqaga sigʻinishga shirk amal deyiladi. Kishi kichkina shirk amali sababli ham imonidan mahrum boʻladi. Shuning uchun bu amal katta va kechirilmas gunoh sifatida qaraladi. Bu haqda Qurʼoni karimda bunday marhamat etiladi: “Albatta, Alloh Oʻziga shirk keltirish (gunohi)ni kechirmagay va lekin ana shundan boshqa (gunoh)larni Oʻzi xohlagan (banda)laridan kechirur”. (Niso surasi, 48-oyat).
Shuningdek, Alloh taolo shirk keltirishni Luqmon surasining 13-oyatida “Albatta shirk eng katta zulmdir” deb shirk amalini zulmga tenglashtiradi. Chunki, mushrik har qanday sherikdan pok Allohga bir maxluqni tenglashtirib, uni Xoliq darajasiga koʻtardi va bu amali bilan Alloh taoloning oʻziga nisbatan gʻazabini qoʻzgʻab, oʻziga-oʻzi zulm qilgan boʻladi.
Boshqa amallar singari shirk amallari ham zohiriy (koʻrinib turadigan) va botiniy (maxfiy) boʻladi. Zohiriy shirkka Alloh taologa ibodat qilish bilan birga boshqa but-sanamlarga sigʻinish, yoki mutlaq holda Alloh taolodan boshqasiga sigʻinish kiradi.
Botiniy shirk amallarga folbin, sehrgar, munajjimlarning soʻzlarini tasdiq qilish kiradi. Alloh taolo Anʼom surasining 59-oyatida “Gʻayb ochqichlari (sirlari) Uning huzuridadirkim, ularni yolgʻiz Oʻzigina bilur” degan boʻlsa-yu, boshqa bir gumroh chiqib; Men gʻayb ilmini bilaman deb, kelajakdan fol ochib, gʻayb ilmiga daʼvo qilsa, boshqasi biri esa uning soʻzini tasdiqlab tursa, bu holatning hukmi qanday boʻladi? Uning gʻaybni bilish haqidagi bu daʼvosi ilohlik daʼvosi emasmi? Shu sababli folbin, kohin, sehrgarlar shayton qavmidan hisoblanadi. Uning soʻzini tasdiqlagan kishi ham shirk amalga qoʻl uribdi.
- “Aybsiz insonni oʻldirish”
Dunyoda Alloh taolodan boshqasiga ibodat qilishdan keyin begunoh insonni oʻldirishdek ogʻir gunoh yoʻq. Zero, qotillik sababli jamiyatda beqarorlik, fitna-fasod avj oladi. Alloh taolo nohaq odam oʻldirishning gunohini Moida surasining 32-oyatida bunday bayon qiladi: “Biror jonni oʻldirmagan yoki Yerda (buzgʻunchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni oʻldirgan odam xuddi hamma odamlarni oʻldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (oʻlimdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir” deya nohaqdan biror odamni oʻldirgan kishiga dunyodagi barcha odamlarni oʻldirganning gunohi yozilishini aytib, insonlarni qotillikdek ogʻir gunohdan qaytarmoqda.
Alloh taolo Niso surasining 93-oyatida “Kimda-kim qasddan bir moʻminni oʻldirsa, uning jazosi jahannamda abadiy qolishdir. Yana unga Alloh gʻazab qilgay, laʼnatlagay va unga ulkan azobni tayyorlab qoʻygay” deb, qasddan odam oʻldirishning gunohi kechirilmas va juda ogʻir ekanini bayon qilmoqda. Shuning uchun bu amal ham katta gunohlar qatoriga kiradi.
- “Urush maydonidan qochish”
Dushmanga urush maydonida roʻparoʻ kelganda orqa oʻgirib qochish ham gunohi kabiralardan biri sanaladi. Chunki, Vatanni obod va ozod holda saqlash hamda dushmandan uni himoya qilish shu vatanda istiqomat qilib turgan har bir kishi uchun muqaddas burch sanaladi. Alloh taolo Anfol surasining 16-oyatida urushda dushmanga orqa oʻgirib qochgan kishining jazosi haqida bunday xabar beradi: “Kimki oʻsha kuni ulardan ortga chekinsa – jang ishi bilan chetlagan va biror boʻlinmaga qoʻshilishga borganlar bundan mustasno – Allohning gʻazabi bilan (birga) qaytgan boʻlib, joyi jahannam boʻlur. Qanday ham yomon taqdirdir bu?!”
- “Muhsina (oʻzini pokiza saqlagan) ayolni zinokor (fohisha) deb ayblash”
Muborak dinimizda ayol shaʼni, or-nomusi juda qattiq qoʻriqlanadi. Bir ayolni fohisha deb ayblash uchun kamida toʻrt solih kishi guvohlik berishi kerak, agar kam boʻlsa, yoki toʻrtta boʻlsa ham solih deb topilmasa, bu guvohlar inson shaʼniga tajovuz uchun jazolanadi. Chunki, moʻminning shaʼni va moliga tajovuz uning qonini toʻkish bilan barobar hisoblanadi. Shu bois oʻzini zino va fahsh ishlardan pok tutgan muhsina ayolni fohishalik bilan ayblash gunohlar ichra eng ogʻir gunohlardan biri hisoblanadi. Bu Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan vorid boʻlgan sahih hadislarda ham keltirilgan.
- “Sudxoʻrlikdan rizq yeyish”
Insonning oxiratda mutlaq halokatga yuz tutishiga sabab boʻladigan gunohlardan biri sudxoʻrlikdir. Sudxoʻrlikka tijorat, tadbirkorlikning bir koʻrinishi deb qaramaslik lozim. Chunki, Alloh taolo savdoni halol, sudxoʻrlikni harom qildi. Haq taolo Qurʼoni karimda bunday marhamat qilgan.:
“Alloh savdoni halol, ribo (sudxoʻrlik)ni harom qildi”[3].
Sudxoʻrlik – foizga pul berish orqali foyda koʻrish yuqorida aytilganidek, shariatda harom qilingan amallardan biridir. Chunki, bu amal sababli qarzdor xoh foyda koʻrsin, xoh koʻrmasin, baribir olingan qarzning foizini toʻlashga majbur. Bu esa jamiyatda oʻzaro mehr-oqibat yoʻqolishiga, buzgʻunchilik va oqibatsizlik avj olishiga sabab boʻladi. Shuning uchun islomda tijorat – narsani sotib olib yana qayta sotish halol qilindi, sudxoʻrlik esa harom qilindi.
- “Yetimning molini yeyish”
Abdulloh ibn Umar gunohi kabiralarni birma-bir bayon qilar ekan, ular orasida yetimning molini yeyish ham borligini uqtirdi. Shariatda yetim moli juda qattiq eʼtibor bilan qoʻriqlanadi. Hattoki Sufyon Savriy va Abdulloh ibn Muborak kabi ayrim ulamolar yetimning molidan zakot olinmaydi, deb aytgan. Aslida birovning haqqini yeyish kechirilmas katta gunohlardan biri sanaladi. Ammo yetimning molini yeyish undan-da kattaroq va hisobi ogʻirroq gunoh amallardan biridir.
- “Masjidda dindan chiqish”
Boshqa hadislarda mazkur hadis matnida “Masjidul harom – Kaʼba joylashgan masjidni halol sanash” degan soʻzlar ham bor. Masjidul Haromning haramligini tan olmagan kishi ham kechirilmas ogʻir va ulkan gunoh qilgan sanaladi. Yaʼni, Alloh halol qilgan narsalarni harom deb, harom qilganini halol sanash bilan ham gunohi kabira sodir etgan boʻladi. Inson ilmi yetmagan narsalar ustida masjidda bahs yuritib, islomda koʻrsatilgan hukmlarga teskari soʻzlarni aytib yuborishi sababli ham dindan chiqib qolishi mumkin. Shuning uchun musulmon kishi, xususan din peshvolari islom hukmlaridan soʻzlayotganda, nihoyatda ehtiyot boʻlishi, fitnaga sabab boʻladigan soʻzlardan qochishi kerak.
- “Odamlarni masxara qilish”
Alloh taolo Luqmon surasining 6-oyatida “Odamlar orasida shunday kimsalar ham borki, ular bilimsizlik bilan (oʻzgalarni) Allohning yoʻlidan ozdirish uchun va u (yoʻlni) masxara qilish uchun behuda soʻz(lar)ni sotib olur. Ana oʻshalar uchun xor qilguvchi azob bordir” deb, kibru havo bilan oʻzini oʻzgalardan baland olib masxaralab kuladiganlar uchun oxiratda alamli azob borligidan ogoh etmoqda. Boshqalardan oʻzini katta olish, masxara qilish, nooʻrin hazil-mazaxlar ham gunohi kabiralar qatoriga kiradi. Chunki, buning zamirida boshqa bir inson qadrini poymol qilish, obroʻsini toʻkish yotadi. Hadislarda aytilganidek, inson shaʼnini yerga urish, moʻminning obroʻsiga daxl qilish uning qonini toʻkish bilan barobardir.
- “Ota-onaning yigʻlashi, yaʼni ota-onani yigʻlatish ham farzandning oq boʻlishidandir”.
Ota-onaning xizmatini qilib, ularni rozi qilish, duolariga musharraf boʻlish farzandning baxtidir, iqbolining balandligidir. Ota-onani yigʻlatish, qarovsiz tashlab qoʻyish farzandning badbaxtligi, tolesining qoraligidir. Afsuski, ota-onaning xizmatini qilmaslik, haqqi – martabasini bilmaslik sababli ularning noroziligiga olib boradigan narsalar hozir ham baʼzan uchrab turadi. Bu ishning oqibati inson uchun salbiy holatlar bilan tugashi yaxshi maʼlum.
“Oq boʻlish” atamasining “gapga kirmaydigan, boshqalarni hurmat qilmaydigan”, degan maʼnolari mavjud boʻlib, asl isteʼmolda “oʻzidan yiroq qilish, begona qilish”ni anglatadi.
Xususan, ota-onaga oq boʻlish – ularga begona boʻlish maʼnosida qoʻllanib, ota-ona va farzand munosabatlariga xos iboradir. Ota-ona hech qachon oʻz ixtiyori bilan farzandini oq qilmaydi, aksincha, bunga farzand majbur qiladi. Ota-onasiga oq boʻlib, ularning koʻzlaridan yoshini oqizgan farzand kechirilmas ulkan gunohga qoʻl uribdi.
“Kyeyin Ibn Umar menga: “Sen doʻzaxdan saqlanib, jannatga kirishni xohlaysanmi?” dedi. Men: “Allohga qasamki, shunday,” dedim. U kishi: “Ota-onang hayotmi?” dedi. Men: “Onam bor”, dedim. U kishi: “Allohga qasamki, onangga gapirishda yumshoqsoʻz boʻlsang, uni taomlantirsang, albatta, jannatga kirasan, modomiki katta gunohlardan saqlangan boʻlsang”, dedi”.
Bu hadisda biz eʼtibor qaratishimiz lozim boʻlgan yana bir holat, toʻgʻri yoʻldan adashgan Taysala din ishlari sohasida bu ummatning eng bilimdoni boʻlgan Abdulloh ibn Umar huzuriga maslahat soʻrab borganidir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam taʼlimlarini olgan Abdulloh ibn Umar hidoyat yoʻlini istab kelgan Taysala ibn Mayyosga nasihat qilishda davom etib, doʻzaxdan saqlanib, jannatga kirish yoʻlini koʻrsatdi. Yaʼni, bu yoʻldan qaytishga, zalolatga yuz tutgan firqadan ajralib chiqib, onasini xizmatini qilishga buyurdi.
Bugungi kunda ota-onasini tashlab, zalolatdagi oqimlarga kirib qolayotgan birodarlarimizga Imom Buxoriy keltirgan ushbu hadis eng yaxshi nasihatdir.