Home / MAQOLALAR / “SAHIHUL BUXORIY”NI MISRGA OLIB KIRGAN DASTLABKI INSON (3-qism)

“SAHIHUL BUXORIY”NI MISRGA OLIB KIRGAN DASTLABKI INSON (3-qism)

“Sahihul Buxoriy” asarini Misrga ilk bor olib kirgan kishi bu – imom, hofiz, buyuk mujavvid, Abu Ali Said ibn Usmon ibn Said ibn Sakan Misriy Bazzoz boʻlib, asli Bagʻdod shahridandir. U 353/964 yili vafot etgan.

Uzoq vaqt hadis talabi bilan Jayhun va Nil daryolari oraligʻida joylashgan shaharlarni kezib yurgan Abu Ali Bazzoz hayotining soʻnggi yillarida Misrga kelib joylashgan. U 294/907 yili tavallud topgan.

U Bagʻdodda Abul Qosim Bagʻaviy, Ibn Abu Dovud va bu ikkisining zamondoshlaridan hadis eshitgan. Harron shahrida hofiz Abu Urvadan va bir guruh roviylardan hadis eshitgan. Damashqda u Ahmad ibn Umayr ibn Javso, Said ibn Abdul Aziz Halabiy va ularning tengqurlaridan hadis eshitgan. Xurosonda esa “Sahihul Buxoriy”ni Muhammad ibn Yusuf Frabriydan eshitgan.

Abu Ali Bazzoz shu bilan “Sahihul Buxoriy”ni ilk marta Misrga olib kirgan va u yerda hadis rivoyat qilgan shaxsdir. Undan soʻng Misrga Muhammad ibn Muhammad ibn Badr Bohiliy, Ali ibn Ahmad Allon va Abu Jaʼfar Tahoviy olib kirishdi.

Abu Ali Bazzoz Damashqda Muhammad ibn Xuraymdan va Hishom ibn Ammorning bir guruh shogirdlaridan ham hadis eshitgan. Nishopur shahrida esa Abu Homid ibn Sharqiy, Makkiy ibn Abdondan hadis eshitgan. Uning hadis talabi bilan koʻplab yurtlarni kezib yurishiga oʻzining tijorati ortidan tirikchilik qilishi unga qoʻl kelgan.[1]

Abu Ali Bazzozdan Abu Abdulloh ibn Manda, Abdulgʻani Azdiy, Ali ibn Muhammad Daqqoq, Abdurahmon ibn Umar ibn Nahhos, Abdulloh ibn Muhammad ibn Asad Qurtubiy, Abu Jaʼfar ibn Avnulloh va Qozi Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Mufarrijlar hadis rivoyat qilishgan.

Ibn Hazm Abu Ali Bazzozning saylanmasi (Sahihi)ni maqtab gapirgan. Unda gʻarib hadislar ham bor.[2]

Undan “Sahihul Buxoriy”ni Ibn Asad Juhaniy, Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Yahyo ibn Mufarrij va Abu Jaʼfar ibn Avnullohlar rivoyat qilgan.[3]

Abu Ali Bazzoz 353 yilning muharram oyida vafot etgan.

“Sahihul Buxoriy”ning Hofiz Ibn Sakan qilgan rivoyati

 Ibn Sakanning rivoyati Andalus shahrida keng tarqalgan boʻlib, uchta yoʻl orqali yetib kelgan. Ular:

Birinchisi: Abdulloh ibn Asad Juhaniy (vaf. 310/922-395/1005).

Ikkinchisi: Abu Abdulloh ibn Mufarraj (vaf. 315/927-380/990).

Uchinchisi: Abu Jaʼfar ibn Avnulloh (vaf. 300/912-378/988).

Mazkur uch shaxs Sharq oʻlkalariga safar qilgan vaqtida Misrda Abu Ali Said ibn Sakan bilan uchrashishgan va undan hadis eshitib, soʻng Andalusga qaytganlar. Odamlar Abdulloh ibn Muhammad Juhaniy (vaf.395/1005)dan oʻzi eshitgan hadislarni rivoyat qilib berishini iltimos qilishganda u bosh tortgan va: “Modomiki, mening ikki nafar (saboqdosh) sherigim hayot ekan, men hadis rivoyat qilmayman”, degan. Sheriklari vafot etgach, hadis rivoyat qilish uchun ilm majlisi tashkil qilgan va odamlar undan hadis eshitganlar.[4]

Yuqorida nomlari zikr qilingan uch muhaddis Andalusdan boʻlgan. Shuning uchun ham bu rivoyat Andalusda mashhur boʻlib ketgan. Abu Ali Jayyoniy shunday deydi: “Darhaqiqat, “Al-jomiʼ”ni Ibn Sakandan andaluslik bir guruh shaxslar rivoyat qilishgan. Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn Yahyo ibn Mufarraj, Abu Jaʼfar Ahmad ibn Avnulloh va boshqalar ana shular jumlasidandir. Ularning barchalariga Allohning rahmati boʻlsin!”.[5]

[1] Siyaru aʼlomin nubaloi, 16-jild, 117-bet. Tarixul islom, 8-jild, 55-bet.
[2] Siyaru aʼlomin nubaloi, 16-jild, 118-bet.
[3] Tarixul islom, 8-jild, 55-bet.
[4] As-sila, 1-jild, 245-bet.
[5] Taqyidul muhmal, 3-jild, 1068-bet.
Otabek MUHAMMADIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …