Islomda odamlarga ozor berish, obroʻsini toʻkish, ularga til va amal bilan har qanday zarar yetkazish haromdir. Barcha musulmonlarning bundan qaytarilgani Qurʼonda ochiq-oydin bayon etilgan:
﴿وَالَّذِينَ يُؤْذُونَ الْمُؤْمِنِينَ وَالْمُؤْمِنَاتِ بِغَيْرِ مَا اكْتَسَبُوا فَقَدِ احْتَمَلُوا بُهْتَانًا وَإِثْمًا مُبِينًا﴾
“Moʻmin va moʻminalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar boʻhton va aniq gunohni oʻzlariga olgan boʻlurlar”[1].
Islomning ilk davrida din dushmanlari ayniqsa ayollarga boʻhton qilish orqali musulmonlarga koʻp ozor berishga intilgan. Moʻmin inson Alloh taolo uchun Uning eng qadrli bandasidir. Haq taolo bir necha oyatda Oʻzi moʻminlarning valiysi ekanini taʼkidlagan. Kimki moʻmin insonga jismonan yo maʼnan ozor bersa, Parvardigorning qahriga uchrab, shunga yarasha jazosini oladi.
Imom ibn Abu Hotim Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilgan hadisda bunday deyiladi:
“Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalaridan: “Aytinglarchi, eng yomon ribo nima?” dedilar. Ular: “Alloh va Uning Rasuli biladi”, dedi. Shunda u zot: “Allohning eʼtiboridagi riboning eng yomoni musulmon kishining obroʻsini toʻkishni oʻziga ep koʻrishdir”, dedilar. Soʻngra “Moʻmin va moʻminalarga qilmagan gunohlari bilan ozor beradigan kimsalar boʻhton va aniq gunohni oʻzlariga olgan boʻlurlar” oyatini oʻqidilar (Bayhaqiy. Shuʼabul imon).
Islom musulmonning izzat-hurmatini yerga urish va shaʼnini poymol qilishdan qattiq qaytaradi.
Alloh taolo:
﴿وَيْلٌ لِكُلِّ هُمَزَةٍ لُمَزَةٍ﴾
“(Kishilar ortidan) gʻiybat qiluvchi, (oldida) masxara qiluvchi har bir kimsaning holiga voy!”[2] deydi.
Odamlarning obroʻsini gʻiybat yoʻllari bilan koʻp toʻkuvchi odam arab tilida “humaza” deyiladi. Birovlarning aybini, kamchiliklarini imo-ishora bilan masxara qiluvchini esa “lumaza” deydilar. “Vayl” jahannamdagi bir vodiyni yoki holiga voy, halok boʻlsin, maʼnolarini anglatadi.
Ushbu ikki sifatga ega boʻlganlarning barchasi qattiq jazoga uchraydi. Chunki moʻmin kishining qonini toʻkish qanchalik ogʻir gunoh boʻlsa, obroʻsiga putur yetkazish ham shunchalik yomondir.
Musulmon kishi doim boshqalarni qoʻllab-quvvatlashi va himoya qilishi lozim.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Biror kimning huzurida moʻmin kishi xor qilinsa va u kishi yordam berishga qodir boʻla turib unga yordam bermasa, Alloh taolo qiyomat kuni uni barcha maxluqotlar oldida xor qiladi”, dedilar (Imom Ahmad. Musnad).
Abu Dovudning “Sunan”ida Jobir va Abu Tolha roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi: “Bir musulmon boshqa bir musulmon kishini izzat-hurmati poymol boʻlayotgan va obroʻsi kamsitilayotganida yordamsiz qoldirsa, Alloh taolo yordam berishni yaxshi koʻradigan paytda uni yordamsiz qoldiradi. Bir musulmon boshqa bir musulmon kishini izzat-hurmati poymol boʻlayotgan va obroʻsi kamsitilayotganda unga yordam bersa, Alloh taolo yordam berishni yaxshi koʻradigan paytda unga yordam beradi”.
Binobarin, insonlar hamisha bir-biriga yaxshi munosabat koʻrsatishi, bir-birini hurmat-izzat qilishi va jamiyatdagi axloqiy meʼyorlarga rioya etishda bardavom boʻlishi lozim.
Ravshan ELMURODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi