Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZNING QOʻLYOZMALAR BILAN ISHLASHGA DOIR TAJRIBASI HAQIDA MAʼRUZA QILINDI

MARKAZNING QOʻLYOZMALAR BILAN ISHLASHGA DOIR TAJRIBASI HAQIDA MAʼRUZA QILINDI

Markaz ilmiy xodimlari Olmaotada “Qozogʻistondagi qoʻlyozma fondlari: saqlash va tadqiq qilish” mavzusida oʻtkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy seminarda ishtirok etdi.

Tadbirda Markaz direktori Bosh maslahatchisi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining noyob qoʻlyozmalarni tadqiq etishga doir tajribasi” mavzusida maʼruza qilib, faoliyatning mazkur yoʻnalishida Markazda olib borilayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi. Taʼkidlanganidek, bugungi kunda Markaz manbalar xazinasida bir yarim mingdan ziyod qoʻlyozma va toshbosma kitob hamda tarixiy hujjat saqlanmoqda. Ulardan 607 jildi qoʻlyozma, 795 jildi toshbosma kitob va 114 tasi tarixiy hujjat hisoblanadi. Oʻtgan davr mobaynida aholidan 285 dona noyob qoʻlyozma kitob va 114 ta tarixiy hujjat sotib olindi. 322 dona qoʻlyozma va 795 dona toshbosma kitob jismoniy va yuridik shaxslardan hadya tariqasida qabul qilindi. Qoʻlyozmalar orasida Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Mahmud Zamaxshariy, Burhoniddin Margʻinoniy, Nizomiddin Shomiy, Hakim Termiziy va boshqa allomalar qalamiga mansub asarlar ham mavjud.

B.Toʻrayev qadimiy manbalarni toʻplash, oʻqish, kataloglashtirish va raqamlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan faoliyat hamda yaqin istiqbolda rejalashtirilayotgan ishlarga ham alohida toʻxtaldi.

Maʼruzachi ishtirokchilar savollariga batafsil javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …