Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

Ikkinchi dars. Allohdan qoʻrqish

Ey oʻgʻlim! Rabbing qalbingda sir saqlayotgan va tiling bilan oshkora soʻzlayotgan narsalarni bilur. U barcha amallaringdan xabardor Zot. Shunday ekan, Allohdan qoʻrq! U rozi boʻlmaydigan holatda seni koʻrib qolishidan ehtiyot boʻl!

Rabbing senga gʻazab qilishidan ogoh boʻl! Zero, U seni yaratdi, rizqlantirdi va senga barcha ishingda ishlatadigan aqlni berdi. Tasavvur qil, otang bir ishdan qaytargan boʻlsa-yu, sen uni qilsang va u bundan xabardor boʻlsa, holating qanday boʻladi? Qattiq jazolanishdan qoʻrqmaysanmi? Albatta, Alloh taolo bilan ham holating mana shunday boʻlsin. Chunki U seni har tarafdan koʻra oladi. Shunday ekan, senga buyurgan har bir ishda beparvolik qilma, qaytargan narsasiga qoʻlingni choʻzma!

Ey oʻgʻlim! Rabbingning (azobga) tutishi oʻta qattiq. Uning gʻazabidan qoʻrq. Uning halimligi seni gʻururga ketkazmasin. Hadisda: “Alloh taolo zolimga muhlat beradi. Uni ushlaganda esa, Undan qutula olmaydi”[1], deyilgan.

Ey oʻgʻlim! Allohga itoat qilish avvalida ogʻirlikni sezasan. Sen mana shu ogʻirlikni koʻtar va unga sabr qil, bora-bora itoat qilishing sen uchun odatiy holga aylanadi. Allohga itoat qilishda lazzat va rohat  his etasan.

 Ey oʻgʻlim! Maktabdalik chogʻingni eslab koʻr. Oʻqish va yozishni oʻrganarding, Qurʼoni karimni yoddan aytib berishga buyurilarding. Oʻsha paytda maktab va muallimni yoqtirmasding. Darslardan butunlay ozod boʻlishni istarding. Mana, bugun maktabdagi darslarga sabr qilish foydasini tushunadigan yoshga yetding. Mualliming manfaating uchun saʼy-harakat qilganini ham bilding. Maktabdagi darslarga sabr qilganingdek, Allohga itoat qilishda ham bardoshli boʻl.  

Ey oʻgʻlim! Allohdan qoʻrqish faqat namoz, roʻza va shu kabi ibodatlarni bajarish deb oʻylamagin. Allohdan qoʻrqish har bir ishda boʻlishi lozim. Jumladan, doʻstlaring borasida ham Undan qoʻrq, birortasiga aziyat berma. Yashab turgan vataning borasida ham Allohdan qoʻrq. Unga xoinlik qilma, dushmanga topshirib qoʻyma. Oʻzing haqqingda ham Allohdan qoʻrq. Sogʻligʻingga beparvo boʻlma. Yomon xulqlarni orttirma. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: “Qayerda boʻlsang ham Allohdan qoʻrq. Yomonlik ketidan yaxshilikni ergashtir, uni oʻchirsin. Odamlarga goʻzal xulq bilan muomala qil!”[2], dedilar.

Ustozlar ilmi va hayotiy xulosalaridan kelib chiqib soʻz aytadi. U soʻzki, har biri bebaho oʻgit. Umid qilamizki, bu oʻgitlarni oʻqigan yigit-qizlarimiz uqib, amal qilishadi. Zero, har bir xayrli amal saodatga eltadi.

[1]Imom Buxoriy, Muslim, Termiziy rivoyati
[2]Imom Ahmad va Termiziy rivoyati
Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …