Home / FOTO LAVHALAR / MOVAROUNNAHR – ISLOM MADANIYATINING OʻCHOGʻI

MOVAROUNNAHR – ISLOM MADANIYATINING OʻCHOGʻI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Turkiyaning 19 may universiteti rektor yordamchisi Prof. Dr. Chingiz Batuk va universitetning gumanitar va ijtimoiy fanlar fakulteti falsafa kafedrasi mudiri Prof. Dr. Said Kurshunoʻgʻli tashrif buyurdi.

Mehmonlarni Markaz direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) Otabek Muhammadiyev qarshi oldi va muzey hamda kutubxona faoliyati bilan tanishtirdi.

Turkiyaning eng yirik oliy taʼlim muassasalari sirasidagi universitet rahbariyati vakillari rektor Prof. Dr. Yavuz Unalning qizgʻin salomini yetkazib, ikki ilmiy dargoh oʻrtasidagi hamkorlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganidan mamnuniyat bildirdi.

Rektor janoblarining “Islom madaniyatining asosi – hadis ilmi va zamonaviy hadisshunoslik tadqiqotlari” mavzusida yaqinda oʻtkazilgan xalqaro onlayn seminarda qilgan maʼruzasi qatnashuvchilarda katta qiziqish uygʻotgani alohida taʼkidlanib, qoʻshma loyihalar koʻlamini yanada kengaytirish zarurati tilga olindi.

Tashrif doirasida mehmonlar ishtirokida ikki muassasa hamkorligida “Islom madaniyatining ilmiy tafakkuri” mavzusida ilmiy davra suhbati oʻtkazildi. Unda Markaz ilmiy xodimlari, Imom Buxoriy nomidagi xalqaro stipendiya sovrindorlari hamda Toshkentdagi Perfekt universiteti rektori Muhammadismoil Mahmudov ishtirok etdi.

Tadbirda turkiyalik olimlar islomning ijtimoiy madaniyat darajasida shakllanishi bosqichlari, umuman din sifatida qaror topishining ilmiy omillari hamda islom ilmlari taraqqiyoti asoslarini birma-bir sanab berdi. Mehmonlar chuqur ilmga asoslangan islom madaniyati va tafakkurining yuzaga kelishi va keng tarqalishida movarounnahrlik olimlarning benazir hissasini alohida eʼtirof etib, bunga guvohlik beruvchi qator dalil va qiziqarli maʼlumotlar keltirdi.

Ikki muassasa oʻrtasida hamkorlikka doir Anglashuv Memorandumi imzolashga kelishib olindi. Davra suhbati qizgʻin muhokama va savol-javoblar bilan oʻtdi.

Tadbir yakunida tashkilotchilar tomonidan oʻzaro esdalik sovgʻa va adabiyotlar almashildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …