Home / MAQOLALAR / USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

USTOZNING SHOGIRDIGA DЕGANLARI

Bu dunyoda har qaysi inson biror narsaga erishgudek boʻlsa, bunda albatta uning ota-onasi qatorida ustoz va murabbiylari muhim oʻrin tutadi. Quyida qadimda yashab oʻtgan donishmandning shogirdiga oʻgitlarini keltiramiz.

Ey oʻgʻlim! Alloh taoloning Oʻzi seni toʻgʻri yoʻlga yoʻllab, ezgu amallarga muvaffaq aylasin! Sen men uchun farzandim oʻrnidasan. Seni taning sogʻlom, fahm-idrokli, qalbi pok, goʻzal xulqli, buzuqlikdan yiroq, hayoti chiroyli, doʻstlarga suyukli, faqir va bechoralarga yordam beruvchi mehribon, xatolarni kechiruvchi, rabbingning ibodatida sustkashlik qilmaydigan holda koʻrish meni quvontiradi.

Ey oʻgʻlim! Biror kishining soʻzini qabul qilmoqchi boʻlsang, nasihati qabul boʻlishga eng haqli insoning menman. Zero men ustozing, mualliming va ruhing tarbiyachisidirman. Senga manfaat keltirish va yaxshi inson boʻlishing uchun mendan koʻra koʻproq kuyunadigan odam yoʻq.  

Ey oʻgʻlim! Men senga ishonchli nasihatchiman. Soʻzlarimga quloq sol. Mening huzurimda ham, doʻstlaringni oldida ham, yolgʻiz holatingda ham bunga amal qil.

Ey oʻgʻlim! Modomiki mening nasihatimga yolgʻizlik paytingda amal qilmas ekansan, doʻstlaring oldida ularga rioya qilishing oz boʻladi.

Ey oʻgʻlim! Meni yoʻl boshlovchi qilib olmasang, unda kimga ergashasan? Nima uchun mening huzurimda oʻzingni qiynab ushlab turibsan?

Ey oʻgʻlim! Ustoz faqat es-hushli, odobli shogirdlarini yaxshi koʻradi. Ustozing sendan norozi boʻlishi, yetuklikka erishishingdan umidsizlanishi seni quvontiradimi?

Ey oʻgʻlim! Senga faqat yaxshilikni ravo koʻraman. Buni senga yetkazishim uchun itoat qilish va men buyurgan goʻzal xulqlarni kasb etish bilan menga yordam bergin!

Ey oʻgʻlim! Chiroyli xulq inson uchun ziynatdir. Ayniqsa doʻstlari va qarindoshlari orasida. Goʻzal xulqli boʻl, shunda odamlar seni hurmat qiladi va yaxshi koʻradi.

Ey oʻgʻlim! Ilmingni goʻzal xulq bilan bezatmasang, bilimsizligingdan koʻra zararli boʻladi. Chunki nodon bilimsizligi bilan uzrlidir. Ilmli inson goʻzal xulqlar bilan bezanmagan boʻlsa, uning uchun odamlar oldida uzr yoʻq.

Ey oʻgʻlim! Mening nazoratimga suyanma. Oʻzingni oʻzing tergab tur. Zero shunday qilishing foydaliroq va afzalroqdir.

Ey oʻgʻlim! Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Alloh taolo bu dinni Oʻzi uchun xolis boʻlishini talab qildi. Diningizga saxiylik va goʻzal xulq munosib keladi. Diningizni u ikkisi bilan bezang!” dedilar (Tabaroniy rivoyat qilgan).

Ahli donish kamdan-kam xato qiladi, notoʻgʻri soʻzni undan ham kam aytadi. Yuqoridagi oʻgitlar orasida biror ortiqchasi yoʻqligining oʻzi ham bu fikrning tasdigʻidir. Oʻylaymizki oʻsib kelayotgan oʻgʻil-qizlarimizga katta hayotda bu hikmatlar juda asqotadi.

Husan MIRZOAHMADOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …