Home / MAQOLALAR / ROʻZA IBODATINING FAZILATLARI

ROʻZA IBODATINING FAZILATLARI

Alloh taolo marhamat qiladi: “Ey imon keltirganlar! Sizlardan oldingi (ummat)larga farz qilingani kabi sizlarga ham roʻza tutish farz qilindi, shoyad (u sababli) taqvoli boʻlsangiz”(Baqara surasi, 183-oyat).

Oyatdan shuni anglab olishimiz mumkinki, roʻzadan koʻzlangan eng oliy maqsad taqvoga erishish ekan. Roʻza bandada taqvo sifatini tarbiyalaydi, uning soʻzi, ishi, yurish-turishida, kattayu kichik bilan muomalasida goʻzal axloqni shakllantiradi.

Roʻza ibodati odamlarni goʻzal amallarga, chiroyli xulqqa oshno qiladi. Yolgʻon, gʻiybat, chaqimchilik kabi boshqalar obroʻsiga putur yetkazadigan, odamlar orasiga sovuqlik tushiradigan gaplardan tiyilish ham roʻzaning shartlaridan sanaladi. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Kim yolgʻon gapirishni va unga amal qilishni tark qilmas ekan, Allohga uning yeyish va ichishni tark qilishidan behojatdir”, deganlar (Imom Buxoriy rivoyati). Zero, roʻzadan asl murod qalblarni razil, yomon illatlardan poklash, taqvoning imkon qadar oliyroq darajasiga erishishdir.

Roʻza insonni yolgʻizlikda ham, odamlar orasida ham Alloh taoloni unutmaslikka, sabrli va xushxulq boʻlishga, Alloh qaytargan narsalardan uzoq turishga oʻrgatadi.

Ulamolar, peshvolar Ramazon oyida Qurʼoni karim tilovatiga alohida eʼtibor bergan. Albatta, bunda ular Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashgan. Yaʼni, hadislardan bilamizki, Ramazon oyida Jabroil alayhissalom u zotga Qurʼondan taʼlim berar edi. Xususan, Imom Buxoriy va Imom Muslim Ibn Abbos roziyallohu anhudan quyidagicha rivoyat qiladi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yaxshilikda odamlarning eng saxiysi, oliy himmatlisi edilar, Ramazon oyi kelganida esa, u zotning saxiyliklari yanada ziyoda boʻlar edi. Chunki, Jabroil alayhissalom bilan uchrashar edilar. Jabroil alayhissalom bilan Ramazonning har kechasida koʻrishar va unga Ramazon yakuniga yetguncha Qurʼonni oʻqib topshirar edilar. U zot Jabroil bilan uchrashganlarida tez esadigan shamoldan ham saxiyroq boʻlar edilar”.

Bu hadisdan Ramazonda Qurʼonni nisbatan koʻproq tilovat qilib, xatmlar qilishning ajru mukofoti katta ekanini bilib olamiz.

Ramazon ana shunday goʻzal fazilatlar, saxovat va muruvvat shakllanadigan, kamol topadigan oydir. Shu bois bu oyda Alloh taologa yaqin qiladigan yaxshilik va ibodatlarimiz koʻpayib, yurish-turishimiz, soʻzimiz va ishlarimiz goʻzal boʻlishi kerak.

Umar ibn Xattob roziyallohu anhu: “Bizni gunohlardan poklovchi oy, xush kelding!” der ekan. Jaʼfar Sodiq rahmatullohi alayh esa, “Roʻza tutsang, qulogʻing, koʻzing va tiling ham roʻza tutsin”, deb oʻgit berarkan.

Zunnun Misriy rahmatullohi alayh: “Kunduzlari och yur, saharlargacha ibodatda qoim boʻl, Alloh taoloning ajoyib mukofotlariga erishasan”, degani naql qilingan.

Hasan Basriy rahmatullohi alayh bu oy haqida: “Alloh taolo Ramazonni bandalari uchun musobaqa maydoni qildi. Bandalar unda Allohning toati boʻyicha musobaqalashadi”, degan.

Hasan RASULOV,
Chilonzor tuman “Muhsinxon Toʻra Eshon”
jomeʼ masjidi imom-noibi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …