Home / FOTO LAVHALAR / MAʼNAVIY-MAʼRIFIY TADBIR VA TAQDIMOTLAR OʻTKAZILMOQDA

MAʼNAVIY-MAʼRIFIY TADBIR VA TAQDIMOTLAR OʻTKAZILMOQDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot markazi tomonidan Toshkent davlat sharqshunoslik universitetida “Jaholatga qarshi – maʼrifat” gʻoyasi asosida “Ilmdan boshqa najot yoʻq va boʻlmagay” mavzusida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va Markaz tomonidan chop etilgan “Sahihi Buxoriy sharhi” kitobi, Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining 30-juzi, Abd ibn Humayd Keshiyning “Musnadi Keshiy” asarlari hamda buyuk allomalarimiz haqida 10 ta haqiqat hamda xalqchil risolalar kabi nashrlar taqdimoti boʻlib oʻtdi.

Unda Markaz direktori Bosh maslahatchisi, Markaz diniy-maʼrifiy tadbirlar boʻlimi yetakchi ilmiy xodimi, falsafa fanlari doktori, professor Baxtiyor Toʻrayev va ilmiy xodim Sirojiddin Abduvoitov universitet talabalariga yurtimizda ilm olishga qaratilayotgan eʼtibor, allomalarimiz ilmiy merosini chuqur oʻrganish, tadqiq etish va islomning asl mohiyatini jamoatchilikka yetkazish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlar haqida maʼlumot berdi.

Tadbirda bugungi kunda muqaddas dinimizni niqob qilib olgan turli buzgʻunchi kuchlar qilmishlari qoralanib, yoshlarni turli oqimlarga tushib qolishini oldini olish va internet tarmoqlaridan toʻgʻri foydalanishga oid zaruriy koʻrsatmalar berildi.

Maʼruzachilar shuningdek, Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlarni ham taqdimot qilib, ular mohiyati va maʼrifiy qiymati xususida soʻz yuritdi.

Ishtirokchilar oʻzlarining qiziqtirgan savollariga yetarlicha javob oldilar.

Tadbir soʻngida faol ishtirokchilar Markazning yangi nashrlari bilan taqdirlandilar.

      

Shunday tadbir Toshkent davlat transport universitetida ham oʻtkazildi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …