Home / MAQOLALAR / MUSULMONLAR VA BOSHQA DIN VAKILLARI OʻRTASIDAGI MUNOSABAT: TINCHLIK USTUVORLIGI

MUSULMONLAR VA BOSHQA DIN VAKILLARI OʻRTASIDAGI MUNOSABAT: TINCHLIK USTUVORLIGI

Hozirgi globallashuv jarayonida tinchlik dini – islomni insonlarga notoʻgʻri talqin qilayotgan guruhlar unga tuhmat toshlari otilishiga sababchi boʻlmoqda. Din niqobi ostida faoliyat yuritayotgan oqimlar, partiya va tashkilotlar muqaddas dinimiz va milliy qadriyatlarimizga katta zarar keltirmoqda. Shu va boshqa koʻplab omillar islom haqida qoʻporuvchilik bilan bogʻliq notoʻgʻri tushunchalarni shakllantirdi. Baʼzi guruhlar nomidan amalga oshirilayotgan terroristik amaliyotlar shunday xulosaga sabab boʻlayotgan va buni amalga oshirayotganlar islomni yoyishning birgina yoʻli – quroldan foydalanish va bu narsa manbalarda aytilgan, deb aldasalar, bunga qarshi turishda faqat shu manbalarga murojaat qilish orqaligina muvaffaqiyat qozonish mumkin.

Umumiy jihatlardan kelib chiqqan holda, islomning boshqa dinlar bilan munosabatini koʻrib chiqish, islomda insonning mavqei va tinchlik ustuvorligiga eʼtibor qaratish muhim omil hisoblanadi.

Muqaddas kitobiga ega boʻlgan boshqa din vakillari – “ahli kitob”larni oʻrganishda Qurʼon matni ichida uch xil darajani ajratib koʻrsatish mumkin. Bu darajalarning birinchisi asl samoviy matn – “Lavhul Mahfuz” boʻlib, u Qurʼoni karimda turli nomlar bilan kelgan, eng muhimlari “Ummul kitob”, “Zikr”, “Yashiringan kitob” va “Ochiq imom”.

Alloh taolo marhamat qiladi:

يَمۡحُواْ ٱللَّهُ مَا يَشَآءُ وَيُثۡبِتُۖ وَعِندَهُۥٓ أُمُّ ٱلۡكِتَٰبِ

“Oʻzi xohlagan narsani (yaʼni hukmni) oʻchirur va (Oʻzi xohlagan hukmni) qoldiradi. Ona Kitob (Lavhul mahfuz) Uning huzuridadir”[1].

Boshqa bir oyatda:

وَإِنَّهُۥ فِيٓ أُمِّ ٱلۡكِتَٰبِ لَدَيۡنَا لَعَلِيٌّ حَكِيمٌ

“Darhaqiqat, u (Qurʼon) dargohimizdagi Asl Kitobda (Lavhul mahfuzda) oliy maqom va pur hikmat (bitik)dir”[2], deyilgan boʻlsa, yana birida:

وَلَقَدۡ كَتَبۡنَا فِي ٱلزَّبُورِ مِنۢ بَعۡدِ ٱلذِّكۡرِ أَنَّ ٱلۡأَرۡضَ يَرِثُهَا عِبَادِيَ ٱلصَّٰلِحُونَ

“Biz Zikrdan soʻng Zaburda: “Albatta, yerga faqat Mening solih bandalarim voris boʻlurlar”, deb yozib qoʻygandirmiz”[3], deb nozil qilingan.

Avvalgi kitob va sahifalar

Maʼlumki, barcha muqaddas kitoblar, qaysi tilda yozilganidan qatʼi nazar, ushbu asl samoviy matnning koʻrinishlaridan biri hisoblanadi.

“Kitob” soʻzi diniy tushunchada “paygʻambarlarga nozil qilingan” maʼnosidagi keng qamrovli soʻz boʻlib, umuman olganda, Qurʼoni karim va Paygʻambarimiz hadislarida ismlari zikr qilingan paygʻambarlarga nozil qilingan “avvalgi sahifalar”ni ham oʻz ichiga oladi.

Ibn Hibbon oʻzining “Sahih”ida, shuningdek, Ibn Marduvayh, Abd ibn Humayd Keshiy va Ibn Asokir rivoyat qilgan hadisga koʻra nozil qilingan kitoblar soni bir yuz toʻrttaga yetadi.

Buni Suyutiy “Ad-Durrul mansur”da va Qurtubiy “Tafsir”ida quyidagicha keltiradi:

Abu Zarr Gʻiforiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“U Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan: “Alloh taolo nechta kitob nozil qilgan?” deb soʻradi. U zot: “Bir yuz toʻrt kitob. Shis alayhissalomga ellik sahifa, Idris alayhissalomga oʻttiz sahifa, Ibrohim alayhissalomga oʻn sahifa, Tavrotdan oldin Muso alayhissalomga oʻn sahifa, Tavrot, Injil, Zabur va Furqonni nozil qildi”, dedilar”.

Islomda inson mavqei

“Inson” soʻzi Qurʼoni karim oyatlarida juda koʻp zikr qilinadi. Ularda bu soʻzning oʻzi yoki odamlar, kishi, erkak, ayol, nafs kabi boshqa soʻzlar bilan birga keladi. Eʼtiborni tortadigan narsa shundaki, insonning borliqdagi sayohati uning tugʻilishidan avval boshlanadi:

وَلَقَدۡ خَلَقۡنَا ٱلۡإِنسَٰنَ مِن سُلَٰلَةٖ مِّن طِينٖ ثُمَّ جَعَلۡنَٰهُ نُطۡفَةٗ فِي قَرَارٖ مَّكِينٖ ثُمَّ خَلَقۡنَا ٱلنُّطۡفَةَ عَلَقَةٗ فَخَلَقۡنَا ٱلۡعَلَقَةَ مُضۡغَةٗ فَخَلَقۡنَا ٱلۡمُضۡغَةَ عِظَٰمٗا فَكَسَوۡنَا ٱلۡعِظَٰمَ لَحۡمٗا ثُمَّ أَنشَأۡنَٰهُ خَلۡقًا ءَاخَرَۚ فَتَبَارَكَ ٱللَّهُ أَحۡسَنُ ٱلۡخَٰلِقِينَ

“Qasamki, Biz insonni (Odamni) loyning sarasidan yaratdik. Soʻngra uni (inson naslini, avvalo) mustahkam qarorgoh (bachadon)dagi maniy qildik. Soʻngra (bu) maniyni laxta qon qilib yaratdik, bas, laxta qonni parcha goʻsht qilib yaratdik, bas, parcha goʻshtni suyaklar qilib yaratib, (bu) suyaklarga goʻsht qopladik, soʻngra (unga jon kiritib, oldingi holidan butunlay) boshqacha bir vujudni paydo qildik. Yaratuvchilarning eng goʻzali – Alloh barakotlidir!”[4]

Keyin oʻlim bekatiga keladi:

ثُمَّ إِنَّكُم بَعۡدَ ذَٰلِكَ لَمَيِّتُونَ

“Soʻngra, albatta, sizlar (ey insonlar!). Mana shundan keyin, albatta, vafot etuvchidirsiz”[5].

Undan keyin oxiratdagi hisob-kitob uni kutib turadi:

ثُمَّ إِنَّكُمۡ يَوۡمَ ٱلۡقِيَٰمَةِ تُبۡعَثُونَ

“Soʻngra sizlar, albatta, qiyomat kuni qayta tirilursiz”[6].

Qurʼon insonning bu ikki bekat orasidagi oʻzgaruvchan, bir holatda qaror topmaydigan hayotini misli koʻrilmagan tarzda tasvirlagan:

يُرِيدُ ٱللَّهُ أَن يُخَفِّفَ عَنكُمۡۚ وَخُلِقَ ٱلۡإِنسَٰنُ ضَعِيفٗا

“Alloh sizlarga (shariat ahkomlarini) yengillatishni xohlaydi. Axir, inson zaif yaratilganda![7]

قُل لَّوۡ أَنتُمۡ تَمۡلِكُونَ خَزَآئِنَ رَحۡمَةِ رَبِّيٓ إِذٗا لَّأَمۡسَكۡتُمۡ خَشۡيَةَ ٱلۡإِنفَاقِۚ وَكَانَ ٱلۡإِنسَٰنُ قَتُورٗا

(Ey, Muhammad! Mushriklarga) ayting: “Agar sizlar Rabbim-ning rahmat (rizq) xazinalariga ega boʻlsangiz, oʻshanda ham (uni) ishlatishdan qoʻrqib, mumsiklik (baxillik) qilgan boʻlur edingiz”. (Chunki) inson zoti xasis boʻlur[8].

إِنَّا عَرَضۡنَا ٱلۡأَمَانَةَ عَلَى ٱلسَّمَٰوَٰتِ وَٱلۡأَرۡضِ وَٱلۡجِبَالِ فَأَبَيۡنَ أَن يَحۡمِلۡنَهَا وَأَشۡفَقۡنَ مِنۡهَا وَحَمَلَهَا ٱلۡإِنسَٰنُۖ إِنَّهُۥ كَانَ ظَلُومٗا جَهُولٗا

Biz (bu) omonatni (chin bandalik omonatini) osmonlarga, Yerga va togʻlarga taklif etdik, ular uni koʻtarishdan bosh tortdilar va undan qoʻrqdilar. Inson esa uni oʻz zimmasiga oldi. Darhaqiqat, u (oʻziga) zulm qiluvchi va nodondir”[9].

۞إِنَّ ٱلۡإِنسَٰنَ خُلِقَ هَلُوعًا إِذَا مَسَّهُ ٱلشَّرُّ جَزُوعٗا وَإِذَا مَسَّهُ ٱلۡخَيۡرُ مَنُوعًا

“Darhaqiqat, inson betoqat qilib yaratilgandir. Qachonki, unga yomonlik (kambagʻallik yoki musibat) yetsa, u oʻta bardoshsizlik qiluvchidir. Qachonki, unga yaxshilik (boylik, salomatlik) yetsa, u oʻta man etuvchi (baxil)dir”[10].

Barcha odamlarning kelib chiqishi irqi, rangi va eʼtiqodidan qatʼi nazar birdir:

وَهُوَ ٱلَّذِيٓ أَنشَأَكُم مِّن نَّفۡسٖ وَٰحِدَةٖ فَمُسۡتَقَرّٞ وَمُسۡتَوۡدَعٞۗ قَدۡ فَصَّلۡنَا ٱلۡأٓيَٰتِ لِقَوۡمٖ يَفۡقَهُونَ

“U sizlarni bir jon (Odam alayhissalom)dan paydo qilgan zotdir. Demak, (inson uchun ona qorni) qarorgoh va (ota pushti) omonatgoh (ekan). Fahmlaydigan qavm uchun oyatlar tafsilotini berdik”[11].

Qurʼonning boshqa koʻplab oyatlari ham insoniyatning asli bir ekanini turli shakllarda taʼkidlaydi. Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam Vidolashuv xutbalarida odamlarning Rabbisi va otasi bir ekaniga ishora qilganlar.

Inson esa hurmat-ehtiromga loyiq, Xudoning yerdagi oʻrinbosari emasmi?

Farishtalar sajda qilgan zot emasmi?

Faqat u omonatni ado qilishga rozilik bermaganmidi?

Islomda insonni shu tarzda ulugʻlash orqali uning qadr-qimmati etnik, milliy va diniy tomondan farqlanmaydi, uning umumbashariy birligi haqidagi nuqtai nazariga koʻra, insoniyatning ilohiy hurmat va yerdagi oʻrinbosarlik jihatlarida tengligi anglanadi.

Insoniy oʻlchovning bunday yetuk tushunchasidan kelib chiqib, Muhammad sollallohu alayhi vasallam yahudiyning tobutiga ehtirom uchun turishi ajablanarli emas edi.

Demak, odamga tahdid yoki boshqa yoʻl bilan inson hayotining muqaddasligi buzilmasligi kerak:

مِنۡ أَجۡلِ ذَٰلِكَ كَتَبۡنَا عَلَىٰ بَنِيٓ إِسۡرَٰٓءِيلَ أَنَّهُۥ مَن قَتَلَ نَفۡسَۢا بِغَيۡرِ نَفۡسٍ أَوۡ فَسَادٖ فِي ٱلۡأَرۡضِ فَكَأَنَّمَا قَتَلَ ٱلنَّاسَ جَمِيعٗا وَمَنۡ أَحۡيَاهَا فَكَأَنَّمَآ أَحۡيَا ٱلنَّاسَ جَمِيعٗاۚ وَلَقَدۡ جَآءَتۡهُمۡ رُسُلُنَا بِٱلۡبَيِّنَٰتِ ثُمَّ إِنَّ كَثِيرٗا مِّنۡهُم بَعۡدَ ذَٰلِكَ فِي ٱلۡأَرۡضِ لَمُسۡرِفُونَ

“Ana oʻsha (ilk qotillik) tufayli Isroil avlodiga shunday hukmni bitib qoʻydik: “Biror jonni oʻldirmagan yoki Yerda (buzgʻunchilik va qaroqchilik kabi) fasod ishlarini qilmagan insonni oʻldirgan odam xuddi hamma odamlarni oʻldirgan kabidir. Unga hayot baxsh etgan (oʻlimdan qutqarib qolgan) odam esa barcha odamlarni tiriltirgan kabidir”. Ularga rasullarimiz (ilohiy) hujjatlarni keltirganlar. Soʻngra ularning koʻpchiligi oʻshandan keyin (ham) Yerda isrof qiluvchilardir”[12].

Oyatda zikr qilinganidek bir odamni oʻldirish, goʻyo barcha odamlarni oʻldirgandek ogʻir gunoh boʻladi. Va bu faqat yahudiylarga emas, balki dinidan qatʼi nazar, butun insoniyatga tegishli ekani aniq koʻrinib turibdi.

Alo Solih Abdunaim Hilot oyatni tafsir qilib: “Alloh taolo bu oyatda musulmon bilan gʻayri­musulmonni, erkak va ayolni, irq, jins, urugʻ yoki qabilani bir-biridan ajratmagan”, deydi.

Inson hayotini asrab-avaylash jonni himoya qilish doirasiga kiradi, bu dinning beshta zaruriy maqsadlaridan biridir.

Tinchlik ustuvorligi

Islom soʻzi tinchlik, omonlik, boʻysunish va salomatlik kabi maʼnolarni anglatishi bejiz emas.  Islom tinchlik dini boʻlgani uchun, musulmon kishi kimga duch kelsa, unga yaxshilik va omonlik tilab salom berishni joriy qildi.

Bundan tashqari, “Salom” Allohning eng goʻzal ismlaridan biri:

هُوَ ٱللَّهُ ٱلَّذِي لَآ إِلَٰهَ إِلَّا هُوَ ٱلۡمَلِكُ ٱلۡقُدُّوسُ ٱلسَّلَٰمُ ٱلۡمُؤۡمِنُ ٱلۡمُهَيۡمِنُ ٱلۡعَزِيزُ ٱلۡجَبَّارُ ٱلۡمُتَكَبِّرُۚ سُبۡحَٰنَ ٱللَّهِ عَمَّا يُشۡرِكُونَ

“U shunday Allohdirki, Undan oʻzga iloh yoʻqdir. (U) Podshoh, (barcha ayb-nuqsonlardan) Pok, (bandalariga) tinchlik baxsh etuvchidir”[13].

Tinchlik soʻzi urushning muqobili sifatida tor maʼnoda boʻlishi mumkin. Lekin u kechirimlilik, zoʻravonlikdan saqlanish, vazminlik, mehribonlik, bagʻrikenglik, nizolarni hal qilish, odil hakamlik va johillar bilan oqilona suhbatlashish maʼnolarida keng qamrovli tushunchadir.

Masalan, tinchlikka intilish Paygʻambarimiz alayhissalom hayotlarida yaqqol koʻzga tashlanadi.

Oisha roziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Bir guruh yahudiylar Nabiy sollallohu alayhi vasallamning oldilariga kirib, “Assomu alayka” (Senga oʻlim boʻlsin), deyishdi. U zot: “Sizlarga ham”, dedilar. Oisha: “Sizlarga ham oʻlim boʻlsin, Allohning laʼnati va gʻazabi boʻlsin”, dedi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Shoshilma, ey Oisha! Qoʻpollik va fahshdan saqlan”, dedilar. U: “Ular nima deganini eshitmadingizmi?!” dedi. “Men ham “Sizlarga ham”, deganimni eshitmadingmi? Ular haqida aytganlarim ijobat qilinadi, ularning men haqimda aytgani ijobat qilinmaydi”, dedilar”[14].

Tinchlik birinchi islom jamiyatida, musulmonlarning ahli kitob bilan munosabatlarini ichki doirada tartibga solish uchun “Madina shartnomasi” nomi bilan mashhur hujjatda tasdiqlangan boʻlsa, tashqi aloqalar darajasida davlatning boshqa davlatlar bilan tinchlik va urush holatida tuzgan koʻplab shartnomalari asosida oʻrnatiladi.

Biroq, ekstremistik oqimlarning aynan musulmonlar orasida paydo boʻlayotganiga guvoh boʻlib turgan koʻpchilik islom urush dini ekanini taʼkidlaydi. Natijada, Qurʼoni karim daʼvat etgan va Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning tarjimai hollarida oʻz aksini topgan tinchlikka moyillik eʼtibordan chetda qoladi.

Ular baʼzi oyatlar va ayrim hadislarning zohiriy maʼnolarini ushlab olib, bagʻrikenglik, tajovuz qilmaslik va tinchlikka chorlovchi yuzlab oyat-hadislarni unutishadi. Vaholanki,

لَآ إِكۡرَاهَ فِي ٱلدِّينِۖ قَد تَّبَيَّنَ ٱلرُّشۡدُ مِنَ ٱلۡغَيِّۚ

Dinda zoʻrlash yoʻq, zero, toʻgʻri yoʻl yanglish yoʻldan ajrim boʻldi”[15].

Qolaversa, boshqa bir oyatda:

ٱدۡعُ إِلَىٰ سَبِيلِ رَبِّكَ بِٱلۡحِكۡمَةِ وَٱلۡمَوۡعِظَةِ ٱلۡحَسَنَةِۖ وَجَٰدِلۡهُم بِٱلَّتِي هِيَ أَحۡسَنُۚ إِنَّ رَبَّكَ هُوَ أَعۡلَمُ بِمَن ضَلَّ عَن سَبِيلِهِۦ وَهُوَ أَعۡلَمُ بِٱلۡمُهۡتَدِينَ

(Ey Muhammad!) Rabbingizning yoʻli (dini)ga hikmat va chiroyli nasihat bilan daʼvat eting! Ular bilan eng goʻzal uslubda munozara qiling!”[16] deb marhamat qilingan.

Islom odamlarni unga kirishga majburlamaydigan, notinchlik pozitsiyasidan ustun turuvchi, musulmon boʻlmaganlarga ham inson sifatida ehtirom koʻrsatishimizni buyuruvchi din ekani taʼkidlangan.

وَإِنۡ أَحَدٞ مِّنَ ٱلۡمُشۡرِكِينَ ٱسۡتَجَارَكَ فَأَجِرۡهُ حَتَّىٰ يَسۡمَعَ كَلَٰمَ ٱللَّهِ ثُمَّ أَبۡلِغۡهُ مَأۡمَنَهُۥۚ ذَٰلِكَ بِأَنَّهُمۡ قَوۡمٞ لَّا يَعۡلَمُونَ

“Agar mushriklardan birortasi Sizdan himoya soʻrasa, bas, uni himoyangizga oling, toki u Allohning kalomini eshitsin. Soʻngra uni xavfsiz joyiga yetkazib qoʻying! Bu ularning bilmaydigan qavm boʻlganlari sabablidir”[17].

Muhammad Abdulloh Darroz: “Koʻryapsizmi, biz musulmon boʻlmaganlarni ham himoya qilishimiz, ularga boshpana berishimiz va faqat oʻz mahallamizdagi xavfsizlikni kafolatlashimiz, ularni haq va toʻgʻri yoʻlga yoʻnaltirishimiz ham yetarli emas ekan. Balki, ular xohlagan joyga yetgunlaricha ularni himoya qilish va harakatlarida gʻamxoʻrlik qilishni buyurmoqda”, deydi.

Jihod tushunchasi

Islomda jihod sof mudofaa xarakteriga ega ekani isbotlangan va jang qilish haqidagi barcha buyruqlar, birinchi oʻrinda faqat oʻzini himoya qilish uchun boʻlgani bilan taʼkidlanadi. Avvalo ularning hech biri tajovuzkor urush olib borishga ishora qilmaydi, ikkinchidan, ular vaqtinchalik xususiyatga ega ekanini alohida taʼkidlash lozim va kelajak avlod uchun majburiy buyruq sifatida qaralmasligi kerak.

Va yana shuni qoʻshimcha qilish kerakki, “jihod” soʻzi klassik arab tilida insonning bor kuchini koʻrsatishi, harakat qilishi, kurashishi yoki oʻzini qatʼiyat, tirishqoqlik, matonat, jiddiylik, ishtiyoq bilan ishlashga undashini anglatadi.

Islom fathlari urush axloqi boʻyicha umumbashariy saboqlar beradi, bu unda qoʻporuvchilik xulq-atvori yoʻqligini koʻrsatib, boshqa tuzumlardan ajralib turishiga sabab boʻladi.

Buning yaqqol misolini birinchi xalifa Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu hijriy 12 yilda Usoma ibn Zayd boshchiligidagi qoʻshinni islomni yoyish uchun Shomga yuborayotganida aytgan xutbalarida koʻramiz:

“Buzgʻunchilik, adovat va xiyonat qilmanglar. Yosh bolalarni, qariyalarni va ayollarni oʻldirmang, xurmo daraxtlarini kesmang va yoqib yubormang, mevali daraxtni kesmang. Qoʻy, sigir va tuyalarni ovqatdan boshqa narsa uchun soʻymang. Oʻzlarini ibodatxonalarga bagʻishlagan odamlarning yonidan oʻtasizlar, ularni tek qoʻying”[18].

Yuqoridagilardan koʻrinib turibdiki, tinchlik islom dini tayangan eng muhim tamoyillardan biri. Bu narsa uning oʻsha davrda dunyoning turli burchaklarigacha tez tarqalishiga asosiy sabablardan biri boʻlgan. Bu esa islom dini qilich bilan tarqaldi, degan notoʻgʻri tushunchani butunlay yoʻqqa chiqaradi. Musulmonlar boshqa din vakillari bilan aloqalar oʻrnatmaganida va insoniy qadriyatlarni ular bilan baham koʻrmaganida, bu ish amalga oshmagan boʻlardi.

[1] Raʼd surasi, 39-oyat.
[2] Zuxruf surasi, 4-oyat.
[3] Anbiyo surasi, 105-oyat.
[4] Moʻminun surasi, 12-14-oyatlar.
[5] Moʻminun surasi, 15-oyat.
[6] Moʻminun surasi, 16-oyat.
[7] Niso surasi, 28-oyat.
[8] Isro surasi, 100-oyat.
[9] Ahzob surasi, 72-oyat.
[10] Maorij surasi, 19-21-oyatlar.
[11] Anʼom surasi, 98-oyat.
[12] Moida surasi, 32-oyat.
[13] Hashr surasi, 23-oyat.
[14] Imom Buxoriy rivoyati.
[15] Baqara surasi, 256-oyat.
[16] Nahl surasi, 125-oyat.
[17] Tavba surasi, 6-oyat.
[18] Imom Muslim rivoyati.
Bahodir MIRZAYEV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
 
 
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmitaning 2023 yil 15 martdagi xulosasi asosida nashrga tayyorlandi.

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …