Home / YANGILIKLAR / KITOB “TABIBLARI” YOXUD QOʻLYOZMALAR RЕSTAVRATSIYASINING KOʻHNA ANʼANALARI VA YANGILANISHLAR

KITOB “TABIBLARI” YOXUD QOʻLYOZMALAR RЕSTAVRATSIYASINING KOʻHNA ANʼANALARI VA YANGILANISHLAR

Qadim-qadimdan barcha xalqlarda kitob yaxshilikka yetaklovchi ezgulik manbai sifatida qadrlab kelingan. kitob soʻzi Qurʼoni karim oyatlarida 200 dan ortiq oʻrinda kelgan, uning maʼnosiga dalolat qiladigan oyatlar ham juda koʻp marta zikr qilingan.

Kitob soʻzi arabcha boʻlib, “oʻz ichiga jamlamoq”, “toʻplamoq” kabi maʼnolarni anglatadi. Arablar biror katta oilaga tegishli barcha oʻgʻil­-qizlar va nevara­-chevaralar ota hovliga toʻplansa, “Takattaba banu fulan”, yaʼni “Falonchining avlodlari toʻplanibdi”, deyishadi. Shuningdek, bu soʻz bir narsaning qator­-qator qilib terilishiga ham ishlatiladi.

Kitob madaniyat va maʼrifat, taraqqiyot manbai, undagi ilm aql kamoloti, qalb va ruh sokinligi ozuqasi, shuningdek, bashariyatni ezgulik sari yetaklovchi sarbondir. 

Kitoblar olamida bebaho boylik boʻlgan, bugungi taraqqiyotimizning ilk manbasi, ildizi boʻlgan qoʻlyozma nusxalar mavjud. Ular fondlarimizdan joy olgunga qadar ne­ne ogʻir kunlarni kechirgan, tabiiy va sunʼiy talafotlar ularning katta qismiga jiddiy zarar yetkazgan. 

Zahmatkash ota­-bobolarimiz bu bebaho xazinani vujudga keltirish uchun qancha koʻz nurlarini ketkazgan. Birgina Imom Buxoriy hazratlarining “Sahih al-­jome” toʻplami oʻn besh yillik mehnat samarasidir. Ibn Hajar Asqaloniy “Sahih al­jome”ga sharh yozish uchun oʻttiz yil umrini sarf qilgan. 

Bugun biz buyuk allomalar vorislari sifatida ana shu xazinalarni munosib saqlab, eng muhimi, ularning ichidagi dunyoyu oxirat saodatiga eltuvchi ilmu maʼrifatni egallab oʻrganyapmizmi? Bugun ilmu maʼrifat uchun hamma kuch safarbar qilinmasa, tobora murakkablashib borayotgan muammolarga yechim topa olmaymiz. 

Qoʻlyozma kitoblar oʻziga xos sirli xususiyati bilan bosma kitoblardan ajralib turadi. Ularni mutolaa qilar ekansiz, har bir satri, har bir harfi orqali buyuk ajdodlarimiz naqadar xolisligiga guvoh boʻlasiz. Bobolarimiz kelajak avlodlar uchun bor imkoniyatlarini ishga solgan. Yusuf Xos Hojib aytganidek: 

Bitib qoʻymasaydi dono qalami, 
Qorongʻu qolurdi moziy olami. 

Ayrim qoʻlyozma kitoblar insoniyat taraqqiyoti uchun juda katta ahamiyatga ega boʻlishiga qaramay, ularning xokisor mualliflari nomlarini ham yozib qoldirmagan. Muallif nomi qayd etiladigan joyga “Allohning rahmatiga muhtoj banda nomidan”, degan  xolisona satrlarni bitib qoʻyishganini koʻrib, beixtiyor koʻzingizga yosh keladi. 

Mana shunday bebaho qadriyatimizga aylangan qoʻlyozma kitoblarning eng qadimgisi 1400 yoshdan oshmoqda. Shu nuqtai nazardan ularning koʻplari qayta taʼmirga muhtoj. Bu ish bilan esa kitob “tabiblari” – restavratorlar shugʻullanadi. Bu kasb egalari oʻz xizmati bilan oʻtmish va kelajak oʻrtasidagi koʻprik vazifasini bajaradi. 

Bugungi kunda ayni sohaning qayta jonlanishi Gʻarbu Sharqda ancha jadal tus ola boshladi. Jumladan, Oʻzbekistonda ham bu sohada bir necha laboratoriya faoliyat yuritmoqda. Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Markaziy davlat arxivi va yurtimizning koʻplab tarixiy muzeylarida qadimgi qoʻlyozmalar, vasiqa va hujjatlar, shuningdek, nasabnoma va shajaralar kabi maʼnaviy osori atiqalar saqlanadi. Ayni paytda bu bebaho merosimizni oʻrganish bilan birga, turli sabablarga koʻra talafot koʻrgan kitoblar imkon qadar qayta tiklanmoqda. 

Qoʻlyozma kitobning vujudga kelishida bir necha kishi, jumladan, qogʻoz yasovchi, muallif, soʻng xattotlar, kotiblar, varaqlarni (kurrosalarga) joylab tikuvchi va muqovalovchi sahhoflar ishtirok etgan. 

Bugungi kunda qadimgi kitoblar 3 ta asosiy usul – maxsus zamonaviy jihozlar yordamidagi mexanik usul, issiqlik energiyasi vositasidagi maxsus jihozlar va qoʻl mehnati orqali taʼmirlanmoqda. 

Mexanik usul orqali taʼmirlash, asosan, toshbosma kitoblarni tiklashda qoʻllanadi. Bu usulda zamonaviy texnologiyalar yordamida tabiiy ashyolardan olingan turli kukunlardan foydalaniladi. Avvalo, kukunlardan qogʻoz rangiga qarab munosib rang tanlanadi, shuningdek, qogʻozning qalin yoki yupqaligiga qarab kukun miqdori ham belgilanib, suvli eritma tayyorlanadi. Kitobning zarar koʻrgan sahifalari alohida ajratib olingach, maxsus idishlarga joylashtiriladi. Idishlarning ost qismi juda ham mayda teshikchalardan iborat boʻlib, kerakli paytda ichidagi qorishmali suv shu oʻta mayda teshiklar orqali tushirib yuboriladi, natijada sahifalardagi yirtilgan, boʻsh joylarga kukun quyqalari toʻlib, ular bus­butun holga keladi. 

Keyingi usul, yaʼni issiqlik energiyasi orqali koʻproq toshbosma kitoblar taʼmirlanadi. Zamonaviy maxsus apparatda keng va uzun tasmalar boʻladi, shu tasmalar yuzasiga kitobning talafot koʻrgan sahifalari terib chiqiladi va ustidan maxsus yelimli qogʻoz yopiladi. Tasma varaqlarni yuqori haroratli pechga olib kiradi, natijada zarar koʻrgan varaqlar yelim va qogʻoz orqali tiklanadi. Yuqoridagi ikki usul orqali taʼmirlash jarayonida kitob qogʻozlari muayyan darajada zararlanishi mumkin, ayniqsa, nodir qoʻlyozma kitoblardagi noyob qogʻoz va yozuvlarga jiddiy zarar yetishi hech gap emas. Shuning uchun qoʻlyozmalarni bu usul orqali taʼmirlash tavsiya etilmaydi. 

Uchinchi usul, yaʼni qoʻl mehnati orqali taʼmirlash eng qadimiysidir. Bu usulda taʼmirlashda qoʻlyozmaning asl nusxasiga umuman salbiy taʼsir boʻlmaydi. Dastlab taʼmirtalab qoʻlyozmaning barcha sahifalari raqamlanadi va alohida ajratiladi. Yirtilgan yoki kuygan, biologik zararkunandalardan zarar koʻrgan sahifalar taʼmir stoliga ajratib qoʻyiladi. Kitob sahifasining hajmiga teng, ayni shu sahifa sifatiga yaqin keladigan qogʻoz tayyorlanadi yoki matni mutlaq talafot koʻrgan kitoblarning, boʻsh qogʻozlari matn chetlaridagi toza qogʻozlaridan foydalaniladi. Kitobning yirtilgan varagʻiga yangi qogʻoz tabiiy yelim bilan yopishtiriladi. Soʻng yangi qogʻozning ortiqcha qismlari maxsus pichoqcha yordamida olib tashlanadi, chetlari mayin qumqogʻoz yordamida tekislanadi va natijada yaxlit sahifa vujudga keladi. 

Sahifadagi yoʻqolgan matnlar boshqa nusxalarda mavjud boʻlsa, xattotlar yordamida toʻldiriladi. Sahifalarni terish, tiklash, jamlash, muqovalash – taʼmirdagi bu toʻrt jarayon kitobning talafot koʻrganlik darajasiga qarab kechadi. Sahifalar chokidan chiqib chalkashib ketgan boʻlsa, tartiblash “tadʼim”, yirtilib bir parchasi yoʻqolgan boʻlsa “tarmim”, kurrosalar soʻkilgan boʻlsa, jamlab chiqish va tikish “tajmi”, mustahkam muqovalash “tasbit” deyiladi. 

Nodir manbalar taʼmiri juda masʼuliyatli ish. Zero, qoʻlyozmalarning umrini uzaytirib, dunyo va oxirat saodati uchun xizmat qilishdek xayrli amallarni masʼuliyatsiz bajarib boʻlmaydi. Eng muhimi, bu sohaning fidoyi mutaxassislari ota­bobolarining bebaho merosini omonat bilib, avlodlarga soz holda qoldirishdek sharafli vazifasidan faxrlanadi.

Muhammadsiddiq USMONOV, 
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 
Manbalar xazinasi boʻlimi mudiri
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2023 yil 28 fevral, 40(829) son

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …