Muhtaram Prezidentimiz Toshkentda boʻlib oʻtgan Islom hamkorlik tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi 43-sessiyasining ochilish marosimidagi nutqida “…buyuk ajdodlarimiz boʻlgan islom olamining mutafakkirlari asarlarini, ularning butunjahon sivilizatsiyasi rivojiga qoʻshgan bebaho hissasini chuqur oʻrganish, teran anglash va keng ommalashtirish alohida ahamiyatga egadir. Bu masala yoshlarda ilm-fanga va taʼlim olishga intilish tuygʻusini kuchaytirish, barcha jamiyatlarda islom qadriyatlari va madaniyatini toʻgʻri anglash hamda qabul qilish, dunyoning barcha xalqlariga Islom dinining haqiqiy mazmun-mohiyatini yetkazish uchun muhimdir” deb uqtirgan. Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi minbaridan turib ham “Biz butun jahon jamoatchiligiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb hisoblaymiz” deb, bu fikrni yana bir karra taʼkidladi.
Insoniyat tarixida turli sivilizatsiyalar boʻlgan. Bunga Misr, Karfagen, Xitoy, Yunon-Rum, Bobil va boshqa sivilizatsiyalarni misol qilib keltirish mumkin. Ammo ularning hech qaysi biri Islom sivilizatsiyasi kabi tez va keng yoyilmagan, aksincha tanazzulga yuz tutgan. Bu holat chuqurroq tahlil etilsa, yuqorida qayd etilgan sivilizatsiyalar islom dinichalik insoniy odob va axloqqa, inson shaʼnining daxlsizligiga, ezgulik va odamiylikka eʼtibor qaratmaganlar.
Islom dini nozil boʻlganidan soʻng dastlab Arabiston yarim orolida shakllangan ushbu sivilizatsiya esa gʻoyat qisqa vaqt – bor-yoʻgʻi bir asr – bir yarim asr ichida kurrai zaminimizning uchdan bir qismida odamlarning hayot tarzini tubdan oʻzgartirib yubordi. Zero, islom oʻz mazmun-mohiyati boʻyicha yuksak axloq meʼyorlariga asoslanadi. Paygʻambarimiz Muhammad alayhissalom shuning uchun ham “Men olijanob xulqlarni yanada mukammallashtirish uchun kelganman” deganlar. Islom dini qulchilikka qarshi chiqqan, maʼrifat, ilm-fanni ulugʻlagan. Shuning uchun islomda ilm olish farz hisoblanadi. Ilk nozil boʻlgan va insoniyatga qarata aytilgan buyruqlardan biri – “Oʻqi”dir. Paygʻambarimiz alayhissalom takrorlab yuradigan sevimli duolaridan biri esa – “Alloh, ilmimni ziyoda qilgin” mazmunida boʻlgan.
Istiqlol sharofati bilan yurtdoshlarimiz Buxoro shahri Oʻrta asrlardayoq “Islom olamining quvvati” deb nom olganligi, buyuk Imom Buxoriy “muhaddislar sultoni” sharafiga muyassar boʻlganligidan boxabar boʻldi. Hazrat Imom Buxoriy 16 yillik mashaqqatli mehnati evaziga 7275 dan ortiq hadislarni boblarga ajratib, tartibli ravishda jamlab, Qurʼoni karimdan keyin asosiy manba sifatida foydalaniladigan “Al-Jomeʼ as-Sahih” toʻplamini yaratgan.
Oltita eng ishonchli hadislar toʻplamlaridan yana biri – “Sunani Termiziy”ning muallifi Imom Termiziy ham islom sivilizatsiyasiga katta hissa qoʻshgan allomalardan hisoblanadi. Uning 408 ishonarli hadisi shariflardan iborat bebaho asari hozir ham islomshunos olimlar tomonidan tadqiq etilmoqda. Ushbu asarning XVI asrga doir qoʻlyozmasi Oʻzbekiston musulmonlar idorasida saqlanmoqda.
Arab grammatikasi asoschilaridan biri boʻlgan Zamaxshariy ayni paytda lugʻatshunoslik, joʻgʻrofiya, tafsir, hadis, fiqhga doir 50 dan ortiq asarlarning muallifi sifatida islom dunyosida mashhurdir.
Oʻrta asrlardagi Sharq uygʻonish davrining mutafakkirlari – zamonaviy matematika, trigonometriya va geografiya fanlari taraqqiyotiga beqiyos hissa qoʻshgan Muso al-Xorazmiy, algebra faniga asos solgan, ismi-sharifi butun dunyo qoʻllaydigan “algoritm” atamasiga aylangan Al-Xorazmiy, oʻsha davrlardayoq asosiy astronomik asbob – usturlob nazariyasini ishlab chiqqan Ahmad Fargʻoniy, dunyo ilm-fanida birinchilardan boʻlib dengizlar nazariyasi va Yerning sharsimon globusini yaratish yuzasidan oʻziga xos yangi gʻoyalarni taklif etgan Abu Rayhon Beruniy, insoniyatning eng buyuk mutafakkirlaridan biri, “tabiblar shohi” unvoniga sazovor boʻlgan Abu Ali ibn Sinolarning islom sivilizatsiyaga qoʻshgan beqiyos hissalari jahonda yakdillik bilan eʼtirof etiladi.
Yevropada hali universitetlar paydo boʻlmasdan iqtidorli yoshlar tahsil olgan, ilmiy tadqiqotlar amalga oshirilgan Maʼmun akademiyasi hammaga maʼlum. Umuman, oʻrta asrlardagi madrasalar dorilfununlar maqomida boʻlganlar, ularda tahsil olgan yoshlar tafsir, fiqh va boshqa diniy ilmlar qatorida riyoziyot, handasa, jugʻrofiya, ilmi nujum singari dunyoviy bilimlarni puxta oʻzlashtirib, keyinchalik olimu fuzalolar boʻlib yetishishgan.
Yuqorida qayd etilganlar qatori Hakim Termiziy, Abu Mansur Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Qaffol Shoshiy, Abdulholiq Gʻijduvoniy, Najmiddin Kubro, Burhoniddin Margʻinoniy, Bahouddin Naqshband, Xoʻja Ahror Valiy kabi buyuk allomalarimiz va mutafakkirlarimizning benazir merosi namunalari ham Markazimizning muzeyi va kutubxonasidan munosib oʻrin oladi.
Shu oʻrinda Samarqand yaqinidagi Konigil qishlogʻining xushmanzara hududida joylashgan “Meros” ustaxonasida qadimiy Samarqand texnologiyalari asosida qogʻoz ishlab chiqarish anʼanasi tiklanganligini taʼkidlash kerak. Bu hatto mashhur “Euronews” telekanalini ham qiziqtirib qoldi va uning tomonidan ustaxona sharoitida qimmatbaho qogʻoz tayyorlashning barcha bosqichlari jahon ahli eʼtiboriga havola qilindi. Bevosita ana shu ustaxonada “Oʻzbekiston madaniy merosi – xalqlar va davlatlar oʻrtasidagi muloqotga yoʻl” mavzusidagi xalqaro ilmiy-madaniy kongressining “Kitob sanʼatida Sharq uygʻonish davri” deb nomlangan sessiyasi ham boʻlib oʻtgan.
Islom sivilizatsiyasi shakllanishida yozuv ham muhim oʻrin tutadi. Bu xattotlik sanʼatining shakllanishida ham oʻz ifodasini topgan. Biz tarixiy va madaniy yodgorliklar peshtoqlaridagi mohir naqqoshlar sanʼati namunalari – goʻzal benihoya nafis yozuvlardan hayratga tushamiz va lazzatlanamiz. Markaz xattotlik sanʼati anʼanalarini davom ettirishning targʻibotchisi boʻladi.
Muzeyda kitob sanʼati, islom dinining yoyilishi tarixi, keyingi tarixiy voqealar, VIII asrdan boshlab meʼmorchilik, hunarmandchilik, amaliy sanʼat, anʼanalar, nafis va nodir buyumlar misolida bosqichma-bosqich va batafsil aks ettiriladigan boʻldi. Jahon tarixida “Oʻrta Osiyo musulmon renessansi”, “Amir Temur va temuriylar davri” nomi bilan alohida oʻrin egallaydigan davrlarda yaratilgan ilm-fan, madaniyat va meʼmorchilik durdonalari islom madaniyatining nafaqat yurtimizdagi, balki butun musulmon olamidagi taraqqiyot va yuksalish davri sifatida namoyon etiladi. Islom Uygʻonish davrida ilm-fan, madaniyat va sanʼat, meʼmorchilik rivoji toʻgʻrisidagi keng qamrovli maʼlumotlar pavilonlari tashkil qilinadi.
Ayni paytda buyuk allomalarimiz va aziz-avliyolar xotirasiga bagʻishlab yurtimizda bunyod etilgan yodgorlik majmualari, muqaddas qadamjolar maketlari, ulugʻ siymolar, noyob qoʻlyozma va toshbosma asarlar, kitob va toʻplamlar, video va foto hujjatlar, moddiy va nomoddiy meros noyob eksponatlar orqali keng namoyish qilinadi. Shu bilan bir qatorda eng zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanilgan holda Oʻzbekistonning qadimiy tarixi va madaniyati, davlatchilik anʼanalari, xalqimizning turmush tarzi va dunyoqarashi islom sivilizatsiyasi bilan chambarchas bogʻliq holda shakllanib, rivojlanishi oʻz ifodasini topadi.
Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi jahondagi eng nufuzli xalqaro ilmiy muassasa va tuzilmalar, jumladan, YUNЕSKO, AYSЕSKO kabi xalqaro tashkilotlar, qator mamlakatlar ilmiy muassasalari, jamgʻarmalari, muzeylari va kutubxonalari bilan yaqin hamkorlikni yoʻlga qoʻymoqda. Jumladan, Angliyadagi “Al-Furqon” xalqaro qoʻlyozmalar jamgʻarmasi Markazga 100 mingta noyob qoʻlyozmalar katalogini begʻaraz taqdim etdi. Fransiya milliy kutubxonasi arab va lotin tilidagi 80 ga yaqin ilmiy-maʼrifiy merosimizga oid qoʻlyozmalar va kitob nusxalarini tuhfa etdi. Boy madaniy merosga ega Germaniyada ham Islom sivilizatsiyasiga doir nodir qoʻlyozmalar, kitoblar, hujjatlar bilan tanishib, ularning ham nusxalarini olib kelinmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, barcha sohalarda boʻlgani kabi, davlatimiz rahbarimizning diniy-maʼrifiy sohadagi tashabbuslari ham jahon mamlakatlarida juda katta qiziqish bilan qarshi olindi va qoʻllab-quvvatlanmoqda. Binobarin, barcha xizmat safarlar jarayonida nafaqat ilmiy doiralar, balki oʻsha mamlakatlarning siyosiy-maʼmuriy davralari ham katta yordam berishyapti. Masalan, Angliyada oʻtkazilgan tadbirlarda Lordlar palatasi aʼzosi Shayx Iltaf hazratlari, Fransiyada esa Fransiya tashqi ishlar vazirligi diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar, shuningdek ziyorat turizmi taqdimotlarini oʻtkazilishiga ham yordam berishdi, ham oʻzlari ham ishtirok etishdi.
Umuman, buyuk ajdodlarimiz dahosi va zakosining koʻzgusiga aylanib, islom dini bilan bogʻliq boy va noyob merosni ilmiy asosda har tomonlama chuqur oʻrganish orqali uning insonparvarlik mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi maʼrifat bilan kurash olib borish, xalqimiz, birinchi navbatda, yoshlarning maʼnaviy dunyosini kengaytirish uchun harakat qiladi.
Foydalanilgan manbalar roʻyxati
- Oʻzlikni anglash va oʻz-oʻzini boshqarish, Anvarov Alisher, JAMIYAT va BOSHQARUV OAK tarkibidagi jurnal 7 (1), pages 365-366
- The Education System of Uzbekistan (focus on Uzbekistan´s educational system) A Anvarov