Home / MAQOLALAR / Kibermakonda din niqobidagi kiberhujumlar tahdidiga qarshi kurash

Kibermakonda din niqobidagi kiberhujumlar tahdidiga qarshi kurash

Kibermakon internet tarmoqlari orqali amalga oshiriladigan muloqot maydonini ifodalovchi voqelik sifatida 1990 yildan boshlab keng miqyosida rivojlanib, takomillashib kelmoqda. Kibermakon tushunchasini dastlab kanadalik yozuvchi Uilyam Gibson 1982 yil “Burning Chrome” nomli hikoyasida yozadi.

Keyinchalik, Gibsonning 1990 yilda yozib tugatgan “Neuromancer” nomli texno-utopik fantastik trilogiyasida qoʻllagan. Asardagi kibermakon tushunchasi millionlab odamlarning jamoaviy sarob, xayolparastlikning oʻziga xos koʻrinishi sifatida tasvirlangan. Bu yerda jamoaviy sarob yoki xayolparastlik inson ongida subyektiv psixologik holat sifatida namoyon boʻladi.

Ijtimoiy nuqtai-nazardan kibermakon deganda internet tarmogʻi orqali bir-biri bilan bogʻlangan va bir vaqtning oʻzida turli geografik nuqtada kesishuvchi har qanday mavjud kompyuterning grafik sifatidagi maʼlumotlariga oʻralashib qolgan kishilar jamoasi tushuniladi.

Hozirgi davrda fan, texnika va asosan internet taraqqiyoti mahsuli boʻlgan kibermakon va uning boshqaruvchi qiyofasi “superkorporatsiya” texnologiyalarning insoniylikdan begonalashuvi natijasida din niqobidagi ijtimoiy va madaniy buzgʻunchilikni sodir etishga boʻlgan urinishlar tobora kuchayib bormoqda. Jumladan, bugungi kunda kiberterrorchilik tuzilmalari oʻz gʻarazli maqsadlari yoʻlida axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanishga urinmoqda.

Bugungi kunda dunyoda eng katta xavf solib turgan ISHID guruhining internet kibermakonidagi axborot hujumi va tahdidi toʻgʻrisida Aydarbek Tulepov oʻzining “ISHID fitnasi” kitobida quyidagi maʼlumotlarni beradi. ISHID oʻzining internet orqali goʻyo Islom yoʻlida “qurbon” boʻlayotgani aks etgan videolavhalari va fotosuratlari “al-Hayot” media studiyasida tayyorlanadi va internetga joylashtiriladi. 

Terrorchilarning targʻibot-tashviqotlari kun sayin avj olib bormoqda. Jumladan, “Odnoklassniki”, “Facebook”, “Instagram”, “Twitter”, “VKontakte” ijtimoiy tarmoqlarida buzgʻunchilik va yot gʻoyalarni targʻib qiluvchi yuzlab guruhlar mavjudligi fikrimizning yaqqol dalilidir. Shuningdek, Islom dinini notoʻgʻri, qabih maqsadlarda talqin etish, dinga siyosiy tus berib, hokimiyatni qoʻlga kiritishdir. Kitobda din niqobi ostidagi “rahnamolar” haqida ham yoziladi. 

Tabiiyki, tarmoqning barcha foydalanuvchilari kabi ekstremistlar ham turli xil saytlar va forumlarga kirib koʻradi. Mudom shakllantirilib boriladigan dasturli taʼminotdan foydalanadi, tarmoqli taʼminot shu jumladan internet orqali maxfiy muloqot tarqatmoqda. “Al-Qoida”ning birinchi rasmiy sayti 2001 yil 11-sentyabr voqealarigacha ham mavjud boʻlgan. “Al-Qoida” sayti oʻsha vaqtlardagi veb-resurslardan farq qilmagan, uning katta qismini statik (turgʻun, muvozanat holatidagi) tasvirlar va turlicha matn, eʼlonlar (asosan arab tilida), shuningdek, bir nechta qisqa videoroliklar tashkil qilgan.

“Al-Qoida”ning rasmiy tashkiloti paydo boʻlishi, saytda boshqa din niqobidagi “dindor”larning oʻzini oshkor qilishi tezlik bilan kengayib bordi. Yomgʻirdan keyingi qoʻziqorinlar kabi, ularni qoʻllab-quvvatlovchi koʻplab sahifalar, turli xil koʻrinishdagi forum va ijtimoiy tarmoqlar “bolalab” ketdi. Ammo uning din niqobi ostidagi ekstremistlarning diniy mafkurasi bilan tanish boʻlgan har qanday odam, kichik detallar vositasida goʻyoki “hamfikr birodarlar”i orasida ekani – bugungi kunning xavfidir. Bu oʻz vaqtida “Al-Qoida” tomonidan emas, balki uning tarafdorlari tomonidan yaratilgan edi va oʻz navbatida, toʻlaqonli ijtimoiy tarmoqlarni yaratishda “asqatadigan” zamonaviy texnologiyalar dunyosida bilim darajasini namoyish etib, bu guruhning haqiqiy aʼzolari diqqatini oʻziga jalb qilgan.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, bugungi kunda yoshlar ongi va ruhiyatida diniy ekstremizm va terrorizmga qarshi mafkuraviy immunitetni shakllantirish asosiy masalalardan biri hisoblanadi.

Ekstremistik mafkura taʼsiriga tushib qolgan yosh yigit-qizlardagi asosiy belgilar kuzatiladi:

–  Uning xatti-harakatlari keskin yoki qoʻpol boʻlib qoladi, noodatiy yoki jargon leksika shakllanadi;
– maʼlum bir submadaniyat qoidalariga mos ravishda birdan kiyinish uslubi va tashqi koʻrinish oʻzgaradi;
– kompyuterida siyosiy-ekstremistik yoki ijtimoiy-ekstremal mazmundagi fayllar, rolik yoki tasvirlar koʻpayib boradi;
– xonadonda tushunarsiz yoki noodatiy timsol va atributlar, qurol sifatida foydalanish mumkin boʻlgan sovuq predmetlar paydo boʻla boshlaydi;
– kompyuterda koʻp vaqt oʻtkazib, maktab, oliy taʼlim, badiiy adabiyotga, film, kompyuter oʻyinlariga aloqador boʻlmagan taʼlim bilan shugʻullanadi;
– siyosiy va ijtimoiy mavzularda koʻp gapira boshlaydi, bunda sabrsizlik hamda keskin mulohazalar kuzatiladi;
– internetdagi taxallus, parol va hokazo ekstremal-siyosiy xarakter kasb etadi.

Maʼlumki, bola tarbiyasi ota-ona, mahalla, maktab gardaniga tushadi. Bunda yoshlarni keskinlik yoki tazyiq oʻtkazib toʻgʻri yoʻlga solib boʻlmaydi. Hech bir zoʻravonliksiz va asosli fikr-mulohazalar bilan tushuntirish ishlari olib borilishi zarur. “Kontrpropaganda” ishlari bosh tezisi – inson olamni oʻzgartirish uchun mukammal bilim va chuqur mulohaza yuritsa, jamiyatda mutaxassis va avtoritetga aylansa, uning ergashuvchilari tabiiyki koʻproq boʻladi. Shunda yaxshi maqsadlarga erishishi muqarrarligi taʼminlangan boʻladi, deb bosim oʻtkazmay, qalban yondashib bolaning ongiga “yetkazish” lozim. Bolaning xatti-harakatlarini mutlaqo qoralash kerak emas. Bu uning qarshi reaksiya – himoya pozitsiyasini qoʻllashiga olib keladi.

Hech qachon ekstremizm – ijtimoiy xastalik ekanligini unutmaslik lozim. Shuning uchun unga jarrohning emas, psixolog qurollari bilan yondashish kerak. Bunday “romantika”ga asosan yoshlar ishonib, bu ular energiyasini destruktiv yoʻnalishga burib yuboradi. Shunday targʻibot va tashviqot asosida shakllanish bosqichidagi yoshlar va taʼsirchan ijtimoiy qatlam vakillarida tabiiy ravishda olamni adolatliroq qilish (masalan elitalar shakllanishi, nochorlik, mehnat haqqi va karyera oʻsishidagi adolatsizlik, jinoyatchilikning yuqori darajadaligi, oddiy fuqaro huquqini himoyalashda adolatsizlik, ishsizlik, qonuniy idoralar tomonidan siyosiy tizimga taʼsir sustligi kabi masalalar yuzasidan) xohishi yuzaga kelib, umuminsoniy qadriyatlarni rad qila boshlaydi, oʻzini ijtimoiy fikrga qarshi tuta boshlaydi, taʼlim olishda mutaxassis sifatida shakllanish oʻrniga, kelajagi yoʻq yoʻnalishga tushib qoladi.

Internetda ekstremizm bu avvalo, targʻibot-tashviqotdir. Ekstremistlar eʼtiqod qiladigan bir qator maqsad va qarashlar, qadriyatlar targʻib qilinadi, ularning “ilgʻor”, “muqarrar”ligi isboti keltiriladi, qarshilar va dushmanlar aniqlanadi. Agarda tashkilot maʼlum bir submadaniyatga eʼtiqod qilsa, oʻzlarining targʻibot va tashviqotida “kiberhujum mexanizmi”ni ishga soladi. 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2005 yil 28-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining jamoat taʼlim axborot tarmogʻini tashkil etish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq taʼlim va yoshlar boʻyicha yaratilayotgan axborot resurslari yagona “ZiyoNET” milliy taʼlim tarmogʻi tashkil etilgani axborot xurujlariga qarshi turishda bir “mexanizm” ekani, “Kiber jinoyatlar toʻgʻrisida” Konvensiya, “Voyaga yetmaganlar uchun xavfsiz Internet va onlayn resurslarni joriy qilish toʻgʻrisida” Yevropa Ittifoqi Parlamenti Assambleyasining tavsiyalari, “Bola huquqlari toʻgʻrisida” BMT Konvensiyasi kabi qonunlar va Xalqaro Konvensiyalarni yuqorida koʻrsatilgan taʼlim muassasalariga fan sohalarining mazmunlaridan kelib chiqib oʻrgatishimiz lozim deb hisoblaymiz.

Xulosa oʻrnida aytish mumkinki, bugungi kunda axborot maydonidagi “inqilobiy yangilik” sifatida eʼtirof etilayotgan “kibermakon” asta-sekin jahon jamoatchiligi uchun tobora jiddiy xavf tugʻdirib bormoqda. Xalqaro xavfsizlikka nisbatan ilgari koʻrilmagan din niqobidagi tahdidlar ortayotgani, kiberjinoyatchilik, kiberhujum, kibertahdid kabi tushunchalar hayotimizga kirib kelayotgani kishini xavotirga solmoqda.

Hozircha bu xurujga qarshi turadigan qurol yoʻq. Axborotga boʻlgan ehtiyoj bor ekan, kiberjinoyatchilik turli shakl va usullarda boʻy koʻrsataveradi. Biz, bugungi avlod, jahonda “kiberkurtak” otayotgan va jahon geosiyosiy jarayonlariga oʻz taʼsirini koʻrsatayotgan kibermakon va kiberterrorizmga loqayd boʻlmay, kelajak va kelgusi avlod oldida nima deb javob berishimiz haqida doimo oʻylashimiz zarur.

Moʻminjon XOʻJAYEV, 
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi 
“Xalqaro munosabatlar va ijtimoiy fanlar” kafedrasi oʻqituvchisi, 
falsafa doktori PhD
Manba: iiau.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …