Home / FOTO LAVHALAR / MARKAZ XALQARO TURIZM FЕSTIVALI QATNASHCHILARINI QARSHI OLDI

MARKAZ XALQARO TURIZM FЕSTIVALI QATNASHCHILARINI QARSHI OLDI

Shu kunlarda Oʻzbekiston boʻylab davom etayotgan III Xalqaro Naqshbandiya turizm festivali qatnashchilari Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida mehmon boʻldi.

Festival 2022 yil noyabr oyida yurtimizda oʻtkazilgan Xalqaro ziyorat turizmi haftaligi mobaynida Jahon soʻfiylar markazi Bosh kotibi Abdulkarim Hadoid bilan erishilgan kelishuvga asosan tashkil etilgan boʻlib, 22 fevral kuni poytaxtimizda start oldi.

Tadbir dasturiga binoan Malayziya, Rossiya, Shvetsiya, Hindiston, Bangladesh, Indoneziya, Fransiya, Suriya, Avstraliya, Shveysariya, Portugaliya, Xitoy va Turkiyadan kelgan yuzdan ziyod olim, din, fan va jamoat arbobi, shuningdek, turizm sohasi vakillari Toshkent, Samarqand va Buxoro shaharlarida boʻladi, tarixiy obidalar va muqaddas qadamjolarni ziyorat qiladi.

   

Festivalning Samarqanddagi qismi Imom Buxoriy xalqaro-ilmiy tadqiqot markazidagi tadbirlar bilan boshlandi. Qatnashchilarni Markaz direktorining oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev va ilmiy xodimlar kutib olib, dastlab muzey hamda kutubxona faoliyati bilan tanishtirdi.

Markaz anjumanlar zalida “Janubi-sharqiy Osiyoda tasavvuf taʼlimotiga oid nodir yozma manbalar tavsifi” mavzuida davra suhbati boʻlib oʻtdi.

Unda ilmiy xodimlar Markaz manbalar xazinasida saqlanayotgan qoʻlyozmalarning tariqatga oid namunalarini tasniflab berdi. Koʻhna Movarounnahrdan yetishib chiqqan allomalar qalamiga mansub asarlarning qoʻlyozma nusxalari koʻplab mamlakatlardagi kutubxonalardan joy egallagani maʼlum. Xorijlik mutaxassislar yozma yodgorliklarning aynan mualliflar vatanida oʻrganilishi bu yerdagi avlod oʻz ajdodlariga munosib voris boʻlishiga zamin yaratishini taʼkidlab, bu yerdagi qulay shart-sharoit va olib borilayotgan ilmiy faoliyat natijalaridan mamnuniyat bildirdi.

Tashrif yakunida mehmonlarga Markaz tomonidan nashr etilgan adabiyotlar hadya qilindi.

Festival 28 fevralga qadar davom etadi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …