Mavlono Jaloliddin Muhammad ibn Bahovuddin Valad al-Balxiy Rumiy nomi bilan jahonga dong taratgan allomaning taxallusi borasida ham fan olamida bir qator gipotezalar mavjud. Mavlono tugʻilgan joyi nisbatiga koʻra “Balxiy”, doʻsti Shams Tabriziy xotirasiga “Tabriziy” va yashash makoniga koʻra “Rumiy” taxalluslari ostida ijod qildi. Bu nomlar orasida esa u koʻproq Rumiy taxallusi bilan mashhur boʻldi. Asli Markaziy Osiyolik Jaloliddin Rumiyni afgʻonlar Balxiy, forslar Mavlaviy, turklar esa Rumiy deb ardoqlashadi. Bugungi kunda turli xalq va millatlar oʻrtasida Rumiy shaxsi boʻyicha koʻplab bahs-munozaralar davom etmoqda. Eronliklar va turklar, arablar va afgʻonlar orasida boʻlayotgan bahslarning sababi ularning har biri Jaloliddin Rumiy bizning buyuk ajdodimizdir degan mavzu atrofida muzokaralar olib bormoqdalar. Arablarning daʼvosiga koʻra, Rumiyning ota-ona avlodi Muhammad (s.a.v.) va xalifa Abu Bakr shajarasiga borib taqaladi, shu bois, u arablar avlodidandir. Ularning bu daʼvosi boʻyicha tarixiy argumentlar yetarli. Afgʻonlarning daʼvolari ham birmuncha asosli dalillarga tayangan. Rumiy hozirgi Afgʻonistonning Balx shahrida tugʻilgan va shunga nisbat bergan holda Balxiy taxallusi bilan ham ijod qilgan degan fikrni ilgari surmoqdalar. Shaxs va buyuk soʻfiy shoir sifatida Jaloliddin Rumiy fors madaniy va adabiy anʼanalariga tayangan holda asosan forsiy tilda ijod qilgan, uning deyarli barcha asarlari fors tilida yaratilganligi jihatidan eronliklar ham Rumiy bizning ajdodimizdir degan gipotezani ilgari suradilar. Jaloliddin Rumiy hayotining asosiy qismini Kichik Osiyoda, yaʼni Rumda oʻtkazdi va shunga nisbat olgan holda Rumiy taxallusini olib, dunyo boʻyicha hozirda asarlari eng koʻp oʻqiladigan va oʻrganiladigan soʻfiy shoir sifatida dong taratdi. Rumiy taxallusi uni umr boʻyi shu mamlakat tarixi va madaniyati bilan bogʻlab turdi. U Oʻrta asrlardagi bir qator falsafiy oqimlarning taraqqiy etishiga ham sezilarli tarzda oʻz taʼsirini oʻtkazdi. Forsiylar uni oʻzlarining buyuk shoiri deb ataydilar, turklar esa turk adabiyotining asoschisi deb ulugʻlaydilar.
Rumiy – “rumlik”, “rumdan” degan maʼnolarni bildiradi. Rumiy oʻz taxallusiga Rum saltanatining nomini asos qilib olgan, degan qarashlar koʻp eʼtirof etiladi. Biroq, Rumiy soʻzining son ekvivalentlari yigʻindisi 256 ga teng kelishini eʼtiborga olsak, bu “Nur” soʻzining maʼnosi ildiziga mos kelishi maʼlum boʻladi. Arab, eron va oʻzbek tillarida ushbu ildiz “yorugʻlik”soʻzining maʼnosini beradi[1].
Jaloliddin Rumiyning qaysi millat vakili ekanligi xususidagi bahslarga 1952 yilda pokistonlik olim, professor Hamidullo Xon: “Rumiy bir xalqqa tegishli emas. U bashariyat shoiridir”, deya yakun yasamoqchi boʻladi, ammo hali-hanuz turli millat va elat vakillari oʻrtasida Rumiy asli qaysi xalq vakili ekanligi toʻgʻrisidagi munozaralar tugagani yoʻq. Zero, Bake Muan aytganidek: “Rumiy hayotining oʻzi ajoyib ramziy maʼnoga ega: afgʻonlar, forsiygoʻylar, turkiylarni birlashtirish bilan birga ushbu xalqlarni boshqa xalqlar bilan birlashtirishga muvaffaq boʻlgan zotdir. Qanday qilib deysizmi? Axir ularning barchasi Rumiy bizniki degan fikrdadirlar”[2]. 2007 yil YUNESKO tashkiloti tomonidan Rumiy yili deb eʼlon qildi va jahon miqyosida keng nishonlandi. Bu tadbir boʻyicha xalqaro tashkilotning murojaatnomasida esa shunday satrlar keltirilgan: “Rumiy islom sivilizatsiyasining eng ulugʻ mutafakkiri va olimi boʻlib qoladi. Afgʻoniston, Eron va Turkiya xalqlari uni oʻz shoirlari deb hisoblaydilar. U esa butun insoniyatga murojaat qiladi va barchani Pok Parvardigor soyasida birlashishga chaqiradi… Uning oʻzi aytganidek: “men uchun oshnolaru begonalar, qarindoshu qarindosh boʻlmaganlar orasida farq yoʻq””.
Jaloliddin Rumiyning ota ajdodi shajarasi ham, ona ajdodi shajarasi ham muqaddas ildizlar shajarasiga tutashadi. Otasi Muhammad ibn Husayn ibn Ahmad Xatib Bahovuddin Valad boʻlib, uning ajdodlari Muhammad (s.a.v.) vafotidan keyin birinchi xalifa etib tayinlangan Abu Bakr Siddiq (r.a.)ga borib taqaladi. Onasi Moʻmina xotun esa Xorazmlik sayyidalardan boʻlib, nasabi Paygʻambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga borib taqaladi. Roziuddin Nishopuriyning xabar berishicha, Rumiyning bobosi – Husayn bin Ahmad Xotibiy ham oʻz davrining taniqli ulamolaridan sanalgan, buvisi Malikai Jahon Xorazmshohlar xonadoni vakilasi boʻlgan. Alisher Navoiy oʻzining “Nasoyim-ul muhabbat” asarida yana bir qiziq maʼlumotni keltirib oʻtadi: “Hazrat Rasululloh (s.a.v.) Xorazmshohning tushiga kirib ishorat qildilarki, qizingni Husayn Xatibga nikoh qil! Bu nikohdan Bahovuddin Valad dunyoga keldi. U 2 yoshida otasi olamdan oʻtdi. Balogʻat yoshiga etganda din va irfonga oid bilimlarni chuqur oʻzlashtirdi. Ilmda kamoli ul erga etdiki, Hazrat Rasululloh (s.a.v.) tushida unga Sulton-ul ulamo (Olimlar sultoni) laqabini berdilar”[3]. Oʻz davrining ulugʻ donishmandi hisoblangan Bahovuddin Valadni “Sulton-ul orifiyn” deb ham atashganlar. Bahovuddin Valad oʻz davrining yirik ulamosi va voizi boʻlibgina qolmay, Xorazmshohlar saroyining ham xos kishilaridan hisoblangan. Uning “Maorif” nomli asari oʻsha paytlarda juda mashhur boʻlgan. Bahovuddin Valad Najmiddin Kubroning muborak qoʻlidan muqaddas xirqani kiyib, shayxdan muhrli ijoza olgan va oʻz davrining yirik fiqh ilmi bilimdoni, fatvo sohibi hamda kubraviya tariqatining shayxi sifatida ham shuhrat qozongan. Jaloliddin Muhammadning onasi 1222 yilda Karamanda xastalikdan vafot etadi. Otasi esa 1231 yilning 23 fevralida Koʻnyo shahrida 73 yoshida olamdan oʻtadi.
Jaloliddin Muhammad bolaligidanoq oʻta xayolchan va taʼsirchan, ammo zehni oʻtkir bola boʻlgan. U yosh boʻlishiga qaramay teran zakovati, noyob qobiliyati orqali atrofdagilar diqqatini tortgan. Jaloliddin Rumiy 5 yoshligidayoq u bilan gʻayritabiiy hodisalar sodir boʻla boshlagan. U yoshligidanoq har 2-3 kunda iftor qilardi[4]. Uning akasi Aʼloiddin Muhammad yoshligidan kasalmand va nimjon boʻlgan, shu sababli u 19 yoshida xastalikdan vafot etadi. Aʼloiddin Muhammad va Jaloliddin Muhammad tarbiyasini Bahovuddin Valadning yaqin muridlari boʻlmish samarqandlik Sharafiddin Lolo va termizlik Sayyid Burhonuddin Termiziylar zimmalariga olishgan, ularga tahsil berishgan. Quvvai hofizasi oʻtkir boʻlgan Jaloliddin Muhammad 12-13 yoshlarida Qurʼonni yod bilar, shariat ilmidan ancha-muncha xabardor boʻlib, arab tili grammatikasini ham yaxshi oʻzlashtiradi. 10 yoshlaridanoq bir qancha ulugʻ shoirlarning yirik asarlarini mutolaa qila boshlaydi, goh-gohida sheʼrlar ham mashq qilib turadi. 16 yoshidan boshlab esa Xomush taxallusi bilan sheʼrlar yoza boshlaydi. Aflokiy Ahmad Dadaning qayd etishicha, otasi Bahovuddin Valad unga “Xudovandigor” nisbasini bergan va oʻgʻliga shunday deb murojaat qilgan. Bu soʻzning lugʻaviy maʼnosi esa “sarvar”, “janob” degan maʼnolarni anglatib, oʻsha davrlarda maʼnaviy va ijtimoiy sohalarda yuksak martabaga erishgan kishilarga nisbatan “Xoja” soʻzi oʻrnida ishlatilgan. Jaloliddin Muhammad yoshligidanoq yunon tiliga qiziqqanligi tufayli bu tilni puxta oʻrganadi, yunon tilida ravon soʻzlashishni oʻzlashtiradi. Keyinchalik esa buyuk yunon faylasufi Aflotun asarlarini asliyatda oʻqib chiqib, antik davrlar falsafasi bilan ham yaqindan tanishadi. Oradan yillar oʻtib oʻzining mashhur “Masnaviyi maʼnaviy”, “Ichindagi ichindadir” asarlarida antik davr falsafasining yirik faylasuflari Arastu, Aflotun, Galen, Gerodot, Ezop va Geraklitlarning nomlarini, ularning falsafiy-axloqiy qarashlaridan turkum namunalarni ham keltirib oʻtadi.
Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Sulton-ul Ulamo 1218 yilda haj safarini ado etish bahonasida oilasi, shogirdlari, yaqinlari va 10 tuyaga ortilgan noyob kitoblari bilan Xurosonni tark etadi hamda Turkiyaning Koʻnyo shahrida mangu qoʻnim topadi. Bahovuddin Valad oilasining Xurosonni tark etishiga quyidagilar sabab boʻlganligi manbalarda qayd etilgan:
Birinchidan, Bahovuddin Valad va kalom ilmi ustozlaridan Faxriddin Roziy diniy masalalarda bir-biriga raqib edilar, ularning fikri hamda qarashlaridagi ziddiyatlar farqi yuqori edi. Xorazmshoh va uning ayonlari Faxriddin Roziyni qoʻllab-quvvatlashadi, buning natijasida mamlakatda turli koʻngilsizliklar avj oladi. Bahovuddin Valadning yaqin doʻsti Majididdin Bagʻdodiy saroy ayonlarining fitnasi tufayli fojiali qatl etiladi.
Ikkinchidan, Muhammad Xorazmshoh haddan tashqari kibrlanib, muqaddas aqidalar va anʼanalarni nazarga ilmay qoʻyadi. U Bagʻdod xalifasi Nosirga chopar yuborib, Bagʻdoddagi barcha masjidlarda oʻz nomiga xutba oʻqitishni buyuradi. Bu esa Muhammad Xorazmshoh tomonidan butun xalifalikni oʻz boshqaruviga oʻtkazish uchun qilingan oshkora harakat edi.
Uchinchidan, Chingizxon qoʻshinlari tobora Xorazmga yaqinlashib kelayotgan edi, yaʼni moʻgʻullar Xorazmshohlar davlati Sharqiy chegarasi boʻlgan Oʻtror yaqinida edilar. Chingizxon tomonidan elchi sifatida Xorazmshohlar davlatiga yuborilgan 450 nafar musulmon savdogarlari Muhammad Xorazmshoh farmoni bilan qatl etiladi. Muhammad Xorazmshoh tomonidan sodir etilgan bu ketma-ket koʻngilsizliklarning oqibatini hamda mamlakatda boshlanajak moʻgʻullar urushini sezgan Bahovuddin Valad Haj ziyorati bahonasida oilasi va yaqinlari bilan oʻz ona diyorini tark etadi. Bahovuddin Valad karvoni Balxni tark etgach, ular yoʻlda Nishopur shahriga toʻxtaydilar. Bahovuddin Valad oʻgʻli Jaloliddin Muhammad bilan Nishopurdan uncha uzoq boʻlmagan bir gʻorda uzlatda yashayotgan buyuk shayx Farididdin Attorning ziyoratiga borishadi. Bu paytlarda Jaloliddin Muhammad 12-13 yoshlardagi oʻspirin edi. Farididdin Attor va Bahovuddin Valad bir-birlari bilan uzoq muddat sukunatda hol tilida soʻzlashadilar, keyin bir-birlarini bagʻrilariga qattiq bosib xayrlashish oldidan Farididdin Attor yosh Jaloliddin Muhammadga oʻzining “Asrornoma” nomli kitobini tuhfa etadi va Bahovuddin Valadga qarab shunday ilohiy bashorat qiladi: “Oʻgʻlingiz tez orada olamdagi barcha kuyganlar qalbiga otash solgay”. Ular xayrlashib ortlariga qaytisharkan, Bahovuddin Valadning ortidan ergashib ketayotgan Jaloliddin Muhammadga ishora qilib Farididdin Attor: “Vo darigʻ, bir irmoq buyuk ummonni ortidan ergashtirib ketmoqda”, deya xitob qiladi, degan tarixiy maʼlumotlar ham uchraydi. Bu ikki buyuk tasavvuf qutblarining uchrashuvi toʻgʻrisida Mavlononing kotibi Husomiddin Chalabiy va Davlatshoh Samarqandiylar ham maʼlumot berib oʻtishgan. Keyinchalik Mavlono Jaloliddin Rumiyning oʻzi shunday eʼtirof etgan:
Girdi Attor gasht Mavlono,
Sharbat az dasti Shams budam noʻsh.
Yaʼni: Mavlono Attor atrofida aylanib yurdi, ammo sharbatni Shams Tabriziy qoʻlidan ichdi[5]. Bir oʻrinda esa Rumiy shunday yozadi: “Attor ruh ediyu, Sanoiy uning ikki koʻzi. Biz Sanoiyu Attor izidan keldik”, deya ustozi Farididdin Attorga boʻlgan ehtiromini izhor etadi. Rumiy Farididdin Attorni oʻziga maʼnaviy ustoz deb hisoblarkan “Attor etti shahar atrofida kezib yurdi, biz esa faqat birgina koʻcha boʻylab yurdik”,- deya ustozini ulugʻlaydi.
Jaloliddin Muhammad ushbu safar chogʻida otasi Bahovuddin Valad bilan birga Makkada haj ziyorati farzini ham ado etadi. 1219 yilda Rumga kelgan Bahovuddin Valad oilasi va yaqinlari bilan Malatya, Sivas shaharlarida qoʻnim topishadi. Oradan koʻp oʻtmay oila Oqshexirga koʻchadi va bu shaharda taxminan 3 yilga yaqin istiqomat qiladilar. 1222 yillarda Larenda (hozirgi Karaman) shahriga koʻchib kelgan oila bu erda 7 yilga yaqin vaqt umrguzaronlik qilishadi. Bu davrda Larendada Amir Muso hukmronlik qilar hamda u bu oilaga alohida hurmat-ehtirom koʻrsatadi. Jaloliddin Muhammad mana shu yillarda mavjud dinlar va millatu elatlar tarixi bilan qiziqadi, turli bilimlarni oʻzlashtiradi hamda u oʻsmirlik chogʻidayoq barcha dinlar mohiyatan bir-biriga mushtarakligi, insonlarning barchasi bir ota-onadan tarqalganligi va butun millat vakillari aslida yagona bir oila ekanligi haqidagi qarashlari yuzasidan otasi hamda uning yaqin muridlari davrasida bahs-munozaralar yuritadi. 1228 yil Rum sultonligi hukmdori Alouddin Kayqubod I ning taklifi bilan Bahovuddin Valad oilasi Koʻnyo shahriga koʻchib oʻtadi va bu zamin ushbu oila uchun mangu makonga aylanadi.
Jaloliddin Rumiy shaxsiyatining bu qadar buyukligida uning ustozlari va pirlarining ham oʻrni beqiyos ekanligini qayd etmoq joiz. Jaloliddin Rumiy oʻz davrining yirik maʼrifiy irfon maskanlari hisoblanmish Shom, Halab, Damashq, Qaysariya va boshqa koʻplab shaharlarda boʻladi, turli madrasalarda tahsil oladi. U Halab shahridagi mashhur Halaviya madrasasida atoqli arab olimi, fiqh ilmi nuktadoni Kamoliddin ibn Al-Adimdan saboq oladi. Al Adim unga asosan Yaratuvchi va yaralmish haqida saboq berib, ular uzoq suhbatlar qurishadi, ayni shu saboqlar natijasida Jaloliddin Rumiyning ontologik qarashlari shakllanadi. Keyin esa u ilm istab Damashq shahriga yoʻl oladi va u erda oʻz davrida juda mashhur boʻlgan Maqdisiya madrasasida Damashqning atoqli donishmandlari Ahmad Hibbatulloh va Halab Umarlardan tabiiy, falsafiy fanlardan tahsil oladi. Shu davrlarda u Ibn-al Arabiy bilan uchrashib, uning vaʼzlarini tinglaydi. Shuningdek, Saʼduddin Hamaviy, Shayx Usmon Nuriy, Shayx Avhadiddin Kirmoniy va Shayx Sadriddin Qaznaviylar bilan ham uchrashadi, turli yigʻinlarda hamsuhbat boʻladi. Bu ilmiy muhosabalar unda inson mohiyati, oʻzlikni anglash sinoati va oʻz “men”ini shakllantirish borasidagi konsepsiyalarini yaratishda asosiy oʻzak vazifasini oʻtaydi. Bu erlarda oʻrgangan tabiiy fanlarga oid bilimlari orqali u inson-nabodot-hayvonot olamidagi oʻxshashliklarni talqin etib, oʻzining maʼdan-oʻsimlik-hayvon-inson-farishta oʻrtasidagi bogʻliqliklar haqidagi nazariyasini yaratib, ontologik va gnoseologik jihatdan tahlil etadi. Rumiyning oʻzi bu xususida shunday yozadi: “Borliq (vujud) ogʻilidan jamoa ogʻiliga, jonsiz borliqlar ogʻilidan oʻsimlik dunyosiga, undan hayvonlikka, hayvonlikdan insonlikka, insonlikdan malaklikka va shu soʻngsiz tarzda ilgarilatadi. U senga bularni bir-biridan ustun ogʻillar borligʻini qabul va eʼtirof etmogʻing uchun koʻrsatilgandir”[6]. Oʻsha davrlarda qadimiy Damashq “Behishti dunyoi Sharq” yoki “Behishti roʻyi Zamin” deb atalardi. Yosh Mavlono Damashqda fargʻonalik ulugʻ vatandoshimiz Burhonuddin Margʻinoniyning “Hidoyat” asarini va boshqa diniy va hamda dunyoviy ilmlarni puxta oʻrganadi[7].
Jaloliddin Rumiy siymosi nafaqat hayratomuz ijodi bilan, balki shaxsiyati bilan ham barchani qiziqtirib keladi. U 17 yoshida otasining muridlaridan hisoblanmish samarqandlik Sharafiddin Loloning qizi Gavhar xotun bilan turmush quradi. Bu ayolidan uning 2 oʻgʻli dunyoga keladi. Toʻngʻich oʻgʻliga otasining sharafiga Sulton Valad, ikkinchi oʻgʻliga esa akasining xotirasiga Aʼloiddin Muhammad deb ism beradi. Gavhar xotun hijriy 640 yilda vafot etadi. Shundan soʻng Mavlono Koʻnyolik Izzatdin Alining beva qolgan qizi Kira xotunga uylanadi va u ayolning Shamsiddin Yahyo hamda Kimyo xotun ismli farzandlarini oʻz tarbiyasiga oladi. Mavlononing zavjasi Kira xotun haqida olmon islomshunos olimasi Annimare Shimmel shunday yozadi: “Mashhur kishilarning tarjimai hollarini yozib boradigan kishilar Hazrat Rumiyning ikkinchi rafiqasi, nasroniy oilasidan chiqqan Kira xotunga “Ikkinchi Robiya” va “Bibi Maryamga oʻxshash ayol” deb taʼrif berganlar”[8]. Mavlononing Muzaffariddin Olim Chalabiy va Malika xotun ismli farzandlari esa mana shu oilasidan dunyoga keladi. Mavlono farzandlariga doim shunday deb taʼkidlar ekan: “Tangri na tugʻilgan, nada tugʻdirgan. Na onasi bor, na otasi. Shunday ekan, nasl-nasab bilan maqtanish xush emasdir”,-deya ularga otasi, bobosi va ajdodlari bilan magʻrurlanmaslikni nasihat qiladi. Mavlono oʻzining asrandi qizi Kimyo xotunni doʻsti va ustozi Shams Tabriziyga nikohlab beradi, ammo bu qizda oʻgʻli Aʼloiddin Chalabiyning ham koʻngli bor edi. Mavlono esa bu qiz sening singlingdir, deya bu nikohga qarshilik qiladi. Oqibatda otasidan ranjigan va fitnachilar tuzogʻiga ilingan Aʼloiddin Kimyo xotunning bevaqt vafotiga sabab boʻladi. Shuningdek, u Shams Tabriziyning qatl etilishida ham ishtirok etadi degan taxminlar uchraydi. Aflokiyning maʼlum qilishicha, Jaloliddin Rumiy oʻgʻli Aʼloiddin Chalabiyni bu qilmishlari uchun kechirmaydi. 1262 yilda Aʼloiddin Chalabiy bezgak kasalidan vafot etganda, Mavlono uning janozasida ham ishtirok etmaydi. Bir kuni Shams Tabriziy Mavlononing tushiga kirib, oʻgʻlini shafoat etishini soʻraganidan keyin, u oʻgʻlining qabriga qalam va siyohdon olib borib, shunday soʻzlar bitadi: “Alloh boqiydir. Bu er Husayn oʻgʻli Muhammadning oʻgʻli, shayxlarning shayxi, Haq va dinning jamoli, olimlar va shoirlarning sultoni Balxlik rahmatli olim Aʼloiddin Muhammadning tuprogʻidir. Alloh Jaloliddinning barakotini musulmonlarga sochsin, yoysin, oʻgʻlini ortigʻi birla barcha inoyatlariga mazhar qilib, mumtoz qilsin, 603 yil shavvolining soʻnggi kunida koʻchdi”[9].
Mehmet Underning qayd etishicha, Aʼloiddin Chalabiy bobosi Bahovuddin Valad maqbarasining oʻng tomoniga dafn etilgan. Mavlononing toʻngʻich oʻgʻli Sulton Valad buyuk otasining izdoshi hisoblanadi. U butun umrini padarining hayoti, ijodi va ilmiy merosini ommaga targʻib qilishga sarflagan hamda otasi vafotidan keyin Mavlaviya tariqatining rasmiy shayxi etib saylangan. U otasining muridi hisoblanmish Faridun Salohiddinning qizi Fotima xotun bilan turmush quradi va 12 nafar farzand koʻradi. Ammo ulardan faqat Mutahhara, Jalola va Ulugʻ Orif Chalabiy ismli farzandlari yashab qolgan. Uning oʻgʻliga Ulugʻ Orif ismini Mavlono beradi va “bu ism nevaramga mening maʼnaviy hadyamdir”, deya lutf etadi.
-
Mavlono Jaloliddin Rumiy. Metodik-bibliografik qoʻllanma. Tuzuvchi U.Teshaboyeva. — T.:2007.-B.21.
-
Komilov N. Tafakkur karvonlari. — T.:Sharq, 2011.-B.190.
-
Alisher Navoiy. Toʻla asarlar toʻplami. Nasoyim-ul muhabbat. — T.:2013.-B.355.
-
Alisher Navoiy. Toʻla asarlar toʻplami. Nasoyim-ul muhabbat.- T.:2013.-B.355.
-
Farididdin Attor. Ilohiynoma.-T.:Yozuvchi, 1994.-B.12.
-
Jaloliddin Rumiy. Ichindagi ichindadir. — T.:Yangi asr avlodi, 2018.-B.33.
-
Orif Usmon. Jaloliddin Rumiy. Muloqot // — 1997.№ 6.-B.39.
-
Shimmel A. Jonon mening jonimda.-T.:Sharq, 1999.-B.156.
-
Under M. Mavlono. — Jahon adabiyoti // 2014. № 1.-B.121.