Home / ALLOMALAR / IFTIXORIDDIN BUXORIY – YETUK FAQIH ALLOMA

IFTIXORIDDIN BUXORIY – YETUK FAQIH ALLOMA

Movarounnahr diyori oʻz bagʻrida koʻplab zabardast ulamolar, fuqaholar va muhaddislarni yetishtirgan. Muqaddas islom dini kirib kelib mustahkam tomir yoygan kezlardan to islom uygʻonish davrining soʻngi asriga qadar yurtimizdan diniy va dunyoviy sohalarda peshqadam boʻlgan qomusiy allomalar hamda yetuk ulamolar yetishib chiqdilar. Ularning har birlari oʻz sohalari bilimdoni boʻlibgina qolmay, fanning turli jabhalarida butun dunyo havas qilsa arzigulik ilmiy meros qoldirib ketdilar. Iftixoriddin Buxoriy ana shunday zabardast avlodning vakillaridan edi.

 Tohir ibn Ahmad ibn Abdurrashid ibn Husayn Iftixoriddin Buxoriy chuqur tafakkurli, zamonasining koʻzga koʻringan imomi, Movarounnahr diyoridagi mujtahid imomlarning peshvosi boʻlgan. Tohir Buxoriy 482-542-hijriy, 1090-1147-milodiy sanalarda yashab, ijod qilgan.  Buxoroda tavallud topganligi bois “Buxoriy” nisbasini olgan. U zot yashagan yillar Movarounnahrda Qoraxoniylar hukmronligi davriga toʻgʻri keladi. Aynan mana shu bosqich ilk islom uygʻonish davri (IX-XII-asrlar)ni oʻz ichiga oladi. Iftixoriddin Buxoriy oʻz zamonasida bemisl, hanafiylik fiqhining eng koʻzga koʻringan namoyandalaridan edi. [1:3]

Oʻsha kezlarda davlatni boshqargan Qoraxoniylar va ularga tutash yerlarda hukmron boʻlgan barcha sulolalar davlat boshqaruvida islom shariati asoslariga tayangan holda hanafiy mazhabi koʻrsatmalari asosida siyosat olib boradilar. Negaki, butun Movarounnahr va Xuroson hududlarida ahli sunna val jamoaning hanafiylik yoʻnalishi keng yoyilgan edi. Bu esa bevosita xalq orasidan yetishib chiqqan yuqori saviyali oʻta bilimdon faqihlarning davlat boshqaruv ishlarida faol va fidokorona xizmat qilganidan darak beradi. Shuningdek, ularning sultonlar huzuridagi mavqelari ham yuqori oʻrinda turgan.

Manbalarda taʼkidlanishicha, Qoraxoniylar davlat rahbarlari, ayniqsa, Ibrohim Mahmud Tamgʻochxon diyonatli kishi boʻlib, faqihlar fatvosini olmaguncha hech bir jinoyatchini jazolamas, mol-mulkini musodara qilmas edi. U Bagʻdod xalifasi bilan yaxshi va doʻstona munosabatda boʻlib, unga Imomud-davla, Tojul-milla, Kahful-muslimin, Malikul-mashriqi vassin Tamgʻoch Bugʻroxon (davlat imomi, millat toji, musulmonlar panohi, sharq va Xitoy haqoni Tamgʻoch Bugʻroxon) kabi unvonlar berilgan edi. [3:180]

Muhammad Avfiy “Libobul-albob”da keltirishicha, Ibrohim Mahmud Tamgʻochxon diniy olimlarga izzat-hurmat koʻrsatib, islom qonun-qoidalariga jiddiy rioyat qilar ekan. Manbada aytilishicha, mazkur hukmdor xalq tinchligini saqlash, molu-mulklari daxlsizligini himoya qilishga katta eʼtibor qaratib, jinoyatchilarni shafqatsiz jazolar ekan. Bir necha bezori Samarqand darvozasi devoriga “Biz piyoz kabimiz, boshimizni har qancha kessangiz ham yana oʻsib chiqaveramiz”, deb yozib ketgan ekan. Bundan xabar topgan Xon oʻsha joyga “Men ham bogʻbon kabi siz qayerdan bosh koʻtarsangiz, oʻsha yerdan tag-tugingiz bilan qoʻporib tashlayman” deb yozib qoʻydirgan ekan. [6:159]

Iftixoriddin Buxoriyning faqihlar oilasida unib-oʻsadi. Ota-bobolari ham hanafiylik fiqhida koʻzga koʻringan fuqaholardan sanalganlar. Otasi Ahmad ibn Abdurrashid ulamolar tomonidan “Qovamuddin” (Dinning quvvati) deya eʼtirof etilgan. Ilk tahsilni otasidan, otasi esa, oʻz otasi, yaʼni Iftixoriddin Buxoriyning bobosi Abdurrashid ibn Husayndan olgan. Shuningdek, yetuk faqih Hammod ibn Ibrohim Saffordan ham taʼlim olganlar.

Iftixoriddin Buxoriyning hanafiylik fiqhidagi ustozlar silsilasi quyidagi tartibda keltiriladi:

Hammod ibn Ibrohim Saffor – Ismoil Saffor – Abu Yaʼqub Sayoriy – Hokim Navqandiy – Abu Jaʼfar Hinduvoniy – Abu Bakr Iskof – Muhammad ibn Salama – Abu Sulaymon Juzjoniy – Imom Muhammad Shayboniy rahimahumullohlar.

Yana shuningdek, oʻz togʻasi Zohiriddin Hasan ibn Ali Margʻiloniy hamda Qozixon Hasan ibn Mansurlardan ham tahsil oladi. Qozixondan Imom Muhammadgacha boʻlgan silsila quyidagicha:

Qozixon – Burhoniddin Kabir Abdulaziz ibn Imron Moza – Saraxsiy – Halavoniy – Nasafiy – Abu Bakr ibn Fazl – Sabzamuniy – Abu Hafs Sagʻir – Abu Hafs Kabir – Imom Muhammad Shayboniy rahimahumullohlar. [2:84]

Alloma 542-hijriy, 1147-milodiy sana jumadul avval oyida 61 yoshida Saraxs shahrida vafot etadi hamda Buxoroga olib kelinib shu yerga dafn qilinadi. [1:3]

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR

  1. Muhammad Abdulhay Laknaviy. Xulosotul fatavo maʼ moʻjamul fatavo. Devband, Hindiston. – B. 3.
  2. Muhammad Abdulhay Laknaviy.Favoidul bahiyya fi tarojimul hanafiyya. Misr: Dorul kitob, 1992. – B. 84.
  3. A.Sh.Juzjoniy. Islom huquqshunosligi. T:. “Toshkent islom universiteti nashriyoti”, 2002. –B. 180.
  4. L.Asrorova. Abu Hafs Kabir Buxoriy va Hanafiy fiqhi. T:. “Toshkent islom universiteti”, 2014. –B.98.
  5. H. Aminov, S.Primov. Hanafiy fiqhi tarixi, manbalari va istilohlari . – Toshkent: Movarounnahr, 2017. – B. 173-174.
  6. Avfiy. Javomi al-hikoyot. Z.Safo iqtibosi asosida. Tehron.: Eronda adabiyot tarixi, 2. J. 159. B.
 Shavkatjon XALILOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …