Home / MAQOLALAR / SHARQ MUTAFAKKIRLARINING ILMIY MEROSIDA IDЕNTIFIKATSIYA MUAMMOSI

SHARQ MUTAFAKKIRLARINING ILMIY MEROSIDA IDЕNTIFIKATSIYA MUAMMOSI

Ota-bobolarimiz, ajdodlarimiz, ayniqsa ilm-fan borasidagi allomalarimiz kishilarning kamoloti masalasiga  alohida etibor berganlar. Ular insonning oʻz-­oʻzini anglashi, jamiyatda oʻz oʻrnini topishi, ijtimoiy­psixologik taraqqiy etib borishini uzoq yillar davomida oʻrganishgan.

Forobiy – “Maʼlum xalq va butun insoniyat toʻplab kelgan maʼnaviy-milliy merosi, «ruhlar”i, yaʼni shaxslarning maʼnaviyati, ongi milliylashib, bir-biri bilan qoʻshilib boradi» [3] – degan edi. Forobiy qarashlarining fazilatlaridan biri xalqlarni bir-biriga qarshi va bir-biridan ustun qoʻymagan, balki ularni butun insoniyatning ajralmas qismi sifatida talqin qiladi. Abu Nasr Forobiyning adolatli jamiyat, olamning abadiyligi, vatanparvarlik haqidagi gʻoyalari, yosh avlodni vatanparvarlik, oʻz vataniga va xalqiga sidqi dildan hurmat ehtirom ruhida tarbiyalashda maʼnaviy ozuqa boʻlib xizmat qiladi.

Abu Rayhon Beruniy ilm fanning buyuk homiysi va muxlisi sifatida mamlakatimizning obodonchiligi, ilm-fanning gullab-yashnashi, odamning baxti, uning bilimi va maʼrifatida deb biladi. Uning yaratgan asarlarida har bir inson oʻz qalbining farmoyishiga koʻra xayr-ezgulikka intilishini taʼkidlaydi. Beruniy asarlarida ham mansublik masalasi oʻz ifodasini topgan. Beruniy qarashi boʻyicha, “har bir xalq qandaydir fan yoki tajribaning rivojlanganligi bilan farqlanadi” [1]. U “Tarixul Hind”, “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” kabi asarlarida boshqa xalqlar vakillarining u yoki bu ilmiy sohalardagi muvaffaqiyatlarini ochiq koʻngil bilan tahlil qiladi va boshqa millat, xalqlarni  kamsitmaydigan fikrlar asosida ularning ham ongida oʻziga xos milliylik shakllanib borishini koʻrsatadi. Beruniy olgʻa surgan insonparvarlik gʻoyalari, maʼnaviy qadriyatlar xususidagi fikr oʻgitlari mustaqillik davrida yoshlarni barkamol inson etib tarbiyalashga xizmat qilmoqda.

Buyuk qomusiy olim sifatida barcha hodisalarning mohiyatini ilmiy jihatdan ochib berishga harakat qilgan Sharq mutafakkirlaridan biri Abu Ali Ibn Sinodir. Uning pedagogik-psixologik qarashlari ilmiy asosda qurilgan boʻlib, u bola xarakteri va tasavvurlari tarbiyasida umuminsoniy gʻoyalar qoʻllanilishini yoqlab chiqqan va tarbiyachi, ota-onalarga uni qattiq tan jazosidan koʻra, shaxsiy ibrat orqali tarbiyalash maʼqulligini koʻrsatgan. Uning fikrcha, bolada mansublikning shakllanishi, avvalo, ota­onaning taʼsirida kechadi.  Mutafakkirning “Donishnoma”, “Risolai ishq”, “Uy xoʻjaligi”, “Tib qonunlari” kabi qator asarlari Oʻrta Osiyo xalqlari odob-axloqi psixologiyasi va tabobat olamida alohida oʻrin tutgan yirik tadqiqotlardan hisoblanadi. Mutafakkirning mehnatsevarlik hissi borasidagi fikrlari ham diqqatga sazovordir. Jumladan, u har bir bolani biror hunarga oʻrgatmoq shart deydi. Yosh yigit biror hunarni oʻrgansa, uni hayotga tatbiq eta olsa va mustaqil hunar tufayli oilani taʼminlaydigan boʻlsagina, otasi uni uylantirib qoʻymogʻi lozim, deb hisoblaydi. Oʻspirin hunar egallashi bilan unda nafaqat axloqiy hislar, balki xarakterning irodaviy hislari ham tarkib topib, mustahkamlana boshlaydi. Hunar egallash orqali oʻspirinlarda sabr bardoshlilik, chidamlilik, mehnatsevarlik, ishbilarmonlik, tadbirkorlik, zukkolik kabi sifatlar vujudga keladi.

XI asrning buyuk mutafakkiri va shoiri Yusuf Xos Hojib oʻzining “Qutadgʻu bilik” asarida etika va hayotga oid qarashlarini bayon qiladi. U odamning Alloh tomonidan yaratilganligini hamda odamning dunyoga kelishi va uning kelajakda qanday odam boʻlib voyaga yetishishi, ajdodi va kelib chiqishiga, hayotda shugʻullanayotgan faoliyatiga, atrofga nisbatan munosabatiga bogʻliqligini aytib: “Kimning nasli otadan boshlab toza boʻlsa, undan elga yaxshilik, koʻp manfaatlar keladi”, deb hisoblaydi. Yusuf Xos Hojibning oʻqtirishicha, – “Har bir kishi jamiyatga munosib boʻlib kamol topmogʻi darkor. Buning uchun u tugʻilgan kunidan boshlab zarur tarbiyani olmogʻi lozim” [4] – degan fikrni olgʻa suradi.

Bashariyat shoiri Jaloliddin Rumiy hazratlari ham inson oʻzini anglashi toʻgʻrisida qimmatli fikrlarni keltirib, quyidagilarni yozadi: “Sen hamma narsani unutishing mumkin, yolgʻiz bir narsani nechun dunyoga kelgansan, shuni unutmasang bas. Oʻzingni arzon sotmagaysan, illo bahoying baland”[2]. Umumbashariy, maʼnaviy qadriyatlar qoldirgan allomalarimizning oʻgitlari, hikmatlari, pand-nasihatlari bugungi kunda yoshlarni maʼnan boy hamda oʻzligini anglashida juda qoʻl kelmoqda.

Ular umr boʻyi olam mohiyati, inson mohiyatini tadqiq etishga imkon beruvchi hikmatlar yaratgan, vatanparvarlikni, oʻz-oʻzini anglashni, el-yurtga sadoqatni va soflikni kuylaganlar.

Shunday qilib taʼkidlash kerakki, buyuk allomalarimiz ming yillar davomida inson shaxsini kamoloti asosida uni oʻz-oʻzini anglashini qoʻyganlar. Ular oldinga surgan vatanparvarlik, insonparvarlik gʻoyalari, maʼnaviy qadriyatlar toʻgʻrisidagi fikr, oʻgitlari mustaqillik davrida yoshlarni komilligini taʼminlashda katta oʻrin egallamoqda.

Foydalanilgan adabiyotlar roʻyxati
  1. Abu Rayhon Beruniy. Tarixul Hind. Tanlangan asarlar. – T., 1997. – 20-40 b.
  2. Jaloliddin Rumiy . Ichindagi ichindadur. – T.: “Yangi asr avlodi”, 2003. – B. 199.
  3. Forobiy. Fozil odamlar shahri. – T., 1993. – B. 162.
  4. Yusuf Xos Hojib “Qutadgʻu bilik”. – T.: Yulduzcha, 1971. – 84 b.
Temur MARATOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …