Qashqadaryo vohasi qadimdan yirik olimlar, mutafakkirlar, maʼrifatparvarlarni kamolga yetkazgan goʻshadir. Manbalarda ilm-fanning turli sohalarida faoliyat olib borib, katta yutuqlarga erishgan 300ga yaqin Nasafiy nisbasi ega olimlar zikr etiladi. Shuningdek, vohaning yana bir qadimiy manzillaridan biri “Pazda” (arab manbalarida “بَزْدَة” – Bazda, forsiy va turkiy manbalarda “پَزْدَة” “Pazda” shaklida kelgan( shaharchasi boʻlib, kichik hudud boʻlishiga qaramay ilk oʻrta asarlarda ilm-fan markazlaridan biri boʻlgan. Mazkur hududda tugʻilgan yoki maʼlum muddat yashagan olimlarga “Pazdaviy” (بَزْدَوِي) yoki “Pazdiy” (بَزْدِي) nisbasi berilgan. Hozirgacha fanning turli sohalarida Pazdaviy nisbasi bilan faoliyat yuritgan oʻnday (10) ortiq yirik olimlar aniqlandi. Ular qalamiga mansub yigirmadan ortiq asarlar bizgacha yetib kelgan boʻlib, har biri islom huquqi va falsafasi boʻyicha fundamental adabiyotlar sifatida hozirgacha amalda boʻlib kelmoqda. Shunga qaramay ularning hayoti, ilmiy faoliyati va asarlari haqida juda kam izlanishlar olib borilgani mavzuning dolzarbligini belgilab beradi.
Abdulkarim Samʼoniy (1113-1167)ning “al-Ansob” (Nasablar), Shamsuddin Zahabiy (1275-1348)ning “Siyaru aʼlamin nubalo” (Mashhur daholar siyrati) kabi Tarixiy-bibliografik manbalarda qayd etilishicha, pazdaviy olimlarning dastlabki vakili arab qoʻmondoni Qutayba ibn Muslim (669-715)ning doʻsti Sulaym ibn Mansur Basriy Pazdaviy (VIII asr)dir. Maʼlumki, Qutayba ibn Muslim arablarning Oʻrta Osiyodagi VIII asr birinchi choragida olib borgan harbiy yurishlarida qoʻmondonlik qilgan. Sulaym ibn Mansur muhaddis boʻlib, 704-715 yillar oraligʻida Basradan Pazdaga kelib joylashgan va shahar aholisiga yangi din – islom taʼlimotlari va maʼrifatidan taʼlim bergan va hududda muqim boʻlib qolgani uchun unga Pazdaviy nisbasi berilgan. Uning oʻgʻli Aziz ibn Sulaym nabirasi Ahmad ibn Aziz ibn Sulaym Pazdaviylar ham Pazdalik olimlar qatorida zikr etiladi va ular asosan hadis ilmi bilan shugʻullangan. Basra va Bagʻdod kabi ilm markazlaridan kelgan olimlar saʼy-harakatlari bilan Pazdada bir necha yangi ilmlar rivojlandi, jumladan aholida hadis ilmiga nisbatan katta qiziqish paydo boʻldi. Natijada Pazdadan bir necha yirik muhaddislar avlodi yetishib chiqdi. Pazdalik mashhur muhaddislar qatorida Abu Talha Mansur ibn Muhammad ibn Ali ibn Qariyna Pazdaviy (vaf. 329/941 y. Imom Buxoriyning shogirdi va asarlarining roviysi), Imom Termiziy (vaf. 892 y.)ning shogirdlari Abu Abdulloh Ubaydulloh ibn Amr ibn Hafs ibn Ibrohim Pazdaviy (vaf. 323/935 y.), Abu Muhammad Abdulloh ibn Nasr ibn Suhayl ibn Abduvayh ibn Yazdod Pazdaviy va inisi Abu Sulaymon Dovud ibn Nasr Pazdaviy hamda Abu Muslim Yusuf ibn Muhammad ibn Odam ibn Iso ibn Bazdavayh Qassor Pazdaviylarni qayd etish lozim.
Pazdada hadis ilmidan tashqari fiqh, aqida va tafsir fanlarini rivojlanishi Abdulkarim ibn Muso ibn Iso Pazdaviy (vaf. 300/912 y.) va uning avlodlari faoliyati bilan bogʻliq. Uning nabirasi Muhammad ibn Husayn ibn Adbulkarim, Muhammadning ikki farzandi Faxrul-islom Ali ibn Muhammad (1009-1089), Sadrul-islom Abul Yusr Muhammad ibn Muhammad Pazdaviy (1030-1100) va ularning farzandlari Abu Sobit Hasan ibn Ali (1078-1161) Abul Maʼoliy Ahmad ibn Abul Yusr (1088-1147) Pazdaviylar Movarounnahr tarixidagi yirik faqih va mutakallimlar boʻlib yetishgan.
Abdulkarim ibn Muso ibn Iso ibn Mujohid ibn Abdulloh Pazdaviy hayoti va ilmiy merosi haqida kam sonli maʼlumotlar mavjud. Manbalarda, Abdulkarim Pazdaviy imom Abu Mansur Moturidiy (870-944)ning yaqin shogirdi boʻlgani va ustozidan Abu Hanifaning “al-Olim val-mutaʼallim” (Ustoz va shogird) asarini rivoyat qilgani zikr etiladi. Shuningdek, ustozlari silsilasi imom Moturidiy orqali mazhabboshi Abu Hanifaga yetib borishi qayd etiladi. Tarixchi Taqiyuddin Abdulqodir Tamimiy (vaf. 1597 y.) “Tabaqot as-saniya” asarida xabar berishicha, Abdulkarim Pazdaviy ilmiy safar bilan Basraga borgan va u yerda mashhur muhaddis Abu Dovud Sijistoniy (817-888)ning shogirdi Abu Ali Muhammad ibn Ahmad Luluiy (vaf. 945 y.)dan dars olgan va hadislar tinglagan[1].
Tamimiy Abdulkarim Pazdaviyni Imom Buxoriyning shogirdi Abu Talha Mansur Pazdaviy (vaf. 329/941 y.)dan ham hadis eshitganini xabar bergan. Abu Hafs Umar Nasafiy “Kitob al-qand fi zikri ulamoi Samarqand” (Samarqand olimlari haqidagi qanddek kitob) asarida ustozi Faxrul-islom Pazdaviydan, u otasi Muhammaddan, u bobosi Abdulkarim Pazdaviydan, u muhaddis Abu Abdulloh Muhammad ibn Abdulloh Samarqandiydan bir hadisni rivoyat qilgan[2]. Bundan Abu Abdulloh Muhammad Samarqandiyni Abdulkarim Pazdaviyning ustozi sifatida keltirish mumkin.
Taqiyuddin Tamimiy butun Samarqand ahli Abdulkarim Pazdaviydan hadis rivoyat qilgan deb aytgan boʻlsa-da, manbalarda olimning shogirdlari sifatida Xatib Ismoil ibn Abdussodiq ibn Abdulloh, Abu Abdulloh al-Gʻanjor va nabirasi Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim nomlarigina keltirilgan[3].
Abdulkarim Pazdaviy 390/1000 yil Ramazon oyida vafot etgan[4].
Abdulkarim Pazdaviyning nabirasi Muhammad ibn Husayn bobosi qoʻlida taʼlim-tarbiya olib, yetuk faqih boʻlib yetishgan, keyinchalik Buxoro shahri qozisi boʻlgani haqida Yoqut Hamaviy xabar bergan[5].
Muhammadning farzandi Abul Yusr “Usul ad-din” asari muqaddimasida shunday deydi: “Bizga shayx, imom padari buzurgvorim rahimahulloh bobosi shayx, imom, zohid Abdulkarim in Muso rahimahullohdan Imom Moturidiyning koʻplab karomatlari haqida eshitgan hikoyalarini aytib bergan. Bobom mazhab boshilarimiz kitoblarining maʼnolarini toʻliq egallagan va ustozi Imom Moturidiyning “Kitob at-Tavhid va “Kitob at-Taʼvilot” asarlarini yod olgan edi”. Asarning “Qayta tirilish” mavzusida Abul Yusr otasi Muhammaddan ushbu hadisni ham rivoyat qilgan “Bizga shayx imom Muhammad ibn Husan ibn Abdulkarim Rasululloh alayhissalomgacha yetib boradigan sanad orqali ushbu hadisni aytib berdi: “Kimki biror quli (ishchisi)ni nohaq qonini toʻksa, ushbu qul qiyomatgacha “u meni nohaq oʻldirdi” deya jar solib chiqadi”[6].
Sadrul-islom Abul Yusr ibn Muhammad ibn Xusayn ibn Abdulkarim Pazdaviy (1030-1100) Moturidiya aqidaviy taʼlimoti rivojiga katta hissa qoʻshgan olim boʻlib, “Usulu-d-din” (Din asoslari) asari bilan tanilgan.
Abul Yusr Pazdaviy Samarqand va Buxoro shaharlarida qozilik qilgan va juda koʻp shogirdlarga dars berish bilan shugʻullangani haqida uning shogirdi Najmuddin Umar Nasafiy (1069-1142) shunday deydi: “Abul Yusr Movarounnahr ilm ahlining ustozi, olimlar rahbaridir. Dunyoning turli tomonlaridan ustozning majlisida ishtirok etishga talabalar intilar edi. Usul va furuʼda koʻplab kitoblar taʼlif etganlar hamda Samarqand qoziligiga tayinlangan va bir muddat shaharda hadis imlo qilganlar”.
Abul Yusr Pazdaviyning poytaxt Samarqanddagi ilmiy faoliyati va keyinchalik Abul Muin Nasafiy (vaf. 1115 y.), Najmuddin Umar Nasafiy (1069-1142), Alouddin Samarqandiy (vaf. 1143 y.), Nuriddin Sobuniy (vaf. 1184 y.) va Ibrohim Saffor (vaf. 1139 y.) kabi shogirdlarining ilmiy xizmatlari sabab moturidiya aqidaviy taʼlimoti Movarounnahrdan tashqariga – Xuroson va Iroq hududlarigacha yoyildi va turli adashgan aqidalarni siqib chiqarishiga sabab boʻldi.
Manbalar Abul Yusr Pazdaviy 493/1100 yil 69 yoshida Buxoroda vafot etganini qayd etadi. Alloma hayoti davomida koʻpgina asarlar taʼlif etgan boʻlsa-da, bizgacha olimning aqidaga oid “Usulu-d-din”, fiqhga oid, “Sharhu jomeʼu-s-sagʻir”, “Taʼliqot”, “al-Murattab”, “al-Voqiat” va “al-Mabsut” hamda arab tili grammatikasiga bagʻishlangan “Sharh al-ajrumiya” asarlarigina yetib kelgan.
Abul Yusr Pazdaviyning akasi Faxru-l-islom Abul Usr Aliy ibn Muhammad Pazdaviy (1010-1090)ning “Abul Usr” (Qiyinchilik otasi) kunyasi bilan tanilgan. Bunga sabab yozgan kitoblari yuqori saviyali, ularni tushunish uchun muayyan ilmlarni bilish talab etilgani boʻlgan. Farqli ravishda ukasi Sadrul-islom Muhammadning asarlari sodda, uslubi yengil yozilganidan unga “Abul Yusr” (Osonlik otasi) kunyasi bilan tanilgan.
Faxru-l-islom Pazdaviyning usul al-fiqh (islom huquqi nazariyasi) faniga oid “Usul al-Pazdaviy”, “Usul kabir” nomlari bilan tanilgan “Kanzul vusul ila maʼrifti-l-usul” (Usul ilmini oʻrganishdagi xazina) asari muallif nomini butun dunyoga tanitgan manbadir. Hanafiy usul al-fiqhning asosiy manbasi hisoblangan ushbu asarga juda koʻp sharhlar yozilgan. Shuningdek, Faxrul-islom Ali Pazdaviy “Tafsiru-l Qurʼon” (bir yuz yigirma jildlik), “Sharhu Jomiʼu-l-kabir”, “Siyratu-l-mazhab fi sifati-l-adab”, “Sharhu Jomiʼu-s-sahih” (Imom Buxoriyning mashhur hadislar toʻplamlari “alJomi as-sahih”ga yozilgan sharh), “Gʻinou-l-fuqaho fi-l-furuʼ”, “Kashfu-l-astor fit-tafsir” va “Muxtasaru Taqvimu-l-adilla”, “Sharhu Jomiʼus sagʻir”, “Ziyodotu-zziyodot”, “Kitob al-mabsut”, “Zallatu-l-qoriy”, “Sharhu Taqvimul adilla fil-usul” , “Sharhu Fiqhul akbar” , “Amoliy”, “al-Muyassar fil kalom, “Sharhu Muxtasaru-lQuduriy” nomli asarlar ham taʼlif etgan boʻlib, ularning aksari bizgacha yetib kelgan.
Faxrul-islom Pazdaviy uzoq muddat Samarqandda qozilik va talabalarga ustozlik qilganidan soʻng 482/1089 yili Keshda vafot etdi va shogirdlar tomonidan Samarqandga olib kelinib, Chokardiza qabristoniga dafn etildi[7]. Juda koʻp sonli talabalar Pazdaviydan dars olgani shubhasiz biroq, manbalarda ulardan baʼzilarining nomlari qayd qilingan. Jumladan, Xatib Abul Maʼoli Muhammad ibn Nasr ibn Mansur Madiniy (1060-1163), farzandi Abu Sobit Hasan ibn Ali Pazdaviy (vaf. 1155 y.), Zahiriddin Abul Maʼoliy Ziyod ibn Ilyos (XI-XII asr), Alouddin Muhammad ibn Ahmad Samarqandiy (vaf. 539/1144 y.), Abul Muhomid Muhammad az-Zoliy Balxiy (vaf. 518/1124 y.), Najmuddin Abu Hafs Umar Nasafiy (1069-1143)lar Faxrul-islom Pazdaviyning shogirdlari sifatida tanilgan[8].
Faxrul-islom Ali Pazdaviyning farzandi Abu Sobit Hasan ibn Ali ibn Muhammad ibn Husayn ibn Abdulkarim Pazdaviy 470/1078 yil Samarqandda tugʻilgan. Oʻn ikki yoshigacha otasidan dars olgan. 482/1089 yil otasi vafot etganidan soʻng amakisi Abul Yusr Pazdaviy oʻz qaramogʻiga olib oʻgʻli Abul Maʼoliy bilan birga tarbiyaladi. Abu Sobit bir muddat Marvda istiqomat qilib, shahardagi olimlardan dars olgan. Bir necha yillik taʼlimdan soʻng yirik faqih va muhaddis boʻlib yetishgan va Samarqand qoziligiga tayinlangan. 542/1146 yili amakivachchasi Abul Maʼoliy Ahmad vafot etganidan soʻng uning oʻrniga Buxoro qozisi boʻlgan. Umrining oxirlarida Pazda shahriga koʻchib oʻtib vafoti (vaf. 557/1161 y.)ga qadar ibodat va hadis ilmidan talabalarga dars berish bilan mashgʻul boʻlgan[9].
Abu Sobit Hasan Pazdaviydan Sirojiddin Ali ibn Usmon Ushiy (vaf. 575/1175 y.) va Abdulkarim ibn Muhammad Samʼoniy (1163-1167) kabi mashhur olimlar dars olgan. Sirojiddin Ushiy ustozi Abu Sobit Hasan huzurida Abu Abdulloh Tohir Marvaziy (vaf. 410/1019 y.)ning “Uʼyun al-Majolis” va Abu Mutiʼ Makhul an-Nasafiy (vaf. 218/833 y.)ning “al-Luʼluiyot” asarlarini, Abdulkarim Samʼoniy esa Ali ibn Abdulaziz al-Bagʻaviy (286/900)ning “Musnad al-kabir” nomli hadis toʻplamini toʻliq oʻqib dars olganini xabar bergan[10].
Abu Sobitning amakivachchasi Abul Maʼoliy Ahmad ibn Abul Yusr Pazdaviy ham zabardast olim boʻlgan va “Qozi sadr” nomi bilan shuhrat qozongan. U 481/1088 yili Buxoroda tugʻilgan[11]. Abul Maʼoliyning yirik olim boʻlib yetishida otasi va ustozlari Abul Maʼiyn Maymun ibn Muhammad Makhul va Abu Mansur Samarqandiylar xizmati katta boʻlgan.
Faqih bir muddat Buxoroda qozilik qilgan va keyinchalik haj ziyorati maqsadida yoʻlga otlanib, safar davomida Marv va Bagʻdod shaharlarida bir muddat hadis ilmidan talabalarga saboq bergan. Haj amalini bajarib, yurtga qaytayotganida 542/1147 yili Saraxsda qaroqchilarning hujumi sabab karvondagi koʻp sonli jamoat bilan birga oʻldirilgan. Ammo jasadlari Buxoroga olib kelinib dafn etilgan.
Xulosa qilib aytganda, Abdulkarim Pazdaviy ustozi Abu Mansur Moturidiyning ilmiy merosini avvalo farzandlari va avlodlariga, qolaversa butun Nasaf va Pazda shahri aholisiga yetib borishiga beqiyos xizmat qildi. Uning avlodlaridan yetishib chiqqan bir necha yirik faqihlar moturidiya aqidaviy taʼlimoti va hanafiylik mazhabi rivojiga oʻzlarining qimmatli asarlari bilan katta hissa qoʻshdilar. Birgina Abul Yusr Pazdaviyning “Usul ad-din” asari moturidiylik aqidaviy taʼlimotini oʻrganishda muhim qoʻllanmalar biri boʻlsa, Faxrul-islom Pazdaviyning “Kanzul vusul ila maʼrifatil usul” kitobi hanafiy usul al-fiqhining asosiy manbasi hisoblanadi. Pazdaviy olimlarning har birini alohida tadqiqot mavzusi sifatida oʻrganish orqali tarixiy ildizlarini topish va ularning barhayot asarlarini tadqiq etish bilan hozirgi kunning dolzarb masalalariga yechim topilishi shubhasiz.