Alloh subhanahu va taolo birinchi hijriy asrda Movarounnahr diyorini Oʻzining oxirgi va mukammal dini Islom nuri bilan munavvar qildi. Bu diyor ahlining koʻpchiligi Islomni ochiq qalb bilan qabul qildi. Ularning Islomi goʻzal boʻldi. Zotan Alloh taoloning Oʻzi bu diyor odamlarini ularga bergan ajoyib tabiat va qobiliyatlarga mos va ularning rivojiga omil boʻluvchi qiyomatgacha boqiy qoluvchi dini Islomga hidoyat qilgan edi. Movarounnahr aholisining Islom diniga kirishi ularning koʻplab qobiliyatlarining ochilishiga, hayotning koʻplab jabhalarida oʻzlarining peshqadamliklarini isbot qilishga olib keldi.
Tez orada Islomning turli soha va ilmlari boʻyicha Movarounnahrlik namoyondalar yetishib chiqa boshladilar. Bu harakat tezlik bilan rivoj topdi va turli ilmlarda umumdunyo miqyosidagi buyuk allomalar yetishib chiqa boshladi. Shu tariqa Movarounnahrda Islom dini va Islomiy ilmlar rivoji boshlandi. Tez orada Buxoro, Samarqand, Termiz, Nasaf kabi shaharlarning nomi islomiy shaharlar sifatida butun dunyoga tanildi.
Movarounnahrdan oʻsha vaqtda mavjud boʻlgan barcha ilmlar boʻyicha yetuk allomalar chiqibgina qolmasdan, balki bir qancha yangi ilmlarga asos solgan ulugʻ zotlar ham yetishib chiqdilar. Ushbu holatning oʻzi Movarounnahr aholisining insoniyat tarixiga, ilm, fan, madaniyat rivoji tarixiga kirishiga Allohning qiyomatgacha boqiy dini Islom sabab boʻlganining yorqin dalilidir.
Islom yurtimizning boshqa burchaklarida ham tarqalib, yerli aholi Islomni yaxshi oʻzlashtirib oldi. Alloh taoloning oxirgi va mukammal dini boʻlmish Islomda kishilarni irqi, millati, yashash joyi, tiliga qarab ajratish yoʻq edi. Hamma ixlosiga, eʼtiqodiga, qilgan mehnatiga yarasha qadr topar edi.
Shuning uchun ham aslida qobiliyatli boʻlgan Movarounnahr diyori aholisi Islomda oʻzining murodi-maqsadi va halovatini topdi. Islom tufayli hayotning barcha sohalarida ulkan muvaffaqiyatlarga erishdi. Islom soyasi ostida bu diyor gullab-yashnadi. Xalq esa oʻsha vaqtdagi dunyoning peshqadam xalqlaridan biriga aylandi.
Agar tarixga diqqat bilan nazar soladigan boʻlsak, hayotning barcha sohalarida koʻzga koʻringan arboblar, dunyoga dongʻi ketgan buyuk shaxslar ayni Islom davrida, islomiy hayot soyasida voyaga yetganlar. Butun olamga fan, madaniyat, hazorat (sivilizatsiya) markazlari sifatida tanilgan shaharlarimiz ham oʻsha vaqtda tilga tushgan.
Dunyo tarixidagi oddiy haqiqatlarning biri shulki, ilmu-fansiz hech bir yurt, hech bir xalq, hech qanday jamiyat taraqqiyotga erisha olmaydi.
Islom madaniyatining gullab-yashnashi, musulmon oʻlkalarining jahon tarixi koʻrmagan taraqqiyotga erishishi, yurtlarning obod, xalqlarining peshqadam boʻlishi ham Islom dinining ilm-fanga boʻlgan oʻta yaxshi munosabatidan edi. Dunyoda hech bir din, tuzim, falsafa yoki harakat ilm talab qilishni ibodat darajasiga koʻtargan emas. Talabi ilmni har bir erkak va ayol uchun beshikdan lahadgacha farz qilgan emas. Ulamolarning siyohini shahidlar qoniga tenglashtirgan emas. Islom esa aynan shu ishlarni qildi.
Eng muhimi, Islomda bular quruq gap va tashviqot uchun koʻtarilgan shior boʻlmadi. Odamlarni aldash uchun eʼlon qilingan dastur ham boʻlmadi. Aksincha haqiqiy amaliy haqiqat boʻldi. Bu sohada ham islomiy bagʻri kenglik koʻrsatildi. Kim boʻlishidan qatʼiy nazar, har kim mehnatiga yarasha qadrlandi. Shuning uchun ham aslida oʻtroq, qobiliyatli boʻlgan yurtimiz aholisi ichidan buyuk allomalar chiqdi. Ilmning turli sohalarida dunyoga dongʻi ketgan allomalarimiz ayni Islom madaniyati gullab-yashnagan paytda yashab-ijod qilganlar.
Islom inson hayotini diniy va dunyoviy hayotga boʻlmay bir butun narsa deb qaraganidek, ilmga ham bir butun haqiqat deb qaragan. Diniy ilmlar yoki dunyoviy ilmlar, degan ayirmachilik boʻlmagan. Ilm dargohlarida turli darslar oʻqitilgan. Ulamolar har bir ilmdan imkoniyat boricha xabardor boʻlishga harakat qilganlar. Ularning maʼlum bir sohada mashhur va peshqadam boʻlishlariga turli ilmlarning birida qilgan kashfiyoti yoki yozgan kitobining nodirligi sabab boʻlgan xolos. Agar mashhur allomalarning tarjimai hollari bilan yaxshiroq tanishib chiqilsa bu haqiqat aniq namoyon boʻladi.
Birgina misolni olaylik: Abu Ali ibn Sino asli faylasuf boʻlgan, Ilmi Kalom bilan mashgʻul boʻlgan. Qurʼonning baʼzi juzlariga tafsir yozgan. U kishi qoldirgan asarlar roʻyxatiga bir nazar solgan odam buni darhol sezadi. Lekin, falsafiy bahslardan dam olish vaqtlarida tib bilan ham shugʻullangan.
Shundan koʻrinib turibdiki, nazariy ilmlar amaliy-tajribiy ilmlarga qaraganda yetakchilik qilgan. Islomda nazariy ilmlar boshida Allohning kalomiga, Paygʻambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatiga tegishli ilmlar turadi. Qurʼoni Karim va hadisi sharifni oʻrganish boshqa ilmlarning rivoj topishiga ham turtki boʻladi.
Bu haqiqatni yurtimiz tarixida ham koʻrish mumkin. Oʻsha taraqqiyot davrida Qurʼon va Sunnat ilmlari kuchli rivojlangan, ularga amal qilishga eʼtibor katta boʻlgan.
Shuning uchun keskin taraqqiyotga erishilgan. Ayni oʻsha paytda islomiy ilmlar boʻyicha buyuk imomlar yetishib chiqqanlar va oʻzlarining beqiyos asarlarini bitganlar.
Ushbu maʼruzada Movarounnahr farzandlari boʻlmish buyuk musulmon olimlarning ilmiy merosi haqida juda ham qisqa maʼlumotlarni taqdim qilish niyatidamiz.
Albatta, bu urinish baʼzi sarlavhalardan iborat boʻladi, xolos. Chunki Movarounnahr diyoridan yetishib chiqqan buyuk olimlarning ilmiy merosi haqida koʻp jildlik kitoblar yozilganda ham kamlik qilishini hammamiz yaxshi bilamiz.
Tasavvur qilish uchun birgina misol keltirishimiz mumkin. Ulugʻ vatandoshlarimizdan biri Najmuddiyn Umar ibn Muhammad ibn Ahmad Nasafiyning “Al-Qand fii zikri ulamai Samarqand” nomli kitobida Samarqandga tegishli bir ming oʻnta olimning tarjimai holi keltirilgan. Albatta, mazkur kitobda uning muallifiga maʼlum boʻlgan va undan oldin yashab oʻtgan ulamolar haqida maʼlumot berilgan, xolos. Ammo u bilmagan va undan keyin Samarqandda oʻtgan ulamolarning sonini Alloh taoloning Oʻzigina biladi. Movarounnahrning boshqa shaharlari haqida ham xuddi shu gaplarni takrorlashimiz mumkin.
Biz quyidagi satrlarda baʼzi ilmlar boʻyicha Movarounnahr ulamolari qoldirgan ilmiy merosdan namunalar zikr qilishga harakat qilamiz.
Alloh taolo yurtimizni Islom nuri bilan munavvar qilganda, baʼzi sahobai kiromlarga Niso va Marv kabi shaharlarda istiqomat qilishlarini nasib etdi. Albatta, sahoba roziyallohu anhumlar bor joyda hadis darslari uyushtiriladi. Odamlar tevarak atrofdan ular bor joyga kela boshladilar.
Natijada yaxshigina hadis maktabi tashkil topdi. Keyinchalik, bu maktab Isʼhoq ibn Rohavayh al-Marvaziy va Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy kabi yetuk allomalar, buyuk muhaddislarni tarbiyalab yetishtirdi. Nisodan esa eng moʻtabar olti hadis kitobi (“Sihohi sitta”)ning birini tuzgan Imom Nasaiy yetishib chiqdilar.
Marv va Nasodan keyin hadis ilmi boshqa oʻlkalarga ham tarqaladi. Turli joylardan buyuk muhaddislar yetishib chiqdilar. Ularni nomma-nom sanab chiqish mushkul, faqat eng mashhurlaridan baʼzilarini zikr qilish bilan kifoyalanamiz.
Yuqorida Isʼhoq ibn Rohavayh al-Marvaziy, Abdulloh ibn Muborak al-Marvaziy va Imom Nasaiylarni aytib oʻtdik. Ular bilan bir qatorda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy Samarqandiylarni ham butun Islom olami hadis ilmining peshvolari deb tan olgan.
Umuman hadis ilmi boʻyicha hech bir musulmon yurti bizning yurtimiz oldiga tusha olmaydi. Dunyo boʻyicha eng moʻtabar hadis kitoblari oltita boʻlib, shundan beshtasiga hamma yakdil ittifoq qilgan. Bular Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy va Imom Nasaiylarning kitoblari. Shulardan uchtasi–Imom Buxoriy, Imom Termiziy va Imom Nasaiylar yurtimiz farzandlaridir.
Oltinchi oʻrniga uchta kitob daʼvogarlik qiladi. Ulardan birining egasi boʻlmish Imom Dorimiy Samarqandiy ham yurtimizdan chiqqan.
Albatta, bundoq natijalarga erishish oʻz-oʻzidan boʻlavermaydi. Oʻsha vaqtdagi ilmiy muhit, turli hadis maktablari orasidagi oʻzaro musobaqa, ustoz va tolibi ilmlarning koʻpligi taraqqiyotga oʻz hissasini qoʻshgan. Shunchalik buyuk imomlarning yetishib chiqishi, oʻz-oʻzidan, yaʼni poydevorsiz, asossiz, kerakli omillarsiz boʻlmaydi. Shunchalik moʻtabar kitoblarning paydo boʻlishi tasodifan emas.
-
Uvatov.U Yurtimiz allomalari – Toshkent: Nihol, 2014.
-
Islom ensiklopediyasi. – Toshkent: Oʻzbekiston islom ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti, 2017.
-
100 Markaziy Osiyo mutafakkirlari – Toshkent: Yangi Nashr, 2011.