Alixontoʻra Sogʻuniyning hayot yoʻli, olib borgan faoliyatlari va asarlari xususidagi maʼlumotlar bir qancha ilmiy ishlarda mavjud boʻlib, shulardan dastlabki toʻliq maʼlumotlar uning oʻgʻli Qutlugʻxon Shokirov – Ediqut tomonidan berilgan. U 1992 yil “Sharq yulduzi” jurnalida nashr etilgan “Ikki Turkiston gʻururi” nomli maqolasi orqali otasi haqida keng jamoatchilikka maʼlumot bera boshlagan[1]. Maqolaning dastlabki qismlarida Amir Temur Taragʻay Bahodir oʻgʻlining “Temur tuzuklari”, Ahmad Donishning “Navodir al-vaqoye”, Darveshali Changiyning “Musiqa risolasi” kabi asarlar Sogʻuniy tomonidan oʻzbek tiliga tarjima qilingani haqida maʼlumot keltirilgan. Davomida esa Alixontoʻraning xalq tomonidan qanaqa atalganligi, tugʻilgan joyi, yili, ota-onasi va bolalik davrida u bilan sodir boʻlgan gʻaroyib hodisalar bayoni keltirilgan. Alixontoʻra Sogʻuniyning siyosiy va ilmiy faoliyatlari, tutqunlik va tazyiq damlari hamda sheʼrlari maqolaning davomida muxtasar shaklda, tushunarli tarzda bayon etilgan.
Alixontoʻra Sogʻuniyning nabirasi Uvaysxon Shokirov otasi Asilxontoʻra xotiralariga tayangan holda “Alixontoʻra Sogʻuniy”[2] nomli asar bitgan. Sogʻuniyning “Turkiston qaygʻusi” nomli asari ilk bor Toshkentda nashr qilinganida, unda 1938 yilgacha sodir boʻlgan voqea-hodisalar aks ettirilgan[3]. Asilxontoʻra xotiralari esa ushbu asarning mantiqiy davomi sifatida qabul qilinadi.
Yoqubjon Xoʻjamberdiyevning keng xalq ommasi uchun moʻljallangan “Sogʻuniy: Uch kitobdan iborat Manoqib”[4] nomli asari Alixontoʻra Sogʻuniyning hayot yoʻli va ilmiy faoliyatini tarixiy fakt va xotiralar asosida yoritishi jihatidan juda muhim hisoblanadi. Chunki muallif bu asardagi maʼlumotlarni Sogʻuniyning farzandlari va u kishini tanigan insonlardan ogʻzaki eshitish hamda maktublar shaklida olgan. Asardagi jumlalarni tuzishda muallif “Tarix” deb, ortidan tarixiy maʼlumotlarni keltirgan, shuningdek, muallif oʻzi, suhbatdoshlari va eng muhimi Sogʻuniyning tilidan olib voqealarni bayon etgan. Mazkur asarda dastlab, Alixontoʻra Sogʻuniy yashagan davrda dunyoda sodir boʻlgan voqea-hodisalar Sovetlar davlati siyosati bilan bogʻlangan holda yoritilgan. Chunki, bunga tarixiy asos mavjud. Shinjong hududi XX asrning 30-40 yillarda garchi Chang Kayshi hukumatiga itoat etsa-da, aslida uning oʻz puli ham mavjud edi[5]. Bu valyutaning barqarorligini esa sobiq Sovet Ittifoqi taʼminlab turgan. Hatto oʻlkaning Xami shahrida samalyotsozlik zavodi qurilib, Sovetlar hududida chiqariluvchi Il-16 rusumli harbiy samalyotlar ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan. Shinjong voliysi Sheng Shitsai ham sovetlarning doimiy qoʻllab-quvvatlovi ostida ish yuritgan. Buni uning Allen S.Uayting bilan hamkorlikda yozgan asari orqali ham bilish mumkin[6]. Yo.Xoʻjamberdiyev oʻz asarining davomida Sogʻuniyning diniy ilmi, siyosiy faoliyati va ilmiy merosini bunyod etish jarayonlari xususida qimmatli maʼlumotlar berib oʻtgan. Misol uchun, “Tarixi Muhammadiy”dan tashqari barcha asarlari va tarjimalarining yozilishi va nashr etilish tarixini keltirgan.
Sogʻuniy haqida xotiralardan iborat Shamil Almazbekov tomonidan yozilgan asar ham mavjud boʻlib, u “Benazir ustoz yoxud Alixontoʻra Sogʻuniy tibbiyot merosiga bir nazar”[7] deb nomlanadi. Muallif Sh.Almazbekov yoshligida shaxsan Alixontoʻra Sogʻuniyning oʻziddan tibbiyot ilmiga doir bilimlarni olgan. Shu nuqtai nazardan ushbu asar Sogʻuniyning tibbiyot ilmiga oid merosini oʻrganishda muhim sanaladi.
Mazkur tadqiqot mavzusiga aloqador baʼzi jihatlar Yevropa, Rossiya, Turkiya va Xitoy tadqiqotchilari tomonidan ham amalga oshirilgan boʻlib, ularning aksariyat qismi Alixontoʻra Sogʻuniyning Sharqiy Turkistonda olib borgan siyosiy faoliyatlari haqida maʼlumotlar bergan xolos. Shulardan biri A.D.V.Forbesning 1986 yilda nashr etilgan “Warlords and Muslims in Chinese Central Asia”[8] (“Xitoyning Markaziy Osiyosidagi harbiy yoʻlboshchilar va musulmonlar”) nomli kitobi boʻlib, unda Sharqiy Turkistonning 1911-1949 yillar oraligʻidagi siyosiy tarixi bayon etilgan. Ushbu asarda shuningdek, Xitoyning umumiy siyosati va uning Sharqiy Turkistonga taʼsiri kabi jihatlar ham yoritilgan. Lekin undagi asosiy urgʻu Sharqiy Turkistonda yashovchi turkiy hamda musulmon aholi hayoti, ularning yoʻlboshchilari va ular tomonidan tuzilgan respublikalarga qaratilgan. Shu nuqtai nazardan, Alixontoʻra Sogʻuniyning Sharqiy Turkiston Respublikasidagi prezidentlik davri va u bilan sodir boʻlgan siyosiy jarayonlarga ham kitobning yettita joyida murojaat etilgan. Lekin ushbu maʼlumotlar ichida Sogʻuniyning ilmiy faoliyati va merosiga doir maʼlumotlar keltirilmagan.
Alixontoʻra Sogʻuniy yashagan davrda Sovetlar hukumatining Sharqiy Turkistonda olib borgan siyosatini toʻgʻri tushunishda yordam beradigan asarlardan biri Allen S.Uayting va xitoylik general, Sharqiy Turkiston voliysi Sheng Shitsailar tomonidan hamkorlikda yozilgan boʻlib, u “Sinkiang: Pawn or Pivot?”[9] (“Shinjong: piyodami yoki oʻq?”) deb nomlanadi. Asar ikki qismdan iborat boʻlib, birinchi qismda 1933-1949 yillar oraligʻida sovetlarning Shinjongdagi strategiyasi haqida soʻz yuritilgan. Ikkinchi boʻlim esa Xitoy va sovetlar davlati oʻrtasida vositachilikni bajargan xitoylik general Sheng Shitsaining xotiralaridan iborat. Shuni ham taʼkidlab oʻtish lozimki, mazkur asarda Alixontoʻra haqida alohida maʼlumotlar mavjud emas.
Rus tadqiqotchilaridan Viktor Petrov oʻzining “Myatejnoye “serdse” Azii. Sinszyan: kratkaya istoriya narodnыx dvijeniy i vospominaniya”[10] (Osiyoning isyonkor yuragi. Shinjong: xalq harakatlari va xotiralarining qisqacha tarixi”) nomli asari orqali Sogʻuniy haqida baʼzi notoʻgʻri maʼlumotlarni ilgari surgan. Lekin, shunday boʻlishiga qaramay V.Petrov Sharqiy Turkiston milliy armiyasiga qarshi janglarda shaxsan qatnashganligi bois uning mazkur asari tadqiqotchilar nazdida eʼtiborli sanaladi.
Oʻzining harbiy harakatlari bilan mashhur boʻlgan boshqa bir rus tadqiqotchisi Vadim Obuxovning “Sxvatka shesti imperiy. Bitva za Sinszyan”[11] (“Olti imperiya olishuvi, Shinjong urushi”) nomli asari mavjud boʻlib, unda Sharqiy Turkistonga koʻchib kelgan rus millatiga mansub aholi va ularning Sharqiy Turkiston Respublikasidagi oʻrni haqidagi maʼlumotlar keltirilgan. Shu bilan bir qatorda Sogʻuniy haqida ham toʻxtalib oʻtgan.
Sharqiy Turkiston ozodligi kurashchilaridan bir nechtasi ham oʻz xotiralarini kitob shaklida nashr etgan boʻlib, ularda Alixontoʻra Sogʻuniy haqida ham maʼlumotlar berib oʻtilgan. Shulardan biri Sharqiy Turkiston Islom Respublikasi tashkilotchilaridan, uygʻur siyosatchisi Mehmed Amin Bugʻro boʻlib, u oʻz xotiralarini “Doğu Türkistan: Tarihi, Coğrafi ve Şimdiki Durumu”[12] (“Sharqiy Turkiston: Tarixi, geografiyasi va hozirgi ahvoli”) nomli kitobga tushirgan. Muallif unda Alixontoʻra faoliyati, shuningdek, Sharqiy Turkiston siyosatiga ruslarning aralashuvi bilan bogʻliq maʼlumotlarni bergan. Sharqiy Turkiston Respublikasining bosh kotibi lavozimida ishlagan Iso Yusuf Alptegin ham oʻz xotiralarini kitob holiga keltirgan boʻlib, u “Esir Doğu Türkistan için”[13] (“Tutqunlikdagi Sharqiy Turkiston uchun”) deb nomlanadi. Mazkur kitobda Sharqiy Turkistonning umumiy ahvoli va Alixontoʻra Sogʻuniyning siyosiy faoliyatlariga doir qimmatli maʼlumotlar mavjud.
Turk tilida ham Alixontoʻra Sogʻuniy hayoti, siyosiy va ilmiy faoliyatlariga doir bir nechta ilmiy ishlar amalga oshirilgan boʻlib, ulardan eng mashhuri Yilmaz Poʻlat tomonidan yozilgan “Şerqi Türkistanın Azadlığı Uğrunda Mübarizede Ali Xan Töre Saquninin Tarixi Rolu”[14] (“Sharqiy Turkiston ozodligi yoʻlidagi kurashda Alixontoʻra Sogʻuniyning tarixiy ruli”) nomli asaridir. Muallif ushbu mavzu doirasida dastlab, Ozarbayjon Kavkaz universitetida doktorlik ishini amalga oshirgan[15], soʻngra ilmiy ishini kitob holida Istanbulda nashr ettirgan. Shuningdek, P.Yilmaz Sogʻuniyning ilm va davlat arbobi ekanligi hamda Sharqiy Turkiston Respublikasi prezidenti sifatidagi faoliyatlarini yorituvchi maqolalar muallifi ham sanaladi[16].
Xitoy manbalaridan (“Xitoyning Xinjiang mintaqasi: oʻtmishi va hozirgi ahvoli”) nomli kitob Alixontoʻra Sogʻuniy va uning Sharqiy Turkistonda olib borgan harbiy-siyosiy faoliyatlariga Xitoy tomoni qanday munosabatda ekanligini bilish nuqtai nazaridan muhim sanaladi. Ushbu kitob bir nechta xitoylik tarixchilarning maʼlumotlariga asoslanib yozilgan. Shunisi qiziqki, mazkur kitobda sobiq Sovetlar imperiyasi hududida muomalada boʻlgan “panturkist”, “panislomist” atamalari Xitoy tomonidan Alixontoʻraga nisbatan qoʻllanilgan. Uning baʼzi safdoshlari esa qahramon sifatida talqin etilgan. “شىنجاڭ تارىخ ماتېرىياللىرى”[17] (“Shinjong tarix materiallari”) toʻplamida ham Alixontoʻra yashagan davr voqealari bugungi Xitoy mafkurasi asosida yoritilgan.