Oʻzbekiston elchixonasi xodimlarining Oʻmon Sultonligi arxiv va hujjatlarni saqlash milliy boshqarmasi rahbari Hamad bin Muhammad al-Davyaniy bilan uchrashuvi boʻlib oʻtdi.
Muloqot chogʻida Oʻzbekistonning ilmiy fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalar boʻyicha birgalikda tadqiqotlar olib borish, Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bilan hamkorlik aloqalarini yoʻlga qoʻyish masalalari muhokama qilindi.
Hamad bin Muhammad al-Davyaniy Oʻzbekistonning ilmiy fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozmalar noyobligi va islom tamadduni nuqtai nazaridan muhim ahamiyatga ega ekanligi bois dunyo olimlarining eʼtiborini oʻziga tortib kelayotganini taʼkidladi.
Oʻmonlik olim Oʻzbekistonda faoliyat koʻrsatayotgan islom tadqiqot markazlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni oʻrnatish, ikki davlatning ushbu soha mutaxassislari ishtirokida xalqaro anjumanlarni birgalikda oʻtkazish, bu yoʻnalishdagi masalalarni atroflicha muhokama qilish maqsadida delegatsiyalar almashishga tayyor ekanligini maʼlum qildi.
Shuningdek Hamad bin Muhammad al-Davyaniy arxiv ishi, manbalarni taʼmirlash va saqlash boʻyicha mutaxassislar malakasini oshirish, oʻzaro tajriba almashish borasida ham hamkorlikka tayyorligini bildirdi.