Home / ALLOMALAR / LAKNAVIYNING USTOZLARI

LAKNAVIYNING USTOZLARI

Salaf ulamolari davrida taʼlim olish shogird ustoziga roʻbaroʻ boʻlib, oʻz ogʻzidan eshitish orqali amalga oshgan. Bunga kitoblarning ozligi hamda xato va toʻqima ilmdan ehtiyot boʻlish sabab boʻlgan. Bu bilan shogird foydali ilmga erishgan va rivoyatlar sanadini saqlab qolgan. Shu yoʻlda barchasi bir-biriga ergashib, omonatni keyingi avlodga asrab-avaylab yetkazgan. Ular ilm yoʻlida uzoq safarlar qilib, ustozlarga koʻproq yoʻliqishga intilgan. Hatto bir shogirdning bir qancha ustozi boʻlishi islom olamida shariat ilmlarining keng yoyilishiga olib kelgan. Shogirdlar ustozlarining koʻpligidan faxrlanib, ular uchun katologlar tuzgan.

Ammo vaqt oʻtishi bilan bosmaxonalarda kitoblarning koʻp adadda nashr etilishi yoʻlga qoʻyildi. Oqibatda salaf ulamolarining ilm olishdagi uslubi asta-sekin diqqat-eʼtibordan chetda qola boshladi. Natijada shogirdlar ilm tahsil qilishda kitoblarga ustozlar qatorida suyanadigan boʻldi. Qolaversa, mutaqaddim ulamolar nazdida ahamiyatli sanalgan sanad ilmiga ham eʼtibor susayib ketdi. Bu paytda shogirdlar ilm talab qilishda mutaaxxir ulamolar tomonidan qabul qilingan yoʻlni, yaʼni bir sohadagi iqtidorli ustozni yoki turli ilmlarni olish uchun uzoq muddatda bir necha ustozni lozim tutishni afzal bildi.

Abdulhay Laknaviy ham kitoblarning nashrlari keng yoyilgan davrda tugʻilib voyaga yetgan. Uning ilm olishiga mutaaxxir ulamolarning uslubi oʻz taʼsirini koʻrsatgan. Shuning uchun ham bevosita ustozlarini barmoq bilan sanasa boʻladi. Biroq ustozlarining ozligi Laknaviyning ilmiy faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatmagan. Balki alloma ilmda, qoʻlyozmalarni tahqiq etish, kitoblar taʼlif qilish va dars berishda yuqori choʻqqilarni egallagan. Bunga u kishining ustozlari va asrdosh doʻstlari hamda qiymati baland kitoblari guvohlik beradi.

Allomaning bevosita ilm olgan ustozlaridan birinchisi oʻz otasi Abduhalim ibn Muhammadamin boʻlib, oʻgʻlining ilmiy salohiyatiga katta taʼsir etgan insondir. U 1239/1823 yil Laknav shahrida tugʻilgan. Oʻn yoshida Qurʼoni karimni yodlab tugatgach, otasidan arab tili grammatikasiga oid qoidalarni oʻrgangan. Keyinchalik ona tomondan bobosi Muhammad Zuhurullohdan (vaf. 1256/1840), otasining amakisi Muhammad Asgʻordan (vaf. 1255/1839), togʻasi Neʼmatullohdan (vaf. 1290/1873) dars olgan.

Naqliy va aqliy ilmlarni oʻzlashtirgandan soʻng “Imamiyyatul hanafiyyatu” madrasasida talabalarga dars bergan. 1279/1862 yilda haj ziyorati uchun Makka va Madina shaharlariga borishga muyassar boʻlgan. Fursatdan foydalanib, muhaddis va mufassir olim Jamol ibn Umar Hanafiydan (vaf. 1284/1867), faqih Ahmad ibn Zayniydan (vaf. 1304/1887), Nabaviy masjidining mudarrisi Muhammad ibn Muhammad Shofeiydan, Mavlono Abdurashid ibn Ahmad Dehlaviy (vaf. 1296/1879) kabi ulamolardan ijoza olgan.

Abdulhay Laknaviyning otasi 1285/1868 yil Shaʼbon oyida 46 yoshida vafot etib, Haydarobodda dafn etilgan.

Abdulhay Laknaviyga otasi bu tarzda ijoza bergan: “Men koʻzimning qorachigʻi, Qurʼon hofizi Abul Hasanot Muhammad Abdulhayga taʼlim berdim. Alloh taolo uni ochiq-oydin shariatning yoyuvchisi qilsin hamda aqliy va naqliy ilmlarning barchasida kuchli zehn bilan quvvatlasin. Oʻgʻlim mendan aqliy va naqliy dalillarni, furuʼ va qoidalarni oʻz ichiga olgan kitoblardan ijoza berishimni qatʼiyat bilan soʻradi. Men unga mana shu ilmlarda ijoza berdim”.

Yana bir ustozi Neʼmatulloh ibn Nurulloh ibn Valiyyullohdir. U Laknav shahrida tugʻilib oʻsgan. Shariat ilmlarini otasi va amakisi Zuhurullohdan dars olgan. U oʻz davrining ulugʻ olimlaridan boʻlib yetishib, Laknav shahridagi musulmonlar diniy idorasining fatvo boʻlimiga boshchilik qilgan. Abdulhay Laknaviy undan fiqhiy kitoblarga yozilgan sharhlarni, Tusiyning “Usturlob” risolasini, Sayyid Jurjoniyning “Sharhut tazkira” asarini va Xufriyning unga yozgan sharhini oʻqigan.

Neʼmatulloh ibn Nurulloh 1290/1873 yilda Banoris shahrida vafot etgan.

Uchinchi ustozi – Muhammad Husayn Muzaffar Furiy. U Fur viloyatining Bahor shahrida tugʻilgan. Allomaning otasi Abduhalim Laknaviydan shariat ilmlarini oʻrgangan. Qisqa muddatda ustozining xos shogirdiga aylanib, unga shaharda ham, safarda ham hamrohlik qilgan. Abdulhay Laknaviy “Sioya” kitobining muqaddimasida bu soʻzlarni aytgan: “Men otamning shogirdi, xos doʻsti, shaharda ham, safarda ham hamrohi Muhammad Husayn Muzaffar Furiydan dars oldim”[1]. Alloma bu ustozidan shariat ilmlari bilan birga, fors tili va matematikadan ham taʼlim olgan. Muhammad Husaynning ahamiyatli ishlaridan biri Abdulhay Laknaviyning vafotidan keyin qoʻlyozma asarlarining yoʻqolib ketishidan va shikastlanishidan saqlab, ularning nashr etilishiga oʻz hissasini qoʻshganidir.

Bundan tashqari, Abdulhay Laknaviy naqliy va aqliy ilmlarda Abu Abbos Ahmad ibn Zayniy, Ali Haririy, Abdulgʻani ibn Abusaid, Muhammad Abdulloh ibn Ali Usmon kabi oʻz davrining yetuk ulamolaridan ijoza olgan. Ular allomaning ilmini maqtab, fazilatli inson ekaniga iqror boʻlgan, turli ilmlarda ijoza olishga haqli inson deb topgan. Allomaga berilgan ijozalarda kelgan iboralarga sinchiklab qaralsa, ustozlari ham uning puxta ilmi va nozik farosatidan foyda olganiga guvoh boʻlamiz.

Otabek BAXRIYEV
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

[1] Abdulhay Laknaviy. Muqaddimatus Sioya. – B. 41.

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …