Musnad deb, lugʻatda yerdan koʻtarilgan va sathdan baland narsaga aytiladi. Istilohda esa, muhaddislar uni ikki xil maʼnoda talqin qilgan:
Birinchisi musnad hadisning roviylarning zanjiri, deb taʼriflanadi. Chunki musnad bu oʻrinda roviylarni bogʻlaydigan naqldir. Bu ibora asosan Nabiy sollallohu alayhi vasallamga nisbat berilganda ishlatiladi. Garchi, roviy oʻzidan oldingi roviydan tinglaganini bayon qilmagan boʻlsa-da, anʼanaga koʻra, har bir roviy hadisni oxirigacha oʻzidan yuqoridagi kishidan eshitadi.
Baʼzi musanniflar oʻz kitoblarida mana shu maʼnoni ishlatgan. Asarlarining nomi musnad atalmasa ham, hadisning sanadi jihatidan “musnad” degan. Masalan, Imom Buxoriyning “Al-Jomiʼus sahih”, Imom Dorimiyning “Sunanud Dorimiy”, Ibn Xuzaymaning “Sahihi Ibn Xuzayma”, Ibn Hibbonning “Sahihi Ibn Hibbon” va boshqalarni aytib oʻtish mumkin.
Ikkinchisi musnad kitoblar boʻlib, unda bir sahobadan turli mavzudagi hadislar birin-ketin keltiriladi. Shu roviyning hadislari tugagach, boshqasining hadislari bilan davom ettiriladi. Bunday kitoblarga misol tariqasida Imom Ahmad, Abu Yaʼlo Mavsuliy, Humayd Keshiy kabi allomalarning “Musnad”larini koʻrsatish mumkin.
Ulamolar musnad asarlarining bir necha xil yozilish usullarini aytib oʻtgan. Birinchi usul har-bir sahobiy alifbo boʻyicha davom etgan. Keyingi usul qabilalar tartibiga koʻra boʻlib, Bani Hoshimdan boshlangan. Soʻng nasabi Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinrogʻi bilan davom ettirilgan. Yana bir usuli sahobaning islomga kirish navbati va dindagi mavqei boʻyicha, masalan, jannatga bashorat qilingan oʻn sahobadan boshlab, ulardan keyin Badr jangida qatnashganlar, soʻng Hudaybiyada bayʼat qilganlar, keyin navbatdagi oʻrinda turadiganlar olinib, u zotning rivoyat qilgan hadislari birin-ketin keltirilgan.
Tarixchi Xatib Bagʻdodiyning taʼkidlashicha, oxirgi usul musnad kitoblarni tuzishdagi eng yaxshisidir.
Hadislarni jamlab, tasnif etish xalifa Umar ibn Abdulazizning tashabbusi bilan boshlangan. Xalifa hijozlik olim Muhammad ibn Shihob ibn Muslim Zuhriy Madaniyga hadislarni yozma ravishda toʻplashni buyurganidan soʻng, u hadislarni toʻplab, bir kitobga jamlagan. Bu ilk rasmiy hadis toʻplami boʻlgan.
Musnad asarlarining tasnifi bosqichma-bosqich rivojlanib borgan. Ular sahobalar, keyin tobeinlar va tabaʼ tobeinlar davrida oʻziga xos uslublarda yozilgan. Musnad yoʻnalishida tasnif etilgan asarlar davrlarga qarab quyidagicha shakllanib borgan:
– Sahobalar davrida yozilgan musnad asarlar: “Musnadi Abi Bakr”, “Musnadi Umar ibn Xattob”, “Musnadi Oisha binti Abi Bakr”, “Musnadi Bilol ibn Raboh”, “Musnadi Said ibn Vaqqos”;
– Tobeinlar davrida yozilgan musnad asarlar: “Musnadi Umar ibn Abdulaziz”, “Musnadi Abi Hanifa”.
Tabaʼ tobeinlar va ulardan keyingi davrlarda yozilgan musnad asarlar:
- “Musnadi Abdulloh ibn Muborak Marvaziy” (vaf. 181/797 y.);
- “Musnadi Abi Davud Tayolisiy” (vaf. 204/819 y.). Bu alloma vafot etgan yili eʼtiboridan “Musnad” asarini birinchi boʻlib yozganlardan deb taʼkidlangan;
- “Musnadi Abi Bakr ibn Abi Shayba” (vaf. 235/849 y.);
- “Musnadi Isʼhoq ibn Ibrohim Hanzaliy” (vaf. 238/852 y.);
- “Musnadi Imom Ahmad ibn Hanbal” (vaf. 241/855 y.). Bu asar musnadlar orasida eng katta hajmlidir;
- “Musnadi Ahmad ibn Ibrohim Davraqiy” (vaf. 246/860 y.) ;
- “Al-Muntaxab min musnadi Abd ibn Humayd Keshiy” (vaf. 249/863 y.);
- “Musnadi Yaqub ibn Shayba Davdusiy” (vaf. 262/876 y.) ;
- “Musnadi Ahmad ibn Ibrohim Tarasusiy; (vaf. 273/886 y.).
Mazkur asarlar musnad yoʻnalishida yozilgan eng ahamiyatli hadis toʻplamlari sanaladi.
Shuningdek, “Musnadi Musaddad ibn Musarhad” (vaf. 228/843 y.), “Musnadi Muhammad ibn Yahyo Adaniy” (vaf. 243/857 y.), “Musnadi Ahmad ibn Maniʼ Bagʻaviy” (vaf. 244/858 y.) kabi ilmiy merosimizdan yoʻqolib, faqat nomi qolgan asarlar ham mavjud boʻlgan.
Hadis ilmi bilan shugʻullangan allomalar xizmati benihoya buyukdir. Ularning eng yuksak martabalilari Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga yaqinroqlari boʻlgan. Ular hadislarni umumiy jamlab, tartibga solib, keyingi muhaddislarga kashfiyot eshiklari ochilishini osonlashtirib bergan.
Bu buyuk muhaddislarning hayoti, ijodi va yozgan asarlari ibrat maktabidir. Ular qoldirgan boy ilmiy-maʼnaviy merosini oʻrganib, keng jamoatchilikka yetkazish ham ilmiy, ham amaliy ahamiyatga molik dolzarb vazifalardan hisoblanadi.