Kecha Oʻzbekistondagi ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari hamda Malayziyadagi Islomni anglash instituti hamkorligida “Islom bugun” nomli xalqaro vebinar oʻtkazildi.
Unda Islomni anglash instituti rahbariyati, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi olim va tadqiqotchilari ishtirok etdi.
Vebinarda Markaz ilmiy xodimi Alouddin Nematov maʼruza bilan qatnashib, zamonaviy dunyoda siyosiy bellashuvlar fonida yuzaga kelayotgan islomofobiyaning salbiy oqibatlari xususida toʻxtaldi. Notiq islomni terror bilan sifatlashni nazarda tutuvchi mazkur tushunchaga qarshi qator ilmiy dalil hamda maʼlumotlar keltirdi.
Vebinar davomida islom tarixi va madaniyati, shuningdek, uning bugungi globallashuv jarayonlarida ijtimoiy hayotning ajralmas boʻlagi sifatidagi oʻrni kabi mavzular muhokama qilindi.
Vebinar davomida mamlakatimizda diniy eʼtiqod erkinligini, konfessiyalararo hamjihatlikni, qolaversa millatlararo totuvlikni taʼminlash yoʻnalishida amalga oshirilayotgan tadbirlar samaralari alohida eʼtirof etildi. Istiqbolda diniy tusdagi turli ixtiloflar ehtimolini butunlay bartaraf qilish, bu borada mavjud barcha kuch va imkoniyatlarni birlashtirish, dinning yaratuvchilik, bunyodkorlik va dunyoviy taraqqiyparvarlik gʻoyalarining ilmiy asoslarini yanada mustahkamlash zarurati nuqtai nazaridan, bugungi kunga qadar xalqaro koʻlamda oʻtkazilayotgan turli ilmiy-amaliy tadbir va anjumanlar salohiyatini sezilarli darajada oshirish, Oʻzbekiston va Malayziya olim hamda tadqiqotchilarining oʻzaro tajriba almashuvi va malaka oshirish ishlarini yanada jadallashtirish, umumiy jihatdan esa ilmiy aloqalarni yanada rivojlantirish ehtiyoji doimiy ekani taʼkidlandi.
Bu borada ilmiy faoliyat va tadqiqotlarni sifat jihatidan yangi pogʻonalarga koʻtarish, erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlarni keng ommalashtirish zarurati qayd etildi.