Home / MAQOLALAR / MARHUM OLIMLARNING TIRIKLAR ZIMMASIDAGI HAQQI

MARHUM OLIMLARNING TIRIKLAR ZIMMASIDAGI HAQQI

Olimning oʻlimi koʻp-koʻp yaxshilikning qoʻldan boy berilishi bilan barobar. Uning tirikligi gʻanimat, oʻlimi musibatdir. Chunki olim oʻz nuri bilan yon-atrofiga ziyo taratib turuvchi shamga oʻxshaydi. Uning oʻlimi ilmning kamayishi va ilmsizlikning koʻpayishiga, odamlarning toʻgʻri yoʻldan ogʻishishi va haqiqatdan uzoqlashishiga sabab boʻladi.

Abdulloh ibn Amr ibn Os roziyallohu anhumo bunday degan: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Albatta, Alloh odamlardan ilmni birdaniga tortib olib qoʻymaydi. Lekin uni olimlarning jonini olish bilan tortib oladi. Toki biror olim qolmagach, odamlar johil kimsalarni oʻzlariga boshliq qilib oladilar. Oʻshalardan savol soʻrashadi, ular esa bilmay turib fatvo beradilar. Shu bilan oʻzlari ham zalolatga ketadilar, oʻzgalarni ham zalolatga yetaklaydilar”, deb aytayotganlarini eshitdim”(Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Hasan Basriy rahimahulloh: “Olimning oʻlimi Islomdagi kemtik boʻlib, uni zamonlar oʻtishi toʻldira olmaydi”, degan (Ibn Abdulbar. Jomeu bayonil ilmi va fazluh. – B. 202).

Odamlar Said ibn Jubayr roziyallohu anhudan: “Qiyomat qoyim boʻlishi va odamlar halokatga yuz tutishining qanday alomati bor?” deb soʻradi. U: “Olimlar vafot etib ketgan boʻlishi”, deb javob berdi (Oʻsha manba).

Insonlar saodati va yurtlar obodligi borasida ulamolarning oʻrni muhimligi uchun ular ana shunday buyuk daraja egalaridir. Musulmonlar ulamolarning vafotidan keyin ular oldidagi burchlarini ado etishlari lozim. Ularning burchi, jumladan, ushbulardir:

  1. Ularni faqat yaxshi gaplar bilan yodga olish, qilib ketgan xizmatlarini eʼtirof etish.

Imom Tahoviy rahimahulloh: “Avvalgi ulamolarning salaflari va ulardan keyingi tobeinlar, olimlar, muhaddislar, faqihlar va mujtahidlar faqat yaxshilik bilan tilga olinadi. Ularni yomonlik bilan tilga olgan kimsa moʻminlar yurgan yoʻldan boshqasidadir”, degan.

Ha, olimlarni yaxshilik bilan tilga olish, ular haqida biron bir yomon gap gapirmaslik yoki taʼna qilmaslik zamirida Allohning quyidagi amrlariga itoat qilish bor:

“Moʻminlar va moʻminalar bir-birlariga doʻstdirlar”(Tavba surasi, 71-oyat)“Alloh sizlardan imon keltirgan va ilm ato etilgan zotlarni (baland) daraja (martaba)larga koʻtarur”(Mujodala surasi, 11-oyat) va “Agar uni Paygʻambarga yoki oʻzlaridan boʻlgan amirlarga yetkazsalar, uni bilib olishni istovchilar oʻshalardan (soʻrab) bilaverar edilar”(Niso surasi, 83-oyat).

Demak, Alloh taolo yuqoridagi oyatlarda ilm ahlining darajasi, ilm va ulamolarning fazlini, Oʻzi ularga ato etgan ilm neʼmati sababli darajalari boshqa moʻminlarnikidan koʻra balandroq ekanini bayon qilgan. Shuningdek, moʻmin moʻminning doʻsti ekanini, uni doʻst tutishini ham taʼkidlamoqdaki, bu doʻstlikning maʼnosi uni yaxshi koʻrish va yordam berishdir. Ahli sunna val jamoa mazhabiga koʻra, ana shu yaxshi koʻrish va yordam berish imonning kuchli yoki kuchsizligiga qarab farq qiladi. Binobarin, moʻminning imoni mukammal boʻlsa, boshqalardan koʻra oʻzining moʻmin birodarini koʻproq yaxshi koʻradi va unga yordam beradi.

Maʼlumki, ulamolar Qurʼoni karimda ham, hadisi sharifda ham ham maqtab gapirilgan. Shunday ekan, yuqoridagi oyat va hadislar taqozosidan kelib chiqib, olimlarni doʻst tutish, yaxshilik bilan tilga olish, yaxshi koʻrish va ularga yordam berish, ular haqida faqat yaxshi gaplarni gapirish lozim. 

Qolaversa, diniy masalalarda xato qilgani uchun olimlarni taʼna qilish aslida barcha shariat ulamolarini taʼna qilish darajasida qabul qilinadi. Bu narsa odamlar qalbida ularga nisbatan ixlos va muhabbatning kamayishiga olib keladi. Natijada diniy ilmlardan oʻzlari bilmaganlarini toʻgʻri kelgan manbalardan olaveradigan, oyat va hadisdan gapirgan har kimning ortidan ergashib ketaveradigan holatga kelib qoladilar. Bu esa musulmonlar birligi va yurt barqarorligiga raxna soladi.

2. Olimlarning ummatga tekkan foydalari va yaxshi tomonlarini gapirib, ularning xizmatlari va nomlarini yoddan chiqarmaslik.

Bu ularning hayot yoʻllarini oʻqib oʻrganish, ilm talabida safar qilgan yurtlari va mehnatlari bilan tanishish, har bir zamonning oʻziga xos turli xil ommaviy axborot vositalari orqali asarlarini keng targʻib qilish bilan amalga oshiriladi. Zero, qanchadan-qancha olimlar borki, vafot etib ketgan boʻlsalar ham asarlari va qilgan ishlari bilan nomlari barhayotdir. Odamlarni mudom yaxshilikka, goʻzallikka va yaxshi odamlarga ergashishga targʻib qilib keladigan asarlar qoldirib ketgan.

Abu Bakr ibn Ayyosh rahimahulloh: “Haqiqatan, ahli sunna ulamolari oʻladi, ammo nomlari barhayotdir. Bidʼat egalari oʻladilar, ularga qoʻshilib nomlari ham yoʻq boʻlib ketadi. Chunki ahli sunna olimlari Paygʻambar alayhissalom olib kelgan narsani hayotga tatbiq qilib yashaydi. Shuning uchun ularga ham Alloh taoloning: “Zikringizni (ismingizni) ham baland koʻtarib qoʻydik”(Sharh surasi, 4-oyat), degan soʻzidan bahramandlik nasib etdi.

Bidʼat egalari Paygʻambar alayhissalom olib kelgan narsani yomon koʻrsatib yashaydi. Shuning uchun ularga Alloh taoloning: (Ey Muhammad!) Albatta, Biz Sizga Kavsarni ato etdik”(Kavsar surasi, 3-oyat), degan soʻzidan munosib ulush tegadi”.

Qilishimiz lozim boʻlgan ish ular ekib ketgan koʻchatlarning pishib yetilgan hosilini terib olish, yozgan asarlaridan foydalanish, qilgan yaxshiliklarini eʼtirof etish, ularni faqat yaxshilik bilan tilga olish va qalbimizni ularning muhabbati bilan sugʻorishdir.

Ilmni ularga nisbat berish ilmiy omonatdorlik hisoblanadi. Shu bois biror olimning kitobidan biror maʼlumotni naql qiladigan boʻlsak, uning xizmatini unutmaslik, masalan, “Hofiz Falonchi aytib oʻtganidek”, “Shayx Falonchi taʼkidlaganidek”, deya ularning nomlarini ham tilga olib oʻtishimiz, odamlarga uni xuddi oʻzimiz topgan ilmiy yangilikdek qilib koʻrsatmasligimiz kerak.

3. Olim odamning janozasida ishtirok etish, ularga Allohning rahmatini tilab duo qilish.

Biror olim vafot etsa, uning janoza namozida qatnashish, unga Allohning rahmatini soʻrab duo qilish musulmonlarning yaxshilikka boʻlgan ishonchini oshiradigan ishlardan hisoblanadi. Bu narsa ular oʻrtasidagi rishtaning mustahkamligidan dalolatdir. Chunki musulmon odam birodarining xursandchiligidan shod, xafaligidan mahzun boʻladi. Bu – musulmon birodarining haqqini ado etishning amaliy ifodasi ham. Abu Hurayra roziyallohu anhu: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning: “Musulmonning musulmondagi haqqi beshtadir.Salomga alik olish, kasalni borib koʻrish, janozaga ergashish, taklif etsa borish va aksa ursa “yarhamukallohu!” deb yaxshilik tilashdir”, deb aytayotganlarini eshitdim”(Imom Buxoriy rivoyati).

Vafotetib ketgan ulamolar haqiga Allohning rahmatini soʻrab duo qilishi, janozasida qatnashishi va boshqalar musulmonlar zimmasiga vojibdir. Masalan, Imom Ahmad ibn Hanbal vafot etganida musulmonlar xuddi shunday ish qilgan. Marvaziy rahimahulloh bunday yozadi: “Abu Abdulloh hijriy 241 (mil.855) yilning Rabiul avval oyidan ikki kun oʻtib, chorshanba kechasi kasal boʻlib qoldi. Kasalligi toʻqqiz kun davom etdi. Bu xabarni eshitgan odamlar uni koʻrish uchun oqib kela boshladi. Kecha-yu kunduz eshigining oldidan ketmadi. Oldiga kirishga izn berganida odamlar guruh-guruh boʻlib uning oldiga kirar va unga salom berar, u esa qoʻli bilan ishora qilib, alik olar edi. Vafot etganida odamlar dod-voy solib yigʻladi, hatto dunyo ham tebranib ketgandek boʻldi”.

Muso ibn Horun rahimahulloh bunday deydi: “Aytishlaricha, Imom Ahmad ibn Hanbal vafot etganida odamlar janoza namozi oʻqish uchun turgan tekis yerning maydoni oʻlchandi. U taxminan olti yuz mingdan koʻproq odamni sigʻdiradigan maydonga teng hududni tashkil etgan. Oʻsha maydondan tashqarida, tepaliklar, tomlar va turli joylardagi ming-minglab musulmonlar bundan mustasno” (Ibn Javziy. Sifatus sofvati. J. 2. – B. 356-358).

Demak, olimlarning oʻlimi ogʻir musibat, katta falokatdir. Chunki halol bilan haromni, foyda bilan zararni, haq bilan botilni bilib olishda ularning xizmatlari kattadir.

Imom Ojurriy rahimahulloh ulamolarning darajalari haqida gapirayotib bunday yozadi: “Ularning tirikligi gʻanimat, oʻlimlari musibatdir. Ular gʻofillarga eslatma, johillarga ilm beradilar. Ulardan yomonlik va xavf-u xatar yetmaydi. Odoblari goʻzalligi uchun itoatkor bandalar savob ishda oʻzaro bellashadi, chiroyli pand-u nasihatlari sabab isyonkorlar toʻgʻri yoʻlga qaytadi. Barcha odamlar ularning mehnatlariga muhtoj, qarshi chiqqanlarga ularning soʻzlarida hujjat bor. Ularga itoat qilish barcha odamlar zimmasiga vojib, itoatsizlik haromdir. Ularga itoat qilganlar toʻgʻri yoʻlda, itoatsizlik qilganlar zalolatdadir” (Axloqul ulamo. – B. 6).

Xulosa qilib aytganda, musulmonlar ulamolarning haqqini ado etishi, hatto mavqelari, yaxshi ishlari, ilm va dinni keng tarqatishlarini yodda tutishi kerak. Bu – ularni yaxshi koʻrish, obroʻlarini himoya qilish va hurmatlarini joyiga qoʻyish bilan boʻladi. Chunki olimlar taʼna qilinadigan boʻlsa, haybati yoʻqoladi, ilmni odamlarga yetkazuvchi kishilar aynan oʻshalar boʻlgani uchun shariat ham odamlarga qadrsizdek koʻrinib qoladi. Yetarli diniy ilmga ega boʻlmagan kishilar oʻzlarining ilmga boʻlgan ehtiyojlarini duch kelgan manbadan olaverishi, natijada oʻzlari va oʻzgalarning adashib qolishiga sabab boʻladi.

Alouddin NЕMATOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …