Home / FOTO LAVHALAR / OLIY FAZILATLAR TARGʻIB QILINDI

OLIY FAZILATLAR TARGʻIB QILINDI

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi Farmoni bilan tasdiqlangan “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan Shveysariyadagi Bazel universitetining tarix va etnografiya fakultetida “Imom Buxoriy asarlari misolida islom sanʼati” koʻrgazmasi tashkil etildi.

   

Koʻrgazmada Bazel universiteti pedagog va talabalari, islomshunos olim va mutaxassislar, davlat va jamoat arboblari, sanʼat sohasi vakillari va ixlosmandlari ishtirok etdi.

      

Islom dini ravnaqi va islom sivilizatsiyasi rivojida benazir ahamiyatga molik Imom Buxoriy asarlarida tarannum etilgan yuksak odob-axloq, ilmga muhabbat, Vatanga sadoqat singari ezgu umuminsoniy qadriyatlarni sanʼat orqali keng targʻib qilish maqsadida tashkil etilgan koʻrgazma ishida taniqli miniatyurachi Davlat Toshev, xattotlik sanʼati boʻyicha tajribali rassom Kamoliddin Abdullayev, yosh va isteʼdodli ijodkorlar – xattot Sheyxa Abdullayeva, grafikachi rassom Yoqub Beknazarov va fotosuratchi Muhiddin Ali kabi taniqli madaniyat namoyondalari asarlaridan foydalanildi.

Asarlar hadislar yordamida tavsif talqin qilindi. Bu esa koʻrgazma ishtirokchilari uchun islomning asosiy manbalari bilan yaxshiroq tanishish imkonini berdi. Ishtirokchilar shuningdek, Oʻzbekistonning eng yorqin va xalqaro miqyosda tan olingan, islom sanʼatiga professional jihatdan yondoshgan, unga maʼnan va ruhan yaqin va sodiq sanʼatkorlar ijodi orqali xalqaro hamjamiyatni buyuk muhaddis Vatanining madaniy merosi bilan tanishtirildi.

      

Koʻrgazmada sanʼatning miniatyura, xattotlik, kitobga bezak berish, tasviriy sanʼat, grafika sanʼati, zamonaviy sanʼat installyatsiyalari kabi turlariga oid asarlar namoyish etildi.

Imom Buxoriyning sahih hadislarni toʻplash borasidagi izlanishlari va sayohatlarini oʻzida aks ettirgan tadbirda tinchlik, ilmga intiluvchanlik va bagʻrikenglik kabi fazilatlarni oʻzida mujassam etgan ezgu din – muqaddas islom gʻoyalarini umuminsoniy qadriyatlar sifatida targʻib qilindi.

Maʼlumot oʻrnida: mazkur universitet Yevropaning qadimiy mustaqil oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, 1460 yilda faoliyat boshlagan. Ayni paytda uning mavjud yettita fakultetida 13 mingga yaqin talaba tahsil oladi. Universitet huzurida 1919 yilda Qoʻshimcha taʼlim kolleji, 1997 yilda Qariyalar universiteti, 2004 yilda Bolalar universiteti tashkil qilingan. Uning qoshida bugungi kunda 40 dan ortiq tarixiy muzey faoliyat olib bormoqda.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …