Shu yil 19 oktyabr kuni Bokuga tashrif doirasida Muftiy Nuriddin domla hazratlari Qozogʻiston bosh muftiysi Navroʻzbay Tagʻanuli hazratlari va Turkmaniston muftiysi Yalkap Xojaguliyev janoblari bilan uchrashuv oʻtkazdilar. Unda Oʻzbekistonning Bokudagi elchixonasi va uch qardosh yurt muftiyligi vakillari ishtirok etdi.
Samimiy muloqot chogʻida Oʻzbekiston bilan Qozogʻiston oʻrtasidagi hamkorlik diniy-maʼrifiy jabhada ham izchil rivojlanib, xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik yanada mustahkamlanib borayotgani, bu ikki Davlat rahbarlarining oqilona siyosati tufayli oʻzaro munosabatlar yangi bosqichga koʻtarilgani, ularning dinga muhabbatlari ziyodaligi bois mamlakatlarimizda Islom maʼrifatini keng taratish boʻyicha katta saʼy-harakatlar olib borilayotgani alohida taʼkidlandi.
Uchrashuvda Qozogʻiston va Oʻzbekiston Diniy idoralari oʻzaro hamkorlik qilish, xususan, mutaxassislar kasb-mahoratini oshirish, oʻzaro tajriba almashish, hamkorlikda anjumanlar oʻtkazish hamda dolzarb mavzularda zamonaviy fatvolar ishlab chiqish kabi muhim masalalar yaqin hamkorlik qilib kelayotgani, ushbu aloqalarni yanada rivojlantirish boʻyicha kelishib olindi.
Shuningdek, Muftiy Nuriddin domla hazratlari Turkmaniston muftiysi Yalkap Xojaguliyev janoblari bilan muloqot oʻtkazdilar.
Sermazmun uchrashuv davomida Oʻzbekiston va Turkmaniston davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari, diniy-maʼrifiy sohaga qaratayotgan alohida eʼtiborlari natijasida ikki davlat diniy idoralari oʻrtasidagi munosabat yanada rivojlanib borayotgani, moʻmin-musulmonlarning ehtiyojini taʼminlash, ular oʻrtasida oʻzaro birdamlik va hamjihatlikni mustahkamlash borasida qilinayotgan ishlar haqida suhbat qurdilar, kelgusidagi hamkorlik aloqalarini yanada rivojlantirish boʻyicha kelishib oldilar. Ikki dindosh va qardosh mamlakat diniy idoralari faoliyati, oʻzaro hamkorlik masalalari haqida fikr almashildi.
Uchrashuvlar doʻstona va samimiy ruhda oʻtdi.