Bugun Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan mamlakatimizda diniy-maʼrifiy yoʻnalishda olib borilayotgan ilmiy izlanishlar natijalarini mahalliy va xalqaro jamoatchilik orasida keng targʻib qilish hamda Imom Buxoriy ilmiy merosini tadqiq etish borasida oʻzaro tajriba almashinuvini yoʻlga qoʻyish maqsadida “Imom Buxoriy – muhaddislar sultoni” mavzusida xalqaro ilmiy konferensiya oʻtkazildi.
Onlayn va oflayn tarzda tashkil etilgan anjumanda Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi rahbariyati va jamoasi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari boʻyicha qoʻmita mutasaddi xodimlari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi vakillari, Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi olimlari, Hadis ilmi oliy maktabi pedagog va talabalari, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tadqiqotchilari ishtirok etishdi.
Konferensiya ishini ZOOM videokonferensiya platformasi orqali ekspertlar, mutaxassis, mustaqil tadqiqotchi va tinglovchilar jami 40 dan ziyod nuqtadan turib kuzatib borishdi.
Anjuman davomida mamlakatimiz va Misr hamda Turkiya davlatlarining 10 ga yaqin olim maʼruzalari asosida ilmiy mulohazalar yuritildi.
Ishtirokchilar mamlakatimizda maʼnaviy qadriyatlarning hayotiy oʻrnini tiklash borasida amalga oshirilayotgan ishlar koʻlami va samarasini yuqori baholab, bu jarayonda ajdodlarimizning diniy-maʼrifiy merosini chuqur tadqiq qilishga qaratilayotgan yuksak eʼtiborni eʼtirof etdilar. Muhokamalar davomida islomdan oziqlangan diniy-maʼrifiy qadriyatlarning hayotiy maqomini yuksaltirishga qaratilgan davlat siyosati doirasidagi amaliy tadbirlar tahlil etilib, aksar mamlakatlar taraqqiyotining magistral yoʻnalishi sirasidagi demokratik huquqiy davlat va ochiq fuqarolik jamiyatni barpo etish yoʻlidan borayotgan Oʻzbekistondagi diniy va dunyoviy mezonlarning oʻzaro bunyodkor hamkorlik tajribasi oʻrganildi.
Konferensiya davomida Imom Buxoriy hayoti va ilmiy merosi borasida oʻtkazilayotgan tadqiqotlarning tarixiy va zamonaviy koʻrinishlari umumlashtirilib, bu borada istiqboldagi dolzarb vazifalar belgilab olindi.