Bugun Samarqandda Samarqand davlat universiteti, Turkiyaning Anqara Yildirim Boyazid va Bursa Uludagʻ universitetlari hamkorligida “Sulton Yildirim Boyazid va Amir Temur” mavzusidagi xalqaro simpozium boshlandi.
Nufuzli anjumanda Turkiyaning Samarqanddagi vakolatxonasi (TIKA) rahbariyati, davlat va jamoat arboblari, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi, mamlakatimiz hamda Turkiyadagi oliy oʻquv yurtlarining 50 nafarga yaqin olim va mutaxassislari ishtirok etmoqda.
Har ikki mamlakatning ulugʻ ajdodlari davrida hukmron boʻlgan maʼnaviy-maʼrifiy muhitni chuqurroq oʻrganish asnosida Oʻzbekiston va Turkiya davlatlari oʻrtasidagi ilmiy hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash maqsadida tashkil etilgan anjuman 26 oktyabrga qadar Turkiyaning Bursa va Anqara shaharlarida davom ettirishi koʻzda tutilgan.
Simpoziumga taklif etilgan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori oʻrinbosari, tarix fanlari boʻyicha falsafa doktori Otabek Muhammadiyev anjumanning Bursada oʻtkaziladigan shoʻba yigʻilishida “Temuriylar davrining mashhur kalom ilmi ulamolari” mavzusida maʼruza qilishi rejalashtirilgan.