Buyuk ajdodlarimiz
Yangilanayotgan Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash, millati, tili, dinidan qatʼi nazar, har bir fuqaroning huquq va erkinliklarini taʼminlash, millatlararo va konfessiyalararo totuvlikni mustahkamlash yoʻlidagi ezgu amallar xalqaro jamoatchilikning yuksak eʼtirofiga sazovor boʻlib, vatanimizning xalqaro maydondagi nufuzi yuksalishiga xizmat qilmoqda. Xususan, AQShning Xalqaro diniy erkinlik boʻyicha komissiyasi (USCIRF) Oʻzbekistonda diniy erkinlik boʻyicha ijobiy oʻzgarishlarni olqishlab, maxsus kuzatuvdagi mamlakatlar roʻyxatidan chiqardi. Shuningdek, AQShning Jon Hopkins universiteti huzuridagi Markaziy Osiyo va Kavkaz instituti prezidenti Frederik Starrning “Oʻzbekiston: musulmon dunyosidagi islohotlar uchun yangi model” maqolasida ham diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlar haqida iliq fikrlar bildirilgan.
Yurtimizda buyuk ajdodlarimizning boy ilmiy-maʼnaviy merosini chuqur oʻrganish va keng targʻib qilish, shu asosda yosh avlodni milliy va diniy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatda istiqomat qilayotgan turli millat va din vakillarining oʻzaro bagʻrikenglik tamoyili asosida tinch-totuv yashashini taʼminlash diniy-maʼrifiy sohadagi islohotlarning asosiy yoʻnalishidir.
Hozirgi vaqtda mamlakatimizda Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, ilmiy-tadqiqot markazlari, qator muassasalarda yurtimizdan yetishib chiqqan, jahon ilm-fani va islom sivilizatsiyasi rivojiga bebaho hissa qoʻshgan allomalarning merosini sodda va ravon tilda xalqimizga yetkazish, ayniqsa, vatanparvarlik, ota-onaga hurmat, silai rahm, diniy bagʻrikenglik, maʼnaviyatimizga yot turli illatlarga nisbatan murosasizlik kabi gʻoyalarni yoshlar orasida keng targʻib qilish yuzasidan tizimli tadqiqotlar olib borilmoqda.
Xususan, bu borada Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan amalga oshirilgan ishlarni alohida taʼkidlash lozim. Markaz oldiga buyuk ajdodimiz, mutakallim alloma, moturidiylik taʼlimoti asoschisi Imom Abu Mansur Moturidiy va uning izdoshlari merosini chuqur oʻrganish, ular yaratgan asarlarning ilmiy-izohli tarjima hamda qiyosiy matnlarini nashr etish, yosh avlodni millatlararo va dinlararo bagʻrikenglik ruhida tarbiyalash, buyuk allomalarning kutubxona va qoʻlyozma fondlarida saqlanayotgan qoʻlyozma va toshbosma asarlarining asl hamda elektron nusxalarini jamlash, ular ustida tadqiqot olib borib, kelajak avlodga bezavol yetkazish kabi bir qator muhim va dolzarb vazifalar qoʻyilgan.
Markazda Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” va “Kitob at-tavhid” asarlarining oʻzbek tilidagi ilmiy-izohli tarjimalarini yaratish ustida qilinayotgan izlanishlarni alohida taʼkidlab oʻtish lozim. Jumladan, “Taʼvilot al-Qurʼon” asarining 29-juzi nashr qilingan boʻlsa, 25-26-27-28-juzlari shu yil yakuniga qadar chop etilishi rejalashtirilgan. Milliy hamda diniy qadriyatlarimizning asl oʻzagini tashkil qiluvchi ezgu gʻoyalar, jamiyatda diniy bagʻrikenglik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan moʻtadil islom taʼlimoti xalq orasiga chuqur kirib borishi uchun asarning har bir juzi asosida sodda va xalqchil tilda “Taʼvilotdan durdonalar” rukni ostida ommabop risolalar ham tayyorlash koʻzda tutilgan.
Hozirgi vaqtda markazda Imom Moturidiyning “Kitob at-tavhid” asari ustida fundamental tadqiqotlar olib borilmoqda. Jumladan, asarning Buyuk Britaniyadagi Kembrij universiteti kutubxonasida saqlanayotgan dunyodagi yagona nusxasi asosida tanqidiy matn hamda ilmiy-izohli tarjimasini amalga oshirish maqsad qilingan. Ayni vaqtda ushbu tadqiqotlar deyarli yakunlangan boʻlib, nashr qilinishi kutilmoqda.
Soʻnggi yillarda yurtimizda qadimiy yozma manbalarni oʻrganish, saqlash, ularni restavratsiya qilish hamda kelajak avlodga yetkazishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Prezidentimizning 2022-yil 10-fevraldagi “Qadimiy yozma manbalarni saqlash va tadqiq qilish tizimini takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorini bu boradagi muhim amaliy qadam sifatida eʼtirof etish mumkin. Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy jamoasi ushbu qarorda koʻrsatilgan vazifalar ijrosini taʼminlashga munosib hissa qoʻshib kelmoqda.
Xususan, markazda joriy yil 1–6-iyul kunlari Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi professor-oʻqituvchilari, Oʻzbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari xodimlari, Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi diniy taʼlim muassasalari vakillari uchun Turkiya Respublikasi Ibn Xaldun universiteti professori, doktor Hamza Bakriy ishtirokida “Qoʻlyozma manbalarni tadqiq etish ilmiga kirish” mavzusida malaka oshirish kurslari tashkil qilindi. Yurtimizda faoliyat yuritayotgan manbashunos mutaxassislar qoʻlyozmalarni tadqiq etishda qoʻllanilayotgan zamonaviy va innovatsion yondashuv va uslublar, sohada qoʻlga kiritilgan eng soʻnggi ilmiy yangilik va natijalar bilan bevosita tanishish imkoniga ega boʻldilar.
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida yurtimizda diniy-maʼrifiy sohadagi islohot va ijobiy oʻzgarishlarni keng targʻib qilishga qaratilgan xalqaro darajadagi tadbirlar ham muntazam oʻtkazib kelinmoqda. Jumladan, shu yil 31-mart kuni markaz xalqaro ilmiy hayʼatining yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda ishtirok etgan hayʼat aʼzolari – jahonning yetakchi universitet va ilmiy-tadqiqot markazlari vakillari – koʻzga koʻringan islomshunos hamda kalomshunos olim va mutaxassislar moturidiylik taʼlimotiga oid zamonaviy tadqiqotlarni saralash, oʻzaro hamkorlikda seminar va oʻquv mashgʻulotlar tashkil qilish, xodimlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish, musulmon mamlakatlari universitetlarida Imom Moturidiy nomi bilan atalgan kafedralar ochish kabi qator muhim masalalarni muhokama qildilar.
Shuningdek, Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha islom tashkiloti (ICESCO), Islom tarixi, sanʼati va madaniyatini tadqiq qilish markazi (IRCICA), Turkiya Respublikasi Saljuq universiteti Imom Moturidiy tadqiqot markazi va yurtimizdagi mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda “Moturidiylik taʼlimoti va hozirgi zamon” mavzusida II xalqaro onlayn ilmiy-amaliy simpozium oʻtkazildi.
Simpoziumda umumiy hisobda 150 dan ziyod, jumladan, Misr, Turkiya, Malayziya, Germaniya, Rossiya, Marokash, Qozogʻiston, Qirgʻiziston kabi mamlakatlardan 30 dan ortiq yetuk moturidiyshunos hamda islomshunos olim va mutaxassis, mahalliy tadqiqotchilar qatnashdilar.
Markaz tomonidan Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligiga bagʻishlab nashr qilingan kitoblar taqdimotini oʻtkazish anʼanasi yoʻlga qoʻyilgan. Bu yil ham ushbu goʻzal anʼanani davom ettirgan holda Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari taqdimotini nafaqat viloyatlarda, balki Misr, Turkiya, Malayziya, Rossiya, Qozogʻiston kabi xorijiy mamlakatlarda ham oʻtkazish maqsad qilingan.