Home / MAQOLALAR / Mazhabga ergashish dinimiz talabi

Mazhabga ergashish dinimiz talabi

Muhammad Zohid Kavsariy:
“Bemazhablik – dinsizlik koʻprigidir”.

Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar boʻlsin. Paygʻambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar boʻlsin.

Bemazhablar jonlanib qolgan bir davrda yashar ekanmiz, ularga ahli ilmlarimiz munosib javoblar va raddiyalar berib kelishyapti. Shu oʻrinda biz ham qisqacha oʻz fikrimizni bildirib oʻtsak.

Avvalo “mazhab” soʻziga taʼrif bersak maqsadga muvofiq boʻladi. “Mazhab” soʻzi arabcha soʻz boʻlib, “yoʻl”, “yoʻnalish” maʼnolarini bildiradi. Mazhablar sharʼiy hukmlarni chiqarish va ularni oʻrganish yoʻlidir. Ular oʻz asoschilarining nomlari bilan – taqvo, salohiyat, ijtihod va ilmlarini barcha musulmonlar eʼtirof etgan mujtahidlarning nomlari bilan ataladi. Mazhablar Qurʼon va sunnatning mahsulidir. Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallam hayotlik paytlarida shariatga bogʻliq barcha masalalarning yechimini U Zot alayhissalomning oʻzlari koʻrsatar edilar. Sahobai kiromlar esa, U Zot alayhissalomdan sodir boʻlgan har bir gap va ishlarni katta eʼtibor bilan qabul qilib, oʻz hayotlariga tadbiq qilardilar. Asta-sekin musulmonlarning safi kengayib, islom dini boshqa oʻlkalarga hatto arab boʻlmagan diyorlarga ham yetib bordi. Natijada, shariat hukmlarini yaxshi oʻrgangan insonlarni koʻmagiga ehtiyoj sezildi. Mazhablar aynan shu paytdan boshlab paydo boʻldi.

Ahli sunna val jamoa boʻlgan toʻrt mazhab yaʼni hanafiy, molikiy, shofeʼiy va hanbaliy mazhablaridan birini lozim tutish musulmon ummatining birligi uchun musulmonlardan talabdir.

Alloh taolo Oʻzining kalomid shunday degan:

فَاسْأَلُوا أَهْلَ الذِّكْرِ إِنْ كُنْتُمْ لَا تَعْلَمُونَ

yaʼni: “Bas, agar bilmaydigan boʻlsangiz, zikr ahlidan soʻrangiz!” (Anbiyo surasi, 7-oyat). Mazkur mazhablarning toʻgʻriligi va haq ekanligi haqida barcha musulmon ummati ijmo (ittifoq) qilganlar. Dalil sifatida quyidagi olimlarning soʻzlarini keltiramiz:

Imom ibn Ahmad ash-Shaʼroniy oʻzlarining “Al-Miyzan ash-shaʼroniya” asarlarida mazhablar haqida quyidagi fikrlarni zikr qilgan. “Aslida sahoba va tobeinlar davrida mazhablarning soni oʻn sakkizta boʻlgan. Ularning barchasi oʻz vaqtida amalda boʻlgan. Lekin vaqt oʻtishi bilan ular orasida toʻrt yirik: hanafiy, molikiy, shofeʼiy va hanbaliy mazhablari ajralib chiqdi. Mazkur toʻrt mazhabning saqlanib qolishining asosiy omili bu mazhablarning taʼlimotlari boshqa mazhablardan kuchliroq boʻlgani uchun emas, balki toʻrt mazhab boshqa oʻn toʻrt mazhab taʼlimotini ham qamrab olganidir”.

Alloma Ibn Rajab rahmatullohi alayh oʻzlarining “Toʻrt mazhabdan boshqaga ergashganga raddiya” nomli kitobida shunday degan: “Alloh taolo shariatni saqlash va dinni muhofaza qilish uchun oʻz hikmati bilan odamlar ichidan toʻrt zabardast imomlarni chiqarib berdi. Ularning ilmu maʼrifatda yuqori martabaga erishganlarini va chiqargan fatvo va hukmlari haqiqatga oʻta yaqinligini barcha ulamolar bir ovozdan eʼtirof qilganlar. Barcha hukmlar oʻshalar orqali chiqariladigan boʻldi”.

Imom Badriddin Zarkashiy “Bahrul muhit” kitobida shunday yozadi: “Musulmonlarning eʼtirof qilingan toʻrt mazhabi haqdir va undan boshqasiga amal qilish joiz emas”.

Ashraf Ali Tahonaviy rahimahulloh aytadilar: “Men yigirma besh yillik ilmiy tajribam asosida shuni bildimki, hozirgi davrda biror mazhabni tutmaslik oxir-oqibat dinsizlikka olib borar ekan” (“Malfuzot” kitobi).

Imom Ali ibn Abdulloh Samhudiy oʻzlarining “Iqdul farid fi ahkomit-taqlid” nomli asarlarida shunday deganlar: “Bilingki, ushbu toʻrt mazhabdan birini ushlashda katta foyda bor. Undan yuz oʻgirishda esa, katta muammo va ixtiloflar bor”. Imom Samhudiy soʻzlarini davomida shunday deydi: “Bir mazhabda yurishda Paygʻambarimiz sallallohu alayhi vasallam marhamat qilgan quyidagi hadisga amal qilish bor: “Agar ixtilofni koʻrsangiz, oʻzingizga koʻpchilik tomonini lozim tuting” (Imom Ibn Moja rivoyati). Demak, mazhabga ergashish katta jamoaga ergashish hisoblanadi”.

Alloma Zafar Ahmad Usmoniy rohmatullohi alayh “Eʼlous-sunan” nomli kitoblarida shunday deganlar: “Toʻrt mazhab imomlari haqiqatan toʻgʻri yoʻl va hidoyatdadirlar. Bir yurtda ulardan qaysi birining mazhabi tarqalgan boʻlsa, uning ulamolari va kitoblari koʻp boʻlsa, ijtihod darajasiga yetmagan kishi uchun oʻsha mazhabga ergashish vojib boʻladi. Oʻz yurtida keng tarqalmagan va ulamolari koʻp boʻlmagan mazhabga ergashish joiz emas. Chunki bunday holatda mazkur mazhabning barcha hukmlarini oʻrganish imkoni boʻlmaydi. Buni yaxshi biling. Inshaalloh, haqiqat bundan boshqada emas”.

Mashhur alloma Abdulhay Laknaviy hazratlari oʻzlarining “Majmuatul fatovo” kitoblarida Shoh Valiyulloh Dehlaviyning quyidagi soʻzlarini keltirganlar: “Hindiston va Movarounnahr yurtlarida shofeiylarni ham, hanbaliylarni ham, molikiylarni ham mazhabi tarqalmagan, boshqa mazhab kitoblari ham yetib kelmagan. Shuning uchun ushbu diyorlarda yashovchi, ijtihod darajasiga yetmagan kishilarga Abu Hanifa mazhabiga ergashish vojib boʻladi. Makkai mukarrama va Madinai munavvarada yashovchi kimsalarga unday emas. Chunki u yerda barcha mazhablarni topish imkoniyati bor”.

Imom Nafroviy rahimahulloh aytadi: “Toʻrt imomdan biriga ergashmoq vojib ekaniga musulmonlar ittifoq qilishgan”.

Yuqoridagi quvvatli gaplar bemazhablarni yer bilan bitta qilib yuborganiga qaramasdan, hozirgi kunimizda tarqalayotgan: “Qurʼon va hadisdan oʻzimiz hukm olamiz”, “Abu Hanifaga ergashasizlarmi yoki Paygʻambarimizgami (s.a.v) ?”, “Qurʼon va sunnatga ergashamiz”– deb, katta daʼvo va xato ustiga xato qilmoqdalar. Bilmaydilarki, hadis ilmining sultonlari boʻlgan va minglab hadislarni oʻrganib, ularni jamlab, hadis kitoblarini yozgan buyuk muhaddislar ham mazhabda yurganlar. Xatolarining asosiy sababi – ular mazhab oʻzi nima, mazhab asoschilari qanaqa martabadagi zotlar ekanini bilmasliklaridir.

Sanalgan dalillardan maʼlum boʻladiki, mazhabga ergashish baʼzilar oʻylagandek gumrohlik emas, balki Alloh taologa, uning rasuliga hamda ishboshi (ummat eʼtirof etgan ulamolar) larga itoat etish ekan.

Xulosa qilib aytganda, mazhablarga ergashish – shariat koʻrsatmasiga ergashishdir! Uni inkor qilish esa sharʼiy koʻrsatmalarga va butun Islom ulamolariga qarshi chiqish hisoblanadi. Zero, Islom tarixida biror mufassir yoki muhaddis yoxud faqihni bemazhab boʻlgani maʼlum emas. Faqatgina mujtahid boʻlgan kishilar bundan mustasno xolos. Sharʼiy ilmlar borasida musulmonlarning ilmi yetarli boʻlmagan bugungi davrda, baʼzilar tomonidan mazhablarni inkor  qilish faqat musulmonlarning birdamligiga futur yetkazadi xolos.

Qurʼon va sunnatdan har kim oʻzboshimcha hukm chiqarish musulmonlarni kufrda ayblash, ularning qonini toʻkishni halol hisoblash, bogʻiylik, fitna va ixtilof qoʻzgʻash kabi dinimizda qatʼiyan man qilingan xatti-harakatlarga sabab boʻlmoqda.

Inson dunyo va oxiratda goʻzal hayotga erishishi uchun Alloh va uning rasuli yoʻlini mahkam tutmoqligi kerakdir. Bu esa oʻz-oʻzidanmas, balki paygʻambarimiz va u zotning yoʻlidan yurgan ulamolarga ergashish bilan boʻladi. Alloh taolo barchalarimizni toʻgʻri yoʻldan adashtirmasin.

Umidjon XODJAYEV,
Toshkent islom instituti prorektori
Manba: oliymahad.uz

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …