Home / MAQOLALAR / ISLOM DINI MANBALARI ORQALI YoSHLAR ESTЕTIK MADANIYATINI RIVOJLANTIRISH MASALALARI

ISLOM DINI MANBALARI ORQALI YoSHLAR ESTЕTIK MADANIYATINI RIVOJLANTIRISH MASALALARI

Yurtimizda islom dini xalqimizning koʻp asrlik tarixiy taraqqiyotida shaxs maʼnaviyati, ayniqsa oʻsib kelayotgan yosh avlod shakllanishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Shu asosda islom dini jamiyatdagi mafkuraviy qarashlar va gʻoyalarda muhim oʻrin tutgan, insonlarni axloqiy poklikka va maʼnaviy goʻzallikka daʼvat etgan insonparvarlik dinidir. Bu din xalqimizning, xususan musulmon shaxsining moddiy, maʼnaviy, axloqiy va estetik madaniyati shakllanishi va yuksalishiga katta taʼsir koʻrsatgan diniy taʼlimotdir. Shaxsning ulugʻligi, uning oliy jonzot sifatida estetik madaniyatni namoyon etuvchi ekanligini Qurʼoni karimning “Inson” surasi 21-oyatida kiyinish madaniyati bilan bogʻlab tushuntirilarkan, “Ularning ustlarida yashil ipak va shoyi liboslar boʻlib, ular kumush bilakuzuklar bilan bezanganlar va Parvardigorlari ularni nihoyatda pokiza sharobla sugʻorganlar”[1: 477], deyiladi.

Yurtimizda barpo etilgan va etilayotgan estetik madaniyat yodgorliklari, meʼmoriy inshootlarning yaratilishida islomiy anʼanalarga amal qilingan boʻlsa, badiiy adabiyot, sheʼriyat, xattotlik va sanʼatning boshqa turlarida Qurʼoni karim va hadislarda ilgari surilgan asosiy gʻoyalar targʻib qilindi va shu asosda yoshlarni maʼnaviy goʻzal, axloqiy pok hamda barkamol qilib tarbiyalashning butun bir tizimi ishlab chiqildi.

Islom dini yoshlarning estetik madaniyati va ideallarini axloqiy gʻoyalar bilan bogʻliq holda rivojlantirdi. Islom dini fan, adabiyot, madaniyat va nafosat sohalarini bir-biriga uzviy aloqadorligini oʻzida mujassamlashtirdi. Unda shaxsning turmush tarzi, urf-odat va marosimlari diniy goʻzallik tuygʻulari bilan yoʻgʻrilib, yoshlarga bilim berish uchun diniy maktablar yaratildi. Islom shaxsni maʼrifatli, maʼnaviy-axloqiy va estetik didli boʻlishga chorladi.

Islom dinining muqaddas kitobi Qurʼoni karimda insonning estetik madaniyati sermazmun va nafis soʻzlar orqali ifodalandi. Islomdagi yoshlar estetik madaniyati bu Qurʼoni karimning oyatlari va suralarida, hadis kitoblarida sirli-sinoatli sheʼriyatli, bejirim koʻzni qamashtiruvchi naqshlar tarzida bayon etiladi.

Qurʼoni karimning “Baqara” surasi 195-oyatida “Yaxshilik qiling! Albatta Alloh yaxshilik qilguvchilarni sevadi”[1: 23], deb taʼkidlanadi. 

Islom dinida goʻzallik tushunchasi diniy asosda talqin qilinib, moddiy dunyo goʻzalligidan ruhiy dunyo goʻzalligi ustun qoʻyiladi. Qurʼoni karimning “Oli imron” surasi 14-oyatida “Odamlarga ayollar, bolalar, tuganmas oltin-kumush boyliklar, (qimmat) baholi otlar, chorva va ekin-tekinlar kabi istak-xohishlarga koʻngil qoʻyish chiroyli qilindi. Holbuki, bu narsalar hayoti dunyoning (oʻtkinchi) narsalaridir. Allohning huzurida esa eng goʻzal qaytadigan joy – jannat bordir. (Yaʼni oʻtkinchi narsalarga koʻngil bermay, haqiqiy goʻzallikni sevmoq lozim)” [1: 37], deb taʼlim beriladi.

 Shaxsning estetik madaniyatga erishuvi masalalari insonparvarlik gʻoyalari va goʻzallik dunyosi bilan bogʻliq ravishda Alloh nomi bilan uzviylashgan tarzda talqin qilinadi. Bu borada yuqoridagi suraning 148-oyatida “Alloh chiroyli amal qilguvchilarni sevadi”[1: 48], deb taʼkidlanadi.

Qurʼoni karim jamiyatda yoshlarning maʼnaviy olami va hayotiga chuqur oʻrnashib qolgan yuksak estetik madaniyat va diniy marosimlarga ega. Bu borada “Baqara” surasining 83-oyatida “Faqat Allohgagina ibodat qilasizlar, ota-ona, qarindosh-urugʻ, yetim va miskinlarga yaxshilik qilasizlar. Kishilarga chiroyli soʻzlar soʻzlasangiz va namozni toʻkis ado qiling, zakotni bering”[1: 12], – degan soʻzlar bayon qilingan. Islom dinida soʻz vositasi asosida yoshlarning goʻzallikka boʻlgan intilishi, voqelikni idrok etib borishi, yaxshilik sari talpinishi falsafiy mushohada etib boriladi.

Shu bois islom estetik madaniyatida har bir shaxs soʻz vositasida oʻzini Allohga baxshida etadi, yaʼni yurakdan aytayotgan soʻzi tufayli inson oʻzini Allohga topshiradi. Soʻzning qudratli kuchi tufayli yoshlar olamdagi goʻzalliklarni va azobu uqubatlarni bir-biridan farqlaydi. Shu tarzda yoshlar dunyoviy va diniy bilimlarni egallab, komil inson darajasiga koʻtariladi. Bu haqda Zumar surasining 23-oyatida “Alloh eng goʻzal soʻzni (oyatlari fasohat va balogʻatda) bir-biriga oʻxshagan, (ichidagi hukmlari) takror-takror kelguvchi bir kitob – Qurʼon qilib nozil qilibdiki” [1: 340], deb bu kitobdagi soʻzlarning estetik mohiyatiga eʼtibor qaratiladi.

Islom estetik madaniyatida soʻzning rolini eʼtirof etgan holda Navoiy “soʻz sanʼatining estetik hissiy-ruhiy quvvatini alohida taʼkidlar ekan, shoir-sanʼatkor xulq-atvoriga va estetik madaniyatiga alohida oʻrin ajratadi. Chunki odob-axloq islom estetikasining tarkibiy qismi boʻlib, musulmon kishi hayoti va faoliyati odob qoidalari mezoni boʻlib baholanadi”[2: 25], deydi. Islom madaniyatida soʻz shaxsni, qolaversa, yoshlarni gunohlardan forigʻ qilib, uni yaxshilik va goʻzallikka intilishga chorlaydi. Buning mohiyati Qurʼoni karimning “Sajda” surasida Allohning sifati bilan uygʻunlashgan tarzda eʼtirof etilib, yuksak estetik madaniyatning namunasi sifatida 7-oyatda “U barcha narsani chiroyli qilib yaratgan zotdir”[1: 229] va hadislardagi “Tangri goʻzaldir, goʻzallikni yaxshi koʻradi”[3: 40], deyilgan fikrlarda islom dinining estetik mohiyati oʻzini mujassam etadi. Shu sababdan Alloh hamisha goʻzallikka oshiqdir. U 18 ming olamni yaratgan ekan, unda yashaydigan barcha mavjudotlarni goʻzal boʻlishini istaydi. Bu haqda, yaʼni olamning va insonning yaratilishi haqida Qurʼoni karimda fikrlar bayon qilinib, uni yaratgan Allohga hamdu sanolar aytiladi. “Moʻminlar” surasining 14-oyatida “Bas eng goʻzal yaratguvchi (yaʼni yoʻqdan bor qilguvchi boʻlmish) Alloh barakotli-buyukdir”[1: 245], deb taʼkidlanadi.  

Qurʼoni karimning “Shoʻro” surasi 23-oyatida shaxsning goʻzal fazilatlari va estetik madaniyatining nozik qirralari haqida soʻz yuritilib, “Kim biron chiroyli amal qilsa, Biz uning uchun oʻsha (chiroyli amali)da yana husnni ziyoda qilurmiz (yaʼni ziyoda savob ato eturmiz)”[1: 359], deb taʼkidlanadi. Shunday ekan, yorugʻ olamga hukmron qilib yaratilgan inson va u uchun zarur boʻlgan barcha narsalar hamisha goʻzal boʻladi.

Shuningdek, islom dinining inson qoʻli bilan yaratilgan nafosat olami, yaʼni meʼmoriy obidlari ham chiroyli ekanligi aytib oʻtiladi. Islomning meʼmoriy obidalari boʻlgan masjid, madrasa, maqbara va boshqa diniy obidalar nafosat olamini oʻzida koʻz-koʻz qilib turadi. Shu boisdan islom estetikasining mohiyati “Kahf” surasining 7-oyatida yoshlarning axloqiy goʻzalligi masalasi bilan bogʻliq meʼmoriy obidalarni oʻzida ifodalagan holda “Albatta, Biz (bandalarimizdan) qaysilari chiroyliroq amallarni qilishlarini sinamoq uchun Yer ustidagi bor narsani unga ziynat-bezak qilib qoʻydik (yaʼni oʻsha bezaklarga aldanib, magʻrurlanib qolmagan kishilar Bizning sinovimizdan oʻturlar)”[1: 205] deyilgan. Bu sinaladigan goʻzalliklarning maʼno-mazmunini biz koʻproq islomiy obidalardan izlashimiz lozim.

Islom meʼmoriy obidalaridagi eshiklarni oʻymakorlik va naqqoshlik sanʼati bilan bezash, devorlariga ganchlardan turli shakllar yasash, ustunlarini arab yozuvi asosida naqshlar bilan bezatish bugungi kunda keng tus olgan boʻlib, bu sanʼat namunalari yoshlarda estetik madaniyatni rivojlantirish uchun xizmat qiladi. Bu haqda Hoji Ismatulloh Abdulloh shunday deydi: “Arab yozuvining goʻzalligiga alohida eʼtibor berilgani va uning turli-tuman shakllarda did va nafosat bilan ishlatilishi sababli, arab xati faqat maʼno tashish vositasi emas, balki kishilarga yuksak estetik zavq beruvchi sanʼat namunasi sifatida mashhurdir”[4: 267].

Darhaqiqat, Paygʻambarimiz doim yoshlarni axloqiy jihatdan mukammal va goʻzal tuygʻular bilan turmush kechirishini oʻzining sahobalariga bildirgan fikrlarida bayon etgan. Bu haqda Qurʼoni karimning “Yunus” surasi 26 oyatida “Chiroyli amal qilgan zotlar uchun goʻzal oqibat va ziyoda neʼmatlar bordir”[1: 139], deyiladi.  Bugungi kunda islom madaniyati va estetikasini yoshlarga chuqur oʻrgatish va xalqning ongiga yetkazib berish borasida mana shunday ulugʻ zotlar uchun goʻzal oqibatlarning mahsuli sifatida respublikamizda koʻpgina ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, 1998 yil oktyabrida Samarqandda I.A. Karimovning shaxsiy tashabbusi bilan va uning loyihasi asosida buyuk zotning nomlarini eʼzozlash va qadrlash maqsadida hazrat Imom Buxoriy yodgorlik majmuasi ochildi. “Imom al-Buxoriy toʻplagan hadislarda – deb yozadi Hoji Ismatulloh Abdulloh, – faqat Islom dini taʼlimotiga oid qoidalar aks ettirilibgina qolmay, ular mehr-muhabbat, halollik-poklik, saxiylik, ota-ona, kattalarga hurmat, yetim-yesir, beva-bechoralarga muruvvat, mehnatsevarlik, vatanga muhabbat kabi oliyjanob insoniy fazilatlar majmuidir”[4: 49].

Hadis ilmining sultoni Imom Buxoriyning hadislarida shaxs estetik madaniyatining oliy koʻrinishi islom dini asosida yorqin ifodalab berildi. Bizga “Al-Buxoriy bebaho meros qoldirdi. Eng ishonchli hadislar toʻplami «Al Jomiʼ as-Sahih” shu merosning gultojidir»[5: 175]. Bu islom olamining yuksak estetik madaniyati orasidan sara gullarini terib, kelgusi avlodga yetkazib bergan bobokalonimiz uchun qancha xizmat qilsak, shunchalar kamdir.

Hadislarda yoshlarning estetik madaniyatiga oid xilma-xil fikrlar mavjud. Hadislarni oʻqiganimizda shunday estetik fikrlar borligini bilamiz. Unda har bir shaxsning toʻgʻrisoʻzligi, xushmuomalaligi, oʻzida estetik madaniyatni namoyon etishi masalalariga ham katta eʼtibor berilgan boʻlib,  “Kishining goʻzalligi – uning tilidan bilinur”[3: 80], “Kishining bemaʼni gaplardan tilini tiyishi – uning moʻminligi naqadar chiroyli ekanligidan darak beradi”[3: 138], deb taʼkidlanadi.

Yoshlarning estetik madaniyatini yorqin ifodalab beruvchi hadislarda axloq va goʻzallikning aloqadorligi masalasi ham chiroyli tarzda bayon etilgan. Xususan, “Sizlarning yaxshilaringiz – xushxulq, shirin suhbatlilaringizdir”, “Sizlarning yaxshilaringiz oʻz olgan qarzlarini chiroyli qaytaradiganlaringizdir” kabi hadislarda shaxs maʼnaviyati va madaniyatining muhim jihatlariga alohida eʼtibor qaratiladi. Shunday ekan, har bir “Moʻmin kishiga berilgan narsalarning yaxshisi chiroyli xulqdir. Unga berilgan narsalarning yomoni esa, koʻrinishi chiroyli boʻlsa-da, qalbida yomonligi boridir”[3: 88], deyiladi.

Hadislarda yoshlar estetik madaniyati, dunyoviy goʻzallik va insoniy goʻzallik uygʻunligiga ham alohida eʼtibor berilgan.  Bu borada “Dunyo yam-yashil va goʻzaldir. Kimki undan haqli ravishda halollik bilan olsa, undan baraka topadi. Kimki nafs xohishi bilan dunyoni mukkasidan ketib egallasa, qiyomat kuni doʻzaxdan boshqa narsaga erishmaydi”[3: 92] deyiladi. Bu hadisda tabiat, jamiyat va inson (yoshlar) goʻzalligi borasida estetik madaniyatga oid fikrlar bayon etilgan. Bu hadislarda yoshlarning estetik madaniyati begʻubor va musaffo, koʻrkam didli, maʼnaviy qadriyatlari nafosat gʻoyalariga boy, pokiza qalbli boʻlishlari tasvirlangan.

Hadislarda yoshlar maʼnaviy goʻzalligi uning baxtli hayoti bilan aloqadorligi masalasiga ham eʼtibor qaratilgan. Bu haqda “Kimki qalbini imon uchun xolis va sogʻlom, tilini rostgoʻy, oʻzini xotirjam, xulqini toʻgʻri, qulogʻini tinglovchi, koʻzni ibrat nazari bilan boquvchi qilib olgan boʻlsa, demak, u baxtlidir” deyilgan hadisda yoshlarning sabr-toqati, matonati, irodasi va imoni goʻzallik olami asosida talqin etiladi.

Hadislarni oʻqiganimizda har birimiz shaxs boʻlib voyaga yetishishimiz uchun xizmat qilgan ota-onamizni koʻz oldimizga keltiramiz. Odob-axloqli farzandni tarbiyalash masalasi ham islom dinidagi muhim masalalardan biri boʻlib, “Hech bir ota oʻz farzandiga xulqu odobdan buyukroq meros berolmaydi”[3: 136], deb taʼkidlanadi hadislarda.   

Islom estetik madaniyatini goʻzal his-tuygʻularini, teran tomirlarini Ibn Sino oʻzining asarlarida kelajakka xotira sifatida naqshlaydi. Bu borada “Farb olimlarining fikricha, Ibn Sino insoniy muhabbat, jinslar muhabbatiga ijobiy baho berib, ruhning ilohiy sevgi darajasiga koʻtarilishi va ilohiyat bilan tavhidga kelishini qayd etgan”[6: 9].

Islomning estetik madaniyati gʻoyalarini ilgari surgan Ibn Sino nafaqat oʻz yurti, qolaversa, butun musulmon dunyosini madaniyati va adabiyotini rivojlanishiga xizmat qilgan. Buyuk bobolarimiz singari bugungi kunda muqaddas dinimizning nozik va murakkab jihatlarini Birinchi Prezidentimiz I.A. Karimov shunday taʼkidlaydi. “Agar mendan, nega milliy qadriyatlarimiz shuncha zamonlar osha bezavol yashab kelyapti, deb soʻrashsa, bu – avvalo muqaddas dinimiz hisobidan, deb javob bergan boʻlur edim”[7: 2].

Islom estetik madaniyati doimo shaxsning, qolaversa yoshlarning ilohiy sevgisi, diniy ilm xazinasi, maʼnaviy madaniyatini yuksalishiga katta taʼsir etgan. Islom estetik madaniyatini ilm-fan, bilimlar, odob-axloq, huquqiy vositalar, nafosat olami asosida anglamas ekanmiz, uning mohiyatini hech qachon tushunolmaymiz! Shunday ekan, islom estetik madaniyati shaxsni har tomonlama rivojlanishiga, uni ham diniy, ham dunyoviy bilimlarga, ulugʻvor tuygʻularga ega boʻlishiga katta taʼsir koʻrsatadi. Shuning uchun ham yoshlarda estetik madaniyatni shakllantirishda islom manbalaridan foydalanish axloqiy ahamiyat kasb etadi. Unda ajdodlarimizning buyuk merosi islom dini negizida vujudga kelganligi oʻzining yorqin ifodasini topadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:

  1. Qurʼoni karim. Oʻzbekcha izohli tarjima. Tarjima va izohlar muallifi Alouddin Mansur. – T., Choʻlpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 1992.
  2. E.Umarov, R.Karimov, M.Mirsaidova, G.Oyxoʻjayeva. Estetika asoslari. Choʻlpon nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi. –T., 2007.
  3. Axloq-odobga oid hadis namunalari. – T., Fan, 1990.
  4. Hoji Ismatulloh Abduloh. Markaziy Osiyoda Islom madaniyati. Sharq, – T.,
  5. M.S. Gafarli, A.Ch. Kasayev. Rivojlanishning oʻzbek modeli: tinchlik va barqarorlik – taraqqiyot asosi. Oʻzbekiston, – T., 2001.
  6. H.Karomatov. Qurʼon va oʻzbek adabiyoti. –T., Fan, 1993.
  7. Karimov I.A. Donishmand xalqimizning mustahkam irodasiga ishonaman. “Xalq soʻzi” gazetasi, 2000 yil 10 iyun.
Sojida YAXYAYЕVA,
SamDU mustaqil tadqiqotchisi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …