“Insonning vazifasi Allohi taolo tomonidan uning izmiga berilgan tiriklik olamini yashnatishdan, bu dunyo neʼmatlaridan kelgusi avlodlarni xam bahramand qilishdan iboratdir” Maxdumi Aʼzam Kosoniy.
2017 yil 15 iyun kuni Toshkent shahrida “Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusida boʻlib oʻtgan anjumanda prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev “Mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida dinimiz ravnaqi yoʻlida beqiyos xizmat qilgan buyuk aziz-avliyolar, alloma zotlar xotirasiga barpo etilgan yodgorlik majmualari, ilmiy markazlar faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning qoshida islom dinining alohida yoʻnalishlari boʻyicha ilm olishga, mutaxassis boʻlishga tayyorlab boradigan ilmiy maktablar tashkil etsak, nima deysizlar?”, degan murojaatlari anjuman ishtirokchilari tomonidan koʻtarinki kayfiyatda qabul qilindi[1].
Anjumanda yigʻilganlar Prezidentimizning “Kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch boʻlib xizmat qiladi. Imom Buxoriy bobomiz yodgorlik majmuasida boʻlganimda bu masalaning naqadar muhim va dolzarb ekanini ayniqsa chuqur his etdim” [1] degan fikrlari bugungi kunda jamiyatda yoshlarimiz tarbiyasida muhim ahamiyatiga ega ekanligi oʻz isbotini topib bormoqda.
Shu maqsadda Prezidentimizning Samarqandda – Imom Buxoriy xalqaro markazida hadisshunoslik, Imom Moturidiy markazida kalom ilmi, Fargʻonada – Margʻinoniy ilmiy markazida islom huquqi, Buxoroda – Bahouddin Naqshband markazida tasavvuf, Qashqadaryoda – Abu Muin Nasafiy markazida aqida ilmi maktablarini tashkil etish, kelgusida chuqur bilimli imom-xatiblar, islomshunos mutaxassislar, ulamolar tayyorlashda, eng muhimi, farzandlarimizni buyuk ajdodlarimizning bebaho merosi ruhida, sogʻlom eʼtiqod ruhida tarbiyalashda bu maktablar tayanch boʻlib xizmat qilishini amalda isbotlashimiz kerak. Chunki, jahon fani, diniy ilmlarni rivojlanishida qoʻshgan hissasida mutasavviflarimiz, muhaddislarimiz, mutakallimlarimizda ana shunday maktablarning ahamiyati katta boʻlgan.
Shunday maktablardan biri XVI asrda Markaziy Osiyoda vujudga kelgan Dahbed maktabi boʻlib, naqshbandiya taʼlimotini dunyoga tarqalishiga muhim rol oʻynagan. Maktabning asoschisi naqshbandiya tariqatining nazariyotchisi Maxdumi Aʼzamning toʻliq ismi Sayyid Ahmad Xojagi ibn Sayyid Jaloliddin Kosoniy Dahbediydir. U Fargʻona vodiysining Koson shahrida tavallud topgan. Kosoniyning otasi Qoraxoniylar (840-1212) sulolasiga mansub sultonlardan Burhoniddin Qilich (XI asr) avlodlaridan boʻlib, onasi esa Koson sayyidlari oilalariga mansub edi. Maxdumi Aʼzam ilk taʼlimni Koson maktablaridan birida olgan. Soʻng Axsikatda, Xoja Muborak madrasasida oʻqishni davom ettiradi. Kosoniyning domlasi Mulla Ziyo oʻz shogirdining aʼlo darajadagi qobiliyatini eʼtiborga olib, unga “ilm uz-zohir” va “ilm ul-botin” dan yaxshi taʼlim beradi.
Mutasavvifning Sayyid Ahmad Kosoniyning tariqat ilmidagi favqulodda isteʼdod va qobiliyatlari tufayli oʻz davrining zabardast ulamolari tomonidan eʼtirof etilib, “Maxdumi Aʼzam” unvoniga musharraf boʻladilar. “Mahdum” – xizmat qiluvchi odam. Odatda u piru ustozlarga beriladigan taxallus, chunki ularga oʻz muridlari va shogirdlari xizmat qilishadi. Bu taxallusni baʼzi joylarda piru ustoz va ulamolarning oʻgʻillariga nisbatan ham ishlatadilar.
Naqshbandiya tariqatining nazariyotchi piri murshidi Hazrati Maxdumi Aʼzami Dahbediy va ushbu tariqatning yirik namoyandasi Maxdumi Aʼzam Hofiz al-Basir, kubraviya tariqatining piru muridi Hazrati Maxdumi Xorazmiylar shunday muborak va sharafli nom bilan sharaflanganlar.
“Aʼzam”, yaʼni ulugʻ degan maʼnoga ega. Tasavvuf va fiqhshunoslik ilmlari bobida uch buyuk zot “Aʼzam” (Ulugʻ) unvonini olishgan. Bular Imomi Aʼzam [2], Gʻavsul Aʼzam [3] va Maxdumi Aʼzam.
Dahbed maktabi va uning faoliyati nafaqat Markaziy Osiyoda balki uzoq Gʻarbda ham keng oʻrganilgan. Masalan, Buyuk Britaniyalik manbashunos olim Algar Hamid oʻzining “Dahbidiya” nomli maqolasida naqshbandiya tariqati piri Maxdumi Aʼzam hamda u kishining avlodlari faoliyatiga yuqori baho beradi[4]. Rus tadqiqotchisi professor N.Veselovskiyning “Dagbed” nomli tadqiqotida ham Maxdumi Aʼzamning qabrtoshlaridan koʻchirilgan toʻliq shajarasi keltirilgan.
Maxdumi Aʼzam shariat va tariqat ilmiga oid, axloq va ilohiyot masalalariga doir oʻttizdan ortiq diniy, falsafiy, axloqiy, ilmiy va adabiy risolalarni yozib qoldirgan.
Mutasavvif “Asror un-nikoh” risolasida muridlarni kuz shabadasi singari daraxtlarning yaprogʻini xazon qilib ularni gʻaflat tomon yetaklovchi noqobil “pirlar”ning bexosiyat nafaslaridan ogoh boʻlish lozimligini uqtiradi. Maxdumi Aʼzam har bir jamiyatning kelajagini uning qoʻynida oʻsib, ulgʻayayotgan yoshlarning yetarli va toʻliq parvarish olishga bogʻliq degan gʻoyani ilgari surgan. Bu masalada loqaydlik qilish yoki eʼtiborsiz boʻlishning oqibati halokat ekanligidan ogoh etganlar. Bu esa Dahbed maktabining qanchalik ahamiyatli ekanligini koʻrsatib beradi.
Maxdumi Aʼzamning izdoshlari, muridlari va muxlislari juda koʻp boʻlgan. Manbalarda Maxdumi Aʼzamni oltmishta avliyoni yetishtirgan murshid, (piri shasti) deb atashgan. Koʻpchilik hukmdorlar, davlat arboblari, shoiru ulamolar, unga qoʻl berib murid boʻlishgan. Jumladan, mutasavvif shayxlardan Muhammad Islom (1494-1563), Mavlono Lutfulloh ( 967/ 1559-979/ 1571), Mavlono Poyanda (1601.v.e.), Shayboniy hukmdorlaridan Ubaydulloxon (1538.v.e.), Abdulazizxon (1550.v.e.), Jonibek Sulton (1529.v.e.), temuriylardan Zahiriddin Muhammad Bobur (1483-1530) unga murid tushishgan.
“Buxoro avliyolarining tarixi” asarida Poyanda Muhammad Axsiy Fayziobodiyning faoliyati joʻybor shayxlari bilan chambarchas bogʻlangan, deb maʼlumot berilgan. Aslida Poyanda (abadiy, davom etuvchi. –Z.E.) hazrati Maxdumi Aʼzamning eng yaqin muridlaridan biri boʻlgan.
Maxdumi Aʼzamdan keyin naqshbandiya tariqatiga Joʻybor shayxlari piru murshidlik qilgan va naqshbandiyaning Oʻrta Osiyo tarmogʻining markazi yana Buxoroga koʻchgan. Maʼlumki, naqshbandiya tasavvufiy taʼlimoti va tariqati Buxoroda Bahouddin Naqshband tomonidan asoslangan. Uning xalifalari Alouddin Attor, Muhammad Porso va Yaʼqubi Charxiylar uni rivojlantirganlar. Yaʼqubi Charxiydan naqshbandiya taʼlimotini olgan Xoja Ahrori Valiy bu tariqatni Turkiya va Hindistonda yoyilishi, shu tufayli butun jahonga tarqalishiga sabab boʻlgan. Uning gʻoyalarini Muhammad Qozi orqali Maxdumi Aʼzam rivojlantirgan.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, birinchidan, Maxdumi Aʼzam vafotidan soʻng naqshbandiya tariqatlarida xalifalar oʻrtasida pirning maqomini olish, irshod huquqini qoʻlga kiritishga intilish kuchaygan deyish mumkin. Pirlik maqomini, irshod ijozatnomasini olish boʻyicha naqshbandiya tariqatining namoyandalari Maxdumi Aʼzamning muridlari Xoja Islom Joʻyboriy va Mavlona Lutfulloh oʻrtasida kurash kuchaygan deyish mumkin.
Prof. A.A. Semyonov Mahdumi Aʼzamning muridi Mavlono Lutfulloh Chustiyning [5] ijtimoiy-siyosiy faoliyati haqida fikr yuritgan. Amerikalik tadqiqotchi Vess Devin ham naqshbandiya-kubroviya taʼlimotining baʼzi kelishmovchiliklari haqida aytib oʻtgan. Unda Mavlono Lutfulloh Chustiy bilan kubraviya tariqati namoyandalari oʻrtasidagi kelishmovchilik boʻyicha soʻz ketadi. Ushbu tadqiqotlarda manbalarga asoslangan holda, Mavlono Lutfullohni turli shahar va viloyatlarda maʼlum taʼsirga ega boʻlgan shayxlarning pinhona va goho oshkora hujumi qurshovida qolganini koʻrsatib oʻtganlar. Bu holatdan maʼlumki, Markaziy Osiyoda Maxdumi Aʼzam vafotidan keyingi davrda naqshbandiya maktablari ichidagi raqobat tobora keskinlashib borgan.
Manbalarni oʻrganish natijasida shunday xulosaga kelishimiz mumkinki, Xoja Islom Samarqand, Karmana, Buxoro viloyatlarida, Mavlono Lutfulloh esa, Toshkent, Fargʻona vodiysi, Hisor, Afgʻoniston hududlarida naqshbandiya tariqatidagi faoliyatlarini olib borganlar.
Dahbediya maktabining XVIII asr vakillari toʻgʻrisida tadqiqotchi Xaydarxon Yuldashxodjayev “Musoxon Dahbediyning Naqshbandiya-mujaddidiya tariqati rivojida tutgan oʻrni” (XVIII asr) mavzuidagi dissertatsiyasida alohida toʻxtalib oʻtgan.
Musoxon Dahbediy Maxdumi Aʼzam Kosoniy Dahbediy (1461-1542) avlodlaridan boʻlib, Samarqanddan 15 km shimolda joylashgan Dahbed mavzesida dunyoga kelgan. Ilk tahsilini Samarqanddagi Tillakori madrasasida olgan Musoxon Dahbediy keyinchalik Kubraviya tariqatidan koʻzga koʻringan vakili Muhammad Rizo Qarnakiy hamda Naqshbandiya-Mujaddidiya tariqatidan Miyon Obid Jahonobodiy (vaf. 1738-39) qoʻlida taʼlim oladi. Shayx Muhammad Obid Musoxon Dahbediyga toʻrt tariqat: Naqshbandiya, Qodiriya, Suhravardiya va Chishtiyaga rahbarlik qilish ijozatini bergan. 1756 yillarda Musoxon Dahbediy va uning izdoshlari Hindistondan Samarqandga keladi. Shu tariqa Naqshbandiya taʼlimotining markazi Hindistondan Markaziy Osiyoga koʻchadi. Musoxon Dahbed maktabining faoliyat doirasi butun Markaziy Osiyo, Sharqiy Turkiston, Xuroson, Hindiston oʻlkalarini oʻz ichiga qamrab olgan.
Xulosa qilib aytganda, Musoxon Dahbediy Naqshbandiya-Mujaddidiya sulukining nazariy rivojiga katta hissa qoʻshdi, Naqshbandiya tariqatini eʼtiqod va amaliyot borasidagi turli xurofotlardan tozalab, asarlarida tariqat taʼlimotini Qurʼon va sunna asosida qayta ishlab chiqdi. Naqshbandiya tariqati Movarounnahrda tashkil topib, shu makonda gurkirab rivojlangan boʻlsa-da, lekin XVII asrning ikkinchi yarmidan boshlab, uning markazi Hind diyoriga koʻchgan edi. Musoxon Dahbediy bu tariqatni oʻz diyori – Movarounnahrga qaytarib olib keldi va rivojlantirdi.
Tadqiqotlar shuni koʻrsatadiki Dahbed maktabi oʻz vaqtida Markaziy Osiyodagi ijtimoiy-siyosiy hayotda muhim oʻrin egallagan. Maxdumi Aʼzam merosidan bizgacha yetib kelgan risolalalar globallashuv sharoitida yoshlarni gʻoyaviy-tarbiyaviy immunitetini kuchaytirishda, oila farovonligi va nikoh tushunchalarini qadrlashni shakllanishida foydalanish yoʻllarini tadqiq etishda muhim ahamiyatga egadir.
-
“Ijtimoiy barqarorlikni taʼminlash, muqaddas dinimizning sofligini asrash – davr talabi” mavzusidagi anjumanda prezidentimiz Sh.M. Mirziyoyev maʼruzasi; 2017 yil 15 iyun, Toshkent.
-
699-767 yillarda yashagan: “Xanafiya” mazhabining asoschisi.
-
1079-1166 yillarda yashagan: “Qodiriya” tariqatining asoschisi.
-
Algar Hamid. Dahbidiya.http://www.iranicaonline.org/articles/dahbidiya. Internet maʼlumoti.
-
Semyonov A.A. Unikalnыy pamyatnik agiograficheskoy sredneaziatskoy literaturы XYI v // Izvestiya Uzbekistanskogo filiala Akademii nauk SSSR, № 12 (1940), S. 42-52; № 13 (1941).