Yurtimizdan yetishib chiqqan eng mashhur muhaddislardan biri, shubhasiz, Imom Buxoriydir. U kishi oʻz davrida hadis ilmi rivoji uchun beqiyos xizmat qilgan.
Xatib Bagʻdodiy: “Imom Buxoriy barcha shaharlardagi muhaddislarning oldiga borgan. Xuroson, Jibol, Iroqning barcha shaharlari, Hijoz, Shom, Misrda hadis yozgan va Bagʻdodda bir-necha marta boʻlgan”, degan.
Demak, Imom Buxoriy ilm talab qilib Makka, Madina, Toif, Jidda, Basra, Kufa, Bagʻdod, Misr va Jazira (Dajla va Furot daryosining orasida joylashgan mintaqa. Muhim shaharlari – Harron, Ruho, Raqqa, Mavsil va boshqalar)ga safar qilgan.
Ammo Xuroson va uning atrofidagi Marv, Balx, Hirot, Nishopur, Ray, Vosit kabi shaharlar Imom Buxoriy koʻp ziyorat qilib yurgan joylar boʻlgan.
Imom Buxoriy Nasafga kelib, shu yerda bir muddat yashagan. Imom Buxoriy Nasaf ulamolariga alohida ehtirom bilan qaragan. Nasaflik muhaddislarning ishonchli ekanligiga guvohlik berib, boshqalarni ulardan hadis eshitishga chorlagan. Buxorolik muhaddisning ehtiromiga sazovor boʻlgan ana shunday olimlardan biri Nasafda ellik yildan ortiq qozilik vazifasini ado etgan Abu Zayd Tufayl ibn Zayd Nasafiydir.
Imom Buxoriy Nasafdan chiqqan kuni Abu Zayd Nasafiy haqida bunday deydi: “Ilm ahlidan Abdulloh ismli mingta shayxni koʻrdim, ammo ular orasida shayxingiz Tufayl ibn Zayddan odobliroq kishini uchratmadim”. Abu Zayd Nasafiy fiqh ilmi bilan birga hadis ilmini ham puxta egallagan edi. Imom Buxoriy olimning hadis ilmida ishonchli roviy ekanligiga guvohlik berib bunday deydi: “Tufayl ibn Zayddan Yahyo ibn Bukayr hadislarini eshiting”. Nasaflik bir nechta ulamolar “Sahihul Buxoriy”ni Imom Buxoriyning oʻzidan taʼlim olgan.
Imom Buxoriy Samarqandga ham kelgan va ushbu shahardagi ulamolar bilan ilmiy suhbat oʻtkazgan. Ehtimol, buyuk muhaddis Nasafda yashagan paytida Samarqandga ham kelib-ketgandir. Imom Buxoriyning Samarqandga kelganini, ushbu shaharda hadis ilmining rivojlanganini hamda koʻplab muhaddislarning bu joyda jam boʻlishi haqidagi fikrimizni quyidagi maʼlumot ham tasdiqlaydi.
Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy bunday deydi: “Men Sulaym ibn Mujohiddan eshitdim. U: “Men Abul Azhardan eshitganman”, dedi. Abul Azhar: “Samarqandda toʻrt yuzta muhaddis yetti kun toʻplanib Muhammad ibn Ismoil Buxoriyni adashtirishga harakat qildi. Shomning sanadini Iroqning sanadiga, Iroqning sanadini Shomning sanadiga, Yamanning sanadini Haramayn (Makka va Madina)ning sanadiga va Haramayn (Makka va Madina)ning sanadini Yamanning sanadiga almashtirdi. Ular Imom Buxoriyni sanadda ham matnda ham biror xato bilan toʻxtata olmadi”, degan edi”. Imom Buxoriy Samarqandga kelgan vaqtda bu shaharda bu kishini imtihon qilib, buyuk muhaddis bilan tenglasha oladigan yoki tenglashishga harakat qilgan toʻrt yuz muhaddisning bu shaharda istiqomat qilishining oʻzi ham bu joyda hadis ilmining rivojlanganiga ishonchli misol boʻla oladi. Ammo Imom Buxoriyning bu shaharga qachon kelgani va qancha muddat turgani haqida maʼlumot yoʻq. Manbalarda yuqorida keltirilgan maʼlumotdan boshqasini uchratmadik.
Tarixiy manbalardan Imom Buxoriyning Samarqandga ikkinchi marta kelgani va Xartang qishlogʻida sodir boʻlgan voqealar haqidagi maʼlumotlarni qidirganimizda, umrining oxirgi kunlarini Gʻolib ibn Jabroil Xartangiyning uyida oʻtkazganiga duch kelamiz.
Imom Buxoriy Buxorodan chiqqanda, samarqandliklar unga maktub yozib, Samarqandga chaqirdi. Alloma shu shaharga qarab yoʻlga chiqdi. Samarqanddan uch farsax masofadagi Xartang qishlogʻiga yetganda, samarqandliklar orasida ixtilof chiqqani haqidagi xabar keldi. Bu qishloqda uning qarindoshlari bor edi. Shu sababli ish aniq boʻlguncha qarindoshlarinikida qoldi.
Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy Imom Buxoriyning qarindoshlaridan biri boʻlgan.
Ibn Adiy aytadi: “Abdulquddus ibn Abdujabbor Samarqandiyning bunday deganini eshitdim: “Muhammad (ibn Ismoil Buxoriy) Xartangdagi qarindoshlarinikiga kelganda, bir kecha namozni oʻqib boʻlib: “Ey Allohim! Keng yer menga torlik qilib qoldi. Mening jonimni qabz qilib, Oʻz huzuringga olgin”, deb duo qilganini eshitdim. Bir oy oʻtmasdan vafot etdi. Uning qabri Xartangdadir”.
Shundan faraz qilish mumkinki, Imom Buxoriy Xartang qishlogʻiga kelganda, qarindoshi Abu Mansurning uyida mehmon boʻlgan va chamasi bir oycha yashagan.
Xatib Bagʻdodiy “Al-Muttafiq val muftariq” asarida Abu Mansurning tarjimai holini keltirgan. Xatib Bagʻdodiy aytadi: “Azhariy menga: “Bizga Abu Saʼd Idrisiy aytib bergan edi”, deb xabar qildi: “Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy Samarqandiy, kunyasi Abu Mansur boʻlgan shayxdir. Muhammad ibn Ismoil uning uyiga mehmon boʻlib tushgan va uning xonadonida vafot etgan. Gʻolib ibn Jabroil uning dafn marosimini oʻtkazgan. Muhammad ibn Ismoilning nusxa koʻchiruvchisi Abu Jaʼfar Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy oʻshani Gʻolib ibn Jabroildan hikoya qilgan”.
Idrisiy aytadi: “Uning musnad hadisi borligini bilmayman. U ilm ahlidan boʻlgan, deyiladi. Undan Muhammad ibn Ismoilning fazilatlari haqidagi hikoyalar rivoyat qilingan. Menga Gʻolib ibn Jabroil Imom Buxoriydan ozgina keyin vafot etdi va uning yoniga dafn etilishini vasiyat qildi, deb aytildi”.
Abdulkarim Samʼoniy “Ansob” asarida bunday deydi: “Xartang Samarqanddan uch farsax masofada joylashgan qishloq. Imom Abu Abdulloh Muhammad ibn Ismoil Buxoriy shu yerda vafot etgan. Ziyorat qilish uchun u yerga toʻrt marta borganman. Ushbu qishloqqa nisbat berilgan mashhur kishilardan biri Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiydir. Muhammad ibn Ismoil Buxoriy Xartangga kelganda, uning uyiga tushgan va xonadonida vafot etgan. U Imom Buxoriyning dafn marosimini oʻtkazgan. Aytilishicha, u (Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy) ilm ahlidan boʻlgan. Undan Imom Buxoriyning fazilatlari haqidagi hikoyalar rivoyat qilingan. U Imom Buxoriydan ozgina keyin vafot etgan va qabri yoniga dafn etilishini vasiyat qilgan. Imom Buxoriy 256/870 yili Ramazon hayitiga oʻtar kechasi vafot etgan”.
Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Uyiga Abu Abdulloh Buxoriy mehmon boʻlib tushgan Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroilning bunday deganini eshitdim: “U biznikida bir necha kun yashadi. Soʻng betob boʻlib, ahvoli ogʻirlashdi. Hatto Muhammad ibn Ismoil Buxoriyni olib ketish haqida Samarqand shahriga elchi yuborilgan edi. Elchi yetib kelishi bilan safarga tayyorgarlik boshlandi. U ikki mahsisini kiyib, sallasini oʻradi. Men bir qoʻlidan, boshqa bir odam ikkinchi qoʻlidan ushlab, uloviga mindirish uchun yetakladik. Chamamda yigirma qadam nari-beri yurdi. Shunda u: “Meni qoʻying, zaiflashib qolibman”, dedi-da, uzoq duo qildi. Soʻng holsizligi yanada kuchayib, yerga chalqancha boʻlib yotdi-da, shu holda vafot etdi.
Uning badanidan taʼrifga til ojiz boʻladigan darajada koʻp ter chiqdi. Kafanlagunimizga qadar toʻxtamadi. U bizga: “Meni qomis (koʻylak) va imoma (salla)si boʻlmagan uchta oq kiyim bilan kafanlang”, deb vasiyat qilgan edi. Aytganidek qildik. Dafn qilganimizda qabri tuprogʻidan atrofga mushkdan-da xushboʻyroq oʻtkir hid tarala boshladi va bu holat bir necha kun davom etdi. Soʻng osmonga Imom Buxoriy qabri uzra oppoq choʻziq doira koʻtarildi. Odamlar bundan hayratga tushib qoldi. Afsuski, ular qabr tuprogʻini olib keta boshladi. Hatto qabr ochilib qolayozdi. Biz qabrga qoʻriqchilik qilishga harchand urinmaylik, buning uddasidan chiqa olmadik.
Shunda qabrga hech kim tegmasligi uchun atrofiga yogʻochdan panjara oʻrnatdik. Soʻng bidʼatchilar marqad atrofidagi tuproqlarni olib keta boshladi, lekin qabrning tuprogʻiga tegina ololmadi. Xushboʻy hid taralishi ancha vaqtgacha davom etdi. Shahar aholisi ajablanib, buni gapirishdan toʻxtamadi. Uning martabasi vafotidan keyin dushmanlari nazdida ham aniq-ravshan boʻldi. Baʼzi dushmanlari qabriga kelib, qilgan yomon ishlaridan pushaymonlik bildirdi va tavba qildi”.
Muhammad ibn Abu Hotim Varroq Buxoriy aytadi: “Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy Imom Buxoriydan keyin juda kam umr koʻrdi. Vafotidan keyin oʻzini Imom Buxoriyning yoniga dafn etishni vasiyat qildi”.
Ushbu maʼlumotlardan Imom Buxoriyning kotibi va xos shogirdi Abu Jaʼfar Varroq Buxoriy ustozi bilan birga Samarqandga kelmaganini bilib olish mumkin. Chunki u Imom Buxoriyning Xartang qishlogʻiga kelgani, qarindoshlarinikida qolgani, shu yerda betob boʻlib, vafot etgani va shundan soʻng sodir boʻlgan ajoyib voqealar haqidagi maʼlumotlarni Gʻolib ibn Jabroildan hikoya qilgan.
Tarix kitoblarida keltirilgan maʼlumotlardan qoʻyidagilarni xulosa qilishimiz mumkin:
* Imom Buxoriy Nasafda bir muddat yashagan va shu yerdagi talabalarga “Sahihul Buxoriy”dan dars bergan. Bir nechta nasaflik ulamolar ushbu kitobdan dars berish uchun ijozat olib qolgan.
* Nasafda yashagan paytida Samarqandga kelgan va ushbu shahardagi toʻrt yuzta muhaddis yetti kun toʻplanib Muhammad ibn Ismoil Buxoriyni imtihon qilgan.
* Imom Buxoriy Samarqandga kelgan vaqtda bu shaharda buyuk muhaddis bilan tenglasha oladigan yoki tenglashishga harakat qilgan toʻrt yuz muhaddis istiqomat qilgan.
* Imom Buxoriy umrining oxirida Buxorodan chiqib, Samarqandga yoʻl olgan va baʼzi sabablarga koʻra Xartangda yashaydigan qarindoshlaridan biri Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroilning uyida qolgan.
* Shu yerda betob boʻlib, vafot etgan va dafn qilingan.
* Abu Mansur Gʻolib ibn Jabroil Xartangiy Samarqandiy ilm ahlidan boʻlgan va Imom Buxoriyning dafn marosimini oʻtkazgan.
* Abu Mansurdan Imom Buxoriyning fazilatlari haqidagi hikoyalar va vafot etganidan keyin sodir boʻlgan ajoyib voqealar rivoyat qilingan.
* Abu Mansur Xartangiy Imom Buxoriydan keyin juda kam yashagan va vafotidan soʻng buyuk muhaddisning yoniga dafn etilgan.