Home / FOTO LAVHALAR / VAZIRLIK MARKAZ TADQIQOTCHISINI EʼTIROF ETDI

VAZIRLIK MARKAZ TADQIQOTCHISINI EʼTIROF ETDI

Buyuk Britaniyadagi Oksford islom tadqiqotlari markazi tadqiqotchisi, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi boʻlim boshligʻi Barot Amonov Oʻzbekiston Respublikasi Innovatsiyani  rivojlantirish vazirligida “Yosh olimlarning ilmiy salohiyatini rivojlantirishda ilmiy stajirovkalarning oʻrni va ahamiyati” mavzusida oʻtkazilgan davra suhbatida ishtirok etib nutq soʻzladi.

Yosh olim nutqida joriy yilning dastlabki besh oyi davomida Oksford islom tadqiqotlari markazida olib borgan ilmiy izlanishlarining mohiyati va xorijda stajirovka oʻtash uchun yaratilgan imkoniyatlar xususida maʼlumotlar berdi.

Avval xabar qilganimizdek, Innovatsiyani rivojlantirish vazirligi tomonidan yosh olimlarni yetakchi xorijiy ilmiy tashkilotlar (markazlar, universitetlar va boshqalar)ga qisqa muddatli ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha eʼlon qilingan tanlovda gʻolib chiqib, Oksford islom tadqiqotlari markazida ilmiy safarda boʻlib qaytgan Amonov Barot Murodovich Buyuk Britaniyada ilmiy ishi yuzasidan tadqiqotlar olib borish bilan birga koʻplab tadbirlar, maʼruzalarda ishtirok etdi va qator taqdimotlar oʻtkazdi.

Maʼruzachi ilmiy safarining barcha bosqichlari haqida batafsil toʻxtalib, chet elda oʻtkazilgan amaliyotning istiqbolda ilmiy yutuqlarga erishishdagi alohida oʻrnini eʼtirof etdi va taqdim etilgan ushbu imkoniyat uchun vazirlik mutasaddilari orqali hukumat vakillariga chuqur minnatdorchilik bildirdi.

  Davra suhbati davomida yosh olimlarni xorijiy davlatlarga ilmiy stajirovkalarga yuborish boʻyicha bugungi kungacha amalga oshirilgan ishlar va kelajakdagi istiqbolli rejalar muhokama qilindi. Bundan tashqari tadbir davomida ilmiy stajirovkalarda oʻz malakasini oshirib kelishga muvaffaq boʻlgan yosh olimlar birlashmasi “Innofund” young scientists Alumni faoliyati haqida soʻz bordi va ushbu stajirovkalarda qatnashgan 7 nafar yosh olim oʻzlarining tajribalari va taassurotlari bilan boʻlishdilar.

Innovatsiyani rivojlantirish vazirligi va Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni koʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tomonidan tashkillashtirilgan stajirovkalarda shu kunga qadar 400 dan ziyod yosh olimlar dunyoning eng rivojlangan 30 dan ortiq davlatlarida ilmiy tadqiqotlar oʻtkazib, oʻz malakalarini oshirib kelishga va yetakchi olimlar bilan tajriba almashishga muvaffaq boʻlishgan.

   

Tadbir soʻngida haftalikda faol ishtirok etgan tashkilotlar va ularning xodimlari, taqdimotda qatnashgan yosh olimlar tashakkurnoma va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …