Yer yuzidagi barcha nozu-neʼmatlar odamlar farovon yashashi uchun yaratilgan. Barcha shart-sharoitlar inson uchun, uning hayoti quvonchli boʻlishi uchun moʻljallangan. Inson tayyor neʼmatlarga egalik qilibgina qolmay, hayotini yanada goʻzal, yanada maroqli, yanada qulay qilish uchun ter toʻkib, mehnat qiladi. Inson oʻz ongi, tafakkuri tufayli doimo harakatda boʻlib, olgʻa intiladi. Bular, albatta, Yaratganning inson zotiga mehr-muhabbatidan.
Islom dini va uning muqaddas manbasi boʻlgan Qurʼoni karimda inson zotini eʼzozlash asosiy vazifalardan biri sifatida belgilangan. “Baqara” surasida hatto farishtalar ham Odamga sajda qilishi buyurilgani taʼkidlangan (34-oyat).
Xullas, inson zoti islom falsafasida yer yuzidagi eng qadrli, eng ulugʻ mavjudotdir. Shundan kelib chiqib, inson zotini qadrlash majburiyati har birimizning zimmamizga yuklangan.
Mamlakatimizda “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiori bejiz ilgari surilmadi. Yurtimizda roʻy berayotgan barcha ijobiy oʻzgarishlar mehnatkash insonlar qoʻllari bilan bunyod qilinmoqda. Oʻzbekistonning qiyofasi kun sayin koʻrkamlashib bormoqda, yangi qurilayotgan osmonoʻpar binolardan tortib, yurtimizning har bir viloyati, har bir tumanida qad koʻtarayotgan zamonaviy shaharchalar (sitilar), zavod-fabrikalar insonning bunyodkor qoʻli bilan yuzaga kelmoqda.
Shunday ekan, insonni qadrlash, ulugʻlash zamon talabiga aylanishi tabiiy holdir. Insonni qanchalik qadrlab, mehnatini nechogʻli munosib taqdirlasak, u oʻz mehnatini shu qadar takomillashtiradi, rivojlantiradi. Shu tarzda mehnat sifati ham oshib boradi. Inson mehnatini qanchalik yerga ursak, u shu qadar tanballashadi va mehnatining sifati ham pasayib boradi. Inson qadrlanmas ekan, el ham qadr topmaydi. Elning obroʻyi inson qadri bilan oʻlchanadi. Qaysi mamlakatda inson mehnati yuqori baholansa, oʻsha mamlakatning obroʻyi ham yuqori boʻladi.
Mehnatning ikki turi mavjud – jismoniy va intellektual mehnat. Intellektual mehnat jismoniy mehnatni takomillashtiradi.
Yaqinda yosh shaxmatchilarimiz 44-umumjahon shaxmat olimpiadasining gʻolibi boʻldi. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoyev ularning jasoratini taqdirlash boʻyicha qaror qabul qildi. “Gʻolib shaxmatchilarimizni munosib taqdirlashimiz lozim, ularga nafaqat pul mukofoti, balki avtomobil ham sovgʻa qilishimiz lozim, axir, shaxmatchilar mehnatining bokschilar mehnatidan qayeri kam?! Bokschi mushagiga tayansa, shaxmatchi miyasiga tayanadi, shaxmatchining mehnati bokschining mehnatidan ogʻirroq”, degan fikrni bildirdi. Bu ham intellektual mehnat yuqoriroq qadrlanishi lozim, degan gʻoyaning tasdigʻi boʻldi.
Mustaqillik bizga inson mehnatini qadrlashni oʻrgatdi. Shu asosda malakali ishchilar, mutaxassislar avlodi shakllanib bormoqda. Ammo, afsuski, inson mehnatining haqqi past qoʻyilgani sababli ayrim malakali yurtdoshlarimiz yuqori stavkada haq toʻlaydigan mamlakatlarga chiqib ketmoqda. Mehnatga haq toʻlashda ilgʻor mamlakatlar tajribasidan andoza olish kerak. Bugun avvalgi davrlarda hisobga olinmagan kamchiliklarni tuzatish, mehnatga haq toʻlash tartibini adolatli meʼyorga keltirish lozim. Shundagina yurtimizda chinakamiga inson qadri koʻtariladi. Bu esa yurtimiz nufuzi oshishi uchun asos boʻladi.
Bugungi kunda yoshlarimizni zamonga mos ruhda tarbiyalashga alohida eʼtibor berilmoqda. Koʻpchilik yoshlarimiz ilm olish, tajriba orttirish, malaka oshirish uchun rivojlangan mamlakatlarga yuborilmoqda. Ular, shubhasiz, mamlakatimiz iqtisodiyotini, fan va madaniyatini yuksaltirishga oid bilim va tajriba bilan qaytadi. Bu bilim va tajriba mamlakatimizning har tomonlama yuksalishiga hissa boʻlib qoʻshiladi. Yurt ravnaqi uning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan odamlarga, ularning fidokorona va samarali mehnatiga bogʻliq. Mehnatning sifat va unumi ana shu mehnat egasi boʻlgan insonlarning qay darajada qadrlanishiga, munosib haq toʻlanishiga, qulay shart-sharoitlar yaratilganiga bevosita bogʻliqdir. Bu borada ham yurtimizda keng izlanishlar olib borilmoqda.
Bir paytlar “yapon elektronikasi moʻjizasi” butun dunyoga mashhur edi. Uning zamirida mehnatni tashkil etishning yaponcha shart-sharoitlari muhim ahamiyatga ega boʻlgan. Yapon elektron qurilmalarining sifatliligini taʼminlash uchun ularni ishlab chiqaruvchi zavod sexlari suv ostiga joylashtirilgan edi. Bu sexlarda mikrochiplarni qoʻlda payvandlash ishlari amalga oshirilardi. 13-16 yoshli qizlar ishlar edi. Bunday toifadagi ishchilarning qoʻllari nozik ishlarni bajarishga mos, koʻzlari oʻtkir boʻladi. Maoshni koʻproq olish maqsadida ular chiplarni uskunalarga sifatli va mustahkam qilib payvandlay olardi. Mikrochiplarni juda ingichka simlar bilan uskunalarga payvandlashar va natijada uskuna sifatli ishlar edi. Ishchi qizlar 16 yoshga toʻlgach boʻshatilar edi, chunki bu yoshda ular ongida sevgi-muhabbat va boshqa turdagi chalgʻituvchi oʻy-xayollar, omillar paydo boʻladi va ular ish sifatiga zararli taʼsir qiladi.
Shu tariqa yaponlar sifatli mahsulot mehnatni toʻgʻri tashkil etishning mevasi ekanini isbotlab berdi. Endilikda yana ham kichik mikrochiplarni robotlar aniq va pishiq qilib payvandlamoqda.
Mamlakatimizda mustaqilligimizning 31 yilligi arafasida “Yangi Oʻzbekistonda el aziz, inson aziz” shiorining eʼlon qilinishidan koʻzlangan bosh maqsad ham inson zotiga, uning mehnatini qadrlashga eʼtiborni kuchaytirishdan iboratdir. Barcha boyliklarning ijodkori boʻlgan mehnatkash insonning qadrlanishi, ulugʻlanishi – bu boʻlajak yutuqlarimizning tayanchidir. Yurtimizda inson qadrining ulugʻlanishi oqibatida joriy yilda mahalliylashtirish dasturi doirasida 28 turdagi 3 trillion 940,2 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. 29ta “Yangi Oʻzbekiston” massivlarida 21312 ta xonadonli 619 ta koʻp qavatli uy-joylarning 397 tasida qurilish ishlari boshlangan. (Xalq soʻzi, 2022 yil 6 avgust. 1 bet. Oliy Majlis Senati AXBOROTI).
Qurʼoni karimda insonni yer yuzining sultoni, barcha yaratilgan jonzotlar orasidagi eng erkin va suyukli banda sifatida ulugʻlanishi har birimizning zimmamizga insonni eʼzozlash, qadrlash masʼuliyatini yuklaydi. Shuning uchun ham inson Yangi Oʻzbekistonning eng ulugʻ qadriyatidir. Bu qadriyatni qanchalik qadrlasak, yurtimiz ham shu qadar obod va farovon oʻlkaga aylanadi.