Home / YANGILIKLAR / OʻZBEKISTONLIK HOJILARGA YARATILGAN SHART-SHAROITGA BUTUN DUNYO MUSULMONLARI HAVAS QILDI

OʻZBEKISTONLIK HOJILARGA YARATILGAN SHART-SHAROITGA BUTUN DUNYO MUSULMONLARI HAVAS QILDI

HAJ — 2022

Fuqarolarimizning diniy eʼtiqod borasidagi huquq va erkinliklari toʻla taʼminlanib, moʻmin-musulmonlarimiz ibodat amallarini emin-erkin bajarmoqdalar. Bu haqda soʻz yuritganda, ikki yillik koronavirus pandemiyasi cheklovlaridan soʻng bu yil 12 ming vatandoshimiz muqaddas haj amallarini bajarish imkoniga ega boʻlgani, keyingi 6 oyda 40 mingga yaqin yurtdoshimiz umra ziyoratini ado etganini taʼkidlash lozim. Prezident Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Qurbon hayiti tabrigidan.

Bismillahir Rohmanir Rohim. Haj mavsumi — ulugʻ amallar ado etiladigan, oliy maqsadlar, ezgu niyatlar ushalishi soʻraladigan, duo-tilaklar ijobat boʻladigan palla. Shu bois, har bir moʻmin-musulmon kishi umri davomida bir marta boʻlsada, Kaʼbatullohni tavof qilishni, Arafotda turishni, Safo va Marva tepaliklarida saʼy qilishni orzu etadi. Zotan, haj inson hayotini yaxshiliklar sari tubdan oʻzgartiradigan, bir soʻz bilan aytganda, Jannat mukofoti vaʼda qilingan buyuk ibodatdir.

Hazrati Paygʻambarimiz Muhammad sollallohu alayhi vasallam: “Mabrur hajning mukofoti faqat jannatdir”, “Kim Alloh uchun haj qilib, fahsh soʻz aytmasa va fisqu fasod qilmasa, xuddi onasidan yangi tugʻilgandek boʻlib qaytadi”, deb marhamat qilganlar. Demak, goʻzal odob, chiroyli xulq va chin ixlos ila qilingan hajning mukofoti jannatdir. 

Tabiiyki, ana shunday buyuk ibodatni ado etish uchun yurtimiz moʻmin-musulmonlariga davlatimiz tomonidan yaratib berilayotgan shart-sharoitlarni, bu borada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarni eʼtirof etish zarur.

 Keyingi yillarda Haj va Umra safarlarini yuqori darajada tashkil etishga katta eʼtibor qaratilmoqda. Natijada yurtimizdan umraga cheklanmagan miqdorda ziyoratchilar yuborildi va haj qiluvchilar soni 2016 yilda 5200 nafar, 2017 yilda 7200 nafarni tashkil etgan boʻlsa, bu yil 12 ming nafardan oshdi. 

Butun dunyoda kuzatilgan pandemiya tufayli ikki yil haj ibodati ado etilmadi. Oʻtgan davr mobaynida davlatimiz rahbari ilgari surgan “Inson qadri uchun” tamoyili asosida ziyoratchilarimizga yanada mukammal sharoitlar yaratish boʻyicha pishiq-puxta ishlar qilindi. Haj ziyoratini ado etish uchun yoʻlga chiqqan yurtdoshlarimizni kuzatishdan tortib, to kutib olishgacha boʻlgan jarayonlarning barchasi yuqori darajada tashkil etildi. Bu esa hojilar kayfiyatiga koʻtarinkilik, shijoatiga joʻshqinlik va risoladagidek ibodat qilishlari uchun kuch bagʻishladi. 

Bu yilgi haj mavsumida oʻzbekistonlik hojilar uchun yaratilgan shart-sharoitlarga butun dunyo musulmonlarining havasi keldi. Gap shundaki, yurtdoshlarimiz uchun barcha imkoniyatlar ishga solingan, hammasi hojilar manfaatiga xizmat qiladigan, barcha sharoit yaratilgan joylarda ibodat qilishdi.

Davlatimiz rahbari ilgari surgan inson qadri va manfaatlari har narsadan ustunligi tamoyilining amaldagi ifodasini fuqarolarimiz bu muborak zaminda ham his etdilar.

Madinai munavvara ziyorati

Hojilarimiz ibodatlarini xotirjam bajarishlari uchun Madinai munavvarada barcha qulayliklarga ega besh yulduzli “Zamzam Pullman” va “Crown Plaza” mehmonxonalari oʻzbekistonliklar xizmatida boʻldi. Ushbu turar joy majmualarining Masjidu Nabaviyning shundoqqina yonginasida joylashgani yurtdoshlarimizning namoz va ziyoratlarni koʻproq ado etishiga imkon berdi. Ushbu mehmonxonalarda uch mahal issiq taomdan tortib, 24 soat uzluksiz tibbiy punktlargacha barcha sharoitlar muhayyo qilindi.

Odatga koʻra, hamyurtlarimiz ziyoratni Madina shahridan boshladilar. Bu bejiz emas, albatta. Chunki ushbu muborak kent islom olamining markazi, paygʻambarlik yeri, vahiy manzili sifatida alohida qadrlanadi. Shu bois, dunyo musulmonlari tabarruk ziyoratgohlarni oʻz bagʻriga olgan, koʻplab oyatlar nozil boʻlgan mazkur shahar tomon talpinadilar.

Yurtdoshlarimiz dastlabki uch kun davomida Paygʻambar alayhissalom ravzalarini ziyorat qilib, Uhud togʻi, islom olamida birinchi qurilgan masjid — Quboda, keyin esa Qiblataynda boʻldilar. Asosiy vaqtlarini esa Rasul alayhissalomning muborak Masjid an-Nabaviyida toat-ibodatda oʻtkazdilar.

Buyuk ibodat

Madinai munavvara ziyoratini tamomlagan hamyurtlarimiz Makka shahrida izzat-ikrom ila kutib olindi. Ikki shaharning orasi 460 kilometrni tashkil etadi. Ushbu masofa avtobusda oʻrtacha tezlikda 5-6 soatda bosib oʻtiladi. Tilidan “lab-bayka” tushmagan yoʻlovchilar muborak shaharga ohistalik ila kirib keldilar.

Ziyoratchilarimiz 25 qavatli, shahar kaftdek koʻrinib turadigan, barcha shart-sharoitlarga ega “Abroj al-Hidoya”da joylashdilar. Mehmonxonaning kiraverishidagi “Oʻzbekiston” yozuvi va davlatimiz bayrogʻi har bir oʻzbekistonlik hojiga oʻzgacha gʻurur bagʻishladi.

Kaʼbatullohga 24 soat davomida uzluksiz avtobus qatnovi qoʻyilgani hojilarga koʻp bor Baytullohga borish uchun imkon berdi. Vatandoshlarimiz shu asnoda zulhijja oyining sakkizinchi kunida haj amallarini bajarishga kirishib, oppoq ehromlarini bogʻlagan holda “labbayka” aytib, Mino vodiysi tomon yoʻl oldilar. Niyat bilan ehromga kirish, Arafotda turish va Baytullohni tavof qilish hajning farzlari sanaladi. 

Bu yil Mino vodiysida oʻzbekistonlik hojilar uchun shinam chodirlar ajratildi. Keng va tekis hududda qad koʻtargan chodirlar har yilgidan farqli ravishda yumshoq oʻrinlar, yostiq-choyshablar, maxsus sovitkichlar bilan jihozlandi. Ozoda, saranjom-sarishta ushbu maskanda salqin ichimliklar hozirlandi va samovarlarda choy qaynab turdi. Taomlar esa uch mahal har bir chodirga yetkazib berildi. Allohga shukrki, Arafot va Muzdalifa vodiylarida ham keng va qulay joylar hozirlashga erishildi. 

Yurtimiz ziyoratchilari arafa kuni erta tongdan hajning yana bir farzini bajarish maqsadida Arafot tomon yoʻl oldilar. Hadislarda keltirilishicha, Arafot eng ulugʻ manzillardan biri. Bu yerda qilingan duolar shak-shubhasiz qabul boʻladi. Buni yaxshi anglagan hojilar har damni gʻanimat bilib, undan oqilona foydalanishga intildilar. 

Islom manbalarida Arafot duolar qabul va niyatlar ijobat boʻladigan ulugʻ makon ekani bayon etilgan. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Duolarning eng yaxshisi Arafotda qilingan duodir”, deb xushxabar berganlar (Imom Termiziy rivoyati). 

Haq taolo ushbu tabarruk joyda iltijo qilayotgan bandalari ila faxrlanadi va soʻraganlarini ato etadi. Shundoq murodbaxsh kunlarda insonlar ota-onasi, qarindoshi, doʻstu birodari va butun musulmonlar haqiga duo qilishga bor kuch-quvvatlarini sarf etadilar. 

Yurtdoshlarimiz bu yil haji akbar boʻlishini eshitib, ibodatda yanada sobit turdilar. Haji akbar — eng ulugʻ haj, katta haj maʼnosini anglatadi. Moʻtabar kitoblarimizda bu hajning ajri va fazilati katta ekani, xususan, 70 ta hojining savobi berilishi aytilgan. 

Hojilarimiz Arafot vodiysiga chiqqanlarida Allohdan, avvalo, oʻzlarining gunohlarini magʻfirat qilishni, dillariga tugib qoʻygan niyatlarini, yurtimizni samoviy, aroziy balolardan saqlashini soʻrab, chin dildan duolar qilishdi. 

Arafot vodiysida Prezidentimizning Oʻzbekiston xalqiga Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan yoʻllagan tabrigini eshitib, hojilarimizning quvonchlari cheksiz, kayfiyatlari nihoyatda chogʻ boʻldi. Zero, tabrikni yurtda eshitish boshqa, musofirchilikda, uzoq joylardan turib eshitish boshqa ekan. Tabrikni Muhammad alayhissalom tugʻilib oʻsgan, Qurʼoni karim nozil boʻlgan ulugʻ joylarda eshitish insonga oʻzgacha ruh baxshida etarkan. Hojilarimizning qaysi biri bilan gaplashmang, mamnunliklarini ifoda qildi. Davlatimiz rahbarining yurtimiz moʻmin-musulmonlariga koʻrsatayotgan bunday yuksak eʼtibori va ehtiromi hojilarimizni ruhlantirib yubordi. 

Hojilarimiz Arafot vodiysida kun botgunga qadar duoyu tazarrularda boʻlib, Muzdalifa vodiysi tomon yoʻl oldilar. Ular Qurbon hayitining uchinchi kuniga qadar muborak joylarda toat-ibodatda bardavom boʻldilar, hajning shaytonga tosh otish, tavofi ifoza kabi qolgan ruknlarini ham ado etdilar.

Allohning mehmonlariga xizmat qilish — katta sharaf

Haj qiluvchi kishi Alloh taoloning mehmonidir. Haj amalini bajarayotgan kishiga koʻmak bergan, uning ogʻirini yengil qilgan inson ulugʻ savoblarga noil boʻlishi haqida koʻplab dalillar bor. Shu maʼnoda, “Haj — 2022” tashkilotchilari va ishchi guruh aʼzolari ana shunday ulugʻ darajalarni maqsad qilib, Rahmonning mehmonlariga Oʻzi rozi boʻladigan darajada sidqidildan xizmat etishga harakat qildilar. Xususan, “Haj — 2022” delegatsiyasi, ishchi guruhlar, ellikboshilar doimo ularning yonida, shifokorlar sogʻliqlaridan xabardor boʻlib turdi. Oshpazlar esa ibodatga quvvat boʻladigan tansiq milliy taomlardan tayyorlab berdi. 

Ulamolarimiz, ahli ilmlarimiz va ellikboshilar ziyoratchilar bilan doimiy suhbatlar oʻtkazib, ibodatlarini chiroyli ado etishlariga yaqindan koʻmakchi boʻldilar.Hojilarga sifatli transport xizmatlari koʻrsatish, ularni belgilangan manzilga kechiktirmasdan yetkazib qoʻyish maqsadida koʻplab avtobuslar ham jalb etildi. Bizning bosh maqsadimiz ziyoratchilarning har bir qadamini osonlashtirib, koʻp vaqtini ibodatga sarflash edi va bunga Alloh muvaffaq qildi.

Eʼtirof…

Alloh nazari tushgan muqaddas manzil — Makkaga har yili ziyoratchilar oqib keladi. Bir xil libos, bir maqomdagi insonlarga munosabat ham bir xil. Ammo biz, oʻzbekistonliklar nafaqat mahalliy aholi, balki xorijliklarning ham oʻzgacha mehrini har qadamda tuydik. Binobarin, musulmon olamida ulugʻ muhaddis Imom Buxoriy avlodlarining hurmati baland boʻlib, ularga oʻzgacha havas bilan qarashadi, alohida izzat-ikrom koʻrsatiladi. Ana shunday kezda ulugʻ muhaddis va allomalarga beshik boʻlgan zamin farzandi ekaningdan faxrlanib ketarkansan.

Oʻzbekistondanligimizni bilganlar darhol yoniga chorlab, joy beradi. Ulugʻ allomalar yetishib chiqqan yurtimizga borish, Imom Buxoriy mangu qoʻnim topgan manzilni ziyorat qilish istagini aytadi. Demak, Oʻzbekiston yaqin kelajakda musulmon dunyosining diqqat markazidagi moʻtabar manzilga aylanishi shubhasiz.

Yurtimiz hojilari islom dinining beshinchi farzini bajarish chogʻida davlatimizning koʻmagini, beqiyos gʻamxoʻrligini his qilib turdilar. Zotan, taraqqiyotimizning yangi davrida dinimiz arkonlarini ado etish uchun barcha shart-sharoitlar hozirlanmoqda. Pirovardida, hojilarimiz tartib, odob jihatidan, amallarni bajarish boʻyicha ham koʻpchilikka ibrat boʻldilar. 

Saudiya Arabistonining yetakchi OAVlari — “Haramain Archives”, “Haramain servant”, “Alriyadh” va “Iqra” kabilar oʻzbekistonlik ziyoratchilar haqida koʻp bor lavhalar namoyish etdi. Ularda hojilarning husni xulqi, oʻzlarini tutishlariga alohida toʻxtalinar ekan, ular munosib izzat-ikrom qilingani yuqori baholandi. Bu Oʻzbekistondagi islohotlarning munosib eʼtirofi boʻldi, desak ayni haqiqat. 

Bularning barchasi odamlarni rozi qilish yoʻlida olib borilayotgan xayrli ishlar mevasidir. Aholisi rozi yurtga Yaratgan ham neʼmatlarini yogʻdiradi, inshaalloh.

Hojilik — ibrat maktabi

Haj qilgan kishining yuzida nur paydo boʻladi. Hayoti farovon va osuda, yaxshi ishlarga ragʻbati oshadi. Shunday qilib, yurtdoshlarimiz haj ibodatining barcha ruknlarini bajarib boʻldilar. Ziyoratchilar safar yakunida tavofi vidoni bajarib, joriy yilning 14 iyulidan 4 avgustiga qadar navbatma-navbat ona Vatanga qaytib keldilar.

Tabarruk joylarda gunohdan pok boʻlib, yurtimizga sogʻ-omon qaytgan vatandoshlarimiz ibratli fazilatlari, jamiyat hayotidagi faol ishtiroki bilan barchaga namuna boʻlib, oʻsib kelayotgan yosh avlodni vatanparvar, maʼnaviyatli, maʼrifatli, ota-onasiga, yurtiga xizmat qiladigan sodiq, solih farzandlar boʻlishiga oʻz hissalarini qoʻshadilar. Yordamga muhtoj kishilar, kambagʻallar, miskin va faqirlarning holidan xabardor boʻlishga koʻproq hissa qoʻshishga harakat qiladilar. 

Haq taolo hamyurtlarimiz hajlarini mabrur, duolarini mustajob aylasin. Yurtimizni ofat-kulfatlardan oʻzi asrasin. Oʻzbekistonimizning dunyo maydonida nomi va oʻrni bundanda sarbaland boʻlsin!

Dil izhorlari

Muzaffar ESHMURODOV,

Navoiy viloyati:

— Allohga behisob hamdu sanolar boʻlsinki, haji akbar boʻlishdek ulugʻ maqom bizga nasib etdi. Bu uchun, avvalo, Yaratganga shukronalar aytamiz va bu yilgi haj mavsumini tashkillashtirgan barcha mutasaddilarga minnatdorlik bildiramiz. Chunki safar chogʻida yurtdoshlarimizga xizmat koʻrsatish uchun katta tayyorgarlik koʻrilgani shundoq sezildi. Hatto boshqa mamlakat fuqarolari bizga havas bilan qaradi. 

Barcha qulayliklarga ega mehmonxonada yashab, masjidda jamoa boʻlib namoz oʻqishimiz, Masjidul Haramda ibodat qilmoqchi boʻlsak, tunu kun avtobuslar qatnovi tashkil etilgani hukumatimiz koʻmagi, respublika rahbariyati gʻamxoʻrligi deb Haq taologa shukronalar aytdik. Albatta, bunday qulayliklar ibodatlarni mukammal ado etishga omil boʻldi. 

Qayd etish joizki, Haj va Umra amallarini bajarishdan tortib, muborak joylarda kishi oʻzini qanday tutishigacha boʻlgan barcha amallar guruh rahbarlari tomonidan doimiy tarzda oʻrgatildi. Taqdim etilgan “Haj — buyuk ibodat” kitobida amallar bajarilishi jarayonida oʻqiladigan duolar, ularning talaffuzidan tortib, mazmun-mohiyatigacha tushuntirilgan. 

Bunday sidqidildan qilingan mehnat ziyoratlar, ibodatlarni risoladagidek bajarib xotirjam boʻlishga zamin hosil qildi. Mehribon Alloh taolo ibodatlarimizni qabul aylab, hojilarimizning hajini mabrur aylagan boʻlsin!

Dilafroʻz EGAMBERDIYEVA,

Namangan viloyati:

— Biz yaqin bir oy davomida Saudiya Arabistonining muqaddas ikki shahri — Madina va Makkada boʻlib, islomning beshinchi arkonini yuksak saviyada ado etdik. Ming karra shukr! Tabarruk maskanlar, ulugʻ ziyoratgohlarda Oʻzbekistonimizga tinchlik va ofiyat, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan xayrli va savobli ishlarga yuksak marralar, xalqimizga esa omonlik tilab, duo qildik. 

Albatta, bunday muborak joylarda boʻlish har kimga ham nasib etavermaydi. Buni yaxshi anglagan yurtdoshlarimiz har damni gʻanimat bilib, har soniyadan unumli foydalanish harakatida boʻlib, haj amallarini mukammal ado etishga intildilar. Ularning ibodatlarini Alloh oʻz dargohida qabul aylagan boʻlsin.

Nuriddin domla XOLIQNAZAROV,
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy.
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 6 avgust, 159(681) son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …