amol al-Qarshiyning “Mulxakat as-Surax” asarida Markaziy Osiyoning VIII-XIII asrlar tarixiga oid koʻplab qiziqarli voqealari qatorida Qutayba ibn Muslim toʻgʻrisida ham maʼlumotlar qoldirilgan. Unda yozilishicha, Ganam Abu Xafs Qutayba ibn Muslim ibn Amr al-Baxili (660-715 yillar yashagan) taniqli arab lashkarboshisi, Oʻrta Osiyoda islom dinining tarqalishida faol qatnashgan tarixiy shaxs boʻlgan [1]. Bunga qoʻshimcha tarzda boshqa bir manbada Qutayba ibn Muslim – mashhur arab lashkarboshisi va Xuroson amiri boʻlgani, 705-715 yillarda Marvda hukm surgani toʻgʻrisida maʼlumot berilgan [2:335].
Bu maʼlumotlar arab manbalarida ancha keng yoritilgan koʻrinsa-da, ularning aksariyat qismi bir-birini takrorlaydi [3:125,5:268,8:416]. Shunday manbalardan biri al-Balozuriyning “Futux al-Buldon” asari hisoblanadi. Bu asarga berilgan “Izohlar” qismida kitobni nashrga tayyorlovchilar keltirgan 145-izohda Qutayba ibn Muslim al-Baxili toʻgʻisida qisqa maʼlumot berilgan. Bu maʼlumotlar shuningdek, at-Tabariy, Ibn-Xallikan, az-Zarakli kabi mualliflarning asarlarida ham uchrashiga havola yozilgan [5:65]. Kitobda Qutayba ibn Muslim al-Baxilining 669 yilda tugʻilgani, uning otasi xalifa Yazid davrida taniqli inson boʻlgani aytiladi. Qutayba xalifa Abdul Malik ibn Marvon davrida Ray shahrining noibi, 704 yildan vafotiga qadar Xuroson oʻlkasiga voliy-hokim boʻlgani toʻgʻrisida ham maʼlumot qoldirilgan. Shuningdek, manbada Qutaybaning 715 yilda Fargʻonada boʻlgani, xalifa Sulaymonga qarshi isyon koʻtargani, lekin askarlari uni qoʻllab-quvvatlamagani va ular Qutaybani oʻldirgani bayon qilinadi [4:65].
Yana bir manba muallifi – Jamol al-Qarshiyning yozishicha, 715 yilning avgust oyida “Qutayba qoʻzgʻaloni” [7:108] paytida oʻz lashkarlari xalifa Sulaymon ibn Abd al-Malik (715-717 yillar)ning amr farmoniga koʻra oʻldiradi [5:119].
Bu borada Olma-otada chop etilgan Jamol al-Qarshiyning “al-Mulxakat bi-s-surax” asarida quyidagicha maʼlumotlarni koʻrish mumkin: “Abu Xafs Qutayba ibn Muslim ibn Amr al-Baxili 716 yil zulhijja oyining 26 sida, yaʼni chorshanba kuni Fargʻonada oʻldirilgan va Kalij qishlogʻida dafn etilgan” [8:114].
Shu oʻrinda Qutayba ibn Muslimning tugʻilgan sanasi va vafot etgan vaqti borasidagi maʼlumotlarga eʼtibor qaratish lozim koʻrinadi. Koʻplab maʼlumot beruvchi manba va adabiyotlarda uning tugʻilgan sanasi haqida alohida maʼlumot uchramaydi. Faqat birgina manbaning izohlar qismida uning tugʻilgan yili 669 yil ekaniga ishora qilingan [6:65]. Yana shu manbaning oʻzida uning 55 yoshda vafot etgani yoziladi [6:32]. Shuningdek, boshqa manbalarda ham u 715 yilda oʻldirilgani, u vafot etgan vaqtda 55 yoshda ekani toʻgʻrisida maʼlumotlar qoldirilgan [9:76,10:55,11:487]. Ochiq ensiklopediya hisoblangan Vikipediyada Qutayba ibn Muslimning tugʻilgan sanasi 668 yil sifatida kiritilgan [13]. Ayrim internet sahifalarida Qutayba ibn Muslimning 661 yilda tugʻilgani, u Movarounnahrda 13 yil hukmronlik qilgani va 48 yoshida shahid ketgani toʻgʻrisida maʼlumotlar keltirilgan [14].
Shu jihatdan manbalarga eʼtibor qaratgan holda 715 yil Qutayba ibn Muslimning vafot etgan sanasi boʻlsa, u vafot etgan vaqtda 55 yoshda boʻlgani nazarda tutilsa, Qutayba ibn Muslim 660 yilda tavallud topgani eng toʻgʻri sana boʻlishi kerak, deb oʻylaymiz.
Koʻplab tarixiy manbalarda Qutayba ibn Muslim hozirgi Andijon viloyati Jalaquduq tumani Paxtakor fermerlar uyushmasiga qarashli Qilichmozor (bu termin turli manbalarda Kulidj, Qlich, Kulidj-Mazar, koʻrinishlarida uchraydi) qishlogʻi hududida joylashgan qabristonda dafn etilgan deyiladi [5:108]. Bu fikrni taniqli sharqshunoslar V.V.Bartold, B.Gʻofurov, B.Axmedovlar ham tan olgan.
Ammo taʼkidlash joizki, Qutayba ibn Muslimning halok boʻlgan joyi va uni qabri adabiyotlarda ayrim manbalarga havola qilingan holda turli joylarda koʻrsatiladi. Masalan, Balozuriy oʻz asarida (IX asr) keltirgan arab shoiri Ibn Juman al-Baxilining sheʼrida qabr Xitoyda deyilsa, Tabariyda (X asr) Xurosonda deyiladi. Yana bir manba Narshaxiyning “Buxoro tarixi”da (XII asr) Qutayba ibn Muslim qabri Fargʻona vodiysida ekani qayd etiladi [15:170-171]. Arxeolog V.A.Shishkin, etnograf O.A.Suxareva Qutayba ibn Muslimning Buxorodagi qabri haqida xabar beradi. Ammo Sadriddin Ayniy bu fikrga eʼtiroz bildirib, Qutaybaning Buxoroda mozori emas, qadamjosi boʻlganini taʼkidlaydi [15:171]. Jamol al-Qarshiyning yozishicha, Qutayba ibn Muslim Kulidj qishlogʻidagi qadimgi qabristonga qoʻyilgan [8:114-115]. Boshqa bir manbada arab sarkardasi Sarxangning karvon saroyi yaqinidagi Kox qishlogʻiga dafn etilgan [10:55]. Mashhur sharqshunos V.V.Bartold Kulidj va Kox atamalari bir maʼnoga ega ekanini, faqat Kulidj (Klich) soʻzi arab alifbosida Kox deb, buzib yozilganini aytadi. Boshqa bir manbaga koʻra, Qutayba Ustrushonaning Mink degan joyida halok boʻlgan [15:171].
Yuqorida taʼkidlaganimizdek, Jamol al-Qarshiy aytgan fikr, yaʼni Qutayba ibn Muslim Kulidj (Qlich, Qilich bir-birlariga yaqin) qishlogʻida dafn etilgan degan maʼlumot haqiqatga yaqin. Qolaversa, mahalliy aholi orasida Qilich Mozor (Kulidj Mazar) atamasi uzoq vaqtdan beri keng foydalaniladi [17:26-27].
Bu ziyoratgohda masjid va maqbara qadim davrlardan buyon mavjud boʻlgan. Biroq sovetlar davridagi dinga munosabat bu ziyoratgohga ham taʼsir koʻrsatgan. Uzoq vaqt unga eʼtibor qaratilmagan. Onda-sonda ayrim olimu ulamolar maqbara va masjidga tashrif buyurib turgan. Hali biror marta ham bu yodgorlikning xususiyatlari ochib berilmagan, mutaxassislar tomonidan oʻrganilmagan (A.K.Pisarchik bundan mustasno).
Dastlab, 1925 yilda Ye.K.Betger Qilich Mozorni borib koʻrgan va 6ta meʼmoriy bezak qoplamalarini qayd etgan. Bezakli qoplamalarning bittasida “… djumad-ul-avval oyida…” yozuvi bitilgani aniqlangan [15:174]. 2021 yilda topilgan meʼmoriy bezak qoplamalardagi (3-rasm) oʻyib bitilgan yozuvlarni tadqiq etgan xattot, Andijon viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi boʻlim mudiri Gʻanijon Xoji aka Qosimovning fikricha, bezakli qoplamlarning birida “ash-shahid” soʻzi arab xatining suls turida yozilgan.
1946 yilda etnograf A.K.Pisarchik Xalq tilidagi “Imom shayx Qutayba mozori”ni ziyorat qilgan. Uning yozishicha uncha katta boʻlmagan maqbara pishiq gʻishtdan tiklangan. Uni mashhur meʼmor Yusuf Ali Musayev bir necha marta, oxirgi marta 1938 yili koʻrgan. Bu binoning portal (old kirish qismi – peshtoqi – mualliflar) qismining balandligi 4 metr, eni 3 metr boʻlgan [15:172]. Uni qoldiqlari, yaʼni “meʼmoriy bezak qoplamalari”ning 2ta boʻlagi oʻrganish uchun Toshkentga Oʻrta Osiyo davlat universiteti (hozir Oʻzbekiston Milliy universiteti) arxeologiya kafedrasi muzeyiga olib ketilgan [15:172]. Bino va uning portal (peshtoq) qismini qachon va kim bunyod etgani nomaʼlum. Hozirgacha bu majmuada arxeologik qazishmalar olib borilmagan. Faqat ayrim arxeologlar (M.Ye.Masson) va etnograflar (A.K.Pisarchik) tashrif buyurib yodgorlikdan qoraxoniylar davriga oid materiallar yigʻishgani aytiladi.
Qutayba ibn Muslim maqbarasi va masjidining hududida keyingi 100 yilda olib borilgan qurilish va taʼmirlash ishlari paytida yana bir necha meʼmoriy bezak qoplamalari (plitkalar) topilgan. 2021 yil aprel-may oylaridagi obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari vaqtida maqbaraning sagʻana va yon qismida yangi aniqlangan ana shunday topilmalar topildi (3-rasm). Buni hisobga olib Andijon viloyati madaniy meros boshqarmasi qurilish ishlarini vaqtincha toʻxtatdi. Shundan soʻng ziyoratgoh hududida arxeologik kuzatuv ishlari olib borish rejalashtirildi va Oʻzbekiston Respublikasi madaniy meros bosh boshqarmasi arxeologiya boʻlimining boshligʻi A.Yorqulov kichik hajmdagi ishlarni amalga oshirdi (maqbaraning sharqiy qismida 2×1 m. hajmda chuqurligi 1-1,5 m. keladigan, janubiy tarafda 3×1 va chuqurligi 0,5 m. keladigan shurflar tushirilgan).
Oʻzbekiston Respublikasi FA Milliy arxeologiya markazi Samarqand arxeologiya institutining alohida guruhi 2021 yilning may va iyun oylarida ziyoratgohning sharqiy tomonida, Qutayba ibn Muslim qabri atrofida 9×9 metr oʻlchamdagi maydonda (1-rasm) arxeologik qazishma ishlarini olib bordi (6-rasm). Qazishma ishlarida Andijon viloyati Madaniy meros boshqarmasi, Bobur jamoat fondi, Qilichmozor mahalla masjidining xodimlari qatnashdi. Mavjud madaniy qatlamlar va qurilish qoldiqlari oʻrganildi. Madaniy qatlamlardagi topilmalar juda kam miqdorda, asosan sopol buyumlarning mayda parchalari qayd etildi (5-rasm). Bu tushunarli holat, qadimgi maqbara, qadamjo, ibodatxona va masjidlarda xoʻjalikda foydalaniladigan buyumlar (asosan sopol idishlar) kam uchraydi.
Lekin ziyoratgoh atrofidan koʻp sonli topilmalar aniqlangan boʻlib, ular asosan Qoraxoniylar davriga oid (4-rasm). Yozma manbalarda uchraydigan “Raboti Sarxang” degan joyda Kox deb ataladigan qishloqqa eʼtibor qaratilsa, tadqiqotlar vaqtida ziyoratgohdan 700 m. shimolda Qilichmozortepa arxeologik yodgorligi joylashganini, ziyoratgohning janubi-sharqiy tomonidagi mahalliy qabriston va unga tutash yerlarda esa qariyb 5 ga. maydonni egallagan qadimgi tepalik oʻrni boʻlganini aniqlash mumkin (7-rasm). Fikrimizcha, aynan shu yerda qadimgi davrda, qolaversa, aynan Qutayba ibn Muslim bu hududlarga kirib kelgan vaqtda Kox qishlogʻi yoki yuqorida aytilgan “Raboti Sarxang” degan joy boʻlgan boʻlishi kerak [15:172,18]. Shu atrofdagi koʻtarma materiallar va tepaliklar bundan dalolat bermoqda. Bu borada yanada aniq maʼlumotlarni aytish uchun albatta kelajakda bu hududni arxeologlar toʻliq oʻrganishi kerak boʻladi.
Qabr va sagʻanaga tegmagan holda olib borilgan arxeologik qazishmalar Qilichmozordagi buzilgan maqbara ostidagi qabr koʻhna ekanini va uning qurilish tarixining davriy sanalari va xususiyatlariga koʻra quyidagicha boʻlganini koʻrsatmoqda:
1) Qabr ustida eng dastlabki paxsadan koʻtarilgan toʻrtburchak supasimon inshoot qayd etildi: Oʻlchamlari 280x300x380x400 sm, qalinligi 75 sm.dan 115 sm.gacha boradi (2-rasm). Sifatli loydan yaxshi pishirilgan paxsa yordamida tiklangan. Paxsa juda qattiq va yaxshi saqlangan. Supasimon inshoot pishirilgan somonli loydan bir necha marta suvalib taʼmirlangan (6-rasm).
2) Supasimon inshoot vaqti-vaqti bilan taʼmirlangan, buning uchun 26x26x4 sm, 27x27x4 va 27x27x4,5 sm. oʻlchamli qizgʻish rangli pishiq gʻishtdan qurilma ostiga terilib, inshoot kuchaytirilgan. Qabr usti inshooti – sagʻana ham bir necha bor somonli loy shuvoq qilingan (hozirda saqlangan sagʻana 1975 yilda tiklangan). Uni ustida 4 dona (undan 2 donasi Toshkentga olib ketilgan) meʼmoriy bezak qoplamalari turgan [15:172-173].
3) Qoraxoniylar davri (X-XIII asrlar yoki 942-1212 yillar) qurilishi supacimon inshootning shimoli-sharqiy burchagida har ikki tomonda 24x24x4 cm; 25x25x4 sm; 26x26x4 sm. oʻlchamli och sariq rangli gʻishtlardan tiklangan binoning boʻlagi saqlangan (6-rasm). Bu davrdagi mahobatli bino (maqbara) mana shu supasimon inshootning ostidagi qabr bilan bogʻliq boʻlishi mumkin.
Bu davrda butun Oʻrta Osiyoda ulugʻ insonlarga qadamjo va ziyoratgohlar, maqbaralar barpo etish keng tarqalgan boʻlib, Qutayba ibn Muslim uchun ham alohida maqbara qurilgan. Bu arxitektura obidasi Oʻrta Osiyoda keng tarqalgan bir peshtoqli (odnoportalnыye) maqbaralar [20:156-178] sirasiga kirishi ehtimoldan holi emas.
4) Maqbarada saqlanmagan mahobatli binoning portal (peshtoq) qismiga taalluqli meʼmoriy bezak qoplamalarining boʻlaklari (3-rasm) uchraydi. Boʻlaklar maqbara va masjidning atrofida tarqalgan va bu hududdagi mahobatli binoga taalluqli boʻlishi kerak. Bunday tipdagi portal (peshtoq) boʻlaklari Urgut tumani hududida joylashgan XII asrga oid “Zakari Varrak” nomli shaxsga atab qurilgan mahalliy aholi tilida Ravotxoʻja deb aytiladigan maqbaraning kirish qismida (8.1-rasm) va X asr oxiriga oid Samarqand viloyati Nurobod tumani Tim qishlogʻi Arabota mahalla fuqarolar yigʻini hududida joylashgan Arab ota maqbarasining peshtoq qismida ham uchraydi (8.2-rasm). Maqbaraning koʻrki uning mahobatli peshtoqidir. Peshtoqning poyalarida kufiy yozuvi bor. Arab ota maqbarasi Movarounnahrda saqlanib qolgan eng qadimgi musulmon maqbaralaridan biri hisoblanadi. Uning peshtoqi oʻsha davrda yaratilgan shu tipdagi binolarning dastlabki yetuk namunasidir. XI-XII asrlardagi arxitektura rivojiga u katta taʼsir koʻrsatgan [21:82,26:215-216]. Balki Qutayba ibn Muslimga atab qurilgan maqbarada ham xuddi shu usulda inshoot qurilgan boʻlishi mumkin.
Qutayba ibn Muslim ziyoratgohi atrofida topilayotgan meʼmoriy bezak qoplamalarining boʻlaklari tayyorlanish texnikasi va oʻlchamlariga koʻra ikki, yaʼni X-XIII va XIV-XV asrlar bilan davrlanishi mumkin. Ziyoratgohdan topilgan kvadrat shaklidagi pishiq gʻishtlar oʻlchamlariga koʻra Qoraxoniylar va Temuriylar (?) davri qurilishi amaliyotida foydalanilgan qurilish materiallari hisoblanadi. Bu davrlarga oid kulolchilik buyumlari (4-rasm) va qoʻl tegirmon toshlari qabristondan va unga yaqin hududlardan koʻplab topilgan.
5) 1935-1940 yillarda yengil taʼmirlash ishlari olib borilgan. 1975 yili eng soʻnggisi va keng hajmlisi oʻsha paytdagi Andijon viloyati rahbari Bektosh Raximov boshchiligida amalga oshirilgan. Qabr ustiga ikki xonali maqbara tiklangan. Hozirda bu maqbara buzilgan va yangisi tiklanishi rejalashtirilgan.
Qilichmozor qishlogʻida arxeologlarning birinchi marta olib borgan qazishmalari natijasida bu yerda Qoraxoniylar davriga (X-XIII asrlar) oid katta aholi yashash makoni boʻlgani (fikrimizcha, bu manbalarda keltirilgan “Raboti Sarxang” degan joy, yaʼni hozirgi vaqtda ziyoratgohning janubi-sharqiy qismidagi tepalik) va unda mahobatli bino (masjid va maqbara) faoliyat koʻrsatgani aniqlandi. Buni bir necha gektar maydonda yoyilib yotgan Qoraxoniylar davrining kvadrat oʻlchamdagi pishiq gʻishtlari ham tasdiqlaydi.
Qazishmalar jarayonida maqbaraning janubiy tomonida tushirilgan 1×1 m. maydondagi va chuqurligi 0,5 m. keladigan kichik hajmli shurf ichida aniqlangan bitta tanga va qabriston hududida koʻtarma material sifatida topilgan yana bir tanga (yomon saqlangan) Samarqand arxeologiya instituti numizmat-olimlariga oʻrganish uchun berilgan. Mutaxassislardan olingan (tangalarni A.Ataxadjayev oʻrganib, maʼlumot bergan) dastlabki maʼlumotlarga koʻra, ulardan biri Qoraxoniylardan “Iloq Nasr b. Ali”ga tegishli boʻlib, 403/1012-1013 yillarda zarb etilgan. Ikkinchi tanga Qoraxoniylardan “Axmad b. Ali” (xoqon)ga tegishli boʻlib, u Axsiketda, 413/1022-1023 yillarda zarb qilingani aniqlandi.
Muhim topilmalardan biri yuqorida tilga olingan naqshli va arab alifbosida yozuvi oʻyib gul solingan meʼmoriy bezak qoplamalarining boʻlaklari hisoblanadi. XX asrning 40-yillarida M.Ye.Masson Toshkentga olib ketilgan meʼmoriy bezak qoplamalarining boʻlaklaridan bittasini oʻrganib, unga sana beruvchi yozuv bitilganini aniqlagan. Parchaga 581-589 hijriy yillariga yoki 1185-1193 milodiy yillariga toʻgʻri keladigan yozuv tushirilgan. Demak, qabr atrofidagi qurilish qoldiqlari XII asr oxiri bilan bogʻliq. Yaʼni maqbaraning qurilishi 1185 yilda boshlanib 1193 yili yakuniga yetgan, degan xulosaga kelish mumkin (Maqbarani qurilishiga eng yaqin oʻxshashlik 582 hijriy yili yoki 1186 yili bitkazilgan Janubiy Oʻzgan maqbarasini keltirish mumkin) [15:172-174]. Uni taʼmiri esa Temuriylar davri yaʼni XIV asr bilan bogʻliq boʻlishi mumkin. Xususan, 1375 yilda Sohibqiron Amir Temur Fargʻona vodiysining sharqiy nuqtasidagi Qoraxoniylar poytaxti boʻlgan Oʻzgan shahriga tashrif buyurgan. Aytish joizki, Amir Temur Fargʻona vodiysiga sharqdan kirib kelib, Oʻzgand, Margʻilon, Xoʻjand orqali Samarqand tomon yoʻl olgani maʼlum [27:82]. Ayrim tadqiqotchilarning fikricha, Amir Temur yoʻlda Qutayba ibn Muslim maqbarasini ziyorat etgan boʻlishi kerak. Chunki oʻsha davrda Sohibqiron va uning hamrohlari islom dunyosidagi bu ziyoratgohni bilmasligi mumkin emas edi [22:206-206].
Shunday qilib uncha katta boʻlmagan maydondagi arxeologik qazishmalar natijasida qabrning atrofidan topilgan meʼmoriy bezak qoplamalarining boʻlaklaridagi yozuvlar 1185-1193 yillarda (yoki 581-589 xijriy yillari), shahid boʻlgan insonga bagʻishlab mahobatli bino (maqbara) qurilganini koʻrsatmoqda. Bu qabr islom dinining Movarounnahrda tarqalishida jonbozlik qilgan, shu yerda halok boʻlgan va shu oʻlkada xoki poyi qoʻnim topgan Qutayba ibn Muslimga taalluqli ekani haqiqatga yaqindir.
Demak, Qilichmozordagi koʻhna qabriston kamida oʻn toʻrt asrlik tarixga ega va Qutayba ibn Muslimning qoʻnim topgan soʻnggi maskani boʻlgan. Chunki aksariyat yozma manbalar va olingan qoʻshimcha arxeologik maʼlumotlar shundan dalolat bermoqda.
-
Djamal al-Karshi. Mulxakat as-Surax. Perevod s arabskogo i primechaniya Saidova Abdukaxxora. –Dushanbe: Irfon. 2006.
-
Istaxriy. “Kitab al-Masalik val-Mamalik” Yoʻllar va oʻlkalar kitobi. Xuroson va Movarounnahr. Tadqiqot, arab tilidan tarjima, izoh va koʻrsatkichlar muallifi R.T.Xudayberganov. Masʼul muharrir t.f.d., prof., akademik D.Yu.Yusupova. – T.: Fan, 2019.
-
Muxammad Narshaxi. Istoriya Buxarы. Perevod s persidskogo N.Lыkoshina. Pod redaksiyey V.V.Bartolda. – T., Tipo-Litografiya, 1897.
-
Axmad ibn Yaxya ibn Djabir Al-Balazuri. Zavoyevaniye Xorosana (Izvlecheniye iz sochineniya “Futux Al-Buldan”). Perevod s arabskogo, predisloviye, kommentariy i ukazateli kandidata istoricheskix nauk G.Goibova. Otvetstvennыy redaktor – kandidat istoricheskix nauk Yu.S.Malsev. – Dushanbe.: Donish, 1987.
-
Djamal al-Karshi. Mulxakat as-Surax. Perevod s arabskogo i primechaniya Saidova Abdukaxxora. –Dushanbe: Irfon. 2006.
-
Axmad ibn Yaxya ibn Djabir Al-Balazuri. Zavoyevaniye Xorosana (Izvlecheniye iz sochineniya “Futux Al-Buldan”). Perevod s arabskogo, predisloviye, kommentari 0439 i ukazateli kandidata istoricheskix nauk G.Goibova. Otvetstvennыy redaktor – kandidat istoricheskix nauk Yu.S.Malsev. – Dushanbe.: Donish, 1987.
-
B.X.Matboboyev, Z.Z.Mashrabov. Andijon tarixi (qadimgi davrlardan XX asr boshlarigacha). – T.: Sharq, 2014.
-
Djamal al-Karshi. al-Mulxakat bi-s-surax (Upominaniye o nekotorыx znamenitыx pravitelyax i vaziryax) // Istoriya Kazaxstana v persidskix istochnikax. Otv. red. A.K.Muminov. Vvedeniye, perevod s arabsko-persidskogo, kommentarii, tekst, faksimile Sh.X.Voxidova, B.B.Aminova. – Almatы: Dayk-Press, 2005.
-
Muxammad Narshaxi. Istoriya Buxarы. Perevod s persidskogo N.Lыkoshina. Pod redaksiyey V.V.Bartolda. – T., Tipo-Litografiya, 1897.
-
Abu Bakr Muhammad Ibn Jaʼfar Narshaxiy. Buxoro tarixi. – T.: Sharq mashʼali jurnaligi ilova. Sharq bayozi, 1993.
-
Ahmed b. Yahya el-Belâzurî (Öl. 279/892). Futuhu l-Buldan / Ülkelerin Fetihi. Tercüme Dr. Mustafa Fayda. Nişanca Mah. Zekai Dede Sk. No: 22 Eyüp/İstanbul. Siyer Yayınları. 1.Baskı: Ocak 2013.
-
Abu-l-ʻAbbos Ahmad ibn Yahyo al-Balozuriy. Futuh al-buldon. Xurosonning fath etilishi / Soʻz boshi, arab tilidan tarjima, sharhlar, izohlar va koʻrsatkichlar muallifi Sh.S.Kamoliddin. – T.: ToshDSHI, 2017.
-
A.K.Pisarchik. Nekotorыye dannыye po istoricheskoy topografii gorodov Ferganы // Sbornik statey posvyaщyennыx iskusstvu tadjikskogo naroda. – Stalinabad. 1956.
-
Abu Bakr Muhammad Ibn Jaʼfar Narshaxiy. Buxoro tarixi. – T.: Sharq mashʼali jurnaliga ilova. Sharq bayozi, 1993.
-
O.Raximov. Qilichmozor qishlogʻidagi ziyoratgoh // Hidoyat. 2016. №10.
-
Muhammadjonov. Oʻzbekiston tarixi: 7-sinf. Qayta ishlangan uchinchi nashr. – T.: Sharq, 2017. – 50 b; Sarxang – سرهنگ – sarhang – polkovnik – lashkarboshi.
-
G.A.Voskanyan. Russko-Persidskiy slovar. Okolo 30000 slov. – Moskva. Russkiy yazыk, 1986. – S. 469. Shu oʻrinda manbalarda keltirilgan “Raboti Sarxang” degan joyni – “Lashkarboshi qarorgohi”, “Lashkarboshi qoʻrgʻoni” deb ham talqin qilish mumkin.
-
S.Xmelniskiy. Mejdu arabami i tyurkami. Ranneislamskaya arxitektura Sredney Azii. – Berlin-Riga. 1992.
-
A.Arapov. Uzbekistan / Xudojestvennaya kultura Sentrlnoy Azii i Azerbaydjana IX-XV vv. Tom IV. Arxitektura. – Samarkand-Tashkent: MITSAI, 2013. – S.180; B.Usmonov. Fargʻona vodiysi Amir Temur va Temuriylar davrida. – Fargʻona: Fargʻona nashriyoti, 2019.
-
S.Jalilov. Soxibqironning Fargʻonaga tashrifi (ixcham tadqiqot) // Imom al-Buxoriy saboqlari. 2002. №3.
-
Abu Bakr Muxammad ibn Djaʻfar an-Narshaxi. Taʻrix-i Buxara. Istoriya Buxarы. Vstupitelnaya statya D.Yu.Yusupovoy. Perevod, kommentarii i primechaniya Sh.S.Kamoliddina. Arxeologo-topograficheskiy kommentariy Ye.G.Nekrasovoy. –T.: SMI-ASIA, 2011.
-
Abu-l-ʻAbbos Ahmad ibn Yahyo al-Balozuriy. Futuh al-buldon. Xurosonning fath etilishi / Soʻz boshi, arab tilidan tarjima, sharhlar, izohlar va koʻrsatkichlar muallifi Sh.S.Kamoliddin. – T.: ToshDSHI, 2017.
-
Taniqli matnshunos, filologiya fanlari nomzodi, dotsent Vahob Raxmon “Boburnoma”da keltirilgan “Rabotaki Urchini” va mazkur termin, yaʼni “Raboti Sarxang” har ikkisi bir xil atama boʻlib, – “Ikki suv orasi/dagi makon” maʼnosini beradi, deb hisoblaydi; 2) Rabot – oʻrta asrlarda arablarning mustahkamlangan qarorgohi. Dastlab gʻoziylarga moʻljallab qurilgan maxsus bino. Keyinchalik rabot faqat qoʻrgʻon, istehkom maʼnosidagina emas, balki mehmonxona (karvonsaroy) mazmunida ham tushunilgan.
-
A.M.Pribыtkova. Arxitektura Sredney Azii IX-X vv. // Arxitektura stran Sredizemnomorya, Afriki i Azii. VI-XIX vv. 8-tom / Vseobщaya istoriya arxitekturы v 12 tomax. – Moskva. Izdatelstvo literaturы po stroitelstvu, 1969. – S. 215-216; https://e-tarix.uz/obidalar/998-maqola.html
-
B.Usmonov. Fargʻona vodiysi Amir Temur va Temuriylar davrida. – Fargʻona: Fargʻona nashriyoti, 2019.