Home / MAQOLALAR / ZAMONAVIY IQTISODIYOTDA ISLOM BANKLARINING AHAMIYATI VA XUSUSIYATLARI

ZAMONAVIY IQTISODIYOTDA ISLOM BANKLARINING AHAMIYATI VA XUSUSIYATLARI

2020 yilning boshida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi doirasida «Oʻzbekistonda islomiy moliya mahsulotlari tahlili» boʻyicha amalga oshirilgan tadqiqot doirasida oʻtkazilgan soʻrovnoma natijalariga koʻra bank kreditlaridan foydalanmaslikning asosiy sababi sifatida avvalambor diniy qarashlar, kreditlar boʻyicha yuqori foiz darajasi va kreditlashtirishning murakkabligi koʻrsatilgan. Agar mamlakatda islom moliya muassasasi tashkil etilsa, yuqoridagi soʻrovnomada ishtirok etgan qatnashuvchilarning aksariyati bu muassasa xizmatidan foydalanishi mumkinligini taʼkidlashgan. Hatto, anʼanaviy banklar ham Oʻzbekistonda islom moliya muassasasi tashkil qilish moliya tarmogʻida halol va shaffof raqobat yuzaga kelishiga, natijada mamlakatga sarmoyalar oqimining oʻsishiga va diversifikatsiyasiga olib kelishi haqida oʻz fikrini bildirgan [5]. Islom banklariga ehtiyojning ortishiga sabab jamiyat uchun zararli boʻlgan faoliyatning taʼqiqlanishi, real aktivlarga asoslanganlik, moliyaviy inqirozning risk darajasining pastligidir.

“Mamlakatimizda Islom moliyaviy xizmatlarini joriy etish boʻyicha huquqiy bazani yaratish vaqt-soati yetib keldi. Bu borada Islom taraqqiyot banki va boshqa xalqaro moliya tashkilotlari ekspertlari jalb etiladi” [6].

Islom bank ishi va moliyasi shariat tamoyillariga asoslangan boʼlib, odatda foiz sifatida talqin qilingan riboni toʼlash yoki olishni taqiqlaydi. Islom jamiyatining Oʻrta asrlarda kreditlash vositasi bu “Qarz al-hasan” deb atalgan foizsiz kreditlardir. Qizigʻi shundaki, shariat pulning vaqt qiymatini tan oladi, chunki islom qoidalariga koʻra toʻlov muddati kechiktirilgan holda sotiladigan tovarning narxi uning hozirgi qiymatidan farq qilishi mumkin. Shariat biznes operatsiyasida ortiqcha toʻlovlarni tan olgan boʻlsada, kreditlash faoliyatida buni taqiqlaydi. Islom moliyasi «Fiqh al-Muamalat» nomi ostida qayd etilgan operatsiyalar ustuvorligi asosida rivojlandi. Bu operatsiyalarni asosan quyidagilarga ajratish mumkin:

1) Qarzga asoslangan moliyalashtirish: Bu yerda moliyachi asosiy aktivlarni sotib oladi yoki quradi va keyin uni mijozga ustama evaziga sotadi. Savdo bir yoki bir necha boʻlib toʻlash bilan kechiktirilgan toʻlov asosida amalga oshiriladi.

2) Lizingga asoslangan moliyalashtirish: Moliyachi asosiy aktivlarni sotib oladi yoki quradi va keyin uni mijozga ijaraga beradi. Ijara muddati tugagandan soʻng (yoki ijaraga mutanosib ravishda) egalik huquqi toʻliq yoki qisman mijozga oʻtadi.

3) Foyda va zararni taqsimlashda: Moliyachi va mijozning sherigi amalga oshirgan foyda yoki zarar oldindan kelishgan nisbatga muvofiq taqsimlanadi.

Islom shariatida ribodagi cheklovlardan tashqari, eʼtiborga olinishi kerak boʻlgan boshqa taqiqlar ham mavjud. Misol uchun, shariatga koʻra, barcha shartnomalar “gʻarardan xoli boʻlishi kerak, bu tor maʼnoda haddan tashqari noaniqlik deb talqin etiladi. Demak, yuqorida aytib oʻtilganidek, islom moliya institutlari moliyaviy derivativlarni va boshqa turdagi shartnomalarni (shu jumladan sugʻurta polislarining turli shakllarini) qoʻllashda baʼzi cheklovlarga duch keladi. Bundan tashqari, islomiy moliyaviy tashkilotlarga alkogol, qimor oʻyinlari, noislomiy moliyaviy xizmatlar, pornografiya, tamaki mahsulotlari yoki qurollar bilan bogʻliq faoliyat bilan shugʻullanadigan kompaniyalarga sarmoya kiritishga ruxsat berilmaydi. Islomiy moliya institutlarining barchasida ijroiya boshqaruvi va islom ulamolaridan tashkil topgan shariat kuzatuv kengashi mavjud boʻlib, ular tashkilot faoliyatini islom shariatiga muvofiq amalga oshirilishini nazorat qilib boradi va taʼminlaydi.

Islom moliyasi xizmatlari yiliga 15-20 foizga oʻsib bormoqda va yalpi aktivlari hozirgi kunda taxminan 2.88 trillion dollarga teng boʻlib, ularning 80% islom banklari (yoki islomiy darchalar), 15% sukuk (islom obligatsiyalari, qimmatli qogʻozlar), 4% islom investitsiya fondlari va 1% Takoful (Islom sugʻurtasi) hissasiga toʼgʼri keladi [5].

2012 yildan 2019 yilgacha butun dunyo boʼylab islomiy moliya aktivlarining umumiy qiymati 2024 yil uchun prognoz bilan [4]. (AQSH dollarida)

Islom banklari bugungi kunda juda yuqori oʻsish surʼatiga ega boʻlgan moliyaviy sohadir. Islomiy moliyaviy xizmatlarning ayrim shakllari hozirda kamida 70 mamlakatda mavjud. Islom banklari nafaqat islom shariatida taqiqlangan foizlarga asoslangan tranzaksiyalarni man qiladi, balki axloqiy va ijtimoiy boʻlmagan amaliyotlarni ham taqiqlaydi. Amaliy maʼnoda islom bank ishi – bu oddiy pul kreditini moddiy aktivlar va real xizmatlarga asoslangan operatsiyalarga aylantirishdir. Islom bank tizimi modeli iqtisodiy farovonlikka erishishga yordam beradigan tizimga olib keladi.

Soʻnggi yillarda musulmon va musulmon boʻlmagan mamlakatlarda islom banklarining oʻsishi jadallashmoqda va islomiy moliya, ayniqsa bank ishi bugungi kunda dunyodagi eng tez rivojlanayotgan moliyaviy tarmoqlardan biriga aylandi. Hozirgi kunda dunyoda 300dan ortiq islom banklari mavjud. Islom banklarining asosiy markazlari, asosan, Yaqin Sharq va Fors koʻrfazi mintaqasida: Eron, Quvayt, Malayziya, Saudiya Arabistoni va Birlashgan Arab Amirligida joylashgan. Bu banklar nazorat qiladigan aktivlarning umumiy miqdori taxminan 200-500 mlrd. AQSh dollarini tashkil etadi. Statistik maʼlumotlar bu banklarda yiliga 10-15% oʻsish surʼati mavjudligini koʻrsatmoqda [4].

Islom mamlakatlari hisoblangan Eron, Pokiston va Sudanda islom banklari faoliyatiga ruxsat berilgan. Bangladesh, Misr, Indoneziya, Iordaniya va Malayziya kabi boshqa mamlakatlarda anʼanaviy banklar bilan bir qatorda islom banklari xizmat koʻrsatmoqda.

Amaliy nuqtai nazardan, islom bank ishi va moliyasi quyidagi tamoyillarga amal qiladigan tizim hisoblanadi:

  1. Risklarni taqsimlash: Shartnomaning har bir ishtirokchisining oʻrtasida munosib risk yoki daromad taqsimoti aks ettirilishi kerak.
  2. Barcha moliyaviy operatsiyalar “moddiy yakuniylikka” ega boʻlishi kerak, yaʼni haqiqiy asosiy iqtisodiy bitim bilan bevosita bogʻliq boʻlishi kerak.
  3. Oʻzgalar mehnatini oʻzlashtirib olishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bitimning hech bir tomoni ekspluatatsiya qilinmasligi kerak.
  4. Islom shariatiga toʻgʻri kelmaydigan faoliyatni moliyalashtirishning taqiqlangani: Bitimdan Qurʼon Karim tomonidan taqiqlangan mahsulotlarni (masalan, alkogol, choʻchqa goʻshti, qimor oʻyinlari, pornografiya va boshqalar) ishlab chiqarish uchun foydalanib boʻlmaydi.
  5. Gʻararning taʼqiqlangani: Shariat qonuni shartnoma shartlarining toʻliq shaffofligini talab qiladi. Narxlar, yetkazib berish muammolari va boshqa shartlar boʻyicha har qanday noaniqlikka yoʻl qoʻyilmaydi.
  6. Maysir (tahminlarga asoslangan)ning taʼqiqlangani – Shariat qonuniga koʻra, derivativlar kabi spekulyativ operatsiyaga investitsiya kiritish noqonuniy hisoblanadi.
  7. Hech qanday qoidabuzarlikka yoʻl qoʻyilmaydi: Bank oʻzining barcha operatsiyalarida shariatni buzmaydi [2:13-14].

Islom iqtisodiyoti tizimi islom moliyasiga oid asarlarda shariatga amal qiluvchi bozor tizimi sifatida taʼriflanadi. Islom banklari ilgari surgan, xususan, islomiy moliyalashtirishning eng asosiy operatsiyalari mudoraba, mushoraka, murobaha va qarz-ul hasanadir.

Islom banklarini moliyalashtirishni uchta usulga boʻlish mumkin: Sherikchilik shartnomasi (ulushli moliyalashtirish), savdo kelishuvlari (qarz bilan bogʻliq moliyalashtirish) va subkontraktlar.

  1. Sherikchilik shartnomasi: Islom moliyasida ishtirok etishning asosiy shakllari (foyda va zararni taqsimlash) bu:
  2. Mudoraba shartnomasi foydani taqsimlash shartnomasi boʻlib, unda bank loyihani moliyalashtirish uchun zarur kapitalni toʻliq taʼminlaydi, mijoz esa ekspertiza, boshqaruv va ishchi kuchi bilan taʼminlaydi. Loyihadan olingan foyda ikki tomonning oldindan kelishgani (qatʼiy nisbat) asosida taqsimlanadi, ammo yoʻqotish holatlarida umumiy zararni bank qoplaydi. Misol: Mudoraba kelishuvi shartini kelishib olganingizdan soʻng, siz bankka mablagʻni yetkazib berasiz, keyin bank mablagʻni aktivlarga yoki loyihalarga investitsiya qiladi, bunday biznes foyda yoki zarar koʻrishi mumkin. Foyda siz va bankingiz oʻrtasida oldindan kelishilgan nisbat asosida taqsimlanadi.
  3. Mushoraka (hamkorlik, qoʻshma korxona yoki foyda va zararni taqsimlash (PLS)) asosida barcha manfaatdor tomonlar biznesda sherik sifatida ishtirok etadi. Ular zararni va foydani birgalikda baham koʻradi. Har bir sherik foyda-zarardan oʻz ulushini kelishilgan shartlar asosida biznesdagi dastlabki sarmoyasiga mutanosib ravishda oladi. Qoʻshma korxona mustaqil yuridik shaxs, bank maʼlum muddatdan keyin yoki maʼlum shart bajarilgandan keyin qoʻshma korxonani bosqichma-bosqich tugatishi mumkin. Misol: Bank investitsiya loyihasini birgalikda moliyalashtirish uchun bir yoki bir nechta hamkorlar bilan aktsiyadorlik sheriklik shartnomasini tuzadi. Daromadlar va zararlar qatʼiy ravishda tegishli kapital qoʻyilmalariga nisbatan taqsimlanadi.
  4. Savdo kelishuvining islom moliyasidagi asosiy shakllari (notijorat va zararni taqsimlash yoki savdoga asoslangan):
    1. Murobahani moliyalashtirish ustama tamoyiliga asoslanadi, bunda bank mijoz uchun tovarlarni sotib olish va ularni oldindan belgilangan narxda mijozga qayta sotish huquqiga ega. Savdo kelishuvi odatda aylanma mablagʻlar va savdoni moliyalashtirishda qoʻllanadi. Misol: Texnikasini yangilashga muhtoj boʻlgan korxona oʻz nomidan texnika sotib olish uchun islom bankiga murojaat qiladi va shu bilan birga bankdan ustama asosida texnika sotib olish toʻgʻrisida shartnoma tuzadi. Agar bankning sotib olish narxi 100 000 AQSh dollari boʻlsa, u mashinani korxonaga, masalan, 12 oyga 110 000 dollarga teng boʻlib toʻlash sharti bilan sotishi mumkin. Bank oxirgi toʻlov toʻlanmaguncha oʻz egalik huquqini saqlab qoladi va shuning uchun bankning pozitsiyasi toʻliq taʼminlanadi.
    2. b) Musovama xarajatlarni oshkor qilish majburiyatisiz amalga oshiriladi. Bu oddiy bozor savdosi hisoblanadi. Musovama shartnomasida molning oldingi bahosi eʼtiborga olinmaydi. Xaridor sotuvchi bilan oʻzaro tortishib, molni kelishuv asosida baholab oladi.
    3. c) Ijarani moliyalashtirish. Bu lizingga oʻxshaydi. Ijara lizing moliyasining shariatdagi tushunchasi. Lizing ijarada har ikki tomon ham kelishilgan boshqa shartlar asosida bankning mijozi tomonidan talab qilinadigan aktivni sotib oladi va soʻngra bu aktivni mijozga maʼlum muddatga ijaraga beradi. Misol: Bank mijoz uchun aktiv sotib oladi va keyin uni belgilangan ijara toʻlovi evaziga mijozga maʼlum muddatga ijaraga beradi. Shariat lizing beruvchi bankni mulkka egalik qilishini saqlab qolish sharti bilan mulk xizmatlari uchun ijara toʻlovlariga ruxsat beradi.
    4. d) Istisna shartnomasi islom banki tomonidan kompaniyaning aylanma mablagʻlarini moliyalashtirishda qoʻllanadi. Bunga lizing orqali moliyalashtirilmaydigan tovar yoki xizmatlar kiradi. Istisna shartnomalari asosan mahsulot ishlab chiqarish, qurilish va infratuzilma loyihalarini moliyalashtirishda qoʻllanilishi mumkin.
    5. Subkontraktlar:
    6. a) Sukuk – bu davlat va xususiy kompaniyalar amalga oshirishi mumkin boʻlgan muayyan oʻrta yoki uzoq muddatli loyihani moliyalashtirish uchun bank chiqargan obligatsiyalar.
    7. b) Vakala shartnomasi – bu boshqaruvchining maʼlum bir vazifani bajarishi uchun uning nomidan vakil sifatida (agent) boshqa bir shaxsning xizmatidan foydalanishni anglatadi. Agentga xizmati uchun haq toʻlanadi. Misol: Mijoz maʼlum shartlar asosida bankdan kimgadir murojaat qiladi. Shuning uchun bank moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish uchun agent hisoblanadi va bankka uning xizmatlari uchun haq toʻlanadi.
    8. v) Qarz-ul hasana soʻzma-soʻz tarjimada yaxshi qarz deb tarjima qilingan boʻlsa-da, amalda muhtoj boʻlgan jismoniy shaxs yoki muassasaga foizsiz qarz berish degan maʼnoni anglatadi. Qurʼoni Karimda insonga oʻziga kerak boʻlganidan ortiqcha yoki boshqalardan koʻra koʻproq boylik berilishi Alloh taoloning marhamatidir deyilgan. Bunday kishi bu neʼmat uchun Allohga shukr qilishi kerak va shukr qilishning eng yaxshi yoʻli qoʻshimcha boyligini jamiyatning boshqa muhtoj aʼzolariga berishdir. Jamiyatning muhtoj qatlamlari kelishilgan sanada foizsiz qaytarish sharti bilan qarz oladi. Qarzdor pulni qaytarish imkoniyatiga ega emasligi aniqlansa, pul unga sadaqa sifatida berilishi ham mumkin.
    9. d) Juala – xizmat toʻlovi, maslahat toʻlovi, joylashtirish toʻlovi va boshqalar. Ikki tomonning oʻrtasida nazarda tutilgan shartnoma shartlariga muvofiq, maʼlum bir xizmat koʻrsatish uchun toʻlov sifatida bittasi ikkinchisiga maʼlum miqdorda pul toʻlaydi. Islom banklari xizmatlarining bu usuli odatda konsultatsiyalar va professional xizmatlar, fondlarni joylashtirish va ishonchli xizmatlar kabi tranzaktsiyalarga nisbatan qoʻllanadi.

Quyidagi jadvalda islom banki va anʼanaviy bank faoliyati taqqoslandi

Jadval 1

Anʼanaviy bank faoliyati

Islom banki faoliyati

Pul ayirboshlash va qiymatni saqlash vositasidan tashqari tovardir. Shuning uchun uni nominal qiymatidan yuqori narxda sotish va ijaraga berish ham mumkin.

Pul tovar emas, lekin u ayirboshlash vositasi va qiymatni saqlash vositasi sifatida ishlatiladi. Shuning uchun uni nominal qiymatidan yuqori narxda sotish yoki ijaraga berish mumkin emas.

Vaqt qiymati kapitalga foizlarni hisoblash uchun asosdir.

Tovar savdosidan yoki xizmatlar koʻrsatishdan olinadigan daromad foyda olish uchun asos boʻladi.

Bank mablagʻlaridan foydalangan holda tashkilot zarar koʻrgan taqdirda ham foizlar undiriladi. Shuning uchun u foyda va zararni taqsimlashga asoslanmagan.

Islom banki foyda va zararni taqsimlash asosida ishlaydi. Agar tadbirkor zarar koʻrgan boʻlsa, bank bu yoʻqotishni qoʻllanilgan moliyalashtirish usuliga qarab taqsimlaydi (Mudarabah, Musharaka).

Naqd pul mablagʻlarini berish, moliyalashtirish yoki aylanma mablagʻlarni moliyalashtirishda tovarlar va xizmatlar almashinuvi boʻyicha kelishuv tuzilmaydi.

Murabaha, Salam va Istisna shartnomalari boʻyicha mablagʻlarni taqsimlashda tovarlar va xizmatlar almashinuvi boʻyicha shartnomalar bajarilishi shart.

Anʼanaviy banklar pulni inflyatsiyaga olib keladigan tovar sifatida ishlatadi.

Islom banki savdo bilan bogʻliq faoliyatdan foydalangan holda iqtisodiy tizimning real sektorlari bilan aloqa oʻrnatishga intiladi. Chunki pul real aktivlar bilan bogʻliq boʻlgani uchun u iqtisodiy taraqqiyotga bevosita hissa qoʻshadi.

Anʼanaviy bank asosiy eʼtiborni kreditlashga qaratadi.

Islom banki asosiy eʼtiborni sarmoyaga qaratadi.

Anʼanaviy banklar faqat moliyaviy mezonlar asosida ish yuritadi.

Islom banklari investitsiyada axloqiy mezonlarga asoslanadi.

Anʼanaviy banklarning faoliyati inson omiliga (asosan kapitalizm nazariyalariga) asoslanadi.

Islom banklari faoliyati islom shariatining qoidalariga asoslanadi.

Investor yoki kreditor oldindan belgilangan foiz stavkasi boʻyicha savdo qiladi yoki daromadni kafolatlaydi.

Islom banklari kapitalning egasi bilan investor oʻrtasida risk taqsimotini tasdiqlaydi.

Derivativlar savdosi asosida foydani maksimallashtirishni tasdiqlaydi.

Islom dini tomonidan cheklovlar mavjud boʻlsa-da, u foydani maksimal darajada oshirishga qaratilgan.

Zakot tizimi mavjud emas.

Zamonaviy islom bank tizimida islom banklari “Zakot yigʻish markazlari”ga aylanishi uchun xizmat qiluvchi birlik sifatida koʻriladi.

Ular qarzga pul berib, foiz bilan qaytarib olishadi. Pul — bu tovar va motivator.

Ishtirok etish hamkorligi mavjud. Korxonani tushunish juda muhimdir.

Tizimda muntazam toʻlovlarni amalga oshirmaydiganlardan (masalan, jarimalar yoki oshirilgan foizlar) qoʻshimcha pul olish mumkin.

Islom banklari kompensatsiyadan tashqari qoʻshimcha pul talab qilishga haqli emas. Bankning ixtiyoriga koʻra erta toʻlovlarda puldan chegirma ham mavjud.

Koʻpincha bank manfaati birinchi oʻrinda turadi va kapitalga mos ravishda oʻsish maqsadi yoʻq.

Inson manfaatlari ustuvor boʻlib, oʻsish tenglikka qaratilgan.

Loyihani baholash koʻp kuch talab etmaydi, chunki avans/ssudadan olinadigan daromad belgilangan. Shuning uchun xavflar qaysidir maʼnoda boshqa tomonga yuklanishi mumkin.

Foyda va zararni taqsimlash mavjud boʻlgani sabab, islom bankchiligida loyihalarni qoʻllash va baholashga koʻproq eʼtibor qaratish lozim.

Anʼanaviy banklar oʻz mijozining ishonchli ekaniga koʻproq eʼtibor beradi.

Ular loyihalarning moliyaviy imkoniyatlariga eʼtibor qaratadi.

Tomonlar munosabatlarda kreditorlar va qarz oluvchilar shaklida belgilanadi.

Islom banklaridagi munosabatlar hamkorlar, investorlar, treyderlar, xaridorlar va sotuvchilar sifatida belgilanadi.

Anʼanaviy banklar ularga qoʻyilgan barcha depozitlarni kafolatlashi kerak.

Islom banklari shaxsiy hisobvaraqlarga qoʻyilgan pullarni kafolatlaydi, ammo mudaraba investitsiyalariga kafolat bermaydi, chunki boshqa tomonning yoʻqotishlarini boʻlishadi [3:34-47].

 

Islom banklari jamgʻarmalarni foyda va zararni taqsimlash asosida safarbar qilsa, anʼanaviy tijorat banklarida esa bunga oʻxshash tushuncha yoʻq, ular shunchaki qarzdor yoki kreditor munosabatlariga asoslangan. Anʼanaviy banklar oldindan belgilangan qatʼiy foiz stavkalari asosida shartnoma tuzadi va shu orqali oʻz daromadini kafolatlaydi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, bugungi kunda islomiy moliya tizimi jahon bozorida oʻz mavqeiga ega boʻlgan va jahon iqtisodiyotini rivojlantirishning muhimligini isbotlagan tizimdir. Boshqa moliya institutlari bilan teng raqobat qilish uchun islom banklari raqobatbardosh boʻlishi va jismoniy shaxslar va korxonalarning talablariga javob berishi kerak.

Islom banklari koʻrsatadigan xizmatlarda, islom tamoyillari bilan bir qatorda boshqa ekologik omillarni va bugungi global muammolarni ham hisobga olishi kerak. Shunday qilib, islom banklarining moliyaviy xizmatlari iqtisodiy tarmoqlarda anʼanaviy banklarga nisbatan har bir muqobil mahsuloti bilan solishtirganda samaraliroqdir.

Islom davlatlarida va dunyoning boshqa mamlakatlarida islom banklarining soni ortib bormoqda. Sof islomiy banklar bilan bir qatorda, anʼanaviy banklar ham islomiy banklarning ehtiyojini qondirish uchun bu jarayonda ishtirok etmoqda.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR:
  1. Al-Augby, S., Majewski, S., Nermend, K., & Majewska, A. (2015). Islamic Banking System as an effective element of Economy. Zeszyty Naukowe Uniwersytetu Szczecińskiego. Finanse. Rynki finansowe. Ubezpieczenia, 75, 9.
  2. Journal Finanse, Rynki Finansowe, Ubezpieczenia, Islamic Banking System as an effective element of Economy, june 2015, Salam Al-Augby, Sebastian Majewski, Kesra Nermend, Agnieszka Majewska.
  3. Baber, H. (2013). Islamic Banking in Indian Economy-An Empirical Approach of Future Crisis. International Monthly Refereed Journal of Research In Management & Technology Volume II.
  4. https://president.uz12.2020 y. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasidagi nutqidan. statista.com 2021.

 

Oʻktamjon AMONOV,
Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi
Islom iqtisodiyoti va moliyasi yoʻnalishi magistranti

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …