Home / FOTO LAVHALAR / Navbatdagi onlayn seminarda Muhammad Porso shaxsiy kutubxonasi shuhrati tilga olindi

Navbatdagi onlayn seminarda Muhammad Porso shaxsiy kutubxonasi shuhrati tilga olindi

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida navbatdagi onlayn seminar tashkil etildi.

Unda Markazning xalqaro stipendiya sovrindorlari va ilmiy xodimlari, Islom Hamkorlik Tashkiloti (OIC)ning Islom tarixi, madaniyati va sanʼatini tadqiq etish markazi (IRCICA) vakillari, Malayziya milliy universiteti Islom sivilizatsiyasi instituti olimlari, yurtimizning qator ilmiy muassasalari tadqiqotchilari ishtirok etdi.

Bu galgi seminarda AQSHning Indiana universiteti professori, doktor Akram Habibullayev “Muhammad Porso kutubxonasining tarixi va kitob toʻplamlari haqida umumiy maʼlumot” mavzusida maʼruza qildi.

Notiq maʼruzasida Muhammad Porso kutubxonasining yaratilish tarixi, faoliyatining xususiyatli jihatlari va unda mavjud boʻlgan kitob hamda qoʻlyozmalar toʻplamlari haqida batafsil maʼlumot berdi.

Xoja Muhammad Porsodan juda boy shaxsiy kutubxona qolgan. Uning mashhur kutubxonasi haqida bir nechta maqolalar chop etilgan. Islomshunos Sh. Ziyodov va A.Moʻminovlar hammuallifligida yozilgan “Xoja Muhammad Porso kutubxonasi borasidagi yangi maʼlumotlar” maqolasida uning kutubxonasida saqlangan qoʻlyozmalar soni 57 tadan 120 taga yetkazilgani aytiladi. Undan tashqari A. Moʻminov, Ye. Nekrasova va Sh. Ziyodov bilan birgalikda 2009 yilda chop etilgan maqolada qoʻlyozmalar soni 144 taga koʻpaygani eʼlon qilingan. Al-Moturidiyning asarlari ham asosan shu kutubxonada saqlangan.

Xoja Muhammad Porsoga tegishli kutubxona juda mashhur boʻlib, unda, yurtimizdan yetishib chiqqan ulugʻ allomalarning kitoblari saqlangan va bizgacha yetib kelishiga imkoniyat yaratishda Porsoning xizmatlari beqiyos. Uning asarlarida yuzdan ortiq ulugʻ mutasavviflar bizga nomaʼlum vatandoshlarimizning nomlari keltiriladi. Bu oʻsha mashhur kutubxonada saqlangan kitoblar keng mutolaa qilinganidan dalolat beradi.

Olim maʼruza davomida Porso hayoti va kutubxona faoliyati bilan bogʻliq qiziqarli maʼlumotlarni taqdim etdi hamda kutubxonada saqlangan nodir qoʻlyozmalar suratlarini namoyish qildi.

Maʼruzachi seminar ishtirokchilarini qiziqtirgan barcha savollariga ilmiy asoslangan javoblar qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …