Home / MAQOLALAR / “TADBIR UL-MANZIL” RISOLASI – OILAVIY MUNOSABATLAR UCHUN DASTURULAMAL

“TADBIR UL-MANZIL” RISOLASI – OILAVIY MUNOSABATLAR UCHUN DASTURULAMAL

Oila jamiyat hayotining boshlangʻich boʻgʻini sifatida ijtimoiy munosabatlarda muhim oʻrin tutadi. Inson eng avvalo oilada kamolga yetadi, tarbiya topadi, maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni egallaydi.

Oila azal-azaldan Sharq xalqlari hayotida eng asosiy qadriyat sifatida jamiyatga maʼnan yetuk va jismonan barkamol insonni yetkazib beruvchi manba vazifasini oʻtab kelgan. Shu bilan bir qatorda, islom dinida oilaviy munosabatlar, nikohning manfaatlari, er va xotinning burch va vazifalari, oilada farzand tarbiyasi kabi masalalarga nihoyatda katta ahamiyat qaratilgan. Muqaddas dinimizda oila qurishga ayol va erkak birdek targʻib qilingan. Jumladan, Qurʼoni karimda: “Sizlar eslatma olishlaringiz uchun biz har bir narsani juft-juft qilib yaratdik”, “Uning alomatlaridan (yana biri) – sizlar (nafsni qondirish jihatidan) taskin topishingiz uchun oʻzlaringizdan juftlar yaratgani va oʻrtangizda inoqlik va mehribonlik paydo qilganidir. Albatta, bunda tafakkur qiladigan kishilar uchun alomatlar bor”, – deyiladi.

Shu nuqtai nazardan aytish mumkinki, oilaviy munosabatlarni tartib-intizomga asoslangan holda olib borish jamiyat taraqqiyotiga, unda barkamol insonlar salmogʻining oshishiga xizmat qiladi. Bu borada islom mutafakkirlari tomonidan koʻp sonli durdona asarlar yozilgan boʻlib, mana shunday olimlardan bir Abu Ali ibn Sinodir. Ibn Sino oʻzining “Tadbir ul-manzil” nomli kichik, ammo nihoyatda foydali maʼlumotlarga toʻla boʻlgan risolasida mazkur masala borasida takrorlanmas maʼlumot va nasihatlarni keltiradi. Mazkur asarda oila, uning inson va jamiyat hayotidagi bebaho ahamiyati, oila boshligʻining vazifalari, uy-joyni idora etish shartlari, farzand tarbiyasida amal qilinishi lozim boʻlgan jihatlar, oila rahbarining oʻziga juft tanlashda eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan masalalar muhokama qilingan.

Ibn Sino oila mustahkamligini taʼminlashda oila boshligʻi hisoblangan erkak zoti va ayol kishining burch va vazifalarini tasniflar ekan, ular amal qilishi lozim boʻlgan quyidagi sifatlarni keltiradi:

Ayollarning eng yaxshi sifatlari

Ayollarning eng yaxshisi quyidagi sifatlarga ega boʻlishi kerak:

  1. Aqlli boʻlsin;
  2. Dindor boʻlsin;
  3. Sharm-hayoli boʻlsin;
  4. Ziyrak va dono boʻlsin;
  5. Eriga mehr-muhabbatli boʻlsin;
  6. Koʻp farzand koʻruvchi boʻlsin;
  7. Tili uzun boʻlmasin;
  8. Itoatkor boʻlsin;
  9. Pokdil boʻlsin, makkor boʻlmasin;
  10. Erini uning huzurida va yoʻqligida gʻiybat qilmasin;
  11. Ogʻir-bosiq boʻlsin;
  12. Viqorli boʻlsin;
  13. Eriga xizmat qilishi bilan kibrlanmasin, balki tavozeli boʻlsin;
  14. Xatti-harakatlari va amallarini yaxshilik va ezgulikka asoslanib bajarsin;
  15. Erining ozgina daromadini tejamkorlik asosida ziyoda qilsin;
  16. Erining koʻnglidan gʻam-anduh gʻuborini goʻzal axloqi va shirin tili bilan ketkazsin, erining qaygʻusiga chiroyli lutf va muloyimlik bilan tasalli bersin.

Erkakning ayol borasidagi siyosati esa quyidagilarga asoslanishi kerak:

  1. Kuchli haybat, yaʼni ayolning oʻz eriga qarshi chiqish odatidan butunlay hayiqishi;
  2. Mukammal hurmat, yaʼni erning oʻz ayoliga hurmat va ehtirom bilan munosabatda boʻlishi;
  3. Ayolning aqlini muhim ishlar bilan mashgʻul qilish.

Oila boshqaruvida mana shunday tadbirlar amalga oshirilganda, oila mustahkamligi taʼminlanadi. Bunday oilada yetuk va sogʻlom farzandlar dunyoga keladi. Farzandning oila mustahkamligidagi beqiyos ahamiyatini toʻgʻri anglagan holda, Ibn Sino ota-onaning farzand taʼlimida, tarbiyasida eʼtibor qaratishi lozim boʻlgan jihatlarga toʻxtaladi. Alloma ota-onaning farzand oldidagi birinchi vazifasi sifatida unga chiroyli ism qoʻyish masʼuliyatini taʼkidlab koʻrsatadi. Albatta farzandga ism tanlash masalasida nihoyatda eʼtiborli boʻlmoq lozim. Zero, chiroyli ism farzand ruhiyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, uning kelajakda yuksak axloqiy xislatlarni kasb etishiga sababchi boʻladi.

Ota-ona farzand tarbiyasida uning diniy va dunyoviy bilimlarni egallashiga alohida eʼtibor qaratishi, oila qurish yoshiga yetgach, uni uylantirib qoʻyishi ham oilaning goʻzal koʻrinishda davom etishiga sabab boʻladi.

Xulosa sifatida aytish mumkinki, Ibn Sinoning “Tadbir ul-manzil” risolasi oilaviy munosabatlarni tartibga solishda, jamiyat rivojiga hissa qoʻshuvchi fozil insonlarning yetishib chiqishida katta ahamiyatga ega boʻlib, oilani boshqaruvchilar va uning aʼzolari uchun oʻziga xos dasturulamal vazifasini bajaradi.

Sarvar Saidov
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Manbashunoslik boʻlimi ilmiy xodimi

Check Also

OʻZINGIZNI QATʼIYATLI BOʻLISHGA TAYYORLANG!

(Bir hadis sharhi) Dinimiz inson shaxsiyatini shakllantirishda aqlga tayanish, odamlarga koʻr-koʻrona taqlid qilmaslik, har bir …