Home / FOTO LAVHALAR / “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” turkumidagi onlayn seminar Fitrat faoliyatiga bagʻishlandi

“Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” turkumidagi onlayn seminar Fitrat faoliyatiga bagʻishlandi

Maʼlumki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi va Germaniyaning Gamburg universiteti huzuridagi Osiyo-Afrika tadqiqotlari instituti bilan hamkorlikda “Zarafshon vohasi tarixi va madaniyati” mavzusi doirasida qator ilmiy maʼruzalarni oʻzida mujassam etgan turkum onlayn seminarlar oʻtkazib kelinmoqda.

Navbatdagi seminar “Buxoroda jadidchilik yoki Abdurauf Fitratning ilk faoliyatiga yangicha qarash” mavzusiga bagʻishlandi.

Unda Markaz va yurtimizda faoliyat yuritayotgan qator ilmiy muassasalar tadqiqotchilari, shuningdek, Germaniya, Turkiya va Hindiston kabi xorijiy davlatlarning olimlari, jami 50 ga yaqin ishtirokchi qatnashdi.

Seminar mavzusi yuzasidan Toshkent davlat oʻzbek tili va adabiyoti universiteti ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektori, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori, dotsent Zaynabidin Sharabidinovich Abdirashidov maʼruzasi tinglandi.

Olim maʼruzasida Turkistonda rus mustamlakachiligiga qarshi yuzaga kelgan milliy demokratik jadidlar harakati va uning aʼzolari faoliyati haqida batafsil toʻxtalib, Rossiya imperiyasining Oʻrta Osiyo qismida ushbu harakatning jadal rivojlanishini Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdurauf Fitrat va boshqa yetakchilarning koʻrsatgan jonbozliklari bilan uzviy bogʻladi.

Darhaqiqat, Turkiston jadidchiligining yorqin siymolaridan boʻlgan Fitratning faoliyati, ayniqsa badiiy asarlari Buxoro jadidchiligi tarixida sezilarli rol oʻynadi. Ilk faoliyatini yorituvchi maʼlumot va manbalar yetarli boʻlmasa-da, musulmonlarning jaholat va qoloqlikdan qutulish yoʻlini zamonaviy ilm-fanda koʻrgan Fitrat qisqa muddatda Buxoro va Turkiston oʻlkasida harakatning gʻoyaviy yetakchilaridan biriga, uning “Munozara” asari esa jadidlar harakatining manifestiga aylandi.

“Istanbulda uning faoliyatida katta oʻzgarishlar roʻy berdi. Garchi u moddiy muhtojlikda yashagan boʻlsa-da, maʼnaviy jihatdan ham sharq adabiyoti tarixi, ham aniq va ijtimoiy fanlar boʻyicha chuqur bilimga ega boʻldi. Keyinchalik bu bilimlar Fitratni dolzarb mavzularni badastir yoritadigan yozuvchi, faylasuf, hurfikrli inson sifatida shakllantirdi”, deya taʼkidladi notiq.

Shuningdek, maʼruzada olim Fitratning harakat taraqqiyotiga qoʻshgan hissasi, erishgan yutuqlari hamda taʼlim sohasini rivojlantirish yoʻlidagi zahmatli faoliyati haqida maʼlumot berdi.

 Seminar soʻnggida tadqiqotchi ishtirokchilar savollariga batafsil javob qaytardi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Markazda badiiy film suratga olinmoqda

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida indoneziyalik bir guruh kinoijodkorlar tomonidan “Hijrat orzusi” nomli badiiy filmning …