Home / ALLOMALAR / ALISHЕR NAVOIY HAYOTI VA FAOLIYATIGA OID QIMMATLI TARIXIY MANBA (falsafiy-tarixiy tahlil)

ALISHЕR NAVOIY HAYOTI VA FAOLIYATIGA OID QIMMATLI TARIXIY MANBA (falsafiy-tarixiy tahlil)

Hozirgi murakkab va ziddiyatli davrda “milliy-diniy qadriyatlarimizni asrab-avaylash va rivojlantirish, shu asosda yosh avlodni ezgu umuminsoniy gʻoyalar ruhida tarbiyalash, ularda maʼnaviy va maʼrifiy qarashlarimizga yot boʻlgan zararli taʼsirlarga qarshi mafkuraviy immunitetni kuchaytirish” [1] muhim vazifalardan hisoblanadi.

Shu nuqtai nazardan qaraganda, buyuk mutafakkir va shoir Alisher Navoiyning yaxshilik, ezgulik, fidoyilik, bagʻrikenglik, insonparvarlik kabi yuksak ezgu gʻoyalarga xizmat qilishga yoʻnaltirilgan hayoti va faoliyatini oʻrganish alohida ahamiyat kasb etadi.

Mutafakkir umuminsoniy qadriyatlarni shunchaki targʻib etish bilan cheklanib qolmaydi, balki butun hayoti va faoliyati davomida oʻzini ezgulikning chinakam timsoli, bemisl saxovat sohibi va yetuk davlat arbobi sifatida namoyon etadi. Bu toʻgʻrida zamondosh tarixchi Gʻiyosiddin Xondamir oʻzining “Makorimul axloq” (“Olijanob xulqlar”) asarida (1501) bayon qiladi [4].

Ushbu asar Alisher Navoiyning hayoti va ijodi, buyuk shaxsiyati, goʻzal fazilatlari, asarlari, xalq farovonligi va yurt obodligi yoʻlida qilgan amallari haqida eng ishonchli maʼlumotlarga ega boʻlgan [4:80] tarixiy manba sifatida qimmatlidir. Asarda taʼkidlanishicha, Navoiy mashhur olimlar va hurmatga sazovor fozillarning obroʻ-eʼtiborini oshirish va martabasini yuksaltirishga qoʻlidan kelganicha gʻayrat va himmat koʻrsatgan, talabalarga nafaqalar tayinlagan, koʻplab madrasa va xonaqohlar qurdirgan.

Hirot shahrining Injil arigʻi boʻyida qurilgan “Ixlosiya” madrasasi, ushbu madrasa qarshisida oʻta chiroyli bir tarzda barpo etilgan xonaqoh, gʻarbiy tomonida qad koʻtargan tibbiy ilmlardan taʼlim berishga ixtisoslashgan “Shifoiya” madrasasi, poytaxtning ichki qismida bunyod etilgan “Nizomiya” madrasasi, Marv shahrida bunyod boʻlgan “Husraviya” madrasalari shular jumlasidandir. Bu dargohlarda minglab talabalar tahsil olgan va ular orasidan koʻplab olimu fozillar yetishib chiqqan [4:81-82]. Mazkur jihat mutafakkirning ilm-maʼrifat jamiyat taraqqiyotining asosiy tayanchi ekanini yaxshi anglaganidan dalolat beradi.

“Mahbubul qulub” asarida shoir oʻzining bunyodkorlik ishlari haqida “Va gohi yaxshi ishlar qiluvchilar orasiga oʻzimni urdim va jamoat uchun binolar qurdim, gʻayratim tufayli turli rabotlar va bekatlar barpo boʻldi va yoʻlovchilarga shodlik yetishdi” [2:11], deb muxtasar tarzda keltiradi.

Gʻiyosiddin Xondamir Alisher Navoiyning bagʻrikenglik, insonparvarlik, xayru saxovatda benazirligini taʼkidlar ekan, mamlakatning turli shahar va qishloqlarida 52 rabot, 25 masjid, 19 hovuz, 16 koʻprik, 14 xonaqoh, 9 hammom, 4 madrasa, 2 toʻgʻon [4:81-135] va 1 [6:26-32] kutubxona qurilishiga homiy boʻlganini maʼlum qiladi. Navoiy zamondoshlari u qurdirgan xayriya bino, inshootlar soni va tavsifini toʻliq keltirish soʻzning uzayishiga sabab boʻlishini hisobga olib, oʻzlari aniq bilgan inshootlar roʻyxatini keltirganlar. Masalan, Davlatshoh oʻn ikkita inshoot haqida gapirib oʻtsa, Xondamir yuzdan ziyod bino va inshootni, shu jumladan, hovuz va koʻpriklarni sanab oʻtadi. Faxriy Hirotiy “Amir Alisher 370 xayriya binosi qurgan”, deb umumiy tarzda hisob qilsa, Som Mirzo bu songa aniqlik kiritib, “uch yuz yetmishtadan toʻqsontasi rabotlardir”, deydi [5:79].

Navoiyning tashabbusi bilan “Xalosiya” xonaqohida har kuni mingdan ortiq qashshoq va miskin taom bilan siylangan. Bundan tashqari muhtojlarga har yili ikki mingga yaqin poʻstin, chakmon, koʻylak, ishton, yengil doʻppi va oyoq kiyim ulashilgan [4:121]. Mashhad shahridagi Rizoviya maqbarasi yaqinida qurilgan musofirxonada ham har kuni koʻplab qashshoq, muhtoj va yetimlarga taom tarqatilgan [4:121-122].

Alisher Navoiyning koʻrsatmasi bilan Hirotdagi Margʻaniy bogʻi qarshisida jome masjidi barpo etilgan va shaharning jome masjidi qayta qurilgan. Bu ishlarni kuzatish uchun Navoiy deyarli har kuni shu yerga kelgan, aksar hollarda etagini qayirib ishchilar bilan birga mehnat qilgan. Har necha kunda u yerda ishlayotgan meʼmor va ustalardan hunarmandlargacha – hammasiga qimmatbaho kiyimlar kiygizib, koʻplab mukofotlar taqdim etish orqali ularning koʻngillarini shod va dillarini obod qilgan. Natijada uch-toʻrt yil choʻzilishi mumkin boʻlgan qurilish olti-yetti oyda poyoniga yetkazilgan [4:128-130].

Taʼmirlash ishlari yakunlanishi munosabati bilan “ellik bosh qoʻy va toʻqqiz bosh ot sarflangan katta ziyofat marosimi oʻtkazilgan. Masjid binosi qurilishida ishlagan ishchilar va ustalarga qimmatbahoni kiyimlar bilan taqdirlash va (ish chogʻida ularga yetkazilgan ayrim zahmatlar uchun) kechirim soʻrash marosimi oʻtkazilgani” [4:132-134] bugungi kun uchun ham gʻoyat ibratli boʻlib, ayni bu jihat Navoiy dahosi ulugʻligining yana bir isbotidir. Hazrat har bir tadbirga kompleks yondashishga, jarayonning kichik detallarini ham inobatga olishga harakat qilgan. Uning fikricha, katta ishlarda kichik element, arzimas tasodif muhim rol oʻynashi mumkin. Bunday yondashuv sinergetik tamoyil – “oddiylik murakkablikning ibtidosi” tamoyiliga mos keladi.

Navoiy qoʻli ochiqlik borasida ham koʻpchilikka namuna boʻlgan. Chunonchi, saxovatli shoir son-sanoqsiz bogʻlar va koʻplab makonlarni sayyidlar, olimlar va fozillarga, yeri serhosil bir qancha ekinzorlar va qulay koriz[1]larni aʼlo hazratlari, shahzodalar hamda podshoh oilasiga mansub ayollar va qizlarga inʼom qilgan.

Shunday holatlar ham yuz berganki, saroy amaldorlari ayrim zaruriy xarajatlar uchun katta miqdordagi pulni soliq sifatida xalq zimmasiga yuklamoqchi boʻlganda, amir Alisher xalq qiynalib qolmasligi va bu narsa saltanat qasri poydevorining larzaga kelishiga sabab boʻlmasligi uchun oʻsha pulni oʻz yonidan toʻlab yuborgan [4:176-177]. Bu uning kelajakda jamiyatda roʻy berishi mumkin boʻlgan fluktuatsiya (boʻhron) holatlarining oldini olishga intilganidan dalolat beradi. Hazrat Navoiy ijtimoiy taraqqiyot kelajagini oldindan koʻra bilgan dono siyosiy arbob boʻlgan.

Jumladan, hijriy 906 (milodiy 1500) yil boshlarida sulton Husayn Boyqaro Mozandaron viloyatiga tashrif buyurganida, amir Muboriziddin zarur xarajatlar uchun Hirot shahri va uning atroflaridagi qishloqlar aholisidan yuz ming dinor miqdorida pul undirilsin, degan farmon eʼlon qiladi. Bu mablagʻning yarmini amir Hirot atrofidagi qishloqlarda yashagan yer egalari hamda boylardan undiradi, qolganini esa Hirot shahri aholisidan yigʻishga qaror qiladi. Ammo hech bir ishga amir Alisher bilan maslahatlashmasdan kirishilmagani sababli Hazratning noiblaridan biri orqali maslahat soʻrash maqsadida ushbu rejani unga maʼlum qiladi. Navoiy bunga javoban “shu paytda xalqqa oʻrinsiz soliq solinishini podshohlik saltanati uchun munosib ish deb bilmayman”, deya oʻsha ellik ming dinorni oʻz yonidan toʻlab yuborib [4:177-178], yuksak saxovat koʻrsatadi.

“Makorimul axloq” asarida muallif Alisher Navoiyning yuksak himmat va saxovat sohibi boʻlganiga doir koʻplab misol va hikoyatlar keltiriladi. Bulardan maʼlum boʻladiki, Navoiy nazdida olam ahlining kamchilik va nuqsonlari bagʻrikenglik va ochiqqoʻllik tufayli odamlar koʻzidan yashirin boʻlsa, Odam bolalarining yutuq va fazilatlari qizgʻanchiqlik va behimmatlik tufayli koʻzga nuqsondek boʻlib koʻrinadi. “Saxovat biror bir maqsad koʻzlamasdan va evaziga biror narsa soʻramasdan turib – garchi, koʻzlanadigan bu maqsad va soʻraladigan bu narsa munosib maqtov va katta savob boʻlsa-da – biror narsani (biror kishiga) sovgʻa qilishdir” [4:168-169], deya taʼkidlanadi:

Saxiy kimdir, uldir mukofot olmay,
Har saxovat kelar qoʻlidan uning.
Maqtov, savob uchun qilingan ishni
Xayru saxovatmas, oldi-sotdi bil [4:169].

Navoiyning “cheksiz yaxshiliklari bu olamda shuhrat topish yoki boqiy dunyoda katta savobga erishish uchun qilinmagan. Chunki, bu dunyo va undagi narsalar tabarruk zotning himmat nazarida bir somon xasichalik qimmatga ega boʻlmagan. Cheksiz ochiqqoʻlligi va saxiyligiga qaramay, hech qachon hech kimga bir arpa donichalik ham minnat qilmagan” [4:169].

Xalq orasida va temuriylar saroyida yuksak hurmat va ishonchga ega boʻlgan Navoiy oʻzining butun kuch-gʻayrati va azmu shijoati, mol-mulkini el farovonligi va yurt obodligi yoʻlida sarflab, “Hazrat Sultonning yaqin kishisi”, “Haqiqat va din nizomi”, “Ulugʻ amir” kabi yuksak unvonlarga musharraf boʻlgan [4:54].

Hayoti va faoliyati, kuchi va iqtidorini oʻzgalarni toʻgʻri yoʻlga boshlashga, muhtojlarga koʻmaklashishga, adolatli va maʼrifatli farovon jamiyat qurishga safarbar etgan Alisher Navoiy oʻzining ijodiy va siyosiy faoliyati davomida koʻplab xayrli ishlarni amalga oshirgan, asarlarida ezgulikni kuylagan va ayni bu jihatlar zamondosh olimlar, shoirlar, tarixchilar tomonidan yuksak ehtirom bilan eʼtirof etilgan. Shunday ekan, Navoiyning xayrli ishlarini, pandu-nasihatlarini shunchaki gapirib yurish uchun, eshitish uchun, oʻqib qoʻyish yoki yozib qoʻyish uchungina emas, balki uqish, anglash, his qilish, amal qilish uchun, qisqasi, yashash uchun ulkan vosita ekanini idrok etish va mazmun-mohiyatini yoshlar qalbi va ongiga singdirish vazifasi hamisha dolzarb boʻlib qolaveradi. 

Foydalanilgan manba va adabiyotlar:
  1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 11 avgustdagi “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” PQ-4802-son qarori // Elektron resurs//https://lex.uz/docs/4945427 (03.09.2020)
  2. Navoiy A. Mahbubul qulub. (Qalbga mahbub hikmatlar va hikoyatlar). Hozirgi oʻzbek tiliga tabdil. -Toshkent: Sano-standart. 2018.
  3. Tursunov B. Alisher Navoiyning murakkablikdagi oddiylik tamoyili (“Mahbubul qulub” asari misolida) // Imom Buxoriy saboqlari jurnali, 2020, №3.
  4. Xondamir Gʻ. Makorimul axloq. Toshkent: Akademnashir, 2018.
  5. Sirojiddinov Sh. Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik, tekstologik tahlili. –T.: Akademnashr, 2011.
  6. Sharipov A. Amir Temur va temuriylar davrida kutubxonalar faoliyati tarixidan // Bobur va dunyo, –– Toshkent, 2020. – №3.
[1] Koriz – ichimlik suvi olinadigan quduqlar majmuasi. – B.T.
Baxtiyor TURSUNOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
ilmiy xodimi

Check Also

ABU BAKR JASSOS ILMIY MEROSINING HANAFIY MAZHABI RIVOJIDA TUTGAN OʻRNI

Abu Bakr Jassos (vaf. 370/981) qoldirgan ilmiy meros hanafiy mazhabida oʻziga xos ahamiyatga ega. Alloma …