Toshkentda “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumining ikkinchi kuni ham faol muloqotlar ruhida oʻtmoqda. Forum ishtirokchilari mazkur anjumanning ahamiyati va undan kutilayotgan natijalar haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildirdi.
Grek Mitchell:
“Xalqaro erkin diniy eʼtiqod” tashkiloti asoschisi (AQSH):
— Oʻzbekistondagi bugungi tinchlik va hamjihatlik muhiti gʻoyat qadrli va biz bu jarayonda mamlakatingizda amalga oshirilayotgan qizgʻin islohotlarni olqishlaymiz. Oʻzbekiston koʻpmillatli mamlakat sifatida oʻz hududida diniy bagʻrikenglik va millatlaro totuvlikni taʼminlay olayotgan davlat sifatida ham tanilgan. Bu haqda gap ketganda, yurtingizda vijdon erkinligi taʼminlanganini, turli din vakillariga oʻz eʼtiqodini emin-erkin amalga oshirishi uchun sharoit yaratilganini taʼkidlash oʻrinli boʻladi. Diniy taʼlim olish, eng muhimi, din, avvalo, tinchlik va ezgu maqsadlar targʻibotchisi boʻlishi kerakligi yoʻlidagi Oʻzbekiston saʼy-harakatlari ham tahsinga loyiq.
Bugun dunyo tahlikali boʻlib qoldi. Turli diniy nizolar, qurolli toʻqnashuvlar, millatlararo qarama-qarshiliklarga guvoh boʻlib turibmiz. Ana shunday sharoitda biz, barchamiz birlashishimiz, dunyoni, oʻz erkin hayotimizni turli xavf-xatarlardan hamjihatlik yoʻlidagi harakatlarimiz bilan qutqarishimiz har qachongidan-da dolzarb.
Toshkentda oʻtayotgan “Deklaratsiyalar muloqoti” xalqaro forumining asl maqsadi ham shu. Bugun, ikkinchi kundirki dunyoning koʻplab mamlakatlaridan kelgan vakillar bilan ana shu maqsadda yakdil harakatdamiz. Turli fikrlar, mulohazalar bildirilyapti. Ishonamizki, Toshkent forumi, yurtingizda oʻtgan bundan oldingi xalqaro tadbirlar samarali boʻlgani kabi, kutilgan natijadorlik kasb etadi.