Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining bir guruh ilmiy xodimlari Anqara Yildirim Boyazid universitetida Kamol Poshshozoda hayoti va ilmiy merosiga bagʻishlab oʻtkaziladigan xalqaro ilmiy konferensiyada maʼruza bilan ishtirok etish maqsadida Turkiya safarida boʻlib turishibdi.
Safar doirasida markaz direktori oʻrinbosari Otabek Muhammadiyev rahbarligidagi delegatsiya Turkiyadagi qator nufuzli ilmiy muassasalar bilan hamkorlikka oid muzokaralar olib bormoqda.
Delegatsiyaning ilk muzokaralari Markaz tomonidan 2022-2026 yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulugʻlash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosi doirasida Imom Buxoriy asarlarida tarannum qilingan yuksak odob-axloq, ilmga muhabbat, Vatanga sadoqat singari umuminsoniy qadriyatlarni keng targʻib etish maqsadida “Imom Buxoriy asalari misolida Islom sanʼati koʻrgazmasi”ni tashkil etish va oʻtkazishga oid boʻlib, bu borada Istanbulning Bagʻchilar tumani hokimi oʻrinbosari Mustafa Arach bilan uchrashuv oʻtkazildi.
Dastlabki kelishuvlarga koʻra koʻrgazmani oʻtkazish bilan bogʻliq tashkiliy jihatlarga oid masalalar yuzasidan tomonlar amalga oshirishi lozim boʻlgan vazifalar belgilandi.
Mustafa Arach oʻtayotgan oy oxiriga qadar Samarqandga borib, Markazga tashrif buyurish istagini bildirdi hamda bu boradagi kelishuvlarni bevosita rasmiylashtirish imkoniyatlarini qayd etdi.
Muzokaralar qizgʻin va samarali ruhda oʻtdi.
Delegatsiya uchrashuvlari davom etadi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati