Paygʻambarimiz sollallohu alayhi vasallamning hadisi muboraklari dinda Qurʼoni karimdan keyingi manba hisoblanadi. Hadislar Qurʼon oyatlarini tafsir qiladi, sharhlaydi, umumiy hukmlarni xoslaydi. Shunday muhim manbani uning sahihligi, aniqligiga taʼsir qiluvchi omillardan himoya qilish juda masʼuliyatli vazifadir.
Hadis ilmida hadisning eng muhim tarkibiy qismi hisoblangan roviylar zanjiri, yaʼni sanadni tanqidiy oʻrganishga katta eʼtibor beriladi. Zero, sanaddagi roviylarning ishonchlilik darajasiga qarab, hadisning sahih yoki zaifligi, qabul qilish mumkinligi yoki rad etilishi lozimligi aniqlanadi. Roviylarning ayb-nuqsonlari, adolati va ishonchliligi kabi salbiy va ijobiy sifatlarini oʻrganadigan fan “jarh va taʼdil ilmi” deb ataladi.
Jarh va taʼdil sohasida “Sualot” kitoblari boshqa manbalarda biz topa olmaydigan koʻplab maʼlumotlarni oʻz ichiga oladi, roviylar haqida maʼlumot olish uchun muhim manba hisoblanadi. Sualot – arab tilida “savollar” maʼnosini bildirib, savol beruvchi oʻz shayxi yoki hadis ilmi imomlariga bergan savollarining javoblari toʻplangan kitoblardir. Ularning koʻpi bizgacha etib kelgan va nashr qilingan. Masalan, Ibn Madiniy, Ibn Main, Doraqutniy, Hokim va boshqalarning asarlari.
Sualot kitoblarini ajratib turadigan jihat hadis tolibining biror maʼlumotni ustozidan yoki shayxlaridan soʻrab olish va tasdiqlashdagi oʻzaro muloqotida, soʻng aytilgan narsalar haqida ustozi bilan suhbatlashishda yuzaga chiqadi.
Sualot kitoblari odatda ikki qismga boʻlinadi:
1.Roviylarga oid savollar:
a. Ayrim roviylarni aniqlash va ularning ismlarini bilish. Bunda soʻralgan roviy mubham boʻlishi yoki laqabi, nisbasi, vafot etgan sanasi yoki sayohatlari bilan tilga olingan boʻlishi mumkin.
b. Hadisning muttasilligi baʼzi roviylarga bogʻliq yoki aksincha ekanini aniqlash uchun uning ayrim roviylardan eshitgan yoki eshitmaganini bilish uchun berilgan savollar.
с. Baʼzi roviylarning jarh va taʼdildagi holatlarini bilishga bogʻliq savollar.
2.Hadis aytish bilan bogʻliq savollar:
a. Hadisning oʻziga xos bir jihati, yechimi va undan chiqish yoʻli haqida soʻz boradi. Bunda muxtalaf (zohiran boshqa hadislarga zid) hadis boʻlgani uchun ustozdan uni jamlab berishni soʻraydi va u bu muammoni yechib beradi.
b. Hadis illatlari, hadis yoki sanadning hukmini bayon qiluvchi savollar.
Mashhur sualot kitoblari sifatida:
- “Sualot Abu Dovud lil Imom Ahmad ibn Hanbal”.
- “Sualot Usmon ibn Abu Shayba li Ali ibn Madiniy”.
- “Sualot Barzaiy li Abu Zurʼa Roziy”.
- “Sualot Sullamiy lid Doraqutniy”.
- “Sualot Barqoniy”.
- “Sualot Hamza Sahmiy lid Doraqutniy”.
- “Sualot Naysoburiy lid Doraqutniy fil jarh vat taʼdil” va bundan boshqa shu turkumga kiruvchi asarlarni koʻrsatish mumkin.
Sualot kitoblari odatda, oʻquvchi va maʼlumot axtaruvchiga oson boʻlishi uchun alifbo tartibida tuzib chiqiladi. Masalan, kitobning avvalida birinchi harf – “alif” bilan boshlanuvchi ismlar: إسماعيل [Ismoil] undan soʻng أيوب [Ayyub] keyin أحمد [Ahmad], إبراهيم [Ibrohim] va hokazo tarzda keltiriladi. Lekin bitta harfdan boshlanuvchi ismlarda mukammal tartibga rioya qilinmasligi mumkin. Bunda, “alif” bilan boshlanuvchi ismda ikkinchi harf “ba”, keyingi harf undan keyingisi boʻlishiga eʼtibor berilmaydi. Chunki, qadimgi musanniflarning alifbo tartibidagi odati shunday boʻlgan – harflarning umumiy ketma-ketligiga rioya qilingan, bir soʻz ichidagi ketma-ketlik inobatga olinmagan.
Baʼzida bu savollar alohida kitob shaklida toʻplanmasligi ham mumkin. Masalan, Imom Termiziy ustozi Buxoriy va boshqalardan roviylar borasida soʻragan savollarni “Sunan”ida juda koʻp aytib oʻtgan.