Oksford Islom tadqiqotlari markazida izlanishlar olib borayotgan tadqiqotchilar tomonidan tadqiqotlari mavzusi yuzasidan haftada ikki marta seminar tashkil qilish tartibi joriy etilgan. Ushbuga koʻra Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi, ayni paytda Oksfordda tadqiqot olib borayotgan Barot Amonov “Sahihul Buxoriy”ga hanafiy mazhabi asosida yozilgan sharhlar tahlili (“Umdatul Qoriy” misolida)” mavzusida seminar oʻtkazdi.
Unda Oksford Islom tadqiqotlari markazining professor va tadqiqotchilaridan iborat ilmiy jamoasi hamda erkin tinglovchilar ishtirok etdi.
Maʼruzachi seminar avvalida Oʻzbekistonda diniy-maʼrifiy sohada olib borilayotgan islohotlarning amaliy natijalari, tashkil etilgan ilmiy-tadqiqot markazlari va ularda amalga oshirayotgan ishlar xususida maʼlumot berdi. Jumladan, maʼruzaning kirish qismida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimlari tomonidan amalga oshirilayotgan tadqiqotlar va nashr ishlarini keng jamoatchilikka yetkazish borasidagi sayʼ-harakatlar haqida ham toʻxtalib oʻtdi. Notiq uning ilmiy ishi ham Markazdagi ilmiy faoliyatning bir qismi ekanini taʼkidlab, asosiy mavzuga oʻtdi.
Tadqiqotchi seminar mavzusining dolzarbligi, muhim jihatlarini koʻrsatib, koʻzlangan maqsad va kutilayotgan natija haqida soʻz yuritdi va ushbu tadqiqotlarning ijtimoiy ahamiyatini ochib berdi.
Maʼruzada taʼkidlanganidek, Badriddin Ayniyning “Umdatul Qoriy fi sharhi Al-Jomiʼus Sahih lil Buxoriy” asari Imom Buxoriyning “Sahihul Buxoriy”ga yozilgan sharhlar ichida eng muhim, keng qamrovli sharhlardan hisoblanib, Hanafiy mazhabi asosida yozilganlari ichida eng mashhuridir.
26 yil ichida yozib tugatilgan bu asar hadis ilmiga oid ensiklopedik asar boʻlib, unda hadis matnining maʼnolari, fiqhiy masalalari va ilmiy jihatlari sodda va aniq uslubda yoritilishidan tashqari, uning grammatik-sintaksis, morfologiya qoidalari va balogʻat ilmiga tegishli jihatlariga eʼtibor qaratilgan.
Hozirgi vaqtda mazkur hadislar toʻplamida fiqhiy masalalarning hanafiy mazhabi asosida yoritilgani oʻrganilmoqda.
Kelgusida “Umdatul Qoriy”da yoritilgan fiqhiy va odob-axloqqa oid masalalar kitob-qoʻllanma va risola shaklida keng jamoatchilikka taqdim etilishi koʻzda tutilgan.
Seminar soʻngida mavzu yuzasidan savol-javoblar boʻlib oʻtdi.
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati