Home / FOTO LAVHALAR / JЕNЕVALIK MЕHMONLAR MARKAZDA

JЕNЕVALIK MЕHMONLAR MARKAZDA

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga Samarqand viloyati hokimi oʻrinbosari Rustam Qobilov hamrohligida Jeneva diplomatik korpusi rahbari Robert Blum va shveysariyalik taniqli fotograf Pyer-Mishel Viro tashrif buyurdi.

Mehmonlarni direktor Shovosil Ziyodov kutib olib, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bunyod etilgan Markazning maqsad va vazifalari, oʻtgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar, xususan, dunyodagi koʻplab ilmiy muassasalar bilan yoʻlga qoʻyilgan aloqalar haqida maʼlumot berdi va Markaz muzeyi bilan tanishtirdi. Qadimiy buyumlar va nodir qoʻlyozma nusxalari bilan birga Imom Buxoriy hayoti va islom rivojiga qoʻshgan munosib hissasi toʻgʻrisida qimmatli maʼlumotlar, shuningdek Movarounnahr hududida yetishib chiqqan va aniq fanlar taraqqiyoti hamda jahon sivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan allomalar ilmiy merosini tadqiq etish yuzasidan Markazda olib borilayotgan ilmiy faoliyat shveysariyalik mehmonlarda katta qiziqish uygʻotdi.

 

Martabali mehmonlar Markazda “Diniy bagʻrikenglik – jamiyat barqarorligi omilidir” mavzusida diniy-maʼrifiy soha va milliy-madaniy markazlar vakillari ishtirokida oʻtkazilayotgan davra suhbati ishiga taklif etildi. Robert Blum taklifni mamnuniyat bilan qabul qilib, tadbirda ishtirok etdi va nutq soʻzladi. U oʻz nutqida Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik va millatlararo totuvlik borasida olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarga yuqori baho berib, turli din vakillarining shu zaminda tinch-totuv hayot kechirishayotganidan mamnunligini bildirdi. Blum shuningdek, ayni kunlarda Yangi Oʻzbekiston haqida kitob yozayotgani va uning alohida bobini Oʻzbekistonda diniy erkinlik, millatlararo totuvlik va hamjihatlikka oid olib borilayotgan islohotlarga bagʻishlashga qaror qilganini maʼlum qildi.

Tashrif yakunida mehmonlarga Markaz olimlari tomonidan ingliz tilida nashr etilgan “Oʻzbekiston – buyuk allomalar yurti” nomli kitob hadya qilindi.

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi
Matbuot xizmati

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …