Home / YANGILIKLAR / AVLODLARIMIZ BIZDAN MINNATDOR BOʻLSIN!

AVLODLARIMIZ BIZDAN MINNATDOR BOʻLSIN!

YASHIL MAKON

Prezidentimizning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada koʻkalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda yashil bogʻlar va yashil jamoat parklari barpo etilmoqda. Tabiiy muvozanatni yaxshilashga qaratilgan bunday xayrli ishlar “Yashil makon”, “Yashil yillik” kabi umummilliy ekologik loyihalarga hamohangdir.

Bu yoʻnalishdagi chora-tadbirlar jarayonida yashil maydonlarni, bogʻ-rogʻlarni kengaytirish barobarida koʻchatxonalarni koʻpaytirish, tuproq unumdorligini hisobga olgan holda, hududlar iqlimiga mos yangi oʻsimlik navlarini mahalliylashtirish ham koʻzda tutilgan.

Shu bilan birga, daraxtlarga shikast yetkazish va nobud qilganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish maqsadida qonunchilikda yangi mexanizmlar joriy etilmoqda. Bunday huquqbuzarlik toʻgʻrisida Ichki ishlar vazirligi, Ekologiya va atrof­muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining maxsus axborot tizimiga xabar bergan shaxslar moddiy ragʻbatlantiriladi. Bu bejiz emas. Zero, bitta daraxtni voyaga yetkazish uchun yillab mehnat qilish talab etiladi. Uni bir daqiqada nobud qilish esa nafaqat tabiiy muvozanatga, insoniyat kelajagiga ham tahdid tugʻdiradi.

Shu bois, mamlakatimizda ekologik barqarorlikni saqlash, daraxtlar kesilishining oldini olishga eʼtibor tobora kuchaymoqda. Bugun biror joyda daraxt kesilgudek boʻlsa, ommaviy axborot vositalari darhol bong urmoqda.

Bu kabi saʼy-harakatlar samarasida qurilish tadbirlarida nabotot va hayvonot olamiga eʼtiborli boʻlish, daraxtlarni oʻsayotgan joyi boʻyicha hisobga olish, ularga tegishli hamma maʼlumotlarni toʻplash, elektron bazasini tuzib, reestrini yuritish choralari belgilandi. Endi shu asosda parvarish va sugʻorish uchun masʼullar tayinlanadi. Zero, yashil boyligimiz uzoq umr va farovonlik omilidir. Shu bois, hadisi sharifda “Ertaga qiyomat boʻladi, deyishsa ham koʻchat oʻtqazing”, deyiladi.

Koʻplab davlatlarda hayvonot va nabotot dunyosiga ziyon yetkazmaslik nuqtai nazaridan har qanday qurilishdan oldin ekologik loyiha tuziladi. Chunki ekilgan koʻchat oʻsib-unishi uchun ancha vaqt kerak. Bu muddat davomida ularni parvarishlash, sugʻorish zarur. Ayni paytda amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish tadbirlarida bu boradagi ishlarning ham aniq mexanizmlari ishlab chiqilgani ayni muddaodir.

Bugungi ekilgan nihollar ertaga soʻlim bogʻlarga aylanadi. Bu yashillik, avvalo, toza havo manbai. Tadqiqotchilarning aniqlashicha, bir daraxt turining yoʻqolishi hayvonot olamining 30 turi yoʻqolib ketishiga sabab boʻladi. Daraxt yerni eroziyadan saqlaydi, tuproqni yaxshilaydi. Yogʻingarchilik koʻp boʻlganda ortiqcha suvni oʻziga oladi, ildizi yer osti suvlarini filtrlab, sifatini yaxshilaydi.

Yashil hududlar shamol yoʻlini toʻsib, xavfli quyunlar paydo boʻlishining oldini oladi. Orolboʻyida issiqqa va suvsizlikka chidamli saksovul ekilishi tabiatning ana shunday yashil qalqoni boʻlmoqda. Shuningdek, sershovqin shaharlarda daraxtlar odamlarni ortiqcha tushkunlikdan asraydi. Ayni paytda shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshib, insonga estetik zavq bagʻishlaydi.

Qadimgi rivoyat bor: bir kishi novvoy dan har kuni oltita non oladi. Kunlardan bir kun novvoy nega aynan oltita olishini soʻraydi. U bunday javob beradi: “Oʻzim bilan ayolim ikkita yeymiz, ikkitasini qarzimni uzish uchun beraman, ikkitasini qarzga beraman”. Yaʼni ikkitasini ota-onasiga berib, farzandlik burchini bajaradi, ikkitasini farzandlariga goʻyo ramziy qarz sifatida beradi.

Bu oʻgitni keltirishimizdan maqsad shuki, bizga ota-bobolarimizdan ana shunday ulkan tabiiy va maʼnaviy meros qolgan. Birinchisi, asrlar osha yashnab turgan tabiat obidalari, bogʻ-rogʻlar boʻlsa, ikkinchisi, tabiatni asrash, tabiiy boyliklarni muhofazalash borasidagi milliy qadriyatlarimizdir. Biz bugun ota-bobolarimiz ekkan daraxtlar soya-salqinida rohatlanib, mevasidan bahra olamiz.

Koʻchat ekib, bogʻ yaratish qadriyati insonlar orasida mehr-oqibat rishtalarini mustahkamlab, jamiyatimizda tinchlik-osoyishtalik, yaratuvchilik muhitini taʼminlab kelmoqda. Shu bois, bu urf-odatlarni farzandlarimiz, nabiralarimiz ongiga singdirishga intilamiz. Zero, biz bugun ajdodlarimizdan minnatdormiz boʻlayotganimiz kabi avlodlarimiz ham bizdan minnatdor boʻlsin.

Shu maʼnoda, “Yashil makon” va “Yashil yillik” umummilliy tadbirlari ana shunday ezgu maqsad yoʻlida xalqimizni jipslashtirayotgani quvonarlidir. Bu tadbirda yurtimizdagi barcha millat va elat vakillari bahamjihat ishtirok etmoqda. Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasida yurtimizdagi 16 konfessiya vakillari ishtirokida boʻlib oʻtgan uchrashuvda “Yashil yillik”da faol boʻlishga undovchi bayonot qabul qilingan edi.

Buning amaliy ifodasi oʻlaroq, barcha diniy konfessiyalar vakillari “Yangi Oʻzbekiston” bogʻiga koʻchat oʻtqazib, bu yerda “Bagʻrikenglik bogʻi”ga asos soldi. Bunda juda katta ramziy maʼno bor, albatta. Vatanimiz bir, taqdirimiz mushtarak boʻlganidan keyin xayrli ishlarda ham shunday birdamlik va mushtaraklikni namoyish etishni hayotning oʻzi taqozo etmoqda. Bu yerga kelgan kishida milliy va diniy mansublik emas, yagona Vatan ravnaqi yoʻlidagi umumiy sadoqat va jonbozlik hislari koʻproq joʻsh uradi. 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi jamoasi ham bu ezgu jarayonda faol ishtirok etib, Samarqand viloyatidagi aksiyalarda faollik koʻrsatmoqda.

Yerga koʻchat qadar ekanmiz, oʻzgacha bir mamnuniyat va surur tuydik. Vatanning yaxshi tashvishlari bizning ham yaxshi tashvishlarimiz ekanini bir-birimizning baxtiyor qiyofamizda koʻrdik. Butun yurt boʻylab ekilayotgan koʻchatlar rohatbaxsh va barakali daraxtlarga aylansin, deb niyat qildik. Koʻpchilikning duosi ijobat boʻladi, inshaalloh.

Shovosil ZIYODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori
Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2022 yil 27 aprel, 83-son

Check Also

Magʻrur hilpirayver, yurtim bayrogʻi!

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazida 18-noyabr kuni xodimlar ishtirokida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganiga …